SJ News II - шаблон joomla Авто

20170909

    Psixologiyaning “yosh davrlar psixologiyasi” yo‘nalishida insonning filogenetik va shu bilan birga ontogenetik davri, ana shu davrda vujudga keluvchi psixologik, emotsional, fiziologik ta’sirlarni o‘z ichiga oluvchi fan sohasi tushuniladi. O‘smirlik davri – inson ontogenezidagi bolalik va yetuklik o‘rtasidagi davr sanaladi. O‘smirlik davri  inson eng ko‘p sotsial ta’sirlarga uchrovchi bosqichdir. Psixologlardan biri D.B.Elkonin bu davrni 2ga ajratadi:

1.Kichik o‘smir yoshi – 12-14 yosh

2.Katta o‘smir yoshi – 15-17 yosh

         Ba’zi olimlar esa, o‘smirlikni o‘z ichiga oluvchi yoshni hududiy, regional, geografik, urf-odat va an’analardan kelib chiqib belgilashadi. BMTning  hisobotiga ko‘ra, dunyoda taxminan 1.1 milliard o‘smir mavjud (2011-yil ma’lumoti). “Teenager” so‘zi Yevropa va qo‘shni davlatlarda o‘smir so‘zini anglatadi (ya’ni TEEN – 13 dan 19 gacha sonlar oxiriga qo‘shiladi, AGE-yosh). Elkonin talqini bo‘yicha o‘smirlikda yetuklik hissi va yetulikka intilish motivi bo‘ladi. Ammo o‘smir o‘zini bola” deb hisoblamaydi va bundan qochadi, ammo yetuk deb ham hisoblay olmaydi. R.Xevigxerst talqini bo‘yicha o‘smirlik davri rivojlanish qonuniyatlariga:

1.Jinsiy va jismoniy jihatdan rivojlanib “MEN” obrazini hosil qiladi;

2.Shaxslararo munosabatni shakllantirish, tengdoshlari ichida o‘z rolini toppish;

3.Oilasidagi sotsial rol mas’uliyati;

4.Abstrakt fikrlash vujudga kelishi;

5.Hayotiy falsafa shakllanishi;

6.Ta’lim va kasbiy tanlov jarayoni;

7.Mustaqil oila tuzishga tayyorlik.

  12-17 yoshlarda jinsiy rivojlanish yuqori darajada kechadi. 12-15 yoshli o‘smirlarda soqol va mo‘ylovlar o‘sishi boshlanadi, ammo fiziologik jihatdan ba’zi muam     molar: yurak, o‘pka, paylar, miyada o‘zgarishlar vujudga kelishi mumkin. Organizm “qayta quriladi”. Natijada o‘z tashqi ko‘rinishga e’tibor oshib, “MEN” obrazi vujudga keladi. Bu davrda o‘smir uchun birinchi darajali ehtiyoj – bu tengqurlari bilan muloqot bo‘ladi. Hatto ba’zida tengdoshlari fikri o‘qituvchi va ota-onasi fikridan ustun kelishi ehtimoli bor. Ota-ona tomonidan o‘smirning hamon bola sifatida ko‘rilishi ba’zi konflikt(nizo)larga sabab bo‘lishi mumkin.  L.I.Bojovich talqini bo‘yicha, bu davrda o‘smirning o‘ziga va atrof-olamga munosabati tubdan o‘zgaradi. Bu paytga kelib, o‘smirda mantiqiy fikrlash, gipotetik fikr yuritish (faraz qilish va prognozlash), reflaksiya kabi xususiyatlar ko‘rinadi. Atoqli rus bolalar psixologi A.I.Zaxarova o‘smirlarda uchrovchi 5 ta qo‘rquvni ajratadi:

1.Jamiyatda o‘z o‘rnini egallay olmaslikdan xavfsirash;

2.Boshlagan ishni oxiri negativ tugashidan qo‘rqish (perfeksionizm va maksimalizm sabab);

3.Jismoniy o‘zgarishlar sababli o‘z tashqi ko‘rinishidagi o‘zgarishlardan discomfort(noqulaylik) hissi;

4.Yakkalikdan qo‘rqish;

5.O‘z-o‘zini rivojlantira olmaslikdan qo‘rqish.

