Tashkent International University talabalari Toshkent shahrida tashkil etilgan “O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi munosabatlar: zamonaviy hamkorlik va kelgusi taraqqiyotda yosh siyosiy rahbarlarning ahamiyati” mavzusidagi xalqaro anjumanda faol ishtirok etdilar.

Mazkur anjuman yoshlar o‘rtasida xalqaro siyosiy muloqotni rivojlantirish, zamonaviy hamkorlik aloqalarini mustahkamlash hamda yoshlarning siyosiy va ijtimoiy jarayonlardagi ishtirokini kengaytirishga qaratildi. Tadbirda turli tashkilotlar vakillari, yosh liderlar, talabalar va ekspertlar ishtirok etib, xalqaro hamkorlik va yoshlar siyosati yuzasidan o‘zaro fikr almashdilar.
Tadbir davomida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti raisi Otabekxo‘ja Sobitov tomonidan Yoshlar parlamenti faoliyati yuzasidan batafsil taqdimot o‘tkazildi. Unda yoshlarning siyosiy jarayonlardagi faolligini oshirish, xalqaro tajriba almashinuvi, liderlik salohiyatini rivojlantirish hamda yoshlarni davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Anjuman davomida O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi zamonaviy hamkorlik aloqalari, diplomatik munosabatlarning bugungi holati, ta’lim va madaniy yo‘nalishlardagi xalqaro loyihalar hamda yosh siyosiy liderlarning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni yuzasidan keng muhokamalar olib borildi.
TIU talabalari tadbir davomida xalqaro siyosiy munosabatlar, diplomatiya, yoshlar yetakchiligi va global hamkorlikka oid muhokamalarda faol qatnashib, o‘z bilim va dunyoqarashlarini yanada boyitdilar. Shuningdek, ular xorijiy tajribalar bilan yaqindan tanishish, zamonaviy siyosiy yondashuvlarni o‘rganish va xalqaro muloqot ko‘nikmalarini rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Mazkur anjuman talabalar uchun nafaqat muhim tajriba almashish maydoni, balki xalqaro fikrlash, fuqarolik faolligi, siyosiy madaniyat va liderlik salohiyatini rivojlantirishga xizmat qiluvchi muhim platformaga aylandi.
