31 Mart 2026

Kengashning 7-son majlisi

“TASHKENT INTERNATIONAL UNIVERSITY” XALQARO UNIVERSITETI KENGASHINING 2026-YIL 31-MARTDAGI 7-SON MAJLISI

2026-yil 31-mart kuni soat 15:00 da “Tashkent International University” xalqaro universiteti Kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda Amir Temur tavalludini nishonlash, kredit-modul tizimini takomillashtirish, talabalar o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari, xalqaro akkreditatsiya va reytinglar, ilmiy faoliyatni rivojlantirish, professor-o‘qituvchilar faoliyatini Zaytun KPI tizimi asosida baholash hamda mustaqil tadqiqotchilar monitoringiga oid masalalar muhokama qilindi.

Majlisda ko'tarilgan masalalar

  1. I. Amir Temur tavalludining 690 yilligini nishonlash

    Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar dasturi ishlab chiqilganini ma’lum qildi. Dastur tarixiy merosni o‘rganish va targ‘ib etish, talabalarda milliy g‘urur, vatanparvarlik va tarixiy xotirani mustahkamlashga qaratilgan.

    Tadbirlar doirasida 6–11-aprel kunlari tarixchi va adabiyotshunos olimlar ishtirokida davra suhbatlari, 9-aprel kuni fakultetlarda “Zakovat” intellektual o‘yini, 6–10-aprel kunlari muzeylarga sayohatlar hamda 11–18-aprel kunlari Samarqand shahriga tashrif rejalashtirilgan. Shuningdek, talabalar o‘rtasida sport musobaqalari o‘tkazish, Amir Temur merosiga oid videoroliklarni tayyorlash va tadbirlarni universitetning rasmiy sayti hamda ijtimoiy tarmoqlarida yoritish ko‘zda tutilgan.

  2. II. Kredit-modul tizimini takomillashtirish

    Ta’lim yo‘nalishlari kesimida tanlov fanlari qayta ko‘rib chiqilib, fanlar o‘rtasidagi uzviylik va talabalar uchun maqsadli tanlov imkoniyati yaxshilanayotgani qayd etildi.

    Baholash jarayonida yakuniy nazorat ishlarini shifrlash, imtihonlarni tegishli guruhda dars bermagan professor-o‘qituvchilar tomonidan tekshirish, joriy va oraliq nazorat mezonlarini oldindan e’lon qilish amaliyoti qo‘llanmoqda. Professor-o‘qituvchilar darslarini monitoring qilish va talabalar o‘rtasida anonim so‘rovnomalar o‘tkazish, fan dasturlarini zamonaviy ilmiy manbalar asosida yangilash, o‘quv-uslubiy materiallarni Axborot-resurs markaziga joylashtirish ishlari ham muhokama qilindi.

    Shuningdek, mustaqil ta’lim topshiriqlarini kreditlar asosida belgilash hamda elektron platformalar orqali topshiriqlarni qabul qilish, baholash va monitoring qilish mexanizmlari kredit-modul tizimining muhim tarkibiy qismlari sifatida ta’kidlandi.

  3. III. 2025/2026-o‘quv yili kuzgi semestri bo‘yicha talabalar o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari

    Yakuniy nazoratlar yozma ish, test, loyiha va boshqa shakllarda o‘tkazilgan; imtihonlarda shaffoflik va xolislikni ta’minlash maqsadida ovozli kuzatuv kameralari hamda mustaqil baholash tartibidan foydalanilgan.

    Muhokamada akademik qarzdorlik, xususan, uchta va undan ortiq fanlardan qarzdor bo‘lgan talabalar bilan manzilli ishlash, qayta o‘qish jarayonlarini tashkil etish va fakultetlar kesimida natijalarni muntazam tahlil qilish zarurligi qayd etildi.

  4. IV. Xalqaro akkreditatsiya va reytinglar bo‘yicha o‘z-o‘zini baholash

    QS Stars ichki auditida universitetning umumiy holati taxminan 250–340 ball oralig‘ida baholanib, umumiy natija 2 yulduz darajasida ko‘rsatilgan. Ta’lim, tadqiqot va moddiy-texnik baza yo‘nalishlari 3 yulduz, boshqaruv va ijtimoiy ta’sir 2 yulduz, ish bilan ta’minlanish hamda global hamkorlik yo‘nalishlari esa 1 yulduz darajasida baholangan. Bu natijalar, ayniqsa, bandlik ko‘rsatkichlari va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ishlarni kuchaytirish zarurligini ko‘rsatadi.

