2025-yil 19-sentabr kuni Toshkent shahrida “Tashkent International University” xalqaro universiteti Kengashining 1-son majlisi bo‘lib o‘tdi. Soat 15:00 da boshlangan majlisda 2025/2026-o‘quv yiliga tayyorgarlik, universitetni strategik rivojlantirish, ta’lim sifati, professor-o‘qituvchilar salohiyati, ilmiy faoliyat, xalqaro hamkorlik va universitetning axborot maydonidagi faoliyatiga oid masalalar ko‘rib chiqildi.
Majlisda ko'tarilgan masalalar
-
Kengashning 2025/2026-o‘quv yilidagi ish rejasi va tarkibi
Kengash ish rejasi prorektorlar, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari va departament rahbarlari takliflari asosida shakllantirilgan. Unda o‘quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot, ma’naviy-ma’rifiy hamda tashkiliy-xo‘jalik yo‘nalishlaridagi ustuvor masalalar, ularni tayyorlash muddatlari va mas’ul ijrochilar belgilangan. Reja “O‘zbekiston–2030” strategiyasida belgilangan vazifalar hamda universitetning rivojlanish maqsadlariga yo‘naltirilgan. Kengash tarkibi universitet Kengashi to‘g‘risidagi Nizom talablari asosida shakllantirilgani qayd etildi.
-
Mustaqillik bayrami va O‘qituvchi hamda murabbiylar kuniga tayyorgarlik
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” g‘oyasi asosida tashkiliy, ma’naviy-ma’rifiy va targ‘ibot tadbirlari dasturi ishlab chiqilgan. Dastur universitet, mahalla va maktablarda uchrashuvlar, tarixiy shaxslar hayotini targ‘ib qilish, rasmlar va insholar tanlovlari, “Mustaqillik darslari”, muzey hamda tarixiy obidalarga tashriflar va sport musobaqalarini qamrab oladi. 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan tantanali tadbir, “Uch avlod uchrashuvi”, mahorat darslari va davra suhbatlari, faxriy ustozlar holidan xabar olish, talabalar ijodiy tanlovlari hamda sport musobaqalarini tashkil etish rejalashtirilgan.
-
Universitetning kollegial boshqaruv tizimini takomillashtirish
Ta’lim sifatini oshirish, o‘quv jarayoniga kredit-modul tizimi, zamonaviy pedagogik texnologiyalar va xalqaro ta’lim standartlarini joriy etish maqsadida O‘quv-uslubiy va ilmiy kengashni tashkil etish masalasi ko‘rib chiqildi. Kengash faoliyati ta’lim dasturlari va metodik yondashuvlarni takomillashtirish, fakultet va kafedralar ishini muvofiqlashtirish hamda ilmiy tadqiqotlarni ta’lim jarayoni bilan integratsiyalashga qaratiladi. Uning tarkibida akademik ishlar bo‘yicha prorektor, ilmiy ishlar va xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektor, kotib, tarkibiy bo‘linmalar rahbarlari va professor-o‘qituvchilar ishtirok etishi nazarda tutilgan.
-
Professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish
Malaka oshirishning uch shakli tahlil qilindi: an’anaviy kurslar, seminar-treninglar va konferensiyalar; mustaqil ta’lim, jumladan Coursera, edX va Udemy platformalari; xalqaro almashinuv, xorijiy stajirovkalar va qo‘shma ilmiy loyihalarni qamrab oluvchi alternativ shakllar. Taqdim etilgan ma’lumotlarda so‘nggi besh yilda kafedralar kesimida malaka oshirish ko‘rsatkichi 34 foizdan 100 foizgacha ekani, ayrim kafedralarda alternativ shakllardan foydalanilmagani aks etgan. Shu bois raqamli platformalar, xalqaro tajriba va muqobil malaka oshirish yo‘nalishlarini kengaytirish zarurati ta’kidlandi. Uzluksiz malaka oshirish jarayoni Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-sentabrdagi 797-son qarori bilan tartibga solinishi qayd etildi.
-
2025/2026-o‘quv yiliga akademik tayyorgarlik
Yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik doirasida kafedralar bo‘yicha o‘quv yuklamalari, professor-o‘qituvchilar shtati va ilmiy salohiyati, fanlar soni, masofaviy ta’lim kontentlari hamda auditoriyalar sig‘imi tahlil qilindi. Taqdim etilgan jadvallarga ko‘ra, umumiy o‘quv yuklamasi 76 580 soatni, talabalar soni 6 206 nafarni, shtat birliklari 151 tani tashkil etadi. Universitet binolaridagi 52 ta xonaning umumiy sig‘imi 2 163 o‘rin sifatida ko‘rsatilgan. Professor-o‘qituvchilar yuklamasini auditoriya mashg‘ulotlari bilan birga o‘quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot va “ustoz-shogird” faoliyatini hisobga olgan holda rejalashtirish muhimligi qayd etildi.
