SJ News II - шаблон joomla Авто

20170909

O‘zbekistonda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganda tug‘ilgan o‘g‘lonlarimizning avvali ota bo‘lishdi. Ha, bu vatanimiz mustaqilligi arafasida qaror topgan hushxabar edi. Esimizda bo‘lsa, Respublika mustaqil deb e'lon qilinganida sodir bo‘lishi lozim bo‘lgan gulduros qarsak va olqish baxtdan karaxt bo‘lgan majlis ahlidan  “qarsak chalmaysizlarmi?!” deya  ekib undirib olingan edi. Bu karaxtlik boshga qo‘ngan iqbol tojining shukuhi hayajonidan bo‘lsa, koshki edi; yo‘q, afsuski, aksincha his tuyg‘udan mahrum holat – manqurtlik natijasi edi, deging keladi. Bu holat o‘zligini unuttirishga qaratilgan manfur  istibdod siyosatining “samarasi” edimi?  Yoki hali yodimizdan ko‘tarilib ulgurmagan tarixiy hodisa - halqimiz peshonasiga bosmoqchi  bo‘lishgani – navbatdagi tamg‘a - “o‘zbeklar ishi” deb nom olgan “shokovaya terapeya” shapalog‘idan orttirilgan garanglikmidi, deya o‘yga tolasan kishi. Yumshoqroq qilib aytganda, ushbu sarxushlik holati shuncha yil o‘tib endilikda bizni tark etdimi?! Ha, xudoga beadad shukurki, jamiyatimiz  hayotining turli jabhalarida zo‘r yuksalishlarning shohidi bo‘lib turibmiz. Bu albatta, avvalo, Alloh “ol qulim” deb nazar solgan sohalarda hushyor va dono rahbar hamda oqil tadbirkorlarimizning sa’yu harakatlari mevalari bo‘lib yuzaga kelmoqda. Lekin ahvol hamma jabhada ham bir hil emas. Masalan tilshunoslik, aniqrog‘i, atamashunoslik sohasidagi karaxtlik hanuz tarqalmagan ko‘rinadi. Qo‘shni yurtlarda tilshunoslik qo‘mitalarning faoliyatlarini samaralarini yaqqol ko‘rib turganimiz holda, bizda bu sohadagi ishlar deyarli siljimayotgandek. Yo‘qsa, tilimizning o‘z elida o‘z maqomiga egalik qilishiga haligacha monelikning mavjudligini nima bilan izohlasa bo‘ladi?! Fikrimiz safsatabozlikka yo‘yilmasiligi uchun misol tariqasida har xil do‘kon, magazinlar, ba'zi xususiy idoralar va boshqa joylardagi turli xil yozuv va ba'zi afisha va reklamalarning qaysi tilda ekanini nazardan o‘tkazsak kifoya qilar... Ha, biz tilshunoslar hanuz sarhushmiz. O‘zimizga kelsakda, o‘zimizni, o‘zligimizni anglashimiz kerak yoki kerakmasligini onglay olmayotirmiz. Beparvomiz. Befarqmiz yoki karaxtmiz. Yoki “menga nima? senga nima?” qabilida ish ko‘ramiz; menga va senga zarari tegib qolmasin deb “hushyorlik” qilmoqchi bo‘lamiz, ya'ni ayyorlik qilmoqchi bo‘lamiz. Ammo bu ayyorlik kezi kelsa yovga taslim bo‘lishga tayyorlikni anglatishini bilamizmi?! Qachongacha dilimizdagini tilimizda ifoda etishdan ojiz qolamiz?! O‘zimizga qachon kelamiz?!

Yaqinda avtobusda ketayotib bir otaxon nogahon bino peshtoqidagi yozuvni ko‘rsatib: “NBU” – nima bu? deb so‘rab qoldi. Uning savoliga amallab javob bergach, o‘sha savol haqida o‘ylay ketdim: haqiqatan, “NBU” - nima bu? Nima uchun - “NBU”? Bu nima degani?! Qaysi yozuvda? Lotin alifbosidagi o‘zbekchami? Yo‘q! Ruscha emasligi aniq. Ingliz tilidami? Nega?! Nega o‘zbekcha emas? O‘zbekchasi qanaqa? Nega shunaqa?!

Mana shunday xayollar bilan band bo‘lib, bekatimga yetganimni bilmay qolay debman. Ha, shunaqa, ko‘raverib, ko‘nikib ketganmiz. Gap shunda: ko‘nikish yoki ko‘nikmaslikda! Gap ko‘ngilda. Ko‘nglimga necha bor: “Isyon etma, boriga rozi bo‘l, ko‘nib qo‘ya qol, ko‘n-gil, ey ko‘ngil!” deya ko‘ndirolmadim. Uning savoliga javobni do‘ndirolmadim. U esa, so‘rog‘ini qo‘ymaydi: “NBU” – nima bu? Jondan aziz vatanimiz poytaxtidagi eng muhtasham bino manglayiga bitgan bu “yozuq”: “NBU” – nima bu? Bu bitikning umri bitmadimi ekan-a?! Nima deysiz?   

Omonulla Musayev,

“Sharq tillari” kafedrasi katta o‘qituvchisi  

Read 336 times
Share this article

yil

Biz bilan bog'lanish

      

       100011, Toshkent shahar,

       Abdulla Qodiriy ko'chasi, 11-uy

       Tel: +998 (71) 244-00-91

       e-mail: Questo indirizzo email è protetto dagli spambots. E' necessario abilitare JavaScript per vederlo. , Questo indirizzo email è protetto dagli spambots. E' necessario abilitare JavaScript per vederlo.

       fax: 244-00-65

 

Top