SJ News II - шаблон joomla Авто

20170909

Vatanimiz mustaqillikka erishganidan so‘ng ma’naviyatni yuksaltirish, diniy qadriyatlarni tiklash borasida katta ishlar qilindi. Mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat hamda 16 ta diniy konfessiya o‘rtasida totuvlik, bag‘rikenglik hukm surayotganini alohida aytish mumkin. Lekin diniy qadriyatlar erkinligidan g‘arazli maqsadda foydalanuvchilar chiqib qolgani ham haqiqat. Bundaylardan ba’zilari muqaddas Islom dini nomidan ish yuritib, unga dog‘ tushirayotgan ekstremistik hamda terroristik oqim va tashkilotlar bo‘lsa, boshqalari xristian dinini niqob qilib olgan sektalar va ularning “missionerlari”dir.

Jahon dinlaridan sanalgan nasroniylik (xristianlik)da turli sektalar borligi ushbu din keng tarqalgan mamlakatlarda katta muammoga aylangan. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan asr yetmishinchi yillarida rivojlangan mamlakatlarda mazkur dinning 1500 dan 5000 gacha turli yo‘nalishlari bo‘lgan. Lekin aholi ularni qabul qilmagani uchun ko‘pi hozir yo‘qolib ketgan. Frantsiya bo‘yicha keltirilgan ma’lumotga ko‘ra, ushbu davlatda hozirda 170 ga yaqin sekta va ularning sakkiz yuzta shahobchasi mavjud ekan. Aslida, o‘rta asrlarda xristianlik dinining katolik va pravoslav yo‘nalishlari mustahkam ildiz otgan edi. Biroq protestantlik ajralib chiqqach, uning o‘zida turli oqimlar ko‘paydi.

Xo‘sh, sektalar va ularni targ‘ib qilayotgan “missioner”larning nima zarari bor, degan savol tug‘ilishi mumkin. Asosiy e’tiborni mana shu jihatga qaratsak. Birinchidan, missionerlik natijasida ma’lum bir dinga e’tiqod qiluvchilar orasiga an’anaviy dindan tashqari o‘zga din kirib keladi. Uning ortidan o‘zgacha dunyoqarash, urf-odat ham yoyila boshlaydi. Bu esa o‘z navbatida odamlar o‘rtasida diniy, e’tiqodiy, g‘oyaviy, fikriy bo‘linish va qarama-qarshilikni vujudga keltiradi. Ikkinchidan, “tashviqot” natijasida bir dinni ikkinchi dindan ustun qo‘yish, o‘z “dindoshlari”ga boshqacha munosabatu “g‘ayrilar”ga o‘zgacha munosabat shakllanadi va bu munosabat oila, qavm-qarindoshchilik, qo‘ni-qo‘shnichilikka hamda jamiyat birdamligiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Uchinchidan, bunday bo‘linish odamlarning xusumatlashishi, jamiyatdagi muammolarni yakdil hal qilmasligi, oxir-oqibat iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy sohalarda ham muammolar bo‘lishiga olib keladi. To‘rtinchidan, o‘zga ta’sir doirasiga tushganlarning missionerlar tobe’lariga aylanib qolishlari, ularning buyruqlari, ko‘rsatmalariga so‘zsiz itoat qilishlari natijasida razil ishlarga ham qo‘l uriladi. Umuman olganda, bu uslub davlat va jamiyatni parchalash, uni tanazzulga yuz tuttirish, ma’nan qashshoqlashtirish, o‘z muammolari bilan mashg‘ul qildirib, mamlakatning boshqa muhim vazifalaridan chalg‘itishning eng yaxshi vositalaridan hisoblanadi.

Sanab o‘tilgan omillarning o‘ziyoq bunday sektalar va ularning targ‘ibotchilari jamiyat va davlatga katta xavf tug‘dirishiga yetarli dalildir.  
Ayni paytda razil natijalarga erishishga intiluvchi kuchlarning o‘z da’vatchilarini doimo qo‘llab-quvvatlab turishi ham ularga qarshi kurashning uzoq cho‘zilishiga sabab bo‘lishini ham esdan chiqara olmaymiz.

