SJ News II - шаблон joomla Авто

20170909

O‘zbekiston o‘z oldiga fuqarolik jamiyatiga asoslangan huquqiy demokratik davlat barpo etishni maqsad qilib olar ekan, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I.A.Karimov Vatanimiz taraqqiyoti yo‘lida yuksak marralarni egallashda mustaqil fikrga ega, bilimli, tashabbuskor va vatanparvarlik ruhida voyaga yetgan yoshlarning alohida o‘rni borligini va yurtimiz kelajagini belgilovchi omil sifatida qaragan. O‘zining asarlarida, chiqish va nutqlarida yoshlarning keng dunyoqarashga ega komil inson bo‘lib shakllanishi vazifasi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri ekanligini va bu vazifaga e’tiborsiz bo‘lish hech qachon kechirilmasligini ta’kidlab kelgan.

Hozirgi “axborot asri” deb ataluvchi XXI asrda jamiyat hayotida ommaviy axborot vositalarining o‘rni beqiyosligini hyech kim inkor etmaydi. Ularning tarkibiga internetdagi axborot olamini kiritsak, uning ko‘lami yanada kengayadi. Ayni shunday vaziyatda dunyoda va atrofimizda bo‘layotgan voqea hodisalarni to‘liq va xolisona bayon qilish va insonlarning axborotga bo‘lgan ehtiyojini milliy va umuminsoniy qadriyatlardan kelib chiqib, o‘z navbatida dunyodan ortda qolmagan tarzda qondirish, ta’bir joiz bo‘lsa, hayot-mamot masalasiga aylanadi. Chunki berib borilayotgan har qanday ma’lumot kishilar ongiga ta’sir o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shu masalada I.A.Karimov ommaviy axborot vositalarining vazifasini quyidagicha bayon qiladi: “Hammamiz yaxshi tushunamizki, hozirgi vaqtda ommaviy axborot vositalarining vazifalari ham, ularning oldiga qo‘yiladigan talablar ham ko‘p. Lekin eng muhimi – hayot haqiqatini to‘laqonli aks ettirishdir. Chunki haqiqat jurnalistikaning o‘zgarmas va doimiy sharti bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qolishi zarur. Lekin mafkuraviy kurash tobora keskinlashib borayotgan bugungi zamonda shunday ustasi faranglar borki, ular har qanday yolg‘onni ham haqiqat deb tushuntirib qo‘yadi-ki, ba'zan qip-qizil uydirmalarga qanday ishonganingizni bilmay qolasiz”[1].

Darhaqiqat, hozirgi kunda jahon axborot maydonlarida aynan bir voqyeaning turli xilda bayon qilinishi va turlicha tahlil qilinganini ko‘rish mumkin. Buning oqibatida axborotlarning xolisligini va shaffofligini aniqlash qiyinchilikka olib keldi. Yoinki, ma'lum bir g‘arazli g‘oyalarning, maqsadlarning juda jozibali shiorlar tariqasida kishilar va ayniqsa, yoshlar ongiga singdirishga bo‘layotgan urinish va harakatlarning sir-asrorini anglash juda mushkul vazifaga aylangani sir emas. Hozirgidek murakkab davrda o‘z oldiga yuksak marralarni belgilab olgan davlat va jamiyatning vazifasi o‘zining mustaqil fikriga ega bo‘lgan shaxsni tarbiyalashdan iborat bo‘lishi lozim. I.AKarimov bu jihatga alohida e’tibor qaratib, “Axborot olamidagi ustunlik ko‘p narsani hal etadigan bugungi vaziyatda mustaqil ong va mustaqil fikrga ega bo‘lgan shaxsni tarbiyalash masalasi nafaqat ma’naviy, kerak bo‘lsa, muhim siyosiy ahamiyat kasb etadi”[2], deb ta’kidlagan. Chunki bugungi yosh avlod ertangi kunda ulg‘ayib, jamiyat va davlat boshqaruvida ishtirok etadi va tabiiy bir holatki, o‘z faoliyatida bilim va dunyoqarash darajasidan kelib chiqqan holda, insonlar hayotini tubdan o‘zgartirishlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan qarorlar qabul qilishi mumkin. Shu jihatdan qaraganda, mustaqil fikr va mustahkam dunyoqarashga ega bo‘lgan, ko‘p fikr va misollarni o‘zaro solishtirib, ularning ichidan yagona to‘g‘ri haqiqatni ajratib, to‘g‘ri xulosa chiqarishga qodir yoshlarni tarbiyalash ustuvor vazifa sanaladi. O‘z navbatida yoshlar ham kimning avlodi ekanligini, qanday buyuk ma’naviy merosning vorisi ekanligini yaxshi anglashi, yuksak ma’naviyatga ega bo‘lishi kerak. “Mana shunday vaziyatda odam o‘z mustaqil fikriga, zamonlar sinovidan o‘tgan hayotiy-milliy qadriyatlarga, sog‘lom negizda shakllangan dunyoqarash va mustahkam irodaga ega bo‘lmasa, turli ma’naviy tahdidlarga, ularning goh oshkora, goh pinhona ko‘rinishdagi ta'siriga bardosh berishi amrimahol”[3].

