SJ News II - шаблон joomla Авто

20170909

Jamiyat farovonligi, uning tinchligi va ravnaqi ko‘p jihatdan insonlarning ma’naviy yetuklik darajasi bilan belgilanadi. Chunki ma'nan yetuk, ruhan sog‘lom insongina bo‘layotgan o‘zgarish va yangilanishlarga befarq qaray olmaydi. Zero, jismoniy qaramlikdan, ma’naviy qaramlik kuchliroq va xavfliroqdir. Chunonchi, bugungi dunyo mafkuraviy kurash maydoniga aylanayotgani, hech kimga sir emas. Ayniqsa, bu kurash ko‘proq yoshlar ongi va qalbini egallashga qaratilganini bugungi tig‘iz va shiddatli davr ko‘rsatib turibdi. Bu kurash goh din niqobi ostida, goh texnik vositalar orqali tarqatilayotganini ko‘rish, anglash mumkin. Bilamizki, qurolning kuchini va qancha joyga talofat yetkazishini aniqlash mumkin, ammo mafkuraning kuchini birdan ko‘rib, aniqlab bo‘lmaydi. O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti Islom Karimov ta’biri bilan aytganda, “Yadro poligonlariga qaraganda, mafkura poligonlari kuchliroq va xavfliroqdir”. Darhaqiqat, qachonki odamlar muayyan mafkura ta’sirida harakatga kelsagina, salbiy yoki ijobiy ekanini bilish mumkin. Shunday ekan, mafkuraviy kurash kimlarga qaratilganu, nimalarda namoyon bo‘lmoqda? Eng muhimi, bu mafkuraviy harakatlar ko‘proq yoshlar va ular orqali ma'naviyatimiz ildiziga bolta urishga qaratilayotgani hyech kimga sir emas. Albatta, bu masala har bir vijdonli, ma'rifatli insonni o‘ylantirmay qolmaydi.

Bilamizki, ma'naviy tahdid sifatida baholanayotgan “ommaviy madaniyat” niqobi ostida g‘arbona yashash, g‘arbona muomala, g‘arbona hayot tarzini targ‘ib etuvchi turli filmlar, seriallar, kliplar shovqinli, jangari, toshbag‘ir hayot tarzini bizga in'om etib, o‘zbek yoshlari ma'naviy dunyosini izdan chiqarishiga sabab bo‘lmoqda. Ekranlarimizda namoyish etilayotgan ba'zi seriallarda oilali ayol va erkakning xiyonati, kelinini erkalayotgan qaynota, turmush o‘rtog‘ini ochiqdan ochiq haqorat qilayotgan xotin yoki uning eriga xiyonat qilayotgan dugona, yarim yalang‘och qizdan mamnun ona, oiladan xalovat topmagan farzandning giyohvand moddalarga berilishi va boshqalar bizning farzandlarimiz tarbiyasiga salbiy ta'sir ko‘rsatib, oilaviy muhitning nosog‘lom bo‘lishiga olib kelmasmikin. Ko‘p hollarda, bizning mentalitetimizga, yashash tarzimizga to‘g‘ri keladimi, yo‘qmi, buni o‘ylab ko‘rmayapmiz. Natijada yoshlar arzimas muammo oldida dosh berolmay, yengil-yelpi, havoyi bir nafs qurboniga aylanmoqda. G‘arb taklif etayotgan xudbinlik, toshbag‘irlik, egoizm kabi illatlarni aksariyat insonlar yashashning mazmuni sifatida olmoqda. Buning oqibatida ayol kimningdir qo‘g‘irchog‘iga aylanmoqda, go‘daklar mehrdan mosuvo holda yetimlikka mahkum etilmoqda. Bu kabi misollarni yana qator keltirish mumkin.  Achinarlisi shundaki, g‘araz kuchlar “ommaviy madaniyat” niqobi ostida yoshlarimiz ongini zaharlash yo‘li bilan ma'naviyatimiz ildiziga bolta urishga harakat qilmoqda. Insonlar orasida yuzaga kelayotgan ma'naviy qashshoqlikni buning birgina misoli sifatida baholash mumkin.

