2025-yil 29-dekabr kuni soat 15:00 da Toshkent shahrida “Tashkent International University” xalqaro universiteti Kengashining 4-son majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda Vatan himoyachilari kuniga tayyorgarlik, universitetdagi ijtimoiy-ma’naviy muhit, xususiy ta’lim tizimidagi o‘zgarishlar, talabalarning mustaqil ta’limi hamda oliy ta’limdan keyingi ta’lim va ilmiy nashrlar masalalari muhokama qilindi.
Majlisda ko'tarilgan masalalar
-
Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi va 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan universitetda “Milliy armiya – Ona yurt qalqoni, tinchligimiz posboni!” shiori ostida vatanparvarlik haftaligini o‘tkazish dasturi ishlab chiqildi. Dastur doirasida Mudofaa vazirligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Nuroniy jamg‘armasi, Yunusobod tumani hokimligi, harbiy tuzilmalar hamda ziyolilar vakillari ishtirokida tantanali tadbirlar tashkil etish rejalashtirildi. Shuningdek, talabalar uchun “Mard o‘g‘lon” sport musobaqalari, “Zakovat” intellektual o‘yini, ijodiy tanlovlar, harbiy qismlar va ta’lim muassasalariga tashriflar, “G‘alaba bog‘i” hamda Qurolli Kuchlar davlat muzeyiga ekskursiyalar, vatanparvarlik mavzusidagi film namoyishlari va videoroliklar tayyorlash belgilandi. “Uch avlod uchrashuvlari” va “Kelajak soati” mashg‘ulotlari orqali yoshlarda Vatanga sadoqat, mardlik va mas’uliyat tuyg‘ularini mustahkamlash ko‘zda tutildi.
-
Universitetdagi ijtimoiy-ma’naviy muhit bo‘yicha so‘rovnoma natijalari
Vazirlik topshirig‘i va Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-oktabrdagi 656-son qarori ijrosi doirasida talabalar, professor-o‘qituvchilar va xodimlar o‘rtasida onlayn ijtimoiy so‘rovnoma o‘tkazildi. Unda jami 2 565 nafar respondent, jumladan 1-kursdan 1 458 nafar, 2-kursdan 855 nafar, 3-kursdan 156 nafar talaba hamda 96 nafar professor-o‘qituvchi va xodim qatnashdi. Natijalarga ko‘ra, ishtirokchilarning 86 foizi universitetdagi umumiy ijtimoiy-ma’naviy muhitni ijobiy, 13 foizi o‘rtacha, 1 foizi salbiy baholagan. Talabalar, o‘qituvchilar va rahbariyat o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va do‘stona munosabatlarni 95 foiz respondent yuqori, 4 foiz o‘rtacha, 1 foiz salbiy baholagan. Muhitni yanada yaxshilash bo‘yicha javoblarda talabalar faolligini oshirish (48 foiz), o‘qituvchilarning ma’naviy yetakchiligini kuchaytirish (8 foiz), madaniy-ma’rifiy tadbirlarni ko‘paytirish (5 foiz) hamda barcha yo‘nalishlarni birgalikda amalga oshirish (48 foiz) takliflari qayd etildi.
-
O‘zbekistonda xususiy ta’lim tizimining qiyosiy tahlili
Kengashda O‘zbekistonda nodavlat oliy ta’lim muassasalari sonining ortishi, ta’lim xizmatlari bozoridagi raqobat va universitetlarning strategik rivojlanish vazifalari tahlil qilindi. Bayonnomada keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, respublikada 94 ta nodavlat oliy ta’lim muassasasi faoliyat yuritadi, ulardan 45 tasi Toshkent shahrida joylashgan; Sirdaryo viloyatida nodavlat OTM mavjud emas, Jizzax viloyatida esa 1 ta. Hududlar kesimidagi jadvalda jami 229 ta oliy ta’lim muassasasi, jumladan 104 ta davlat, 94 ta nodavlat va 31 ta xorijiy OTM qayd etilgan. Xususiy ta’lim sektorida amaliyotga yo‘naltirilgan fanlar, talabalar bilan individual ishlash va zamonaviy akademik boshqaruv yondashuvlari muhim ustunliklar sifatida ko‘rsatildi. Shu bilan birga, ta’lim sifatini tizimli monitoring qilish, professor-o‘qituvchilar malakasini va ilmiy-tadqiqot salohiyatini oshirish dolzarb vazifalar ekani ta’kidlandi. Universitetning raqobatbardoshligini kuchaytirish uchun o‘quv dasturlarini ish beruvchilar ehtiyojlari va xalqaro universitetlar tajribasi bilan uyg‘unlashtirish, dual ta’lim va amaliyotni rivojlantirish, raqamli texnologiyalar hamda sun’iy intellektdan foydalanish, xalqaro reytinglarda ishtirok etish va moliyaviy barqarorlikni mustahkamlash yo‘nalishlari qayd etildi.
-
Talabalarning mustaqil ta’limi va ta’lim-tadqiqot sharoitlari
Universitetda talaba-yoshlarning mustaqil ta’limini tashkil etish uchun zamonaviy o‘quv binolari va auditoriyalar, elektron kutubxona, axborot-resurs markazi, HeRo masofaviy ta’lim platformasi hamda yuqori tezlikdagi internet infratuzilmasi mavjud. Fanlar kesimida mustaqil ta’lim dasturlari ishlab chiqilgan bo‘lib, o‘quv rejalarida uning ulushi kunduzgi ta’limda 40–60 foizni, sirtqi ta’limda 15–85 foizni tashkil etadi. Sillabuslarga mustaqil ta’lim mavzulari va topshiriqlari kiritilgan, zamonaviy o‘quv adabiyotlarining elektron nusxalari Axborot-resurs markaziga taqdim etilgan hamda professor-o‘qituvchilar tomonidan maslahatlar berib borilmoqda. Mustaqil ta’lim samaradorligini oshirish uchun baholash mezonlarini aniqlashtirish, raqamli kontentni boyitish, talabalar ilmiy-tadqiqot faoliyatini o‘quv jarayoniga integratsiya qilish va pedagoglar uchun metodik treninglarni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.