SJ News II - шаблон joomla Авто

20170909

Biz o‘tmishi ulug‘, kelajagi buyuk xalqning farzandlarimiz. O‘tmishimiz ildizlari necha ming yillarga borib taqaladi. Mana shu o‘tmishda o‘zining yorqin sahifalarini muhrlagan, kelajak avlodga behisob xazinalar qoldirgan, ajdodlarimiz talaygina. Buyuk allomalarimiz o‘z yutuqlarini, kashfiyotlarini, fandagi ixtirolarini kelajak avlodga yetkazishda o‘zlarining asarlaridan, kitoblaridan, qo‘lyozmalaridan foydalanishgan.  Darhaqiqat, kitob asrlar davomida qiymatini yo‘qotmagan xazina, noyob durdona, qimmatli manbadir. Buning isboti sifatida mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Prezidenti sifatida qo‘shni Turkmanistonga tashrifi chog‘ida davlat rahbari Gurbanguli Berdimuhamedovga xalqlarimizning sevimli shoiri Maxtumqulining “Elingga baxsh ayla” deb nomlangan kitobini sovg‘a qildi. Turkmaniston Prezidenti kitob eng yaxshi sovg‘a ekanligini ta’kidlab, Prezidentimizga o‘zining alohida minnatdorchiligini bildirdi[1]. Bu bilan Prezidentimiz sharqona an’analarga sodiq qolib, kitob behisob xazina ekanligini yana bir bor o‘z amallarida ko‘rsatdilar.

Insonning bilim doirasi kengayib borgan sari fikri teranlashib, hayotga bo‘lgan qarashlari o‘zgarib boradi. Bunda esa, uning fikrini o‘stiradigan, bilim-ko‘nikmalarini sayqallab, jilolantiradigan asosiy qurol – bu kitob. O‘z fikrini yaxshi ifodalash, so‘z boyligini orttirish, nutqni ta’sirchan va ravon bo‘lishida kitobning o‘rni benihoya katta. Afsuski, bugungi kunda mutoalaga yuzaki yondashish, vaqtni behuda sarflash, eskilik sarqiti sifatida qarash, yengil-yelpi boshqa ishlar bilan shug‘ullanish hollari kuzatilmoqda. Bu kabilar esa, jamiyatimizda muammoli vaziyatlarni yuzaga keltirmoqda. Atrofimizda ro‘y berayotgan muammolarning tub zamirida ilmsizlik, kitob mutoalasiga e’tibor bermaslik va undan uzoqlashish yotibdi. Buning natijasida jamiyatimizda o‘z o‘rnini topishda qiynalayotgan, o‘z imkoniyatlaridan to‘g‘ri foydalana olmasdan foydasiz urinishlarga sarflab o‘ziga va atrofdagilarga zarar keltirayotgan uyushmagan yoshlar guruhlarining vujudga kelayotganligi achinarli holdir. Takroran aytishimiz mumkinki, bunday uyushmagan yoshlarning vujudga kelish sababi ularning kitob mutoalasidan uzoqlashib ketganligida, shaxs tarbiyasida kitobning ahamiyati qanchalik muhimligini anglab yetmaganida.

 Hozirgi kundagi imkoniyatlarimiz haqida gapiradigan bo‘lsak, shukronalar bo‘lsinki benihoya cheksiz. Bu imkoniyatlarning aynan kitob bilan bog‘liqlik tomoni kitobxonlik davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganligidadir. Bunga misol qilib, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 12-yanvardagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutoalasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish” to‘g‘risidagi farmoni, 2017-yil 13-sentabr “Kitob mahsulotlarini nashr etish tizimini rivojlantirish, kitob va kitobxonlik madaniyatini oshirishni targ‘ib qilish” bo‘yicha kompleks dasturida ilgari surilgan takliflarni olishimiz mumkin[2]. Bundan ko‘zlangan maqsad jamiyat hayotida ezgu qadriyat va an’analarni chuqur qaror toptirish. Xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodning ma’naviy intelektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirish. Ona Vatan va xalqiga muhabbat, sadoqat tuyg‘usi bilan yashaydigan barkamol shaxsni tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga ega bo‘lgan kitobxonlik madaniyatini oshirishga qaratilgan. Bunda har bir maktab, muassasa, mahalla va joylarda kitobga bo‘lgan e’tiborni yangicha davr talabidan kelib chiqib rivojlantirish kerakligini aytib o‘tdi. Yuqorida keltirilgan dasturda uyushmagan yoshlar bilan ham aynan kitob orqali muloqotga kirishish, ularni hayotga bo‘lgan qarashlarini o‘zgartirish, yurtga, Vatanga bo‘lgan dahxdorlik hissini oshirish, o‘rnini topishda ko‘maklashish, kasbga yo‘naltirish bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish mumkinligi aytib o‘tilgan. Bunda esa jamiyatning asosiy bo‘g‘ini bo‘lgan yoshlar ko‘magi alohida ahamiyatli. Joylarda, mahalla va o‘z-o‘zini boshqarish organlari tomonidan o‘tkazilayotgan tadbirlar, ular bilan samimiy muloqotni ta’minlashga qaratilgan seminar-trening mashg‘ulotlari, ochiq suhbatlar shular jumlasidandir. Hokimiyat organlarida tashkil etilgan ma’naviyat va ma’rifat bo‘limlarining aynan ular orasidagi muammoli vaziyatlarni o‘rganishga, tahlil qilishga qaratilgan loyihalari, kitob taqdimotlarini nafaqat muassasalarda, ommaviy axborot vositalarida ham keng rivojlantirish o‘zining ijobiy natijalariga ega bo‘ladi, desak xato bo‘lmaydi. Bu kabi loyihalardan ko‘zlangan maqsad uyushmagan yoshlardagi ijtimoiy-iqtisodiy muhitga nisbatan yuzaga kelgan negativ kayfiyatni yo‘qotish, faol bunyodkorlik jarayonlariga chorlash, bunday guruhlarning vujudga kelish omillarini bartaraf etishdan iborat. Bizga ma’lumki, kitob inson qalbini poklovchi, uni ezgulik sari yetaklovchi asosiy vosita. Kitob o‘qigan inson yot g‘oya va nojo‘ya fikrlardan yiroq bo‘ladi, oqu qorani ajrata oladi. O‘zining shaxsiy fikrlariga ega bo‘ladi. Yurtga, Vatanga bo‘lgan mehr bilan shakllanadi.