         Ma'naviy qashshoq inson, kattaga hurmat, insonni qadrlash, ota-onani e'zozlash kabi ezgu fazilatlardan yiroq bo‘ladi. Mentalitetimizda ota-onani, boringki, o‘zidan katta insonlarni qadrlash, ulardan sharm qilish, ko‘ziga tik qaray olmaslik kabi yuksak insoniy fazilatlar sharqona yashash tarzi sifatida baholanadi. Ammo, afsus, bugungi kunda buning aksini ko‘rmoqdamiz. Shu o‘rinda, o‘zbek mentalitetiga, turmush darajasiga umuman to‘g‘ri kelmaydigan hayotiy bir voqyeani misol keltirmoqchiman: Bozorda sotuvchilik bilan kun ko‘radigan ayol yoniga 9-sinfda o‘qiydigan qizi pul so‘rab keladi. Onasini xoli-joniga qo‘ymay, pul topib berasan, deb turib oladi. Ona hali biror narsa sotmaganligini qancha tushuntirsa ham, qiz eshitishni xohlamaydi. Natijada, qiz onasiga qo‘l ko‘taradi. Bu holni kuzatib turgan ayollar ona va qizni ajratishga shoshiladilar. Kimdir qizga nasihat bergan bo‘ldi va yana kimdir, tarbiyasizlikda aybladi va yana kimdir ta'lim muassasasiga aybni to‘nkadi. Yoshlarning shafqatsiz, tarbiyasiz holga kelib qolishiga turli yot g‘oyalarning zararli ta'siri sabab emasmi? Tasavvur qilyapsizmi, birgina internet orqali tanishuv yigit yoki qiz, ayniqsa qizlar hayotini o‘zgartirib yubormoqda. Chet ellik ajnabiy bilan oila qurish oqibatida nasllar buzilmoqda. Bu yetmagandek, nigilizm, kosmopolitizm kabi zararli g‘oyalarning urchishiga sabab bo‘lmoqda. Yoki bo‘lmasa, g‘arbona madaniyat ta'sirida yarim yalang‘och kiyim, axloqsiz xatti-harakat yoki muomala qanday oqibatlarga olib kelayotganini yuqoridagi kabi misollar tasdiqlab turibdi.

Shunday ekan, yoshlarni turli yot g‘oyalardan asrash va himoyalashning ta'sirchan choralarini ko‘rish lozim. Yoshlar ongiga o‘qishdan ko‘ra ko‘proq ko‘rish va eshitish ta'sir qilayotgan ekan, shu jihatga e'tiborni qarataylik. Ona zaminimizda ne-ne buyuk zotlar, avliyolar yashagan. Ularning siymosini, ibratli hayot yo‘lini asarlarda, filmlarimizda ta'sirli qilib yoritaylik. Shuningdek, yoshlarni badiiy san'at va adabiyotga oshno qilsak, o‘ylaymanki, ta'lim-tarbiya jarayonidagi katta yutig‘imiz hisoblanar edi. Zero, ma'nan boy, aqlan kamolga yetgan, barkamol yoshlargina buyuk kelajakning mustahkam poydevorini qurishi mumkin. 

 L.Azimova,

universitet o‘qituvchisi

Read 74 times
Share this article

yil

Biz bilan bog'lanish

      

       100011, Toshkent shahar,

       Abdulla Qodiriy ko'chasi, 11-uy

       Tel: +998 (71) 244-00-91

       e-mail: Questo indirizzo email è protetto dagli spambots. E' necessario abilitare JavaScript per vederlo. , Questo indirizzo email è protetto dagli spambots. E' necessario abilitare JavaScript per vederlo.

       fax: 244-00-65

 

Top