         2011-yil BMT tadqiqotlariga ko‘ra, bu payda insonning BOSHQARUVCHI yoki BO‘YSINUVCHI tipga aylanish jarayoni ongsiz ravishda amalga oshadi. Ya’ni Yevropa va G‘arb mamlakatlari misolida olsak, o‘smirlarning aksariyati (88%) rivojlangan shaharlarda yashaydi. Boy oiladagi o‘smirlarda ta’lim olib, erkin kasb tanlash imkoni ko‘proq va aksincha, moddiy imkoniyatlari biroz cheklangan oiladagi o‘smirda bunday imkoniyat kamroqdir. O‘smirlik davri eng qiyin kechuvchi ham psixologik ham fiziologik davr sanaladi, shuning uchun bu davrni “O‘tish davri” deb ham ataydi. O‘tish davri inqirozi esa, eng keskin, eng qiyin kechuvchi jarayon sanaladi

 O‘smirning oildagi xulq-atvorida o‘zgarishlarga:

 O‘smir mustaqillikka, o‘ziga xoslikka, mustaqil qaror qabul qilishga urinadi, ota ona esa farzandini voyaga yetganini tan olgisi kelmaydi. Shu sabab o‘smirda oilasidan avvaliga o‘ta shaxsiy, so‘ngra har qanday muhokamadan qochish hissi paydo bo‘ladi. Bu davrda oilada avtonomiyaga erishish motivi vujudga keladi. Do‘stlardagi moddiyat o‘smirga negativ ta’sir qilishi mumkin, shuningdek “O‘smirlik Negativizmi” shakllanadi (qarama qarshi jins vakili yonida chekish, ichish va hk.) Ba’zida bu muammolarga oilada qaror qabul qilinishida o‘smirning fikri inobatga olinmasligi sabab bo‘ladi. Oilaviy muhit yaxshi maromda bo‘lishi uchun ota-onalarga ba’zi psixologik maslahatlar:

1.O‘smirni oila masalalarida faol qatnashishiga yo‘l qo‘ying. Bu kelajakda farzandingizni har qanday muammoni oila davrasida yechishga va sizdan hech qanday sir yashirmasligiga olib keladi;

2.Farzandingiz bilan gaplashish uchun doim vaqt ajrating. Bu sizga uning kechinmalari orzulari, hissiyotlari haqida ko‘p narsani ochib beradi ,u sizni nafaqat ota-ona balki haqiqiy do‘st sifatida qarashiga imkon yaratadi

3.Uning muammalari bilan qiziqing, yechim topishga yordam bering. Ayniqsa, bu undagi yashiringan va endigina kurtak yozayotgan iqtidor va qobiliyatni yuzaga keltirishda juda muhim sanaladi;

  1. Ortiqcha bosim o‘tkazmang, ba’zida kelishuv yo‘lini tanlab uning o‘zi qaror qabul qilishiga yo‘l qo‘yib bering;
  2. Farzandingizni fikri qanday bo‘lishidan qat’iy nazar uni hurmat qiling;

6.Jahlingiz chiqqanida ham unga hurmat bilan ( ya’ni u ham men kabi, shunchaki hali hayot tajribasi kamroq deb) oilaning teng huquqli a’zosi sifatida qarang.

O‘smir qizlarda onasidan va dugonalaridan kosmetikani qanday ishlatish ko‘nikmasi paydo bo‘la boshlaydi. Ular ayniqsa tashqi ko‘rinishga ahamiyat bera boshlaydi. Bolalarda esa, boshlagan ishini doim muvaffaqiyat bilan tugatish, g‘alaba qilish motivi shakllanadi (Asosan qarama-qarshi jins vakili sababli). O‘smirlik davrida birinchi sevgi holati o‘tadi, bu o‘ta murakkab davr sanaladi. Sevib qolgan insoni ular uchun “ideal”ga aylanadi, uning hislari ustidan kulish esa, ota-ona uchun farzandi bilan muloqotni izdan chiqarish bilan barobardir. Agar sevgi javobsiz bo‘lsa, o‘smirda salbiy psixoemotsional xususiyatlar (tushkun kayfiyat, agressiya, ba’zida gap qaytarish, yakkalanish o‘z olamida yashashga o‘tishi, kam muloqotlilik, sir saqlah va h.k) paydo bo‘ladi. Bu davrda uning har qanday kechinmalarini tinglang, o‘smirni ota-ona sifatida emas, do‘st sifatida  tushunishga harakat qiling. Ba’zi ota-onalar ishi ko‘pligini ro‘kach qilib, farzandiga vaqt ajratmaydi, masalan ota-onalar majlisiga bormaydi, bu o‘smirda uning boshqalarga qiziq emasligini o‘ylashiga olib keladi. Farzandingizni hech qachon boshqalar bilan solishtira ko‘rmang, bu uning o‘z-o‘ziga beruvchi bahosini tushurib yuboradi. Uyda betakror muhit yarating.