 Prezidentimizning yoshlarga oid bu kabi qator murojatlarining tub zamirida kelajak egalari bo‘lgan yoshlarning hayotiy maqsadini to‘g‘ri belgilashi, faol fuqarolik pozitsiyasi ko‘rsata olishi ko‘zlangan. Yoshlikdanoq kitobga mehr qo‘yib, olgan bilimlarimizni mustahkamlab borar ekanmiz, shubhasiz yorqin kelajakning asoslariga zamin yaratgan, jamiyatimiz rivojiga, yurtimiz farovonligiga o‘z hissamizn iqo‘shgan bo‘lamiz. Taraqqiyotning oydin yo‘liga chiqib olgan O‘zbekistonni eng rivojlangan davlatlar safiga oldingilar qatorida o‘rin egallashiga sababchi bo‘lamiz. O‘tmishimizni ilm nuri bilan yoritgan ajdodlarimizga munosib voris bo‘lib, ularning tutgan yo‘lidan og‘ishmasdan buyuk kelajak sari bir jonu tan bo‘lib intilamiz. Shu o‘rinda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Yoshlarni mustaqil fikrli, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallagan, chinakam hayotiy pozitsiyaga ega, chinakam vatanparvar insonlar sifatida tarbiyalash biz uchun hech qachon dolzarbligini yo‘qotmagan masala bo‘lib qoladi”[3], deya aytilgan gaplari biz yoshlarga qaratilgan e’tibor va mas’uliyatning oshganligidan dalolat beradi. Oldimizda turgan vazifa esa, kelajak avlodga bizdan ozod va obod Vatan”[4] qolsin.

Xulosa o‘rnida buyuk sarkarda davlat rahbari bo‘lgan bobomiz Amir Temurning quydagi fikrlari ahamiyatlidir”. Kitob-barcha bunyodkorlik, yaratuvchilik va aql-idrokning, ilmu donishning asosidir. Hayotni o‘rgatuvchi murabbiydir”[5]. Darhaqiqat kitob insonga hamma davrlarda to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatuvchi, uni faqat yaxshiliklar sari yetaklovchi ishonchli do‘stdir. Kitob hech qachon aldamaydi. Inson kitobdan ma’naviy ozuqa, badiiy estitik zavq shu bilan birga to‘g‘ri xulosa oladi. Atrofdagi vaziyatlarga nisbatan kerakli xulosa chiqara oladi. Kitobxonlikning davlat siyosati darajasiga ko‘tarilishida esa, oqilona siyosat, uzoqni ko‘ra bilishlik turadi. Kitob o‘qiganda ham kerakli va ishonchli bo‘lgan adabiyotlarni tanlab o‘qish, aldanib qolmaslik jihatlari e’tiborlidir. Sababi bugungi kunda tashqi tomondan kelayotgan tahdidlarga qarshi tura olish va mustahkam bilim sohibi bo‘lish har qachongidan ko‘ra muhimdir. Yoshlar o‘rtasida ayniqsa uyushmagan yoshlar bilan kitobxonlik ma’daniyatini rivojlantirish, ularni kitobga bo‘lgan munosabatlarini ijobiy tomonga o‘zgartirish va qiziqtirish har qanaqa tahdidlarga qarshi tura olishning yechimidir. Bugungi mustaqil O‘zbekistonimizni har tomonlama rivojlantirish, uning porloq istiqboli yo‘lida har qanday mas’uliyatli vazifalarni zimmamizga olishda kitob bizga tayanch hamda asosiy qurolimiz bo‘lib qoladi.

Adabiyotlar ro‘yxati:

  1. “Xalq so‘zi” gazeta 2017-yil,16-mart(32-247-son)1, 2-bet
  2. “O‘zbekiston ovozi” gazeta. 2017-yil, 4-fevral (32-226-son) 2-3-bet
  3. “Ma’rifat” gazeta. 2017-yil,16-sentabr 74-son (90.35)
  4. Islom Karimov. Asarlar “Vatan ravnaqi uchun har birimiz mas’ulmiz” 9-jild.
  5. “Ma’rifat” gazeta  2017-yil, 27-aprel 68-son (90-25)1-bet

Latipova Gavhar,

 2-kurs talabasi

Read 301 times
Share this article

yil

Biz bilan bog'lanish

      

       100011, Toshkent shahar,

       Abdulla Qodiriy ko'chasi, 11-uy

       Tel: +998 (71) 244-00-91

       e-mail: Questo indirizzo email è protetto dagli spambots. E' necessario abilitare JavaScript per vederlo. , Questo indirizzo email è protetto dagli spambots. E' necessario abilitare JavaScript per vederlo.

       fax: 244-00-65

 

Top