SJ News II - шаблон joomla Авто

20170909

Bugungi kunda terrorizm na hudud va na millat tanlamasligi barchaga ayon haqiqatga aylanib ulgurgan. Shu sababli, jahon afkor ommasi terrorni dunyodagi eng katta global tahdid deya, bejizga bong urilmayapti.

         So‘nggi paytlarda Rossiya, Yevropa va jumladan, joriy yilning 31-oktabr kuni Amerika qo‘shma shtatlarida sodir bo‘lgan dahshatli voqealarga “o‘zbek” nominining qo‘shib aytilishi ko‘plab yurtdoshlarimizni tashvishga solmay qo‘ymayapti. Aslidachi, aslida bularning millati yoki dini bormikan? Bunga javoban “yo‘q” deyish juda ham oson. Lekin masalaga yanada chuqurroq nazar solinsa, ko‘p narsa oydinlasha boraveradi. Buni bir necha oddiygina misollarda ko‘rsa ham bo‘ladi.

         Birinchidan, so‘nggi paytlarda dunyodagi eng katta xavf va xatar sifatida xalqaro terrorizm va ekstremizm e’tirof etilayotgani ko‘pchilikka ayon. Bugungi kunda biror bir davlat yo‘qki, o‘zini “bu balodan omonda”, deb ayta oladigan bo‘lsa. Shu ma’noda unga qarshi kurash uchun barcha davlatlar va xalqlar birgalikda harakat qilishi darkorligi qayta-qayta ta’kidlanmoqda.

         Ikkinchidan, hozirga kelib dunyodagi eng xavfsiz deb hisoblab kelingan Yevropa mamlakatlarida ham bo‘lib o‘tgan xunrezliklar terrorizmni oldini olishda ushbu mamlakatlarda ham talaygina ishlar qilinishligi lozimligi, ayniqsa yoshlar bilan alohida shug‘ullanish kerakligi, yana o‘sha masala – jahon hamjamiyati bahamjihat bo‘lib harakat qilishi darkorligini ko‘rsatmoqda.

         Uchinchidan, XXI asrda terrorizm hyech qanday millat va hududni tan olmay qolgan. Yaqin Sharq mamlakatlarida so‘nggi yillardagi voqyealar, u yerda Osiyo, Afrika, Yevropa va hatto okean orti mintaqalari vakillarining borligi OAVda ko‘p bora ta’kidlanmoqda. Aniqki, ushbu jangarilar biror bir millatni tan olish u yoqda tursin o‘zlarining tuqqan ota-onalarini ham tan olmaydilar. Shunday ekan bunday kimsalarni biror bir millatning vakili deb bilish, soddaroq qilib aytganda, “to‘g‘ri bo‘lmaydi”.

         To‘rtinchidan, o‘zbek xalqi ham bir necha bor ushbu illatning achchiq oqibatlarini boshidan o‘tkazgan. O‘sha mash'um XX asrning 90 yillari va 2004-2005-yillarda bo‘lgan voqealar ko‘pchilikning yodidan xali-veri ko‘tarilgan emas. Shu ma’noda o‘zbekistonliklar Nyu-york shahri markazida bo‘lib o‘tgan fojialar va uning AQSh fuqarolariga qay darajada ta'sir etganini eng yaxshi anglaydigan hamda ularga ko‘proq hamdard bo‘ladigan xalqlardan biri bo‘lsa kerak. Buni yaxshi anglagan bir qator amerikalik tahlilchi va diplomatlar ushbu voqealarning o‘zbekistonliklarga hech qanday aloqasi yo‘qligini, aksincha o‘zbek xalqi 2001-yil 11-sentyabr voqealaridan hech qancha vaqt o‘tmay, AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi gullar va maktublarga to‘lib ketganligini yozishmoqda.

         Beshinchidan, bunday og‘ir jinoyatlarni islom nomidan qilish yoki o‘sha paytda islomning muqaddas kalimalarini aytish ahmoqlik yoki johillikdan boshqa narsa emas. Chunki Qur’oni karim oyatlari va hadisi shariflarda begunoh odamni o‘ldirishga hech qachon buyurilmagan. Balki ushbu muqaddas manbalar insoniyatni yerdagi ezgulik, insoniylik urug‘larini ekkuvchi ekanliklari qayta-qayta ta’kidlanadi. Shu sababli ham mazkur qotillikni amalga oshirgan Sayfulla Soipovning na diniy va na dunyoviy bilimlari borligi, buning natijasida internet orqali sekin-asta radikallasha borgani aytilmoqda.

         Bugunga kelib terrorning jaholat ildizi shunchalik chuqurlashib ketganki, uni quritish uchun va ma'rifat suvi bilan sug‘orish ko‘pgina mehnat va mashaqqatni talab qiladi. Buni oldindan teran anglagan Yurtboshimiz tomonidan BMTning oliy minbaridan turib, yoshlarga alohida e’tibor qaratish, ularni bilimli etib tarbiyalash va “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsisini qabul qilish lozimligi haqida aytgan fikrlari naqadar ahamiyatli ekani o‘z isbotini topmoqda.

         Hech ikkinlanmasdan aytish mumkinki, o‘zining ma’rifatparvarligi, tinchlikparvarligi, mehmondo‘stligi, bolajonligi kabi xislatlari bilan qadimdan e’tirof etib kelingan o‘zbek xalqi har qanday xudkushliklarni qattiq qoralaydi. Axir biror bir xonadonda ota-onaning o‘z farzandiga yoki muallimning shogirdiga odam o‘ldirishdek qabih jinoyatlarni o‘rgatganini eshitgan emasmiz. Balki mehribonlik va shafqat, buyuk ajdodlarimizning ezgu pandu nasihatlari, o‘lmas o‘gitlari bugungi kunda tarbiyamizning asosini tashkil etmoqda. Shunday ekan, barchamiz chin ma'noda tarbiyachi bo‘lib, yoshlarni ulug‘ qadriyatlarimiz asosida ulg‘aytirmog‘imiz darkor bo‘ladi. Faqatgina xoh u oramizdagi bo‘lsin va yoki xorijda yurgan bolamiz bo‘lsin uni esdan chiqarib qo‘ymasak hamda tarbiyasiga beparvo bo‘lmasakgina kelajakda ayrim o‘rinlarda uyalib qolmaymiz.

Davronbek Maxsudov,

 Universitet“Islom sivilizatsiyasini o‘rganish ISESCO” kafedrasi mudiri

Read 127 times
Share this article

yil

Biz bilan bog'lanish

      

       100011, Toshkent shahar,

       Abdulla Qodiriy ko'chasi, 11-uy

       Tel: +998 (71) 244-00-91

       e-mail: Questo indirizzo email è protetto dagli spambots. E' necessario abilitare JavaScript per vederlo. , Questo indirizzo email è protetto dagli spambots. E' necessario abilitare JavaScript per vederlo.

       fax: 244-00-65

 

Top