30 Yanvar 2026

Kengashning 5-son majlisi

“TASHKENT INTERNATIONAL UNIVERSITY” XALQARO UNIVERSITETI KENGASHINING 2026-YIL 30-YANVARDAGI 5-SON MAJLISI

2026-yil 30-yanvar kuni “Tashkent International University” xalqaro universiteti Kengashining 5-son majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda universitetning 2025–2030-yillarga mo‘ljallangan strategik rivojlanish yo‘nalishlari, ta’lim sifati, ilmiy salohiyat, professor-o‘qituvchilar tarkibini shakllantirish, kutubxona resurslari hamda xalqaro akkreditatsiya talablarini bajarish masalalari muhokama qilindi.

Majlisda ko'tarilgan masalalar

  1. I. “O‘zbekiston–2030” strategiyasi loyihasini universitet faoliyatiga tatbiq etish

    Prezidentning 2025-yil 26-dekabrdagi Murojaatnomasida strategiyani qayta ko‘rib chiqish va jamoatchilik takliflari asosida takomillashtirish tashabbusi ilgari surilgani qayd etildi.

    Muhokamalarda strategik maqsadlarni aniq o‘lchash, vazifalarni yillar kesimida rejalashtirish, moliyalashtirish manbalari va ijrochilar mas’uliyatini belgilash, monitoringni raqamlashtirish hamda strategik hujjatlarni “O‘zbekiston–2030” strategiyasi bilan uyg‘unlashtirish masalalariga e’tibor qaratildi. Loyiha jamoatchilik muhokamasi orqali takomillashtirilishi va fuqarolar hayotida amaliy natija beradigan ko‘rsatkichlarga asoslanishi ta’kidlandi.

  2. II. “Tashkent International University – 2030” strategiyasi

    Strategiya oliy ta’limni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi hamda “Universitet 3.0” modeliga muvofiq ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar integratsiyasini kuchaytirish, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish va tijoratlashtirishni rag‘batlantirishga qaratilgan.

    Strategik reja universitet rivojlanishining beshta ustuvor yo‘nalishini qamrab oladi:

    • akademik rivojlanish va xalqaro akkreditatsiyaga erishish;

    • ilmiy-tadqiqot faoliyatini kengaytirish va ilmiy natijadorlikni oshirish;

    • xalqaro hamkorlik, xalqarolashuv va universitet reputatsiyasini mustahkamlash;

    • talabalarni amaliyot, mehnat bozori va karyeraga tayyorlash, startaplarni qo‘llab-quvvatlash;

    • institutsional rivojlanish, samarali boshqaruv, moliyaviy barqarorlik va infratuzilmani takomillashtirish.

  3. III. Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud kunlarini nishonlash

    Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi hamda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 543 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar dasturi ishlab chiqilganini ma’lum qildi.

    Dastur doirasida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi bilan hamkorlikda tantanali adabiy-badiiy tadbir, fakultetlarda navoiyxonlik kechalari, davra suhbatlari, ijodiy uchrashuvlar va “Zakovat” intellektual o‘yinlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.

  4. IV. Universitet kutubxonasidagi o‘quv-ilmiy adabiyotlar holati

    2025/2026-o‘quv yilining birinchi semestrida o‘qitiladigan fanlar sillabuslarida ko‘rsatilgan adabiyotlarning kutubxona fondida mavjudligi va ta’minlanganlik darajasi tahlil qilinganini bildirdi. Tahlil 208 ta fan bo‘yicha amalga oshirilgan.

    Adabiyotlar tarkibida ingliz tilidagilar 43,6 foiz, rus tilidagilar 21,7 foiz, o‘zbek tilidagilar esa 34,7 foizni tashkil etadi. Ayniqsa, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, sun’iy intellekt, kompyuter arxitekturasi, kompyuterli matematik tizimlar, dasturlash va matematika fanlari bo‘yicha adabiyotlar yetishmasligi aniqlangan. Kutubxona fondini bosma va elektron nashrlar bilan to‘ldirish, xorijiy nashriyotlar hamda xalqaro ma’lumotlar bazalari bilan hamkorlikni rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi.

  5. V. Vakant o‘quv soatlariga malakali pedagog kadrlarni jalb qilish

    2025/2026-o‘quv yilida mavjud vakant o‘quv soatlarini malakali professor-o‘qituvchilar bilan to‘ldirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida axborot berdi. HH, LinkedIn, universitet sayti va ijtimoiy tarmoqlarda e’lonlar joylashtirilishi natijasida 200 dan ortiq rezyume qabul qilinib, 120 nafar nomzod bilan suhbat o‘tkazilgan. Pedagogik mahorat, ilmiy salohiyat, xorijiy til bilish hamda xorijiy ta’lim muassasalarida tahsil olish yoki malaka oshirish tajribasi asosiy mezon sifatida baholangan.

    Kelgusida xalqaro akademik platformalar va kadrlar agentliklari bilan hamkorlikni kengaytirish, yosh ilmiy xodimlar va magistrlarni pedagogik faoliyatga tayyorlash hamda vakant yuklamalarni to‘ldirish jarayonini jadallashtirish rejalashtirilgan.

