SJ News II - шаблон joomla Авто

20170909

1992-yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti o‘zining 47/3-sonli rezolyutsiyasi bilan 3-dekabrni “Xalqaro nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash kuni”, deb e’lon qildi (International Day of Persons with Disabilities). Undan ko‘zlangan maqsad – jahon hamjamiyati e'tiborini turli sabablar bilan sog‘lig‘ida nogironlik bo‘lgan shaxslarga qaratish, ularni qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda munosib o‘rin egallashlariga ko‘maklashish edi. 2006-yilning dekabrida BMT Bosh Assambleyasi nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari haqida Konvensiya qabul qildi. Mazkur Konvensiya 2008-yil 3-mayda kuchga kirdi va nogironligi bo‘lgan shaxslar boshqa insonlar kabi to‘laqonli huquqlarga ega ekanlarini e’tirof etish, ularni kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik, jamiyatning boshqa a'zolaridan ajratmaslik, insoniyatning bir qismi ekanliklarini tan olish, teng imkoniyatlar taqdim etilishi kabi tamoyillarni ilgari surdi.

BMT hisob-kitobiga ko‘ra, yer yuzi aholisining 15%, ya’ni bir milliardga yaqini sog‘ligining muayyan jihati nogironligidan aziyat chekadi. Achinarlisi, moddiy jihatdan qiynalgan aholining katta foizi ham ulardir. Shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarda sog‘lom kishilar kabi ta'lim olish, mehnat qilish va huquqiy qo‘llab-quvvatlash kabi imkoniyatlar cheklangan.

3-dekabrni – Xalqaro nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash kuni insonni salomatligi va imkoniyatlari qandayligidan qat'iy nazar inson huquqlarini to‘la kafolatlashdan iboratdir.

2017-yil 1-dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni e’lon qilindi.

Farmonda nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jumladan, “O‘zbekiston Respublikasining “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasini ishlab chiqish belgilandi. Farmon ijrosi bo‘yicha 51 banddan iborat chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutildi. Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish hamda ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Jumladan, tasdiqlangan Dastur nogironligi bo‘lgan shaxslarning hayot sifati va darajasini oshirish, nogironlikning oldini olish, nogironligi bo‘lgan shaxslarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish va ularni reabilitatsiya qilish samaradorligini oshirish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning ta'lim olishi, ularni maxsus kasb-hunarga tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirishni ta'minlash, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay va maqbul muhitni yaratish, tibbiy-ijtimoiy muassasalarning moddiy-texnik jihozlanishini yaxshilash kabi chora-tadbirlarni nazarda tutadi.

Milliy qadriyatlarimizda odam farzandi qanday ko‘rinishga ega bo‘lishidan qat’i nazar, u avvalo inson ekani, qadr va e’zozga munosibligini ifoda etuvchi ko‘plab hikmat, naql va rivoyatlar zikr etilgan. Shayx Muslihiddin Sa’diyga ko‘ra:

Bani Odam a’zoyi bir badandir,

Barchasi bir moya bir gavhardandir

Tanangda bir a’zo gar bo‘lsa bemor

Boshqasida qolmas sabr ila qaror

O‘zgalar g‘amini yemasa odam

Anga noloyiqdir inson degan nom

Demak, insoniyat bir jasad bo‘lsa, uning bir a’zosi bemor bo‘lsa, boshqa a’zolar ham hamdard bo‘lishlari kerak. Nogironligi bo‘lgan shaxslar ham qardoshimiz, yurtdoshimiz, xalqimizning bir bo‘lagi. Ayni paytda, O‘zbekistonda 600 000ga yaqin nogironligi bo‘lgan shaxslar ro‘yxatga olingan ekan, ularni har tomonlama, ham moddiy, ham ma'naviy, ham ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash barchamizning dolzarb vazifamizdir.

S.Saidjalolov,

Toshkent islom universiteti katta o‘qituvchisi

Read 79 times Last modified on Hene, 04 Dhjetor 2017 16:07
Share this article

yil

Biz bilan bog'lanish

      

       100011, Toshkent shahar,

       Abdulla Qodiriy ko'chasi, 11-uy

       Tel: +998 (71) 244-00-91

       e-mail: Questo indirizzo email è protetto dagli spambots. E' necessario abilitare JavaScript per vederlo. , Questo indirizzo email è protetto dagli spambots. E' necessario abilitare JavaScript per vederlo.

       fax: 244-00-65

 

Top