2026-yil 4-mart kuni soat 15:00 da “Tashkent International University” xalqaro universiteti Kengashining 6-son majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda bayram tadbirlarini tashkil etish, universitet rasmiy veb-sayti va Bitrix24 tizimidan foydalanish, xalqaro hamkorlik va ta’lim eksportini rivojlantirish, o‘quv adabiyotlarini tayyorlash, mustaqil izlanuvchilarni qabul qilish hamda ilmiy nashrlar bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Majlisda ko'tarilgan masalalar
-
I. 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kunini nishonlash
Haftalik doirasida O‘zbekiston xalq shoirasi Zulfiya tavalludining 111 yilligiga bag‘ishlangan “Zulfiyaxonim qizlari” tanlovi, ayol professor-o‘qituvchilar, xodimlar va talaba-qizlarni tantanali kutib olish, umumuniversitet bayram tadbiri, tarixiy obidalar va muzeylarga ekskursiyalar, nuroniy hamda ehtiyojmand xotin-qizlar holidan xabar olish, talaba-qizlar va nuroniy onaxonlar uchrashuvlari o‘tkazilishi rejalashtirildi. Shuningdek, “Ona mehr bulog‘i”, “Onam qalbim quyoshi” va “Ayolni e’zozlash – ezgulik va adolat mezoni” mavzularida flesh-mob va chellenjlar tashkil etish, tadbirlarni OAV hamda universitetning ijtimoiy tarmoqlarida yoritish ko‘zda tutildi.
-
II. Navro‘z umumxalq bayramini tantanali nishonlash
Universitetda Navro‘z bayramini nishonlash tadbirlari 2026-yil 23–27-mart kunlariga rejalashtirilgan. “Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!” shiori ostida madaniy-ma’rifiy dasturlar, an’anaviy “Sumalak sayli” va umumuniversitet bayram saylini tashkil etish belgilangan.
-
III. Universitet rasmiy veb-saytida ma’lumotlarni aks ettirish
O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan belgilangan me’yoriy talablar hamda universitet Ustaviga muvofiq, sayt faoliyatini rivojlantirish, axborot shaffofligini ta’minlash va manfaatdor tomonlarga to‘liq, ishonchli hamda dolzarb ma’lumotlarni yetkazish zarurligi qayd etildi.
-
IV. Bitrix24 tizimidan foydalanish
Platformada rahbariyat yoki bo‘lim boshliqlari vazifa mazmuni, ijro muddati va mas’ul xodimni ko‘rsatgan holda topshiriqlar yuboradi; ijro jarayonining barcha bosqichlari tizimda qayd etiladi.
Bitrix24 orqali topshiriqlar yagona platformada saqlanadi, ularning holati real vaqt rejimida (“yangi”, “jarayonda”, “bajarildi” yoki “muddati o‘tgan”) kuzatiladi. Rahbariyat boshqaruv panellari orqali bo‘limlar faoliyatini tahlil qilishi, muddat yaqinlashganda yoki kechikish yuzaga kelganda esa avtomatik eslatmalar olishi mumkin.
-
V. Xorijiy investitsiyalar, ta’lim eksporti va xalqaro grantlar
Xorijiy universitetlar bilan qo‘shma ta’lim dasturlari, o‘quv rejalari va metodologiyalar transferi, professor-o‘qituvchilar almashinuvi hamda Erasmus+, KOICA va JICA kabi grant dasturlari universitetning xalqaro hamkorligi va institutsional salohiyatini rivojlantirish mexanizmlari sifatida qayd etildi.
Hozirgi vaqtda Rossiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Tojikiston va Afg‘onistondan jami 10 nafar xorijiy talaba universitetda tahsil olmoqda. Bundan tashqari, Qozog‘istondan 2 nafar talaba bir semestrlik almashinuv dasturi asosida ta’lim olmoqda. Akademik mobillik doirasida Turkiya, Qozog‘iston, Janubiy Koreya, Malayziya va Shvetsiyaga 6 nafar professor-o‘qituvchi hamda 12 nafar talaba yuborilgan. Ikki nafar talaba Janubiy Koreyaning Hyundai Power System kompaniyasida to‘liq moliyalashtirilgan 6 haftalik amaliyotda qatnashgan; EAST Telecom kompaniyasida esa oylik ish haqi asosida ikki oylik yozgi ish-amaliyot dasturi tashkil etilgan.
2026/2027-o‘quv yili uchun Orhun almashinuv dasturi doirasida 10 nafar talaba, professor-o‘qituvchi va xodimni xorijga yuborish, hamkor Turkiy davlatlar universitetlaridan esa 4 nafardan professor-o‘qituvchi va talabani qabul qilish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Xalqaro grantlar bilan bir qatorda, ta’lim sifati va xalqaro raqobatbardoshlikni oshirish maqsadida ABET va FIBAA akkreditatsiya tizimlaridan o‘tish ishlari ham olib borilmoqda.
Tahlilda erishilgan natijalar bilan birga, xorijiy professor-o‘qituvchilar va talabalar ulushini oshirish, xalqaro marketingni kuchaytirish, grant loyihalarini kengaytirish, xalqaro reyting va akkreditatsiya jarayonlarida faol ishtirok etish hamda xorijiy hamkorlar bilan uzoq muddatli institutsional loyihalarni shakllantirish zarurligi ta’kidlandi.
-
VI. O‘quv adabiyotlarini tayyorlash bo‘yicha uslubiy talablar
Mazkur talablar o‘quv adabiyotlarining tasdiqlangan o‘quv rejalari va sillabuslarga muvofiqligini, nazariy bilimlar bilan amaliy ko‘nikmalar uyg‘unligini, mustaqil ta’lim imkoniyatlarini kengaytirishni hamda ilmiy-metodik sifatni ta’minlashga qaratilgan.
-
VII. Mustaqil izlanuvchilarni qabul qilish va ilmiy monitoring
Ilmiy-tadqiqotlar va innovatsiyalar departamenti boshlig‘i D. Raxmonov 2026-yil II choragi uchun mustaqil izlanuvchilikka qabul jarayoni haqida ma’lumot berdi. 2026-yil 15-yanvardan 15-fevralga qadar hujjatlar qabul qilinib, DSc ilmiy darajasi bo‘yicha 9 nafar, PhD bo‘yicha 16 nafar talabgor hujjat topshirgan. Universitet direktorining 2026-yil 16-fevraldagi 21-1/TIU-son buyrug‘i asosida 20-fevral kuni suhbat o‘tkazilgan.
Suhbat natijalariga ko‘ra, DSc yo‘nalishida 7 nafar talabgor qabul qilingan, 2 nafar talabgor suhbatga kelmagan. PhD yo‘nalishida 11 nafar talabgor qabul qilingan, 5 nafarining nomzodi qabul qilinmagan. Qabul qilingan izlanuvchilarning dissertatsiya mavzulari va ilmiy rahbarlari Iqtisodiyot va moliya kafedrasining 2026-yil 24-fevraldagi 12-son majlisida ko‘rib chiqilgan. Ilmiy mavzularning “O‘zbekiston–2030” strategiyasi yo‘nalishlari bilan muvofiqligiga ham e’tibor qaratilgan.