25 Sentabr 2026

Kengashning 2-son majlisi

“TASHKENT INTERNATIONAL UNIVERSITY” XALQARO UNIVERSITETI KENGASHINING 2026-YIL 25-SENTABRDAGI 2-SON MAJLISI

2026-yil 25-sentabr kuni soat 15:00 da “Tashkent International University” xalqaro universitetining B-binosi 205-xonasida Universitet Kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlis kun tartibida ta’lim jarayonini takomillashtirish, professor-o‘qituvchilar salohiyatini rivojlantirish, masofaviy ta’lim, ilmiy va innovatsion faoliyatni rag‘batlantirish hamda universitetning raqamli axborot maydonini rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Majlisda ko'tarilgan masalalar

  1. I. 1-oktabr – O‘qituvchilar va murabbiylar kunini nishonlash

    1-oktabr – O‘qituvchilar va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan tadbirlar dasturi haqida ma’lumot berdi. Dastur ustozlarni tantanali kutib olish, bayram tadbiri, “Uch avlod uchrashuvi”, ilg‘or pedagoglar va faxriy ustozlar ishtirokida mahorat darslari hamda davra suhbatlarini tashkil etishni nazarda tutadi.

  2. II. Professor-o‘qituvchilarning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish

    Akademik ishlar departamenti boshlig‘i Sh. Ruziyev professor-o‘qituvchilarning an’anaviy, mustaqil va muqobil shakllarda malaka oshirish holati hamda 2026/2027-o‘quv yilidagi ehtiyojlarni tahlil qildi. 2026-yil 20-sentabr holatiga universitetda jami 219 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat yuritmoqda. Ularning 128 nafari asosiy shtatda, 17 nafari tashqi o‘rindoshlik, 9 nafari ichki o‘rindoshlik va 65 nafari soatbay asosda ishlaydi.

    Malaka oshirishni rejalashtirishda asosiy shtatdagi 128 nafar professor-o‘qituvchini ustuvor qamrab olish, jarayonni Oliy ta’lim tizimi kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti bilan hamkorlikda markazlashtirilgan onlayn shaklda tashkil etish taklif qilindi

  3. III. Masofaviy ta’lim jarayonini tashkil etish holati

    2026/2027-o‘quv yilida masofaviy ta’limning dars jadvali, texnik infratuzilmasi va elektron o‘quv kontenti bo‘yicha ma’lumot berdi. Masofaviy ta’lim jadvalida 51 ta akademik guruh va birlashtirilgan guruh bloklari shakllantirilgan. Mashg‘ulotlar dushanbadan jumagacha, soat 18:00 dan 21:00 gacha uchta vaqt oralig‘ida tashkil etilib, haftasiga jami 225 ta dars rejalashtirilgan.

    Muhokamada masofaviy darslarning jadval bo‘yicha real o‘tkazilishi, talabalar davomati, o‘qituvchilarning o‘z vaqtida ulanishi va elektron materiallarning platformada talabalarga ochiqligini muntazam monitoring qilish muhimligi ta’kidlandi.

  4. IV. O‘quv, o‘quv-uslubiy, ilmiy va innovatsion faoliyatni rag‘batlantirish

    Nizom professor-o‘qituvchilarning kasbiy tashabbuskorligini oshirish, ilmiy natijalarni ko‘paytirish, innovatsion ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish va ta’lim sifatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan.

    Rag‘batlantirish yo‘nalishlari xalqaro ilmiy jurnallardagi maqolalar, ilmiy daraja va unvonlar, professional sertifikatlar, iqtidorli talabalar bilan ishlash natijalari, darslik va o‘quv-uslubiy mahsulotlar, patent va intellektual mulk, yuqori iqtiboslik ko‘rsatkichlari hamda tahririyat va akademik xizmat faoliyatini qamrab oladi. Hujjatlarni tekshirish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, teng imkoniyatlar va xolis baholash tamoyillariga rioya etish zarurligi qayd etildi.

  5. V. Universitet sayti va ijtimoiy tarmoqlari faoliyati

    Tahlil 2026-yil 1-maydan 25-sentabrgacha bo‘lgan davrni qamrab olib, Google Analytics, Bitrix24 va ijtimoiy tarmoqlarning rasmiy statistik ma’lumotlariga asoslangan.

    Instagram qamrovi yetakchi nodavlat oliy ta’lim muassasalaridan ortda qolayotgani, qabul platformasiga xorijdan kirishda texnik cheklov mavjudligi, Facebook va X sahifalarida muntazam axborot berish susaygani qayd etildi. Kontent sifatini va auditoriya faolligini oshirish, platformalar bo‘yicha yagona axborot siyosatini yuritish hamda tashriflar, qamrov va qabulga o‘tish ko‘rsatkichlarini muntazam tahlil qilish zarurligi ta’kidlandi.