2026-yil 2-iyul kuni soat 15:00 da “Tashkent International University” xalqaro universiteti Kengashining 10-son majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Andijon fakultetini tashkil etish, 2025/2026-o‘quv yili yakunlari, yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik, ilmiy faoliyat, professor-o‘qituvchilar KPI ko‘rsatkichlari, talabalar bilan ishlash, fakultetlar va ichki sifat nazorati faoliyati hamda ilmiy va o‘quv-uslubiy masalalar muhokama qilindi.
Majlisda ko'tarilgan masalalar
-
I. “Tashkent International University” xalqaro universitetining Andijon fakultetini tashkil etish
Andijon viloyatida oliy ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish va hududni malakali kadrlar bilan ta’minlash maqsadida universitetning Andijon fakultetini tashkil etish masalasi yuzasidan axborot berdi. Muhokamada hududning sanoat, xizmat ko‘rsatish, tadbirkorlik, axborot texnologiyalari va ishlab chiqarish sohalarida malakali mutaxassislarga ehtiyoji ortib borayotgani ta’kidlandi.
Fakultet faoliyati uchun zamonaviy o‘quv binolari, laboratoriyalar, axborot-resurs markazi, kovorking hududlari, konferensiya zallari va talabalar turar joylarini tashkil etish, auditoriyalarni multimedia vositalari hamda yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlash zarurligi qayd etildi. Shuningdek, mahalliy va xorijiy universitetlar bilan qo‘shma ta’lim, akademik almashinuv va ikki diplomli dasturlarni rivojlantirish, ilmiy loyihalar, startaplar va biznes inkubator faoliyatini yo‘lga qo‘yish taklif qilindi.
-
II. Akademik ishlar departamentining 2025/2026-o‘quv yilidagi faoliyati
15 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 200 dan ortiq sillabus ishlab chiqilgan, sillabuslar bilan ta’minlanganlik 100 foizga yetgan. Ularning 90 foizi qayta ko‘rib chiqilib, baholash mezonlari, adabiyotlar va mustaqil ta’lim topshiriqlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritilgan.
150 dan ortiq fan bo‘yicha adabiyotlar ro‘yxati shakllantirilib, o‘quv jarayonida foydalanish uchun 250 nomdagi adabiyot tavsiya etilgan, ulardan 150 tasi bosma nashr hisoblanadi. Masofaviy ta’lim uchun o‘zbek tilida 75 dan ortiq fan bo‘yicha elektron kontent tayyorlangan. Rus guruhlari uchun 58 ta fan kontenti ishlab chiqilgan: 38 tasi to‘liq, 20 tasi qisman shakllantirilgan. Masofaviy kontent bilan 1–3-kurslarni qamrab olish 100 foiz deb ko‘rsatilgan.
-
III. 2026/2027-o‘quv yiliga kafedralar o‘quv yuklamalarini rejalashtirish
2026/2027-o‘quv yili uchun jami 95 760 soat auditoriya yuklamasi rejalashtirilgan. Jadvaldagi hisob-kitoblarga ko‘ra, bu 187,25 shtat birligi ekvivalentiga teng.
Umumiy yuklamaning katta qismi Huquqiy fanlar va Xorijiy tillar kafedralariga to‘g‘ri kelishi sababli, ushbu kafedralarda professor-o‘qituvchilar tarkibi va dars yuklamalarini me’yoriy asosda mutanosib taqsimlash muhimligi qayd etildi.
HeRo tizimiga o‘z vaqtida kiritish, vakant shtatlar va yangi pedagoglarga ehtiyojni aniqlash hamda individual ish rejalarini yangi o‘quv yili boshlanishidan oldin rasmiylashtirish zarurligi ta’kidlandi.
-
IV. Ilmiy-tadqiqotlar va innovatsiyalar departamentining 2025/2026-o‘quv yilidagi faoliyati
Ilmiy-tadqiqotlar va innovatsiyalar departamenti boshlig‘i D. Raxmonov oliy ta’limdan keyingi ta’lim, ilmiy kengash va seminarlar, tadqiqotchilar monitoringi, konferensiyalar, xalqaro hamkorlik va ilmiy loyihalar bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni taqdim etdi. Universitetda 08.00.02 — Makroiqtisodiyot, 08.00.07 — Moliya, pul muomalasi va kredit, 08.00.13 — Menejment, 08.00.16 — Raqamli iqtisodiyot va xalqaro raqamli integratsiya ixtisosliklari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda.