      Mamlakatimiz aholisining aksariyat qismini yosh o‘smirlar tashkil etadi. Shunday ekan mamlakat kelajagi ular qo‘lidadir. O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti Islom Karimov: “Farzandlarimiz, kelajak avlodlar bizdan shu o‘lkani, shu muqaddas zaminni yana ham boy, kuchli va qudratli holatda qabul qilib olishlari uchun, biz buyuk ajdodlarimizga nisbatan qanday minnatdorchilik tuyg‘ularini his etayotgan bo‘lsak, o‘g‘il-qizlarimiz, kelajak avlodlar ham bizga nisbatan shunday minnatdorchilik tuyg‘ularini his etishlari uchun lozim bo‘lgan hamma ishni qilish – bizning fuqarolik burchimizdir” deya ta’kidlaganlar[1].

Bundan ko‘rinib turibdiki, inson hayotidagi eng keskin va eng og‘ir kechuvchi psixologik davrning o‘ziga xos xususiyatlari mavjud. Albatta hozirgi Yevropa va G‘arb mamlakatlariga “in qurib olgan” – “ommaviy madaniyat”ning ta’sirida ham ba’zi ko‘ngilni xira qiluvchi vaziyatlarga duch kelamiz. O‘smirlik davri esa, aynan endigina daraxtga aylanayotgan nihol kabidir. Shamol qayerga essa, u ham o‘sha yerga engashadi. Mamlakatimizda o‘smir yoshlarimizning xohlagan sport turi yoxud qiziqishlarini, avvalo ulardagi qobiliyatlarni rivojlantirish uchun barcha sharoitlar yetarlidir. Ularning vatanga bo‘lgan muhabbatlari ham cheksizdir. Albatta, bunday imkoniyatlardan unumli foydalanib, yurtimiz bayrog‘ini ko‘klarga ko‘tarishga harakat qilamiz. Xususan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev: “Bizni o‘ylantirib keladigan yana muhim masala – bu yoshlarimizning odob-axloqi, yurish-turishi, bir so‘z bilan aytganda, dunyoqarashi bilan bog‘liq. Bugun zamon shiddat bilan o‘zgarmoqda. Bu o‘zgarishlarni hammadan ham ko‘proq his etadigan kim – yoshlar. Mayli, yoshlar o‘z davrining talablari bilan uyg‘un bo‘lsin. Lekin ayni paytda o‘zligini ham unutmasin. Biz kimmiz, qanday ulug‘ zotlarning avlodimiz, degan dav’at ularning qalbida doimo aks-sado berib, o‘zligiga sodiq qolishga undab tursin. Bunga nimaning hisobidan erishamiz? Tarbiya, tarbiya va faqat tarbiya”[2].

 

Jahongir Tolipov,

  “Psixologiya” yo‘nalishi talabasi

 

[1] I.A.Karimov. “O’zbekiston XXI asr bo’sag’asida: Xavfsizlikka tahdid,barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari”. Toshkent. “O’zbekiston” 1997.

[2] Sh.M.Mirziyoyevning “Ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash,muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi”mavzusidagi anjumandagi nutqi. Toshkent,15.06.2017

Read 232 times
Share this article

  2018 yil Tadbirkorlik, innovatsiyalar va texnologiyalar yili

 

 

 

 

 

Biz bilan bog'lanish

      

       100011, Toshkent shahar,

       Abdulla Qodiriy ko'chasi, 11-uy

       Tel: +998 (71) 244-00-91

       e-mail: Questo indirizzo email è protetto dagli spambots. E' necessario abilitare JavaScript per vederlo. , Questo indirizzo email è protetto dagli spambots. E' necessario abilitare JavaScript per vederlo.

       fax: 244-00-65

 

Top