Toshkent Xalqaro Universitetida sun’iy intellektni rivojlantirish va ilmiy-tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida KOICA (Koreya Xalqaro Hamkorlik Agentligi) tashkilotining loyihasi doirasida Sun’iy Intellekt Markazi tashkil etilmoqda! Ushbu markaz O‘zbekistonda sun’iy intellekt ekotizimini rivojlantirish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va malakali mutaxassislarni tayyorlashga xizmat qiladi.
Markaz tashkil etilishi doirasida Toshkent Xalqaro universiteti bir qator mahalliy IT kompaniyalar, ilmiy-tadqiqot institutlari hamda oliy ta’lim muassasalari bilan memorandumlar imzoladi. Ushbu hamkorliklar sun’iy intellekt bo‘yicha ilg‘or bilim va texnologiyalarni o‘quv jarayoniga joriy etish, shuningdek, talabalar va mutaxassislar uchun yangi imkoniyatlar yaratish imkonini beradi.
Sun’iy Intellekt Markazi quyidagi yo‘nalishlarda faoliyat yuritadi:
Sun’iy intellekt bo‘yicha ilmiy-tadqiqotlar va innovatsiyalar;
Talabalar va mutaxassislar uchun zamonaviy AI kurslari va treninglar;
Sun’iy intellekt texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy etish;
Xalqaro tajriba almashish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish.
Comments