27 Noyabr 2025

Kengashning 3-son majlisi

2025-YIL 27-NOYABR KUNI “TASHKENT INTERNATIONAL UNIVERSITY” XALQARO UNIVERSITETI KENGASHINING 3-SON MAJLISI BO‘LIB O‘TDI.

2025-yil 27-noyabr kuni soat 15:00 da Toshkent shahrida “Tashkent International University” xalqaro universiteti Kengashining 3-son majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda universitetning ma’naviy-ma’rifiy faoliyati, oliy ta’limdan keyingi ta’limga qabul, doktorantlar tayyorgarligi, xalqaro ta’lim dasturlari, ta’lim-tadqiqot-amaliyot klasteri hamda iqtidorli yoshlar bilan ishlash masalalari muhokama qilindi.

Majlisda ko'tarilgan masalalar

  1. Konstitutsiya kunini nishonlashga tayyorgarlik

    O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 33 yilligi munosabati bilan universitetda 8-dekabr – Konstitutsiya kunini va Konstitutsiya haftaligini nishonlash dasturi ishlab chiqildi. Dastur doirasida Konstitutsiyaga oid adabiyotlar ko‘rgazmasi, quiz va “Zakovat” intellektual o‘yini, talabalar uchun umumuniversitet diktanti, “Kelajak soati” mashg‘ulotlari, maqolalar tanlovi, sport musobaqalari hamda xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazish rejalashtirildi. Shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari va huquqshunos olimlar bilan uchrashuvlar, maktab va mahallalarda huquqiy-ma’rifiy suhbatlar tashkil etish, bayram tadbirlarini OAV va universitetning rasmiy sahifalarida yoritish ko‘zda tutildi.

  2. 2026-yil I choragi uchun doktorantura va mustaqil izlanuvchilikka qabul natijalari

    2026-yil I choragi uchun tayanch doktorantura, doktorantura, stajyor tadqiqotchilik va mustaqil izlanuvchilikka hujjatlar 2025-yil 5-oktabrdan 5-noyabrga qadar qabul qilindi. Hujjat topshirganlar orasida doktorantura bo‘yicha 3 nafar DSc va 10 nafar PhD talabgori, stajyor tadqiqotchilik bo‘yicha 1 nafar, mustaqil izlanuvchilik bo‘yicha esa 11 nafar DSc va 24 nafar PhD talabgori bo‘ldi. Kirish imtihonlari 18-noyabr, mustaqil izlanuvchilar bilan suhbatlar 19-noyabr kuni o‘tkazildi. Natijalarga ko‘ra, doktorantura va tayanch doktorantura bo‘yicha 10 nafar, stajyor tadqiqotchilikka 1 nafar hamda mustaqil izlanuvchilikka 32 nafar talabgor qabul qilindi. Ikki nafar PhD talabgori qo‘shimcha sinovga tavsiya etildi, bir talabgor imtihonga, uch nafar mustaqil izlanuvchi esa suhbatga kelmadi. Qabul qilingan izlanuvchilarning ilmiy mavzulari, rahbarlari va maslahatchilari tegishli ixtisosliklar bo‘yicha shakllantirildi.

  3. Doktorantura uchun nonkredit kurslar va master-klasslar

    Doktorantlarning ilmiy-tadqiqot kompetensiyalarini rivojlantirish maqsadida 2026-yil yanvar oyidan nonkredit kurslar tashkil etish taklif qilindi. Dasturga ilmiy tadqiqot metodlari (20 soat), akademik yozuv va nashr madaniyati (8 soat), zamonaviy tadqiqot texnologiyalari, jumladan Stata (12 soat), ilmiy natijalarni taqdim etish (4 soat), akademik etika, sun’iy intellektdan foydalanish va plagiatning oldini olish (4 soat) kiritildi. Umumiy hajmi 48 soat bo‘lgan mashg‘ulotlarga yetakchi professorlar va mutaxassislarni jalb etish ko‘zda tutildi. Bundan tashqari, doktorantlar uchun “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi, globallashuv va tashqi siyosat, ijtimoiy tarmoqlarning yoshlar dunyoqarashiga ta’siri hamda Turkiy dunyodagi mintaqaviy integratsiya mavzularida master-klasslar tashkil etish masalasi ko‘rib chiqildi.

