SJ News II - шаблон joomla Авто

20170909

Tezlik va shiddat asrida yashayapmiz. Axborot tezligi, texnika sur'ati, vaqt shoshma-shosharligi. O‘zaro muloqotlarda “Vaqt o‘tishini qarang, bir pasda (aslida bir faslda) o‘n yil o‘tib ketibdi-ya” yoki “Yaqinda velosiped olib bering, deb dadamga xarxasha qilar edim, yoshim ellikdan oshibdi” qabilidagi gap-so‘zlarga ko‘pincha guvoh bo‘lamiz. Aslida o‘n yil 3653 kun, 87562 soat, 5 253 729 daqiqadir. Soniyaga o‘tmay qolaylik. Axir bir odam bilan va'dalashib, 5 daqiqa kutadigan bo‘lsangiz, asabingiz buzilib ketadi. Nega endi besh million ikki yuz ellik uch ming yetti yuz yigirma to‘qqiz daqiqa bir zumda o‘tib ketganday bo‘ladi?

Javoblar turlicha. Lekin ko‘p javobdan bittasini tanlaymiz: “Huzur-halovat, ma'no-mazmun yo‘qligi”. Huzur-halovat nimada? Yana bir javob, ota-bobolarimizdan qolgan hikmat: “Uch kunlik dunyoda shirin bo‘lib yashang, shirin bo‘lib o‘ting”.

 Shirin bo‘lib yashashning mohiyati-chi? An'anani buzmay, bitta  javobda to‘xtaymiz:  “Birodaringni yuziga kulib qarashing ehsondir” (hadisi sharif). Xulosa qilamiz:  “Doimo kulib yashash qo‘lingizdan kelsa, 5 253 729 daqiqangiz armon bo‘lmaydi”.

 Insonlarga chiroyli tabassum bilan boquvchilar, kunduzi oftob yanglig‘ atrofga issiqlik va nur taratsalar, kechasi oy kabi yaqinlari hayotlarini ziyoga to‘ldiradilar. Yo‘q-yo‘q, ular kunduzi barchaga kulib boqib, yig‘gan nurlarini, kechqurun oy kabi yana atrofga yoyadilar.

Go‘zal muomala sohiblari, shirin tabassum ulashuvchilar...  Bir qarashda oddiy ko‘ringan tabassum ostida iymon, halollik, sadoqat, vafo, samimiyat va mehr-muhabbat yotadi.

Hayot misoli oyna, unga qanday qarasangiz, shunday ko‘rinasiz. Kulib boqsangiz, kuladi. Aksincha bo‘lsa...

Sharqona muomala madaniyati borasida so‘z ketganda kamtarlik, shirinsuxanlik hamda barchaga mehr bilan, tabassum bilan boqa olish, hatto yomonlik qilgan odamga ham yaxshi munosabatda bo‘lish, unga nisbatan gina saqlamaslik, imkon bo‘lsa  yaxshilik bilan javob berish kabi xislatlar ko‘z oldingizga keladi. Muloqot chog‘ida bobolarimizdan qolgan qo‘lni ko‘ksiga qo‘yish odati qanchalik go‘zal. O‘ng qo‘lni yurak ustiga qo‘yib, nimtabassum ila suhbatdoshga  nigoh tashlash..  Kamtarlik, samimiyat, mehr tarovati...  Hammadan o‘zini kamtar tutuvchining oqibati el ichra azizu-mukarramlikdir.

El oldida bo‘lg‘ung aziz mo‘'tabar

O‘zingni desang hammadan kam agar

Shayx Sa’diy

Kibr-havo, manmanlikni tark qilgan insonga fayz-futuh eshiklari ochiladi. Zero, daryo qanchalik to‘la bo‘lsa-da yuqoriga emas, pastga oqadi.  Fayzu rahmat daryosi ham kekkayganga emas, egilganga qarab yog‘iladi.

Agar fayz istasang qilma takabbur

Buyukga oqmag‘ay nahr o‘lsa ham pur

So‘fi Olloyor

Insonlarga kechirimlilik ila muomala qilmoq, aloqani uzganga mehr rishtasini ulamoq, g‘azablangan kimsaga shafqat ila boqmoq. Zero, gina-kuduratni unutish imon kamolidandir.  “Kechirimli bo‘ling, yaxshilikka buyuring va johillardan yuz o‘giring” (Qur'oni karim, A'rof surasi 199-oyati tafsiridan)

Yomonlikni unuta bilish imondandir. Mo‘min – ishonuvchan va yomonlikni unutuvchan.