Missionerlar va ular mansub sektalarni ajratib olishning jihatlari quyidagilardan iborat:

-   ko‘pchilikni an’anaviy dindan uzoqlashtirish. Buning natijasida oiladan, yaqinlardan, jamiyatdan uzoqlashish holatlari kelib chiqadi. “Missioner”lar odamlardagi, jamiyatdagi, mamlakatdagi ba’zi bir kamchilik va “gunoh ishlar”ni ro‘kach qilib, tevarak-atrofga salbiy munosabatda bo‘lishga hamda boshqalarda shunday muhitni shakllantirishga intiladilar. Ular havoriy Pavelning quyidagi so‘zini noto‘g‘ri talqin qilishadi: «Xudo: “Ularning orasidan ajralib chiqing va nopok narsalarga tegmang”, deydi»;

 -   o‘zlarini “to‘g‘ri yo‘ldagilar ” deb sanash. A’zolar sektadagi har bir amalni o‘zlariga qoida, safdoshlarini esa, “qardosh” bilib, qolgan barcha narsalarni inkor qilishadi;

-  sekta a’zoligiga asta-sekin va yakka tartibda qabul qilish. Dastlab, o‘ziga og‘dirmoqchi bo‘lgan kishi bilan turli masalalarda, masalan, din, Yaratuvchi haqida suhbatlashiladi, hamma qabul qiladigan mo‘‘tadil fikrlar aytilib, o‘z so‘zlari ma’qul toptirilgachgina maqsadga o‘tiladi. So‘ng o‘zlarining jamoaviy tadbir va suhbatlariga olib boriladi. Ishonch hosil bo‘lganidagina unga jiddiyroq masalalar aytiladi. Belgilangan bosqichlardan o‘tgan kishi a’zo qilib olinadi. Hech qachon ommaviy tarzda “din qabul qildirilmaydi”;

- qat’iy tartib-intizom. Sektada belgilangan tartiblarga amal qilish barcha a’zolarga shartdir. Sir oshkor qilinmaydi. Qoidalarni buzganlarga jamoadan vaqtincha yoki umuman chetlatilishi kabi turli jazo choralari ko‘riladi;

- markazlashgan boshqaruv. Sektalarning tarkibiy tuzilmasiga ko‘ra, kichik jamoadagilar o‘sha jamoa rahbariga, u ham o‘z navbatida kattaroq rahbarga itoat etadi. Oxir-oqibat rahbarlarning barchasi markaziy boshliqqa bo‘ysunadi. Masalan, “Iehova guvohlari”da bunday: “Biz teokratik tashkilotni uning sodiq va itoatgo‘y quli (sekta rahbari) bilan tan olishimiz darkor... qulga nisbatan qarshi chiqish Iehova (Iloh)ga nisbatan qarshi chiqish sanaladi”;

-  barcha uchun lozim bo‘lgan muqaddas ish. Jamoa a’zolari sekta g‘oyalarini faol tarqatish, sektaga taalluqli ishlarni qolgan barcha narsadan ustun qo‘yib, uni birinchi galda bajarish, kerak bo‘lsa, bu yo‘lda oila, ota-ona, farzand, yaqinlar, jamiyatni tark qilish yoki ularga qarshi chiqishga targ‘ib qilinadi. Shuningdek, “targ‘ibotchilar” yangi a’zolarni “Xudoga olib borishlari” ham shart hisoblanadi. Bu yo‘lda ular hech narsadan tap tortishmaydi: aldash, hiyla ishlatish, o‘zini rostgo‘y, taqvodor, baxtli, omadli, boy yoki qiynalgan, ezilgan qilib ko‘rsatish kabi bir qancha uslublardan foydalanishadi. Agar ularni eshitmaslikka harakat qilsangiz, boshqacharoq mavzuda so‘z ochishadi va targ‘ibdan to‘xtashmaydi. Ular ishonch va matonat bilan so‘zlashga buyurilgan. Shu sabab, ular nima qilib bo‘lsa-da, odamlar ishonchiga kirish, ularni o‘z tomoniga og‘dirib olishga bor kuchini sarf qilishadi.