    Akademik dasturlar bo‘yicha xalqaro akkreditatsiya tashkilotlarini tanlash masalasi ham ko‘rib chiqildi. Dastlabki taqsimotga ko‘ra, Iqtisodiyot va moliya kafedrasi uchun FIBAA, Aniq fanlar va raqamli texnologiyalar kafedrasi uchun ASIIN, Huquqshunoslik uchun FIBAA yoki ACQUIN, Ijtimoiy fanlar va ta’lim uchun ACQUIN, Xorijiy tillar uchun esa AAQ akkreditatsiya tashkilotlari ko‘rib chiqilmoqda.

  5. V. “Aprel oyi – ilm-fan oyi” tadbirlari

    Hisobot davrida professor-o‘qituvchilar tomonidan Scopus va Web of Science bazalarida jami 23 ta ilmiy maqola chop etilgan: shundan 13 tasi Aniq fanlar va raqamli texnologiyalar, 2 tasi Huquqshunoslik, 7 tasi Ijtimoiy fanlar va ta’lim, 1 tasi Iqtisodiyot va moliya kafedrasi hissasiga to‘g‘ri keladi. Universitet strategiyasida maqolalar sonining o‘qituvchilar soniga nisbatini 2025/2026-o‘quv yilida kamida 0,4 ga, 2027-yilda 0,5 ga va 2030-yilda 1,0 ga yetkazish maqsadi belgilangan.

    Ilm-fan oyining ustuvor yo‘nalishlari sifatida talabalarni ilmiy faoliyatga jalb etish ulushini kamida 30 foizga yetkazish, Scopus va Web of Science bazalarida indekslangan maqolalar sonini yiliga kamida 42 taga oshirish, startap va innovatsion loyihalarni ko‘paytirish, yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash hamda xorijiy ilmiy hamkorlikni kengaytirish masalalari belgilandi.

  6. VI. Zaytun KPI tizimi orqali professor-o‘qituvchilar faoliyatini baholash

    Tizim o‘quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot hamda ustoz-shogird faoliyatini, shuningdek, xodimlarning individual yutuqlari, innovatsion yondashuvlari va talabalar bilan ishlash samaradorligini baholashga qaratilgan.

    KPI tizimi raqamli boshqaruv vositalari orqali ma’lumotlarni yig‘ish va tahlil qilish, faoliyat natijalarini taqqoslash, yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan xodimlarni rag‘batlantirish hamda rivojlantirish talab etiladigan yo‘nalishlarni aniqlash mexanizmi sifatida ko‘rib chiqildi.

  7. VII. Tayanch doktorantlar, doktorantlar va mustaqil tadqiqotchilar monitoringi

    Ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalar departamenti boshlig‘i D. Raxmonov 2025-yilning II va IV choraklarida qabul qilingan mustaqil tadqiqotchilar faoliyati monitoringi natijalari haqida axborot berdi. Monitoring 2026-yil 17-mart kuni o‘tkazilgan bo‘lib, unda 2025-yil II choragida qabul qilingan 7 nafar va IV chorakda qabul qilingan 16 nafar, jami 23 nafar tadqiqotchining faoliyatini ko‘rib chiqish rejalashtirilgan.

    2025-yil II choragida qabul qilingan 9 nafar talabgordan biri 2026-yil yanvar oyida dissertatsiyasini himoya qilib, diplom olgan, yana biri o‘z xohishiga ko‘ra izlanuvchilar safidan chiqqan. Qolgan 7 nafar tadqiqotchidan 6 nafari individual ish rejalari bo‘yicha faoliyat olib borayotgani va www.daraja.ilmiy.uz portaliga monitoring hujjatlarini joylashtirgani qayd etilgan; bir nafar izlanuvchi monitoringda ishtirok etmagan.

    2025-yil IV choragida qabul qilingan 19 nafar talabgordan 3 nafari muddatidan oldin dissertatsiyasini himoya qilib, diplom olgan. Qolgan 16 nafar tadqiqotchidan 13 nafari monitoringda qatnashgan, 3 nafari esa zarur hujjatlarni taqdim etmagan va qayta aloqaga chiqmagan. Ayrim tadqiqotchilar tomonidan ilmiy seminarlar tashkil etilgani va monitoring bo‘yicha kechikib ma’lumot berilgani ham qayd etildi.