-
“Tashkent International University – 2030” strategik rivojlanish yo‘nalishlari
Universitetning 2025–2030-yillarga mo‘ljallangan strategik rivojlanish yo‘nalishlari muhokama qilindi. Ular xalqaro akkreditatsiya va reytinglardagi mavqeni mustahkamlash, ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni kengaytirish, ta’lim–fan–innovatsiya integratsiyasini rivojlantirish, raqamli transformatsiya hamda talabalar startaplarini qo‘llab-quvvatlashni qamrab oladi. Strategik maqsadlarni amalga oshirish uchun fakultet va tarkibiy bo‘linmalar takliflari, zarur resurslar hamda ijro mexanizmlarini aniqlashtirish masalalariga e’tibor qaratildi.
-
Xalqaro ta’lim va ilmiy-tadqiqot loyihalari
2024/2025-o‘quv yilida Innovatsion rivojlanish agentligiga 4 ta ilmiy loyiha taqdim etilgan: ulardan 3 tasi rad etilgan, 1 tasi ekspertiza jarayonida bo‘lgan. Erasmus+ tanloviga yuborilgan 3 ta loyihaning 2 tasi bo‘yicha ijobiy javob olingan. KOICA granti doirasida Sun’iy intellekt markazi tashkil etilgan. Shuningdek, 5 nafar xorijiy va 3 nafar mahalliy olim ishtirokida professor-o‘qituvchilar uchun mahorat darslari o‘tkazilgan, biroq pedagoglarning faolligi yetarli bo‘lmagani qayd etilgan. 2025/2026-o‘quv yilida xalqaro va mahalliy grantlarda ishtirok etish, xorijiy ekspertlarni jalb qilish hamda Scopus va Web of Science bazalaridagi jurnallarda maqolalar sonini oshirish ustuvor yo‘nalishlar sifatida ko‘rsatildi.
-
Ilmiy-tadqiqot faoliyatini baholash
Professor-o‘qituvchilarning ilmiy-tadqiqot faoliyatini tizimli baholash, ilmiy samaradorlikni oshirish va universitetning xalqaro reyting hamda e’tiroflardagi mavqeini mustahkamlash masalasi ko‘rib chiqildi. Mazkur yo‘nalish universitetning 2025–2030-yillarga mo‘ljallangan strategik maqsadlari, Prezidentning 2017-yil 8-iyundagi PQ-3041-son qarori, 2020-yil 29-oktabrdagi PF-6097-son farmoni va “O‘zbekiston–2030” strategiyasida belgilangan ilm-fan, innovatsiya hamda xalqaro hamkorlik vazifalari bilan uyg‘un holda muhokama qilindi.
-
Universitet sayti va ijtimoiy tarmoqlar faoliyati
PR va marketing departamenti tomonidan ikki oy davomida universitet faoliyati va qabul jarayonlarini yoritishga qaratilgan 33 ta videomaterial tayyorlangan. Sun’iy intellekt markazining ochilish marosimi foto va videomateriallar orqali OAV hamda universitetning rasmiy ijtimoiy tarmoqlarida yoritilgan. Instagram, Facebook va Telegram sahifalarida kontent joylashtirish natijasida ko‘rishlar soni va kuzatuvchilar dinamikasida ijobiy o‘sish qayd etilgan.
-
Kompleks va maxsus davlat akkreditatsiyasiga tayyorgarlik
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-avgustdagi 498-son qarori bilan joriy etilayotgan kompleks va maxsus davlat akkreditatsiyasi talablari muhokama qilindi. Yangi tizim ta’lim xizmatlari sifati, professor-o‘qituvchilar salohiyati, ilmiy faoliyat, ta’lim dasturlari, moddiy-texnik baza, raqamlashtirish va bitiruvchilarning mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini kompleks baholashni nazarda tutadi. Universitetda ichki sifat ta’minoti va audit, ta’lim dasturlarini yangilash, o‘quv-uslubiy hujjatlarni xalqaro talablarga moslashtirish, ilmiy natijadorlik va akademik mobillikni oshirish ishlari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, ISO va ESG tamoyillari asosida o‘z-o‘zini baholash, ta’lim dasturlarini ekspertizadan o‘tkazish, talabalar, bitiruvchilar va ish beruvchilar fikrini o‘rganish, akademik halollik va ta’lim jarayoni shaffofligini kuchaytirish yo‘nalishlari ta’kidlandi.