Universitetda “Global raqamlashuv va barqaror rivojlanish: yoshlar siyosati va inson huquqlari” mavzusida mahalliy ilmiy-amaliy anjuman hamda “Innovatsion yo‘llar: huquq, iqtisodiyot va texnologiya chorrahasida” mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etilgan. Ularga mos ravishda 327 va 303 ta tezis qabul qilingan, 20 ta tezis natijasini ishlab chiqarishga joriy etish tavsiya qilingan. Xalqaro yo‘nalishda Lund universiteti boshchiligidagi POLCA loyihasi doirasida ilmiy seminarlar va hamkorlik ishlari olib borilgan.
-
V. “Zaytun KPI” tizimi asosida professor-o‘qituvchilar faoliyatini baholash
Baholash o‘quv natijalari, ilmiy-tadqiqot faoliyati, universitet va talabalar rivojiga qo‘shilgan hissa hamda o‘qitish sifati va talabalar fikri yo‘nalishlarida amalga oshirilgan.
O‘qitish sifati va talabalar fikri bo‘yicha kafedralarda 78–86 foizlik natijalar qayd etilgan.
-
VI. Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar
2025/2026-o‘quv yilida talabalar bilan ishlash, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, tarbiyaviy tadbirlar, sport va profilaktika yo‘nalishlaridagi natijalar haqida hisobot berdi. 2026-yil 2-iyun holatiga universitetda 6 038 nafar talaba tahsil olgani qayd etilgan. Ularning 2 783 nafari kunduzgi, 1 613 nafari sirtqi, 1 642 nafari masofaviy ta’lim shaklida, 28 nafari magistraturada ta’lim olishi ko‘rsatilgan.
Talabalar turar joyida 282 nafar, ijara xonadonlarida esa 708 nafar talaba istiqomat qilgan. Universitetda beshta sport to‘garagi, ikkita ijodiy to‘garak va 16 ta klub faoliyat yuritgan. Rektor va yoshlar uchrashuvlari, “Payshanba — Yoshlar kuni”, “Kelajak soati”, kitobxonlik, madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlari muntazam tashkil etilgan. Yetti nafar tyutor talabalar bilan individual ishlash, ularning yashash sharoiti va ijtimoiy holatini o‘rganish bilan shug‘ullangan.
Profilaktik ishlar doirasida giyohvandlik va psixotrop moddalar iste’molining oldini olish bo‘yicha 15 ta, kiberxavfsizlik bo‘yicha 17 ta, “Jaholatga qarshi ma’rifat” yo‘nalishida 10 ta, sog‘lom turmush tarzi va tibbiy madaniyat bo‘yicha 15 ta uchrashuv o‘tkazilgan. Universitet faoliyatiga oid lavha va ko‘rsatuvlar telekanallarda jami 21 marta namoyish etilgan.
-
VII. Yurisprudensiya fakultetining 2025/2026-o‘quv yilidagi faoliyati
“Yurisprudensiya” ta’lim yo‘nalishida kunduzgi, sirtqi va masofaviy shakllarda jami 4 296 nafar talaba tahsil olgan. Asosiy shtatda 36 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat yuritgan, ulardan 20 nafari ilmiy daraja va unvonga ega; fakultetning ilmiy salohiyati 55,6 foizni tashkil etgan.
Fakultetda “Guest Lecturer”, “Uch avlod uchrashuvi”, “Intellekt Zakona”, BMT modeli, moot court va boshqa loyihalar tashkil etilgan. Fakultet 10 dan ortiq xorijiy oliy ta’lim muassasasi va tashkilot bilan hamkorlik qilmoqda. Kelgusida ta’limni amaliy keyslar va sud jarayoni simulyatsiyalari bilan boyitish, xalqaro indeksli nashrlar sonini ko‘paytirish, akademik mobillik va ish beruvchilar bilan hamkorlikni kengaytirish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.