Shuni esdan chiqarmaslik lozim: targ‘ibotchi biror boshqa dinga e’tiqod qiluvchi odamga hech qachon o‘z dinini ustun qo‘yib, boshqaning dinini kamsitishdan gap boshlamaydi. Balki dastlab, o‘z dini bilan uning dini o‘rtasidagi mushtarakliklarga to‘xtaladi. Masalan, Iso payg‘ambar Islomda ham payg‘ambar sifatida tan olinadi, deydi. Shu sabab missioner Isoning (alayhissalom) buyukligi, Kur’onning bir nechta oyatlarida zikr etilganini aytib, Injildagi misollar bilan boyitadi. Aslida esa, u Qur’oni karimni tan oladimi yoki yo‘qmi, degan savol ochiq turibdi. Suhbatdosh yuqoridalarga ko‘nsagina, keyingi bosqichga o‘tiladi. Bu holatni o‘zbek tilida chop etilayotgan kitoblarda ham kuzatish mumkin. Demak, “har bir yaltiragan narsani oltin deyish” xato ekan.

Missioner insonni jalb qilish maqsadida odamga shirin va muloyim so‘zlarni aytishi, kerak bo‘lsa, uning tashqi jihatlari yoqimli ekani, kiyimi o‘ziga juda yarashgani, yuzi nuroniyligi va shu kabi maqtov so‘zlarini aytishdan tap tortmaydi. Agar unga telefon raqamingizni yoki uy manzilingizni bersangiz bormi, ming uzrlar bilan sizni bezovta qilishni boshlaydi.

Da’vatchilar fan va texnika rivojlangani sari targ‘ib qilishning kitob va varaqalar tarkatish uslublaridan internet, radio, televidenie, jurnal va gazeta kabi zamonaviy yutuqlardan tobora keng foydalanishga o‘tishyapti. Shuningdek, ular ayollarning ko‘proq ta’sirchanligi va yoshlarning dunyoqarashi yetarli darajada shakllanmaganidan g‘arazli maqsadlarda foydalanishga urinishmokda. O‘z navbatida yoshlar yangi kuch sifatida doimo kerakdir.

Ba’zi sektalar to‘g‘risida rossiyalik olimlar keltirgan ma’lumotlar diqqatga sazovordir. Aniqlanishicha, sekta a’zolari orasida yolg‘iz ayollar 45 foizni, qirq yoshdan yuqori bevalar 54 foizni, 30-40 yoshlilar ichida erga tegmaganlari 14 foizini tashkil etar ekan. Shu bilan birga, sekta ta’siriga tushganlar ichida 39,2 foizini nafaqaxo‘rlar, 5,2 foizini nogironlar, 12,4 foizini uy bekalari, 24 foizini vaqtincha ishlamaydiganlar, 69 foizini umuman ishlamaydiganlar tashkil qiladi. Bu hol o‘z navbatida a’zolar orasida yolg‘iz, muloqotga muhtoj, mehnat tajribasi va bilim saviyasi past bo‘lganlarning ko‘pligi va ijtimoiy hayotda kiynalganlarga ko‘proq e’tibor qaratilishini qo‘rsatadi. Chunki bunday kishilarning missionerlar to‘riga ilinishlari nisbatan osonroq kechadi. Lekin, shu bilan birga, aholining to‘kis, farovon qismiga ham alohida e’tibor karatilishini ta’kidlash lozim.
Bu tomondan sekta a’zolarini shartli ravishda uch guruhga bo‘lish mumkin:
Birinchisi, sekta yo‘l-yo‘riqlariga amal qiladigan, lekin to‘laqonli ravishda unga kirmagan, sektadagi ba’zi bir jihatlarga qo‘shilmasalar-da, lekin keskin e’tiroz bildirmaydiganlar.

