2026-yil 30-oktabr kuni soat 15:00 da “Tashkent International University” xalqaro universiteti B-binosining 205-xonasida Universitet Kengashining 3-son majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlis kun tartibida universitet ilmiy salohiyatini rivojlantirish, xalqaro ilmiy konferensiyani tashkil etish, ta’lim jarayonini raqamlashtirish, innovatsion pedagogik texnologiyalarni qo‘llash, iqtidorli talabalar bilan ishlash hamda o‘quv adabiyotlari nashr rejasiga oid masalalar ko‘rib chiqildi.
Majlisda ko'tarilgan masalalar
-
I. Universitet ilmiy salohiyati va xalqaro ilmiy natijadorligini oshirish
Universitet professor-o‘qituvchilarining ilmiy salohiyati, Scopus va Web of Science bazalaridagi nashrlar dinamikasi, kafedralar kesimidagi ilmiy natijalar hamda ilmiy faoliyatni rag‘batlantirish holati yuzasidan ma’lumot berdi.
Muhokamada ilmiy faoliyatni faqat maqolalar soni bilan emas, balki nashrlar sifati, xalqaro hamkorlik, grant mablag‘larini jalb etish, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy qilish va yosh tadqiqotchilarni tayyorlash natijalari bilan ham baholash zarurligi ta’kidlandi.
-
II. Huquq, texnologiya va boshqaruv bo‘yicha III xalqaro konferensiyani tashkil etish
2026-yilgi III konferensiya — “International Conference on Law, Technology and Governance” (ICLTG Tashkent 2026) konsepsiyasi yuzasidan axborot berdi. Muhokamada dastlabki dasturdagi rasmiy chiqishlar ulushini qisqartirish, ilmiy munozaralar va savol-javob vaqtini kengaytirish, xorijiy olimlar ishtirokini oshirish hamda konferensiyaning ilmiy sifatini ta’minlash masalalariga e’tibor qaratildi.
-
III. Ta’lim va tadqiqot jarayonlarini raqamlashtirish: LMS, HEMIS va HERO platformalari
HERO Study Space platformasida talabalar uchun mobil ilova imkoniyatlari kengaytirilgan, qurilmalardan foydalanish nazorati kuchaytirilgan, yakuniy nazorat xavfsizligi bo‘yicha yangi funksiya joriy etilgan hamda professor-o‘qituvchilar uchun yagona baholar jurnali takomillashtirilgan.
Professor-o‘qituvchilar faoliyatini rejalashtirishga xizmat qiladigan kalendar reja funksiyasi ishlab chiqish jarayonida ekani bildirildi. LMS, HEMIS va HERO tizimlaridagi talaba, fan, guruh, davomat va baholash ma’lumotlarining o‘zaro muvofiqligini ta’minlash, takroriy ma’lumot kiritishni kamaytirish, platformalarning amaliy samaradorligini muntazam monitoring qilish va foydalanuvchilarning fikr-mulohazalarini yig‘ish zarurligi ta’kidlandi.
-
IV. Innovatsion ta’lim texnologiyalaridan foydalanish samaradorligi
Universitetda Problem-Based Learning (PBL), Project-Based Learning, Flipped Learning, Case Study, Debate, Moot Court, Lecture Series va Collaborative Learning kabi zamonaviy pedagogik yondashuvlardan foydalanish holati haqida ma’lumot berdi. Ushbu texnologiyalar talabalar tanqidiy va tahliliy fikrlashini, mustaqil muammo yechish, jamoada ishlash va kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirishga qaratilgani qayd etildi.
PBL doirasida real hayotiy vaziyatlar va amaliy keyslar asosida mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda, biroq keyslar bazasini kengaytirish, ularni milliy amaliyotga moslashtirish va talabalar ishini baholash uchun yagona mezonlarni joriy etish zarurligi bildirildi. Flipped Learning modelida videoma’ruza, taqdimot va o‘quv materiallarini HERO platformasiga oldindan joylashtirib, auditoriya vaqtini muhokama va amaliy topshiriqlarga yo‘naltirish taklif qilindi.
Muhokamada metodik qo‘llanmalar va yagona keyslar bankini shakllantirish, professor-o‘qituvchilar uchun trening va mahorat darslarini tashkil etish, Lecture Series bo‘yicha yillik reja tuzish hamda debat va Moot Court musobaqalarini muntazam o‘tkazish zarurligi ta’kidlandi.
-
V. Iqtidorli talabalarni aniqlash va ularning salohiyatini rivojlantirish
Iqtidorni baholashda akademik o‘zlashtirish bilan bir qatorda ilmiy izlanishga qiziqish, mantiqiy va tahliliy fikrlash, ijodkorlik, tashabbuskorlik, yetakchilik va amaliy muammolarga innovatsion yechim taklif qilish qobiliyatini ham hisobga olish zarurligi qayd etildi.
Shuningdek, talabalarni startaplar, innovatsion loyihalar, akseleratsiya dasturlari va grantlarga jalb qilish, loyiha ishlab chiqish, biznes-model yaratish va grant arizalarini tayyorlash bo‘yicha amaliy treninglar tashkil etish masalalari muhokama qilindi. Faoliyat samaradorligini aniqlangan iqtidorli talabalar soni, individual rejalar, ilmiy maqolalar, olimpiada va tanlov natijalari, stipendiya g‘oliblari, ishlab chiqilgan startaplar hamda jalb qilingan grantlar kabi aniq ko‘rsatkichlar asosida baholash lozimligi bildirildi.
-
VI. 2026/2027-o‘quv yili uchun o‘quv adabiyotlarini nashr etish rejasi
Universitet bo‘yicha jami 58 ta nashr rejalashtirilgan: 14 ta darslik, 34 ta o‘quv qo‘llanma, 2 ta o‘quv-uslubiy qo‘llanma, 7 ta monografiya va 1 ta testlar to‘plami.
Nashrlar kafedralar kesimida quyidagicha taqsimlangan: Huquqiy fanlar — 25 ta, Ijtimoiy fanlar va ta’lim — 9 ta, Iqtisodiyot va moliya — 8 ta, Xorijiy tillar — 8 ta, Aniq fanlar va raqamli texnologiyalar — 8 ta. Rejada huquq, iqtisodiyot, pedagogika va psixologiya, tarix va falsafa, xorijiy tillar, matematika, fizika hamda raqamli texnologiyalar yo‘nalishlari qamrab olingan.
Muhokamada nashrlar ijrosini faqat chop etish yakuni bo‘yicha emas, balki qo‘lyozmani tayyorlash, kafedrada muhokama qilish, ilmiy-metodik ekspertiza, tahrirlash va nashrga tavsiya etish bosqichlari bo‘yicha ham monitoring qilish zarurligi ta’kidlandi.