SJ News II - шаблон joomla Авто

20170909

2017-yilning 29-sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Moskva va Butun Rus Patriarxi Kirillni qabul qildi. Patriarx tashrifi davomida Samarqandda bo‘lib, uch din uchun mo‘’tabar sanalgan Doniyor payg‘ambar qabrlarini ziyorat qildi. Bunday tashrif va uchrashuvlarda mamlakatimizdagi diniy bag‘rikenglikning yorqin namunasini ko‘rish mumkin.

Patriarx Kirillning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda dinlararo muloqot madaniyati yangi bosqichga ko‘tarilgan. Ko‘p asrlik tarixga ega musulmon va pravoslavlar o‘rtasidagi mehr va muruvvat aloqalari bugungi kunda saqlanibgina qolmay, balki yanada rivojlanganini ko‘rish mumkin.

Bu kabi e’tiroflarni bugungi mustaqil O‘zbekistonga nisabatan qancha keltirsa arziydi. Chunki xalqimiz qoni, yurtimiz qonunchiligi va qabul qilingan davlat dasturlarida ham bag‘rikenglikning chuqur mustahkam topganini ko‘rish mumkin. Jumladan, 2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining beshinchi yo‘nalishi xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritishga yo‘naltirilgan. Ushbu dasturul amal bo‘lgan hujjatdan kelib chiqqan holda, mamlakatimizda ahl-inoqlik, mehr-oqibat g‘oyalarini yanada keng ildiz otishiga qaratilgan chora-tadbirlar belgilangan. Harakatlar strategiyasidagi beshinchi yo‘nalishning asosiy maqsadi ham bag‘rikenglik va o‘zaro hurmat – tinchlik va xavfsizlikning asosi ekanligiga qaratilgan.

Bugun yurtimizda 16 ta diniy konfessiyaga mansub 2230 dan ziyod diniy tashkilotlar o‘z faoliyatini olib bormoqdalar. Dunyoning turli nuqtalarida, hatto e’tiqod erkinligiga shu kungacha namuna sifatida qarab kelingan ayrim G‘arb mamlakatlarida ham bir din vakillari tomonidan boshqalarga nisbatan tajovuzlar sodir bo‘lib turgan bir paytda O‘zbekistonda turli diniy e’tiqod kishilari o‘z ibodatlarini emin-erkin ado etmoqdalar. Musulmon bayramlari bilan bir qatorda noislomiy diniy yo‘nalishlarga mansub bayramlar ham o‘tkazilmoqda, turli uchrashuv va tadbirlarda, OAV va darslarda bag‘rikenglik keng targ‘ib qilinmoqda.

Biroq afsuski, globallashayotgan dunyoda diniy va irqiy qarama-qarshiliklar, bir madaniyatni boshqa madaniyatga qarshi qo‘yish holatlari va ijrochilari ham ortib bormoqda. Dinlar haqida yetarlicha bilim va tasavvurga ega bo‘lmaslik, johillik, nodonlik, boshqalarga “g‘ayr” nazari bilan boqish, hozirda ayniqsa, yoshlar o‘rtasida avj olib borayotgani hech kimga sir emas. Shunday bir paytda O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoev BMTning 72-sessiyasida yer yuzidagi dinlar va mazhablar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar, diniy mutaassiblik va murosasizliklarning bosh omili bilim va ma’rifatning yetishmasligi, bag‘rikenglikning yetarli darajada ildiz otmagani ekanligini ta’kidladi. Bundan salkam o‘n asr oldin yashagan buyuk alloma Abu Rayhon Beruniyning «Odamlar bilmagan narsalariga dushmanlik ko‘zi bilan qaraydilar» degan fikrlari yuqoridagi so‘zlarni yana bir bor tasdiqlaydi.

Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyasining «Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik» deb nomlangan maxsus rezolyusiyasini qabul qilish to‘g‘risidagi taklifi ham aslida bunday yovuzliklarning oldini olishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Aynan shunday bir davrda O‘zbekistonda yosh avlod ajdodlarning bag‘rikenglik qarashlari asosida tarbiya qilinib, bu borada Imom Buxoriy va Abu Iso Termiziy kabi zabardast allomalar nomidagi xalqaro ilmiy tadqiqot markazlari, Islom sivilizasiyasi markazining tashkil etilishi ertangi kun egalarining faqat va faqat bilimli, yanada ma’rifatli bo‘lishiga xizmat qiladi.

Aslida azaliy qadriyatlarimizga aylangan islom ta’limotida ham ahillik, o‘zaro murosali bo‘lish o‘zining mustahkam o‘rnini topgan. Jumladan, Qur’oni karimning mo‘’tabar oyatlarida barchaning bir ota va onadan vujudga kelgani, insoniyat yer yuzini obod etib, u yerda qon to‘kmasligi lozimligi hamda Imom Buxoriy to‘plagan hadislardagi diniy bag‘rikenglik to‘g‘risidagi qarashlar xalqimiz dunyoqarashiga asrlar davomida ta’sir o‘tkazib kelgan. Imom Moturidiy bobomizning musulmonlarning tarafkashliklarga bo‘linmay, “boshqalar” bilan adovatda yashamaslikka qaratilgan fikrlari, buyuk Sohibqiron Amir Temurning barcha xalqlarni bir samo ostidagi yagona davlatda birlashtirishi negizida bashariyatning birligi g‘oyalari yotibdi. Shu sabab tariximiz sahnasida diniy adovatga asoslangan o‘zaro nizolarni, bir e’tiqod vakillarining boshqalar bilan urushganini ko‘rmaymiz. Aynan bunday holat mamlakatimizda ko‘p sonli e’tiqod vakillari bo‘lgan musulmonlar va ulardan keyingi o‘rinda turuvchi xristianlar o‘rtasida ham mavjud. Chunki xalqimiz bag‘rikeng, uning tomirida ulug‘ zotlarning qoni oqmoqda, ajdodlari ulkan ilm sohiblari bo‘lgani kabi avlodlari ham ma’rifatlidir. Shunday ekan, yurtimizdagi bag‘rikenglik va birdamlikni namuna qilishga yetarlicha asoslar bor.

Davronbek Maqsudov,

   “Islom sivilizasiyasini o‘rganish ISESCO” kafedrasi mudiri,

tarix fanlari nomzodi

Read 328 times
Share this article

yil

Biz bilan bog'lanish

      

       100011, Toshkent shahar,

       Abdulla Qodiriy ko'chasi, 11-uy

       Tel: +998 (71) 244-00-91

       e-mail: Questo indirizzo email è protetto dagli spambots. E' necessario abilitare JavaScript per vederlo. , Questo indirizzo email è protetto dagli spambots. E' necessario abilitare JavaScript per vederlo.

       fax: 244-00-65

 

Top