SJ News II - шаблон joomla Авто

20170909

Bugungi kunda insonlar ba’zi bir davlatlar va siyosiy kuchlarning manfaatlarigagina xizmat qiladigan, turli xil manbalardan tarqaladigan rang-barang ma’no-mazmundagi mafkuraviy kuchlarning ta'siriga doimo xushyor turib yashamog‘i lozim. Axborot asri, deb atalgan bugungi davrimizda, bu ta’sirlardan holi bo‘lish deyarli imkonsizdir. Zero, O‘zbekiston Respublikasining birinchi prezidenti I.A.Karimov ta’kidlaganidek, “O‘z-o‘zidan ravshanki, bugungi zamon voqyelikka ochiq ko‘z bilan, real va hushyor qarashni, jahonda va yon-atrofimizda mavjud bo‘lgan, tobora kuchayib borayotgan ma’naviy tahdid va xatarlarni to‘g‘ri baholab, ulardan tegishli xulosa va saboqlar chiqarib yashashni talab etmoqda”[1].

Hozirgi vaqtda dunyoning uzoq-yaqin turli hududlarida yuz berayotgan tashvishli voqealar, jumladan bizning mintaqamizda, yon-atrofimizda kuchayib borayotgan xavf-xatarlar, qonli to‘qnashuvlar, siyosiy va iqtisodiy qarama-qarshiliklar, terrorizm, radikalizm, narkotrafikning tobora avj olayotganligini tinchlik va barqarorlikka qanday katta tahdid tug‘dirayotgani hammamizga ma’lum. Bunga birgina misol tariqasida quyidagi raqamlarni keltirish mumkin: 2015-yil, 22-sentabr jahon bo‘ylab yuz millionlab foydalanuvchilarga ega Telegram messenjerida shaxsiy kanallarni tashkil qilish va yuritish imkoni yaratildi. Oradan 4 kun o‘tib, ushbu tarmoqda ISHID terrorchilar guruhiga tegishli Nashir, ingliz tilida “Distributor” nomli terroristik va ekstremistik g‘oyalarni targ‘ib etuvchi kanali ishga tushdi. Bir hafta ichida bu kanalning o‘quvchilari soni 10 ming nafarga yetadi. 2016-yilning mart oyiga kelib tarmoqdagi bunday kanallar soni 700 ga yetgani aniqlandi.

Haqiqatan ham, bugungi kunda xorijdagi ayrim yetakchi ommaviy axborot tarmoqlarida vayronkor g‘oyalarni tarqatish orqali yoshlarga zo‘ravonlik, shafqatsizlik, hayosizlik kabi noxush hissiyotlarni singdirish kabi salbiy tendensiyalar kuchaymoqda.

Afg‘oniston va ba’zi arab mamlakatlaridagi qarama-qarshilik va to‘qnashuvlarning geosiyosiy mohiyatiga e’tibor beradigan bo‘lsak, ular ham aslida dunyodagi turli kuchlar o‘rtasidagi axborot kurashining kuchaygani tufayli avj olayotganini ko‘rishimiz mumkin.

Bugungi yoshlarimizning aksariyati o‘zlarining bo‘sh vaqt­larini internet-klublarda o‘tkazyapti. Natijada Internet ular uchun faqat o‘yinlar olamiga aylanib boryapti. Bu o‘yinlarining aksariyati zo‘ravonlik va yovuzlikni targ‘ib qilmoqda. Dunyo miqyosida ko‘plab bolalar va o‘smirlar onlayn tizimi orqali tarqatiladigan pornografiya ta'siriga butunlay qaram bo‘lib qolmoqda.

Ko‘pincha axborot xurujlari “yosh mustaqil davlatlarda demokratiyaning yo‘qligi”, “inson huquqlari poymol bo‘lishining oldini olish” degan bahona va soxta gaplar bilan amalga oshirilmoqda. Dunyo bozorida axborotlarning eng qimmat tovarga aylanishida aynan jahon va “o‘rgimchak to‘ri” - internet katta rol o‘ynagani rost[2].

Shuning uchun ham internet yer kurrasi bo‘ylab juda tez sur’atlarda ommalashib ketganini ta’kidlash lozim. Internetning ommalashishiga sabab, uning imkoniyatlarining kengligidir. Ayniqsa, internetga kirishning osonligi va qisqa muddatda istalgan yerga axborot jo‘natish mumkinligi ommalashishiga katta turtki bo‘ldi.

Tahlilchilarining fikricha, kiber jinoyatchilikni aniqlash an’anaviy jinoyatchilikni aniqlashdan 20 barobar qiyinroq ekan. Shuningdek, terrorchilik tahdidi va harakatining bevosita internetdan foydalanishining boshqa bir qator omillari bor. Xususan:

  • foydalanish oson va qulay;
  • axborotni tezkor tarqatish va ommalashtirish;
  • chegara bilmasigi;
  • axborot to‘plashning qulayligi;
  • yirik auditoriyaning mavjudligi;
  • shaxsini yashirish, aloqaning yashirinligi va maxfiyligi;
  • internet targ‘ibotning arzonligi va samaradorligi;
  • multimedia jihatidan qulayligi, (audio, video, matn, tasvir va suratni, kitob va boshqa turdagi kontentni  tarqatish, yuklab olish imkoniyati);

Ma’lumotlarga asoslangan xolda axborot xavfsizligini ta’minlash va ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalash masalalari bugunning muhim ustivor vazifasiga aylanib borayotganligini ko‘rish mumkin. Bunda,

-        birinchidan, axborot asrida yoshlar dunyoqarashini sog‘lom asosda shakllantirish va mustaxkamlash;

-        ikkinchidan, xalqning ruxiyati va qadriyatiga yot bo‘lgan odat va xarakatlarning oldini olish;

-        uchinchidan, yoshlarda sharqona dunyoqarashni uning ma’naviy ruhiy mezonlarini tarbiyalash asosiy ustuvor vazifa hisoblanadi.

Bu borada mamlakat yoshlarini har tomonlama yetuk, vatanparvar, fidoiy bo‘lib tarbiyalanishida, birinchi navbatda ota-onaning, ta’lim maskanlarida faoliyat yuritayotgan ustoz va murabbiylarning sa’y-harakatlari e’tiborga molikdir.

Abdulhodiy Haydarov,

universitet xodimi

 

[1] I.A.Karimov “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch”, T.: “Ma’naviyat”. 2008-y

[2] Hojiyev T. Globallashuv davrida axborot xavfsizligi // “Yoshlarni axborot-psixologik xurujlaridan himoya qilish texnologiyalari: nazariya va amaliyot”. - T.: 2012. - B. 310.

Read 77 times
Share this article

yil

Biz bilan bog'lanish

      

       100011, Toshkent shahar,

       Abdulla Qodiriy ko'chasi, 11-uy

       Tel: +998 (71) 244-00-91

       e-mail: Questo indirizzo email è protetto dagli spambots. E' necessario abilitare JavaScript per vederlo. , Questo indirizzo email è protetto dagli spambots. E' necessario abilitare JavaScript per vederlo.

       fax: 244-00-65

 

Top