01 Iyun 2026

Kengashning 9-son majlisi

“TASHKENT INTERNATIONAL UNIVERSITY” XALQARO UNIVERSITETI KENGASHINING 2026-YIL 1-IYUNDAGI 9-SON MAJLISI

2026-yil 1-iyun kuni soat 15:00 da “Tashkent International University” xalqaro universiteti Kengashining 9-son majlisi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda 2025/2026-o‘quv yili bahorgi semestri yakuniy nazoratlarini tashkil etish, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish, talabalar amaliyoti, innovatsion tashabbuslar, universitetning raqamli kommunikatsiyalari, xalqaro hamkorlik hamda ilmiy faoliyatga oid masalalar muhokama qilindi.

Majlisda ko'tarilgan masalalar

  1. I. Bahorgi semestr yakuniy nazoratlarini tashkil etish

    Kunduzgi ta’lim shakli talabalari uchun imtihonlar 8–12-iyun kunlari o‘tkazilishi, mutaxassislik fanlaridan yozma ish, umumgumanitar va ayrim umumkasbiy fanlardan esa test shaklidan foydalanilishi rejalashtirilgan.

    Test sinovlarida Hero tizimidan foydalanish, tashqi saytlar, fayllar va messenjerlarga kirishni cheklash bo‘yicha texnik choralar ko‘zda tutilgan. Yozma ishlarni shifrlash jarayoni raqamlashtirilgan bo‘lib, tekshiruv vaqtida talaba shaxsini aniqlash imkoniyati cheklanishi baholash xolisligini ta’minlashga qaratilgan. Har bir auditoriyaga kamida ikki nafar fan o‘qituvchisi va bir nafar mas’ul xodim biriktirilishi belgilangan.

  2. II. Professor-o‘qituvchilar va xodimlarning malaka oshirishi hamda stajirovkalari

    Asosiy shtatdagi 98 nafar professor-o‘qituvchidan 6 nafari 2025-yilda, 7 nafari 2024-yilda malaka oshirgan. Tahlilga ko‘ra, 85 nafar professor-o‘qituvchini malaka oshirishga jalb etish zarur.

    2025–2026-yillarda yakka mualliflikda o‘quv adabiyotlari tayyorlagan 8 nafar professor-o‘qituvchining ishlari muqobil malaka oshirish shakli sifatida hisobga olinishi mumkinligi qayd etildi. Bunda nashrga ruxsat berilgan sanadan boshlab uch yil davomida ushbu faoliyatni inobatga olish imkoniyati mavjud, biroq bu umumiy malaka oshirish zaruratini to‘liq bekor qilmaydi.

  3. III. Talabalarning malakaviy amaliyoti va stajirovkasini tashkil etish

    Hisobot davrida 13 tasi davlat, 7 tasi xususiy tashkilot bo‘lgan jami 20 ta tashkilot bilan hamkorlik memorandumi imzolangan. Ushbu tashkilotlar 362 nafar talabani amaliyotga qabul qilishga tayyor. Yana 24 ta tashkilot bilan memorandum imzolash jarayoni davom etmoqda.

    Biznes va innovatsion ta’lim fakultetining 214 nafar kunduzgi ta’lim talabasi amaliyotga jalb etilgan. Yurisprudensiya yo‘nalishidagi 140 nafar talabaga nisbatan 205 ta amaliyot o‘rni taklif etish imkoniyati mavjud bo‘lib, talabalarni mos tashkilotlarga joylashtirish ishlari davom ettirilmoqda.

  4. IV. Talabalar innovatsion g‘oyalari, startaplari va iqtidorli yoshlar bilan ishlash

    2025/2026-o‘quv yilida startap va biznes loyihalar, ilmiy-tadqiqot, tanlovlar hamda talabalar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar haqida hisobot berdi. Yil davomida 16 ta talabalar klubi, 27 ta ilmiy to‘garak va 4 ta fan olimpiadasi tashkil etilgan. “Startaplarning sirlari: g‘oyadan investorlargacha” va “Startap asosida biznesni shakllantirish” mavzularida master-klass hamda uchrashuvlar o‘tkazilgan, keys-chempionatlar va innovatsion loyihalar ko‘rgazmalari tashkil etilgan.

    Muhokamada iqtidorli talabalar yagona reyestrini shakllantirish, ilmiy to‘garaklar va klublar faoliyatini natijadorlik asosida monitoring qilish, talabalarni maqola yozish va grantlarga ariza topshirishga tayyorlash, startap tashabbuslarini mentorlik va amaliy qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘lash zarurligi qayd etildi.

  5. V. Universitet imiji, veb-sayt va ijtimoiy tarmoqlar faoliyati

    Universitetning raqamli platformalari, elektron ta’lim resurslari, raqamli kutubxona va hujjat aylanishi tizimlari ta’lim, tadqiqot va boshqaruv jarayonlariga bosqichma-bosqich joriy etilayotgani ta’kidlandi.

    Veb-sayt va ijtimoiy tarmoqlar universitet imijini shakllantirish, abituriyentlar bilan ishlash va jamoatchilik bilan aloqalarni rivojlantirishning muhim vositasi sifatida qayd etildi. Ularning samaradorligini oshirish uchun kontentni reja asosida tayyorlash, natijadorlik ko‘rsatkichlarini muntazam tahlil qilish, raqamli infratuzilma va axborot xavfsizligini rivojlantirish, shuningdek, sun’iy intellekt vositalaridan akademik va etik me’yorlarga muvofiq foydalanish madaniyatini mustahkamlash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

  6. VI. Xalqaro hamkorlik faoliyati

    Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya, Kanada, AQSH, Turkiya, Polsha, Malayziya, Indoneziya, Latviya va Ozarbayjon universitetlari bilan hamkorlik aloqalari rivojlantirilgan.

    Hamkorlik doirasida talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, qisqa muddatli kurslar, yozgi maktablar, qo‘shma ta’lim, 2+2, 3+1, dual degree va transfer dasturlari bo‘yicha muzokaralar olib borildi. Xorijiy hamkorlar talab qilgan o‘quv rejalari, fan sillabuslari, transkript namunalari va baholash tizimiga oid hujjatlar tayyorlandi. Orhun almashinuv dasturi doirasida ham ishtirokni kengaytirish ishlari olib borildi.

    Universitet Erasmus+ CBHE yo‘nalishidagi GreenCamUz loyihasida xalqaro konsorsium a’zosi sifatida qatnashmoqda. Loyiha yashil kampus konsepsiyasini rivojlantirish va barqaror rivojlanish tamoyillarini oliy ta’limga integratsiya qilishga qaratilgan. Muhokamada hamkorlik memorandumlarini aniq akademik dasturlar bilan to‘ldirish, fakultet va kafedralarning xalqaro loyihalardagi ishtirokini oshirish hamda mobillik va grant imkoniyatlarini kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.

  7. VII. Turli masalalar VII.1. PF-98-son Farmonida belgilangan vazifalar

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 26-maydagi “Yangi avlod ilmiy kadrlarini tayyorlash va ularni attestatsiya qilish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi PF-98-son Farmonida belgilangan vazifalar haqida ma’lumot berdi. Farmon ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash, doktorantura va mustaqil izlanuvchilik institutlarini rivojlantirish, ilmiy rahbarlar faoliyati samaradorligini oshirish hamda attestatsiya jarayonlarida shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan.