31 Oktabr 2025

Kengashning 2-son majlisi

2025-YIL 31-OKTABR KUNI “TASHKENT INTERNATIONAL UNIVERSITY” XALQARO UNIVERSITETI KENGASHINING 2-SON MAJLISI BO‘LIB O‘TDI.

2025-yil 31-oktabr kuni soat 15:00 da Toshkent shahrida “Tashkent International University” xalqaro universiteti Kengashining 2-son majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda universitet ilmiy salohiyatini oshirish, ilmiy elektron jurnal tashkil etish, ta’lim va tadqiqot jarayonlarini raqamlashtirish, innovatsion pedagogik texnologiyalarni kengaytirish, o‘quv adabiyotlarini nashr etish, sun’iy intellekt markazi faoliyati hamda davlat boshqaruvi va fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Majlisda ko'tarilgan masalalar

  1. Universitet ilmiy elektron jurnalini tashkil etish

    Rektor maslahatchisi A. Bekmurodov universitetda ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish, professor-o‘qituvchilar, doktorantlar va mustaqil tadqiqotchilarning ilmiy natijalarini nashr etish uchun elektron jurnal tashkil etish masalasini taqdim etdi. Jurnal nomini tanlashda xalqaro qamrov, fanlararo integratsiya, innovatsion yo‘nalishlar, ESG tamoyillari hamda universitet brendini rivojlantirish mezonlari hisobga olingan. Eng maqbul nom sifatida “TIU Journal of Global Research and Innovation” varianti taklif etildi.

    Jurnalning asosiy yo‘nalishlari yoshlar siyosati va ma’naviy taraqqiyot, barqaror rivojlanish va ESG, huquqshunoslik, siyosatshunoslik va davlat boshqaruvi, iqtisodiyot va biznes, filologiya, pedagogika va psixologiya, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt, hisoblash va amaliy matematikani qamrab oladi. Kelgusida jurnalni Scopus, Web of Science hamda milliy ilmiy nashrlar ro‘yxatida indeksatsiyalash imkoniyatlarini kengaytirish ko‘zda tutilgan.

  2. Universitetning ilmiy salohiyati va tadqiqot faoliyati

    Ilmiy ishlar va xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektor Sh. Xannayev universitetning ilmiy salohiyati, xalqaro nashrlardagi maqolalar va grant loyihalari holatini taqdim etdi. 2024/2025-o‘quv yilida universitetda 94 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat yuritgan, shundan 54 nafari asosiy shtatda bo‘lgan va ilmiy salohiyat 54 foizni tashkil etgan. Joriy o‘quv yilida jami professor-o‘qituvchilar soni 148 nafarga, asosiy shtatdagi pedagoglar soni 97 nafarga yetgan; ilmiy salohiyat 53 foizni tashkil etmoqda. Universitet professor-o‘qituvchilarining o‘rtacha yoshi 37 yosh bo‘lib, taqdimotda O‘zbekiston Milliy universitetida bu ko‘rsatkich 46 yosh, xalqaro tajribada esa 45–50 yosh atrofida ekani qayd etilgan.

    O‘tgan o‘quv yilida Scopus va Web of Science bazalarida 14 ta ilmiy maqola chop etilgan. Ilmiy grantlar bo‘yicha 4 ta ariza topshirilgan, ulardan 3 tasi rad etilgan, 1 tasi yuzasidan javob kutilmoqda. Universitet strategiyasiga ko‘ra, Scopus/WoS maqolalari sonining o‘qituvchilar soniga nisbati 2025/2026-o‘quv yilida kamida 0,4 ga, 2027-yilda 0,7 ga va 2030-yilda 1,5 ga yetkazilishi maqsad qilingan. Taqdimotda ilmiy maqolalar soni va sifatini oshirish, grant loyihalarini tayyorlash, kafedralarda ilmiy seminarlar tashkil etish hamda ilmiy faoliyatni muntazam monitoring qilish zarurligi ta’kidlandi.

  3. O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kunni nishonlash

    21-oktabr — O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan universitetda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar dasturi amalga oshirildi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda “Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida taniqli shoir va yozuvchilar bilan uchrashuv tashkil etildi. Shuningdek, “Yashil makon” loyihasi doirasida ko‘chat ekish ishlari o‘tkazildi, universitetga biriktirilgan Yunusobod tumani 9-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil qilindi.

    Talabalar o‘rtasida “Ona tilim — milliy g‘ururim” mavzusida esse tanlovi, video-chellenj, Adiblar xiyobonida ma’naviy-ma’rifiy va sport tadbirlari hamda “Zakovat-QUIZ” intellektual o‘yini o‘tkazildi. Tadbirlar universitetning ijtimoiy tarmoqlari va ommaviy axborot vositalarida yoritildi.

  4. Ta’lim va tadqiqot jarayonlarini raqamlashtirish

    Akademik ishlar bo‘yicha prorektor A. Absalamov HEMIS va HeRo platformalaridan foydalanish holati hamda ularning ta’lim va ilmiy faoliyatdagi imkoniyatlari haqida ma’lumot berdi. HEMIS o‘quv jarayonini boshqarish, talabalar reytingini hisoblash, nazorat turlarini yuritish va professor-o‘qituvchilar yuklamalarini elektron shaklda boshqarishga xizmat qilmoqda. HeRo platformasi esa ilmiy maqolalar, konferensiyalar, grant va loyihalar, shaxsiy ish rejalarini elektron jamlash hamda ularning bajarilishini monitoring qilish imkonini beradi.

    HeRo tizimida fanlar, guruhlar, o‘qituvchilar, yuklamalar va o‘quv rejalarini yagona boshqaruv panelida yuritish, dars jadvali va auditoriya resurslarini rejalashtirish, topshiriqlarni boshqarish, StrikePlagiarism orqali akademik halollikni nazorat qilish, baholar va imtihon natijalarini tahlil qilish, shuningdek, fakultet, kafedra va talabalar kesimida hisobotlar shakllantirish imkoniyatlari qayd etildi. Platformalardan samarali foydalanish uchun dekanatlar, kafedralar va bo‘limlar xodimlarining raqamli ko‘nikmalarini rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.

  5. Innovatsion ta’lim texnologiyalarini joriy etish

    Universitetda Problem-Based Learning (PBL), Flipped Learning, Debate, Moot Court va Lecture Series kabi innovatsion pedagogik yondashuvlardan foydalanish masalasi ko‘rib chiqildi. Ushbu texnologiyalar talabalarning nazariy bilimlarini amaliy tahlil, tanqidiy fikrlash, mustaqil qaror qabul qilish va jamoada ishlash ko‘nikmalari bilan mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etildi.

    Universitetning yurisprudensiya bakalavriat yo‘nalishi 3-kursida “Yuridik klinika/Street law/Amaliyot klublari/Moot court” fani o‘qitilib, mashg‘ulotlarda maxsus namunaviy sud xonasidan foydalanilmoqda. Shuningdek, Lecture Series doirasida amaliyotchi mutaxassislar talabalar bilan mashg‘ulotlarga jalb etilmoqda. Professor-o‘qituvchilarning pedagogik mahoratini rivojlantirish maqsadida har oy trening kurslari tashkil etilayotgani bildirildi.

  6. 2025/2026-o‘quv yili uchun o‘quv adabiyotlarini nashr etish rejasi

    Akademik ishlar bo‘yicha prorektor A. Absalamov 2025/2026-o‘quv yili uchun kafedralar tomonidan shakllantirilgan o‘quv adabiyotlari nashr rejasini taqdim etdi. Rejaga jami 43 ta nashr kiritilgan bo‘lib, ular 27 ta o‘quv qo‘llanma, 9 ta darslik va 7 ta monografiyadan iborat. Nashrlar huquqiy fanlar, xorijiy tillar, iqtisodiyot va moliya, ijtimoiy fanlar va ta’lim, aniq fanlar va raqamli texnologiyalar yo‘nalishlarini qamrab oladi. Rejada nashr muddatlari 2025-yil dekabridan 2026-yil avgustigacha belgilangan.

    Nashr etilgan o‘quv adabiyotlarini elektron shaklga o‘tkazish va universitet kutubxona platformasiga joylashtirish masalasi ham ko‘rib chiqildi. O‘quv adabiyotlarini tayyorlashda ularning sifati, originalligi va belgilangan akademik talablarga muvofiqligini ta’minlash muhimligi qayd etildi.

  7. Sun’iy intellekt texnologiyalaridan amaliy foydalanish markazi

    Ta’lim sifati va imtihonlarni nazorat qilish departamenti boshlig‘i S. Abduvoxidov universitet qoshida KOICA, Cheju Halla universiteti (CHU) va Tashkent International University (TIU) hamkorligida tashkil etilgan KOICA–TIU–Cheju Halla sun’iy intellekt ta’lim markazi faoliyati haqida ma’lumot berdi. Markazning maqsadi sun’iy intellekt sohasida malakali kadrlar tayyorlash, ta’lim dasturlarini xalqaro standartlar va mehnat bozori talablariga moslashtirish hamda sanoat va akademiya hamkorligini kuchaytirishdan iborat.

    Markaz 16 ta zamonaviy kompyuter bilan jihozlangan. Ta’lim Data Analysis, Computer Vision, Natural Language Processing (NLP) va Microsoft Azure AI Fundamentals (AI-900) yo‘nalishlarida olib boriladi. Har bir kurs yiliga ikki marta 15 nafardan talabaga taklif etilishi rejalashtirilgan. Loyiha doirasida TIU va boshqa oliy ta’lim muassasalarining 15 nafardan ortiq o‘qituvchisi uchun malaka oshirish, koreyalik va xalqaro ekspertlar ishtirokida seminarlar hamda mahalliy IT-kompaniyalarda amaliyot dasturlarini tashkil etish nazarda tutilgan.

  8. Davlat boshqaruvi, fuqarolik jamiyati va OAV bilan hamkorlik

    PR va marketing departamenti tomonidan 2025-yil davomida davlat boshqaruvi organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, jurnalistlar va blogerlar bilan hamkorlik natijalari tahlil qilindi. Universitet raisligida Turkiy davlatlar tashkiloti Turkiy universitetlar ittifoqining 8-bosh Assambleyasi o‘tkazilib, tadbir Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamkorligida milliy va xalqaro ommaviy axborot vositalarida yoritildi.

    Jurnalist va blogerlar bilan hamkorlik doirasida Abdurahmon Fozilov materiallari 1 000 000, Hayrulla Hamidov materiallari 103 000, Davron Fayziyev materiallari 100 000 va Shoxrux Kuchkarov materiallari 55 700 marta ko‘rilgan. Sun’iy intellekt markazining 2025-yil 12-avgustdagi ochilishi, 1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni, universitet sport faoliyati hamda 15-oktabr kuni o‘tkazilgan Turkiy universitetlar ittifoqining 8-bosh Assambleyasi “O‘zbekiston 24”, “Yoshlar”, “UZREPORT”, “UZA”, “Sevimli”, “RTV”, “Toshkent”, CBC (Ozarbayjon) va TRT AVAZ (Turkiya) kabi OAVlarda yoritilgan.