Bunday natijalarga erishish uchun ommaviy axborot vositalari o‘zlarining faoliyatlari davomida yoshlarga mo‘ljallangan alohida ma’rifiy ko‘rsatuvlar, ma’naviy merosimiz va milliy qadriyatlarimizga bag‘ishlangan hujjatli filmlar yaratishni kengaytirishi kerakligi, axborotlarni faol tarzda xolisona talqin qilishlari muhim ahamiyat kasb etadi.

I.A.Karimov jamiyatni axborot bilan ta’minlashda yoshlarga alohida e’tibor qaratilishi lozimligini ta’kidlagan. “Ta’kidlash kerakki, ayniqsa televideniye va radioda bunday mavzudagi ko‘rsatuv va eshittirishlar onda-sonda emas, aksincha, puxta o‘ylangan tizim asosida tayyorlanishi lozim. Bunda eng zamonaviy kompyuter texnologiyalaridan foydalangan holda, yoshlarning ongiga mos, ularning qiziqish va intilishlariga hamohang bo‘lgan, ularni o‘ziga tortadigan jihatlarga alohida e’tibor qaratish kerak. Uzoq va zerikarli ma’ruzalardan iborat ko‘rsatuvlarni keng tomoshabinlar, ayniqsa yoshlar qabul qilmaydi”[4].

Axborot sohasidagi yo‘nalish strategik ahamiyat kasb etishi kerak. Hozirgi zamonda “axborotlashgan jamiyat” atamasi keng foydalanilayotgan bir davrda jamiyat muntazam ravishda axborotga ehtiyoj sezadi, o‘z navbatida bu ehtiyojni qanday manbalar bo‘lishidan qat’iy nazar ular hisobidan qondirishga intiladi. Bu ehtiyojning maqsadga muvofiq qondirilishida yuqorida qayd etilgan sohaning I.A.Karimov tomonidan ilgari surilgan prinsiplarni o‘z faoliyatlarida dasturulamal qilib olsalar, ijobiy natijaga erishiladi va jamiyatimiz, xususan, yoshlarimiz axborotlardan mustaqil fikriga tayanib, xolis xulosalar chiqara oladilar. Aks holda bu ehtiyoj xalqimiz, jamiyatimizga nisbatan noxolis va kimlarningdir manfaatlariga xizmat qilish uchun tarqatiladigan axborotlar manbalaridan qondiriladi, salbiy oqibatlar keltirib chiqarishi muqarrar bo‘lib qoladi.

Xulosa qilib aytganda, jamiyat va davlat kelajagi bo‘lgan yoshlarning sog‘lom fikrli kishilar bo‘lib shakllanishi siyosiy darajadagi masala sifatida I.A.Karimov tomonidan yoritilishidan buning naqadar ahamiyatli vazifa, davlat siyo  satining muhim yo‘nalishi bo‘lib kelganini ko‘rish mumkin. Islom Karimov ushbu yo‘nalishda tashabbuskor bo‘lib, “Yoshlarimizni mustaqil fikrlaydigan, oqni qoradan, do‘stni dushmandan ajratishga qodir bo‘lgan, bizning qanday boy tarix va merosga ega ekanimizni anglab yashaydigan, imon-e’tiqodli, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiya topgan insonlar etib voyaga yetkazishimiz, bu masalani hyech qachon ikkinchi darajali vazifa, deb bilmasligimiz kerak”deb, yoshlarning vatanparvarlik, milliy g‘oya ruhida tarbiyalash va mustaqil fikrga ega bo‘lgan, atrofidagi voqea hodisalarga xolisona fikr bildiradigan komil inson bo‘lib shakllanishini doimo muhim vazifalar qatorida sanab kelgan.

Shamsullo Abdusattorov,

Toshkent islom universiteti talabasi

 

[1] Karimov I.A. Vatanimizning bosqichma-bosqich va va barqaror rivojlanishini ta’minlash – bizning oliy maqsadimiz. 17-jild. - T.: “O‘zbekiston” 2009. - B. 135.

[2] O‘sha manba. - B. 134.

[3] Karimov I.A. Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch. - T.: “Ma’naviyat”, 2008. - B. 82.

[4] Karimov I.A. Vatanimizning bosqichma-bosqich va va barqaror rivojlanishini ta’minlash – bizning oliy maqsadimiz. 17-jild. - T.: “O‘zbekiston” 2009. - B. 143.

Read 284 times
Share this article

yil

Biz bilan bog'lanish

      

       100011, Toshkent shahar,

       Abdulla Qodiriy ko'chasi, 11-uy

       Tel: +998 (71) 244-00-91

       e-mail: Questo indirizzo email è protetto dagli spambots. E' necessario abilitare JavaScript per vederlo. , Questo indirizzo email è protetto dagli spambots. E' necessario abilitare JavaScript per vederlo.

       fax: 244-00-65

 

Top