Yangiliklar

«35 000 tashabbus» umummilliy yoshlar tashabbuslari dasturi e’lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan «35 000 tashabbus» umummilliy yoshlar tashabbuslari dasturi amalga oshirilmoqda.

Dastur yoshlarning innovatsion g‘oyalari, startap tashabbuslari va ijtimoiy loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, ularning faolligini oshirish hamda mamlakat taraqqiyotiga daxldorligini kuchaytirishga qaratilgan.

Dastur doirasida 35 000 ta yoshlar tashabbusini aniqlash va tizimlashtirish, shuningdek, hududlardagi muammolarga yoshlar nigohi orqali ishlab chiqilgan innovatsion va nostandart yechimlarni jamlash ko‘zda tutilgan.

Tashabbuslar quyidagi ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha qabul qilinadi:

— ekologiya va atrof-muhit;
— ta’lim va tarbiya;
— fan, innovatsiya va texnologiyalar;
— muhandislik va sanoat;
— raqamli texnologiyalar;
— sog‘liqni saqlash;
— ijtimoiy tashabbuslar;
— madaniyat, sport va turizm.

Tanlov natijasida yoshlarning loyihalaridan iborat yagona elektron ma’lumotlar bazasi — «Ideas Bank» shakllantiriladi. Har bir tashabbus muallifiga raqamli sertifikat beriladi.
Eng yaxshi loyiha mualliflari Ofis tomonidan moliyalashtiriladigan yirik mahalliy loyihalar hamda nufuzli stajirovka dasturlarida imtiyozli ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

«35 000 tashabbus» dasturi yoshlarning g‘oya va tashabbuslarini tizimli qo‘llab-quvvatlash hamda ularni amaliy loyihalarga yo‘naltirishga xizmat qiladi.