  4. Xalqaro ta’lim dasturlarini kengaytirish

    Universitetda Janubiy Koreya, AQSh, Latviya va Malayziya oliy ta’lim muassasalari bilan 2+2, 1+1, 1+3 formatidagi qo‘shma ta’lim va akademik almashinuv dasturlari yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, Sejong University bilan biznes va axborot texnologiyalari yo‘nalishlarida, HUFS va Soongsil University bilan 2+2, Goucher College bilan 2+2 va 1+3, Lewis University bilan 1+1 magistratura dasturlari faoliyat yuritmoqda. INTI International University bilan 2026-yil yanvaridan, Cheju Halla University bilan mart oyidan almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish, Latviyaning TSI instituti bilan almashinuv hamkorligini davom ettirish rejalashtirilgan. Hamkorlik geografiyasini Italiya, Ispaniya, Buyuk Britaniya, Turkiya va AQShdagi boshqa universitetlar hisobiga kengaytirish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Tahlilda ayrim xorijiy dasturlardagi yuqori kontrakt to‘lovlari, o‘quv rejalarining mosligi va kreditlarni tan olish masalalari qayd etildi. Shu sababli o‘quv rejalarini uyg‘unlashtirish, fanlar ekvivalentligini belgilash hamda ingliz tilida ta’lim oluvchi alohida akademik guruhlarni shakllantirish zarurligi ta’kidlandi.

  5. “Ta’lim–tadqiqot–amaliyot” klasteri va Executive Training loyihalari

    Universitetda ta’limni real sektor ehtiyojlari bilan bog‘lash maqsadida 2- va 3-kurs talabalari uchun “4+1” shaklida amaliyot tashkil etilmoqda. 4-kurs o‘quv rejasiga 5 kredit (150 soat) hajmidagi amaliyotga yo‘naltirilgan “Kapston loyiha” kiritilgan. Korxona va tashkilotlar bilan 5 ta innovatsion korporativ hamkorlik shartnomasi mavjud. 2025/2026-o‘quv yilida amaliyotga jami 770 nafar talabani yo‘naltirish rejalashtirilgan: 2-kurs kunduzgi ta’limdan 353 nafar, masofaviy ta’limdan 207 nafar, 3-kurs kunduzgi ta’limdan 162 nafar va masofaviy ta’limdan 48 nafar. Amaliyot obyektlarini reyting asosida tanlash va GPA ko‘rsatkichi 3,0 va undan yuqori bo‘lgan talabalarni yuqori reytingli tashkilotlarga yo‘naltirish masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, real sektor bilan hamkorlikni kuchaytirish, amaliy loyihalarni kengaytirish va rahbarlar uchun qisqa muddatli, amaliy ko‘nikmalarga yo‘naltirilgan mahalliy Executive Training dasturlarini ishlab chiqish klasterning istiqbolli yo‘nalishlari sifatida belgilandi.

  6. Iqtidorli yoshlar va xalqaro ekspertlar bilan hamkorlik

    Iqtidorli talabalarni aniqlash va qo‘llab-quvvatlash tizimini rivojlantirish doirasida fakultetlar kesimida yuqori akademik natijalarga ega talabalar reyestrini shakllantirish, professor-o‘qituvchilar mentorligini kengaytirish, ilmiy to‘garaklar va talabalar klublari faoliyatini rivojlantirish taklif etildi. Shuningdek, “Peer-to-peer mentorship” modelini joriy etish, yosh tadqiqotchilar uchun kichik grantlar va startap tanlovlarini tashkil qilish, talabalarni xalqaro olimpiada va tanlovlarga tayyorlash masalalari ko‘rib chiqildi. Xorijdagi vatandosh-ekspertlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, olti oylik “Expert-in-Residence” dasturini tashkil etish hamda “El-yurt umidi” stipendiatlarini “Returning Scholars Program” doirasida ilmiy maktablar va qo‘shma loyihalarga jalb qilish taklif qilindi.