-
VIII. Biznes va innovatsion ta’lim fakultetining 2025/2026-o‘quv yilidagi faoliyati
Kunduzgi bakalavriat ta’limida 51 ta akademik guruhda 1 046 nafar talaba, sirtqi ta’limda 230 nafar, masofaviy ta’limda 437 nafar talaba tahsil olgani qayd etildi. Fakultetda 83 ta Telegram guruhi orqali talabalar bilan muloqot yo‘lga qo‘yilgan, to‘garaklarga 240 nafar talaba qamrab olingan.
Fakultetda Guest Lecture, binar darslar, keys-chempionat, TIU Talks, Zakovat, Business Book Fest va boshqa loyihalar o‘tkazilgan. Hamkor tashkilotlar bilan birgalikda amaliy darslar va talabalar amaliyoti tashkil etilgan. Pedagogik yo‘nalishlarda 308 nafar talaba “4+2” tartibida dual amaliyotga yuborilgan, Iqtisodiyot yo‘nalishining masofaviy ta’limidagi 80 nafar yuqori kurs talabasi ham amaliyotga jalb qilingan. “Kelajak liderlar akademiyasi” 60 nafar a’zoni birlashtirgan, ulardan 14 nafari ProStart stajirovka dasturida qatnashgan. Yana 7 nafar talaba Malayziya va Janubiy Koreyada akademik mobillik dasturida ishtirok etgan.
-
IX. Ta’lim sifati va imtihonlarni nazorat qilish departamenti faoliyati
Fakultet va kafedralarda dars mashg‘ulotlari, sillabuslar, mustaqil ta’lim, davomat va baholash mezonlari muntazam o‘rganilgan. Kunduzgi ta’lim bo‘yicha yakuniy va oraliq nazoratlar yuzasidan 94 ta dalolatnoma rasmiylashtirilgan.
Professor-o‘qituvchilar faoliyati, ochiq darslar va talabalar fikrini o‘rganish ishlari olib borilgan. Hisobotda 98 nafar asosiy shtatdagi, 27 nafar ichki o‘rindosh, 11 nafar tashqi o‘rindosh va 57 nafar soatbay pedagog ko‘rsatkichlari keltirilgan. Imtihonlarda elektron platformalar, videokuzatuv va elektron baholashdan foydalanilgan, magistrlik dissertatsiyalarida StrikePlagiarism.com orqali plagiat nazorati kuchaytirilgan.
Shu bilan birga, ayrim kafedralarda o‘quv-uslubiy majmualarni yangilash, elektron resurslardan foydalanish, baholash mezonlarini izchil qo‘llash va mustaqil ta’limni nazorat qilish bo‘yicha kamchiliklar mavjudligi qayd etildi. Ichki audit natijalarini raqamlashtirish, sun’iy intellekt elementlari asosida tahliliy hisobotlar tayyorlash va risklarni baholash tizimini joriy etish taklif qilindi.
-
X. Universitet Kengashining 2025/2026-o‘quv yilidagi faoliyati
2025/2026-o‘quv yilida Universitet Kengashi faoliyati yuzasidan hisobot berdi. Yillik ish rejasiga muvofiq o‘tkazilgan yig‘ilishlarda ta’lim sifati, o‘quv-uslubiy ishlar, ilmiy tadqiqotlar, moliyaviy-iqtisodiy faoliyat, xalqaro hamkorlik, talabalar bilan ishlash, korrupsiyaga qarshi kurashish va infratuzilmani rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqilgan.
Hisobotda akademik faoliyatga oid 22 ta, ilmiy faoliyatga oid 20 ta va ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi 11 ta masala muhokama qilingani qayd etilgan. Kengash qarorlari ijrosini monitoring qilish, ayrim bo‘linmalarda topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarish, xalqaro grantlarda ishtirokni oshirish, o‘quv-uslubiy hujjatlarni yangilash va raqamli boshqaruv imkoniyatlaridan foydalanish darajasini tenglashtirish zarurligi ta’kidlangan.