  6. VI. Professor-o‘qituvchilar faoliyatini baholash va dars sifati tahlili

    2025/2026-o‘quv yilining birinchi semestri bo‘yicha pedagoglar faoliyatini baholash natijalarini taqdim etdi. Ta’lim sifatiga ta’sir etuvchi omillarni aniqlash maqsadida 2025-yil oktabr–noyabr oylarida 131 nafar professor-o‘qituvchining dars mashg‘ulotlari tahlil qilindi.

    Yosh pedagoglarda tahliliy va ijodiy fikrlash, tanqidiy mulohaza yuritish, yetakchilik va jamoada ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirish uchun kreativ, dizayn va tanqidiy fikrlash usullaridan foydalanish, shuningdek, master-klasslar tashkil etish muhimligi ta’kidlandi.

  7. VII. Tayanch doktorantlar, doktorantlar va mustaqil tadqiqotchilar monitoringi

    Ilmiy-tadqiqotlar va innovatsiyalar departamenti boshlig‘i D. Raxmonov 2026-yil 5-yanvar holatiga oliy ta’limdan keyingi ta’limda tahsil olayotgan 29 nafar tadqiqotchining faoliyati monitoring qilinayotganini ma’lum qildi. Ularning 9 nafari tayanch doktorant va doktorant, 20 nafari mustaqil izlanuvchi hisoblanadi.

    To‘qqiz nafar doktorantning barchasi individual ish rejalari bo‘yicha tadqiqot olib borayotgani va www.daraja.ilmiy.uz portaliga monitoring hujjatlarini taqdim etgani qayd etildi

  8. VIII. Universitet Kengashi to‘g‘risidagi Nizomning yangilangan tahriri

    Kengash kotibi Z. O‘lmasxo‘jayev universitet Kengashi to‘g‘risidagi Nizom amaldagi huquqiy-me’yoriy talablar, universitet boshqaruv tizimi va ichki tashkiliy ehtiyojlardan kelib chiqib qayta ko‘rib chiqilganini ma’lum qildi. Hujjat O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuni hamda oliy ta’lim muassasasi Kengashi faoliyatiga doir namunaviy nizomlar asosida ishlab chiqilgan.

    Yangilangan Nizomda Universitet Kengashining maqomi, asosiy vazifalari, funksiyalari, huquq va javobgarligi, faoliyatini tashkil etish tartibi, shuningdek, rahbarlar va tarkibiy bo‘linmalar xodimlarining funksional vazifalari belgilangan. Hujjat tegishli tarkibiy bo‘linmalar, jumladan, yuriskonsult bilan kelishilgan holda Kengash muhokamasiga kiritilgan.

  9. IX. Turli masalalar 1. 2025-yil 14-noyabrdagi 2-son buyruq: ta’lim dasturlarining maxsus davlat akkreditatsiyasi

    Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi direktorining 2025-yil 14-noyabrdagi 2-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan maxsus davlat akkreditatsiyasi indikatorlari muhokama qilindi. Indikatorlar ta’lim sifati, professor-o‘qituvchilarning salohiyati, ilmiy faoliyat, moddiy-texnik baza va talabalar bilimini baholash tizimini qamrab oladi. Universitet ta’lim dasturlari, o‘quv rejalari va fan dasturlarini zamonaviy talablar hamda mehnat bozori ehtiyojlariga moslashtirish, pedagoglarning xorijiy til va raqamli ko‘nikmalarini rivojlantirish zarurligiga e’tibor qaratildi.

  10. 2. 2025-yil 2-dekabrdagi 5-son buyruq: kompleks davlat akkreditatsiyasi

    2025-yil 2-dekabrdagi 5-son buyruq asosida kompleks davlat akkreditatsiyasi indikatorlarining universitet faoliyatiga tatbiqi ko‘rib chiqildi. Indikatorlar ta’lim sifati, ilmiy salohiyat, boshqaruv, moddiy-texnik baza, xalqaro hamkorlik, talabalar bilan ishlash, raqamlashtirish va ichki sifat nazoratini kompleks baholashni nazarda tutadi. Muhokamalarda xalqaro ilmiy bazalardagi maqolalar sonini oshirish, akademik mobillik va grant loyihalarini kengaytirish, infratuzilmani mustahkamlash, indikatorlar bo‘yicha metodik qo‘llanmalar va yo‘l xaritalarini ishlab chiqish masalalari ko‘tarildi.

  11. 3. 2025-yil 24-dekabrdagi 1-son buyruq: kompleks akkreditatsiya indikatorlari ijrosi

    2025-yil 24-dekabrdagi 1-son buyruq ijrosi doirasida universitet faoliyatini kompleks baholash, ichki monitoring va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish masalalari muhokama qilindi. Ta’lim dasturlarini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish, professor-o‘qituvchilarning ilmiy va pedagogik salohiyatini oshirish, Scopus va Web of Science bazalaridagi maqolalar, grantlar va startap loyihalarini ko‘paytirish, laboratoriyalar, auditoriyalar va elektron kutubxonani rivojlantirish zarurligi qayd etildi.

    Shuningdek, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektga asoslangan tahliliy tizimlardan foydalanish, xorijiy universitetlar bilan hamkorlik va akademik mobillikni kengaytirish, talabalar qoniqishini o‘rganish, baholashda shaffoflik hamda akademik halollikni ta’minlash, fakultet va kafedralar kesimida yo‘l xaritalari ishlab chiqish muhim yo‘nalishlar sifatida belgilandi.