29 Aprel 2026

Kengashning 8-son majlisi

“TASHKENT INTERNATIONAL UNIVERSITY” XALQARO UNIVERSITETI KENGASHINING 2026-YIL 29-APRELDAGI 8-SON MAJLISI

2026-yil 29-aprel kuni soat 15:00 da “Tashkent International University” xalqaro universiteti Kengashining 8-son majlisi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda 9-may – Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik, akademik va ma’muriy boshqaruv tizimini takomillashtirish, ta’lim va boshqaruvda raqamli hamda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish, mehnat va ijro intizomi, shuningdek, Prezident Farmonida belgilangan vazifalar va o‘quv qo‘llanmani nashrga tavsiya etish masalalari muhokama qilindi.

Majlisda ko'tarilgan masalalar

  1. I. 9-may – Xotira va qadrlash kunini nishonlash

    Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor B. Kurbanov universitetda 9-may – Xotira va qadrlash kunini “Burch, jasorat, matonat!” shiori ostida nishonlash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilganini ma’lum qildi. Tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-apreldagi PQ-139-son qarorida belgilangan vazifalar bilan bog‘liq holda tashkil etilishi qayd etildi.

    Dastur doirasida 4–8-may kunlari “Sharaf lentasi ulashish” aksiyasi, “Uch avlod uchrashuvi”, madaniy-ma’rifiy tadbirlar, tasviriy san’at ko‘rgazmalari, ijodiy kechalar, tanlovlar va sport musobaqalarini o‘tkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, “G‘alaba bog‘i” majmuasidagi “Matonat madhiyasi” hamda Xotira maydonidagi “Motamsaro ona” monumentlariga gul qo‘yish marosimlarida ishtirok etish, urush va mehnat faxriylari bilan uchrashuvlar hamda Ikkinchi jahon urushiga oid filmlar namoyishini tashkil etish ko‘zda tutilgan.

  2. II. Akademik va ma’muriy boshqaruv tizimini xorijiy tajriba asosida takomillashtirish

    Tahlilda University of Oxford, National University of Singapore va Arizona State University tajribalari misolida kredit-modul tizimi, o‘quv rejalarini tasdiqlash, kafedralar mustaqilligi, ta’lim sifatini monitoring qilish, akademik avtonomiya va raqamli boshqaruv masalalari ko‘rib chiqildi.

    Qiyosiy tahlilga ko‘ra, universitetda kredit-modul tizimi va ta’lim sifatini nazorat qiluvchi maxsus departament mavjudligi xalqaro amaliyotga mos jihatlar sifatida qayd etildi. Shu bilan birga, ayrim xorijiy universitetlarda o‘quv rejalarini akademik senat yoki kollegial organlar tasdiqlashi, fakultet va kafedralarning mustaqilligi kengroq ekani ta’kidlandi. TIUda qaror qabul qilish tezligi ustunlik sifatida baholangan bo‘lsa-da, bo‘linmalar vakolatlari va raqamli tizimlar integratsiyasini rivojlantirish zarurligi ko‘rsatildi.

  3. III. Ta’lim, tadqiqot va boshqaruvda raqamli hamda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish

    Elektron ta’lim platformalari, raqamli kutubxona resurslari va hujjat aylanishi tizimlari o‘quv, ilmiy va ma’muriy jarayonlarni qo‘llab-quvvatlayotgani qayd etildi.

    Ustuvor vazifalar sifatida raqamli infratuzilmani rivojlantirish, professor-o‘qituvchilar va talabalar raqamli savodxonligini oshirish, sun’iy intellektdan akademik va etik me’yorlarga muvofiq foydalanish madaniyatini shakllantirish hamda universitetning yagona raqamli ekotizimini bosqichma-bosqich yaratish masalalari ko‘rib chiqildi.

  4. IV. Mehnat va ijro intizomi holati

    Devonxona mudiri U. Muxtorov universitetda hujjatlar aylanishi, yuqori tashkilotlardan kelgan topshiriqlarni ro‘yxatga olish va ijro muddatlarini nazorat qilish holati bo‘yicha hisobot berdi. Hisobot davrida devonxonaga jami 538 ta hujjat kelib tushgani, ulardan 375 tasi topshiriq turidagi hujjatlar sifatida ijro nazoratiga olingani, 163 tasi esa ma’lumot uchun tegishli tarkibiy bo‘linmalarga yuborilgani ma’lum qilindi.

  5. V. Prezident Farmonida belgilangan vazifalar

    Ilmiy ishlar va xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektor Sh. Xannayev O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-apreldagi “Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar tizimini takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-58-son Farmonida belgilangan ustuvor yo‘nalishlar haqida ma’lumot berdi.

    Taqdimotda ta’lim dasturlarini iqtisodiyot ehtiyojlariga moslashtirish va xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish, ilmiy tadqiqotlar hamda innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, yosh olimlar salohiyatini oshirish, oliy ta’lim muassasalarining akademik va moliyaviy mustaqilligini kengaytirish, ta’lim jarayonlarini raqamlashtirish hamda masofaviy ta’limni rivojlantirish vazifalari yoritildi. Yetakchi xorijiy universitetlar bilan qo‘shma dasturlar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini kengaytirish ham muhim yo‘nalishlar sifatida qayd etildi.