SJ News II - шаблон joomla Авто

20170909

Biz ilm-fan kundan-kun taraqqiy etayotgan, “nanotexnologiyalar”, “sun'iy aql” kabi yangi-yangi tushunchalar kundalik turmushimizdan  o‘rin egallayotgan davrda hayot kechiryapmiz. Biroq, turli sohalarda kuzatilayotgan innovatsion o‘zgarishlarning ma’naviy sohaga ijobiy ta’siri sezilmayapti. O‘tgan asrning qoldiqlari sifatida yangi ming yillikda ham uch jiddiy muammo – terrorizm, narkotraffik va odam savdosi hamon insoniyat kelajagi uchun tahdid solmoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining 1997-yilda tashkil topgan United Nations Office on Drugs and Crime (<https://www.unodc.org/>), Narkotik va Jinoyatchilikka qarshi kurash Boshqarmasi 2016-yil dekabr oyida Global Report on Trafficking in Persons 2016 (<http://www.unodc.org/unodc/data-and-analysis/glotip.html>) – 2016-yil Odam savdosi bo‘yicha global hisobotni e’lon qildi. 

Mazkur hisobotning 2016-yil 21-dekabrda o‘tkazilgan taqdimotida, odam savdosi qurbonlarining 71 foizi ayollar ekani qayd etildi. Jabrdiydalarning uchdan biri esa, voyaga yetmaganlardir. Odam savdosiga uchragan ayollar majburiy nikoh va jinsiy qullikdan aziyat chekmoqdalar, erkaklar va o‘g‘il bolalar esa asosan tog‘-kon sanoati manfaatlari qurboniga aylanmoqdalar. Shuningdek, voyaga yetmagan harbiy mojarolarga jalb etilayotganlari, yosh bolalar urushlarda kombatant (jangchi) sifatida ishtirok etayotganlari achinarlidir.   

         Hisobot taqdimotida odam savdosiga qarshi kurashda keyingi yillarda muayyan darajada muvaffaqiyatga erishilgani ham qayd etildi. 2003-yilda dunyo mamlakatlarining 18% milliy qonunchiligida odam savdosi jinoyati alohida e’tirof etilgan bo‘lsa, 2016-yilga 158 mamlakatda, dunyo davlatlarning 88 foizi qonunchiligi odam savdosi uchun jinoiy javobgarlikka tortish borasida modda va me'yorlar kiritildi.

O‘zbekiston insonparvar demokratik davlat sifatida umume'tirof etilgan xalqaro norma va qoidalarni o‘z milliy huquq tizimiga keng joriy qilish yo‘lini tutmoqda. O‘zbekiston Konstitutsiyasining 13-moddasiga binoan O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra, inson, uning hayoti, erkinligi, sha'ni, qadr-qimmati va boshqa dahlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi.

O‘zbekiston Oliy Majlisi tomonidan 2008-yil 17-aprelda “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun hamda uning asosidagi qonun hujjatlari qabul qilindi. Shuningdek, O‘zbekiston Prezidentining 2008-yil 8-iyuldagi “Odam savdosiga qarshi kurashish samaradorligini oshirish bo‘yicha choralar to‘g‘risida”gi qarori bilan odam savdosiga oid noqonuniy harakatlarga qarshi tadbirlar, davlat va jamoa organlari tomonidan bajariladigan eng muhim vazifalar belgilab berildi.

2016-yil 20-dekabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan zamonaviy qulchilikka qarshi kurash to‘g‘risida 2331-raqamli  rezolyutsiya qabul qilindi. Rezolyutsiyaning asosiy maqsadi “tirik tovar” savdosini maqsad qilgan jinoyatchi guruhlarga qarshi kurashishdir.

Mazkur xalqaro hujjat ko‘pchilik tomonidan tarixiy rezolyatsiya deya baholandi. Ma'lumotlarga qaraganda, bugungi kunda odam savdosidan jabr chekkanlarning umumiy soni 40,3 millionni tashkil qiladi. Ulardan 24,9 millioni majburiy mehnatga jalb qilinganlar, 15,4 millioni  majburiy nikohga jalb etilganlardir. Dunyo bo‘yicha “zamonaviy qullar”ning soni har 1000 kishiga 5,4 kishini tashkil qilmoqda. Ular ichida yosh bolalar borligi har bir vijdonli insonni tashvishlantirishi tabiiy.

Muqaddas islom dini odam savdosini qoralaydi. Islom ta'limoti yuzaga kelgan davrdan boshlab, qul ozod qilishni ulkan savob darajasiga ko‘tardi. Gunohlarning kafforati sifatida qul ozod qilishga buyurdi. Muhammad alayhis-salom: “Kim bir mo‘min qulni ozod qilsa, Alloh taolo uning har bir a'zosi uchun buning a'zolarini do‘zaxdan ozod qiladi”, deb marhamat qildilar. Hadisi qudsiyda Alloh taolo: “Uch kishi borki, men ularga qiyomat kuni xusumatchiman. Mening nomimdan (ahd) beradigan va keyin xiyonat qiladigan kishi. Hur kishini sotib, pulini yeydigan kishi.  Mardikor yollab, uni ishlatib va haqqini bermagan kishi”, dedi” (Imom Buxoriy rivoyati). Bugungi kunda dunyo miqyosida qulchilikka barham berilganini e'tiborga olsak, hur odamlarni qul qilib sotayotganlar olamlar parvardigori Alloh ta'ologa qarshi chiqayotgan insonlar ekanligi mazkur hadis dalolat qilmoqda.

O‘tkinchi mol-dunyo uchun o‘z yurtdoshi, millatdoshi, dindoshini zamonaviy qullikka mahkum qilayotgan odamfurushlar koshki yuqoridagi hadislar ma'nolarini anglasalar. Zero, yana bir hadisda: “Alloh taolo qiyomat kunida uch kishiga qaramaydi. Hurni sotgan kishi, o‘zini o‘zi sotgan kishi va mardikorning teri qotgandan keyin uning haqqini bekor qilgan kishini”, deyiladi.

Odam savdosi bugun global muammoga aylanib ulgurdi. Uning salbiy oqibatlaridan ogoh bo‘lish va barcha-barchani, ayniqsa, o‘z yaqinlarimiz, qardoshlarimiz, yurtdoshlarimizni bunday ofat balosidan ogoh etish har birimizning dolzarb vazifamizdir.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyov ta'kidlaganlaridek: “Insonlarning dard-u tashvishlarini o‘ylab yashash odamiylikning eng oliy mezonidir”.

S.Saidjalolov,

 “Islom sivilizatsiyasini o‘rganish ISESCO” kafedrasi

 katta o‘qituvchisi

Read 93 times
Share this article

yil

Biz bilan bog'lanish

      

       100011, Toshkent shahar,

       Abdulla Qodiriy ko'chasi, 11-uy

       Tel: +998 (71) 244-00-91

       e-mail: Questo indirizzo email è protetto dagli spambots. E' necessario abilitare JavaScript per vederlo. , Questo indirizzo email è protetto dagli spambots. E' necessario abilitare JavaScript per vederlo.

       fax: 244-00-65

 

Top