Yomonlarning ishidur kina tutmoq

Musulmonlig‘ - yomonlikni unutmoq

So‘fi Olloyor

Yomonlikni unutish, unga yaxshilik bilan javob berish olam uzra do‘stlik, uns-u ulfat, mehr-oqibat rishtalarin bog‘laydi. Adovat, dushmanlik ila muomala qilayotgan qo‘shnisi, qardoshi, yurtdoshini kechira bilish - ulug‘ saodatdir.

“Yaxshilik bilan yomonlik barobar bo‘lmas. Sen yaxshilik bo‘lgan narsa ila daf qil. Ko‘ribsanki, sen bilan orasida adovati bor kimsa, xuddi sodiq do‘stdek bo‘lur.Unga faqat sabr qilganlargina erishur. Unga faqat ulug‘ nasiba egasi bo‘lganlargina erishur” (Qur'oni karim, Fussilat surasi 34-35 - oyatlari tafsiridan).

Hammaga barobar yaxshilik sog‘inish, yomonlikni ham yaxshilik bilan, yaxshi muomala va shirinsuxan ila bartaraf qilish ezgu fazilatlardan.

Zafar topsa bo‘lg‘ay shirin so‘z bilan

Azobda yurgay kim dag‘al so‘z ekan

Shayx Sa'diy

Shirin so‘zlash, yaxshi muomala qilish saodat kaliti. Zero, shirin so‘z ko‘p aytilgani bilan kamaymaydigan ajoyib xazinadir.

Suchuk tildir ajab ganji muazzam

Ato qilgan bila hech bo‘lmagay kam

So‘fi Olloyor

Xulosa o‘rnida Shayx Sa'diyning atoqli sharqshunos olim Shoislom Shomuhamedov tomonidan tarjima qilingan quyidagi she'riy hikoyasini keltirish o‘rinlidir:

Sotardi asal bir shirin so‘z kishi

Ko‘ngilni olardi uning royishi

Shakar qamishidek beli belboqdor

Molin pashshadek talar xaridor

Uning moli zahar bo‘lsa ham tugal

Talab ketishardi misoli asal

Bir dag‘al ko‘z tashlab el g‘avg‘osiga

Hasad bilan boqib bol savdosiga

Ertasiga barvaqt bozorga keldi

Asal sotmoq bo‘lib chor yoqqa yeldi

Kattakon qovoqda boshida asal

Badburush bashara, so‘zlari dag‘al

Asal ketdi deya qildi mashmasha

Boliga qo‘nmadi hattoki pashsha

Kechgacha bir pullik qilolmay savdo

Uyiga qaytar yana buzilib avzo

Burchakda o‘ltirar, serjahl diltang

Hayit kuni zindoniyb bo‘lgandek tajang

Xotini ustidan sho‘x so‘zlab, kular:

“Badjahl qo‘lida asal ham zahar”

Yomon xulq do‘zaxga sudraydi oson

Yaxshi xulq behishtu jannatdan nishon

Badxulq qiyinlikka uchrar aksari

Badxulqning baxti doim teskari

Dunyo tashvishidan kech Sa’diysifat

Yig‘ilgay senda ham ilm-u ma'rifat.

Ajdodlar yo‘lini tutish, barchadan yaxshilik kutish, insoniyatga ezgulik sog‘inish, atrofga mehr-muhabbat ila boqish, kamtarona tabassum ulashish fayz-u tarovat, baxt-u saodat kalitidir.  G‘animat umrni shirin o‘tkazish, har daqiqasini ma’noga to‘ldirish ezgu fazilatlardan, sharqona muomalaning go‘zal qadriyatlaridandir.

S.Saidjalolov,

Toshkent islom universiteti ISESCO kafedrasi

 katta o‘qituvchisi

Read 71 times Last modified on Hene, 04 Dhjetor 2017 16:19
Share this article

yil

Biz bilan bog'lanish

      

       100011, Toshkent shahar,

       Abdulla Qodiriy ko'chasi, 11-uy

       Tel: +998 (71) 244-00-91

       e-mail: Questo indirizzo email è protetto dagli spambots. E' necessario abilitare JavaScript per vederlo. , Questo indirizzo email è protetto dagli spambots. E' necessario abilitare JavaScript per vederlo.

       fax: 244-00-65

 

Top