Ikkinchisi, ishonuvchilar. Ular ko‘pincha sekta manbalari, bitiklarini o‘qiydilar, ibodatlarda qatnashadilar, ba’zi bir nozik masalalarni anglab yetmagan bo‘lsalarda, ta’limotning umumiy jihatlarini bilib, Yangi Ahdni o‘qiganlar.
Uchinchi guruh vakillarini bir so‘z bilan “o‘ta berilganlar” deb atash mumkin. Ular sekta ta’limotiga mukkasidan ketgan kishilar bo‘lib, keskin ishlarni qilishdan ham qaytishmaydi.

Shu o‘rinda tabiiy savol tug‘iladi: bunday sektalarga kirib qolganlarni qanday qilib undan qaytarish mumkin. Bu ish ancha mushkul va sekta a’zosi undan o‘z ixtiyori bilan osonlikcha chiqqisi kelmaydi. Sektaning boshqa safdoshlari ham bunga qattiq qarshilik ko‘rsatishadi. Bu yerda “kasalni davolagandan ko‘ra, uning oldini olgan yaxshi” degan matalni keltirgan ma’qul. Boshqacharoq aytganda, profilaktik-targ‘ibot ishlarini kuchaytirish zarur.

A’zolarni bu xatarli yo‘ldan qaytarishda quyidagi ikki uslub foydadan xoli emas: Avvalo, yaqinlari uni sektadan majburiy ravishda ajratib olib, u hatto eshitishni xohlamagan achchiq haqiqatni, ya’ni miyasini zaharlaganlari, “ustozi” naqadar yolg‘onchi va qallob ekani, sektaning asl kelib chiqishi hamda maqsadlari kabi ma’lumotlar yetkaziladi. Bu uslub keskinroq bo‘lsa-da, foydasi ko‘prokdir.
Keyingisi, nasihat uslubi bo‘lib, kerakli mutaxassislar, ruhshunoslar yordamida tushuntirish beriladi. Keyinchalik unga tanlash ixtiyori topshiriladi. To‘g‘ri, sektadan chiqqan kishining oldingi hayotga moslashishi ruhiy jihatdan oson kechmaydi. Shu bilan birga, atrofidagilarning e’tibori, kayta tarbiyasi, pandu nasihatlari, yordamlari ham kam bo‘lmasligi lozim. Chunki missionerlar uni o‘z saflariga qo‘shib olishga qanchalik kattiq harakat qilganlarini esdan chiqarib bo‘lmaydi.

Umuman olganimizda, inson oila, mahalla, jamiyatdan ayri yashay olmaydi. Shu sababli, o‘zimizga jiddiy e’tibor karatmog‘imiz, e’tiqod va irodamizni bo‘shashtirmasligimiz va qolaversa, yon-atrofimizdagi kishilarga nisbatan mas’uliyatimizni his etishimiz darkor. Bir kishining noto‘g‘ri yo‘ldan qaytib, to‘g‘ri yo‘lni topishiga sabab bo‘lish bizga dunyo va undagi barcha narsalardan a’lo ekani to‘g‘risidagi hadisni esdan chiqarmaylik.

 

Davronbek Maqsudov,

tarix fanlari nomzodi
“Hidoyat” jurnalining 10-sonidan olindi.

Read 61 times
Share this article

yil

Biz bilan bog'lanish

      

       100011, Toshkent shahar,

       Abdulla Qodiriy ko'chasi, 11-uy

       Tel: +998 (71) 244-00-91

       e-mail: Questo indirizzo email è protetto dagli spambots. E' necessario abilitare JavaScript per vederlo. , Questo indirizzo email è protetto dagli spambots. E' necessario abilitare JavaScript per vederlo.

       fax: 244-00-65

 

Top