SJ News II - шаблон joomla Авто

20170909

“HIGH SPIRITUALITY, HARMONY OF VALUES AND TOLERANCE ///// “YUKSAK MA’NAVIYAT, QADRIYATLAR UYG’UNLIGI VA BAG’RIKENGLIK” ///// ISHONCH TELEFONI: +(371)-244-00-56 SOAT 09:00 DAN 17:00 GACHA ///// Tashkent Islamic University Motto ///// «ВЫСОКАЯ ДУХОВНОСТЬ, ГАРМОНИЯ ЦЕННОСТЕЙ И ТОЛЕРАНТНОСТЬ» /////

O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov ta’kidlaganidek,  “Bugungi kunda zamonaviy axborot maydonidagi harakatlar shu qadar tig‘iz, shu qadar tezkorki, endi ilgarigidek, ha, bu voqea bizdan juda olisda yuz beribdi, uning bizga aloqasi yo‘q, deb beparvo qarab bo‘lmaydi. Ana shunday kayfiyatga berilgan xalq yoki millat taraqqiyotdan yuz yillar orqada qolib ketishi hech gap emas”[1].

Axborot globallashuvi har bir davlatning siyosiy-iqtisodiy, ma’naviy asoslariga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Kompyuter, internet tarmog‘i ma’lum davlat yoki jamiyatning rivojlanishining inkor etib bo‘lmas elementiga aylanishi mumkin. Shu bilan birga, undan foydalanishda juda ehtiyotkor bo‘lish ham talab etiladi. Kompyuter jinoyatchiligining ob’ekti bir davlatda, uning ijrochisi esa, boshqa davlatda bo‘lishi mumkin. Ma’lumotlarga qaraganda, kompyuter jinoyatchiligi dunyo miqyosida axborot texnologiyalari sohasi rivojlanishi va kompyuterlar soni hamda turlari oshishiga mutanosib ravishda o‘sib bormoqda. O‘z navbatida, axborot texnologiyalari sohasiga “in qurgan” jinoiy guruhlarning e’tibori asosan banklarga, yolg‘on axborot evaziga pul ko‘chirishlarga, moliyaviy firibgarlikka qaratilgan[2].

Kiberterrorchilik – maxsus xakerlik dasturlari orqali kompyuter boshqaruvi  tarmoqlarini egallab olish, viruslar yordamida kompyuter tarmog‘ini ishdan chiqarish kabi xunrezliklarni amalga oshiradi. Bugungi kunda aynan ushbu tushuncha axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi ko‘p turdagi jinoyatlarni birlashtirgan. Virus va boshqa zararli dasturlar, qonunga zid axborotlar tayyorlash va tarqatish, elektron xatlarni ommaviy tarqatish (spam), xakerlik hujumi, veb-saytlarga noqonuniy kirish, firibgarlik, mualliflik huquqini buzish, kredit kartochkalari raqami va bank rekvizitlarini o‘g‘irlash (fishing va farming) hamda boshqa turli jinoyatlar shular jumlasidandir.Ushbu holatlarda jinoyatchilar o‘zlarini qiziqtirgan “ob’ektlar”ga moddiy va ma’naviy zarar yetkazishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ymoqda. Bunday kimsalar doirasi esa, yildan-yilga kengayib borayotganini hayotning o‘zi ko‘rsatib turibdi.Virtual jinoyatchilar o‘zlarining bunday xatti-harakati bilan 110 milliard dollardan ziyod moliyaviy zarar yetkazmoqda. Bunday qonunbuzarliklarning oldini olish uchun yiliga 270 milliard dollardan ortiq mablag‘ sarflanmoqda. Tadqiqotchilar qiyos uchun quyidagi dalilni qayd etadi: dunyoda eng ko‘p qing‘ir daromad keltiradigan noqonuniy biznes-narkotik moddalar savdosining yillik hajmi 288 milliard dollarni tashkil qiladi va bu raqam kiberjinoyatchilik keltirayotgan zarardan kamdir. Bu esa, kiberjinoyatchilik nafaqat fuqarolar yoki tashkilotlar, balki iqtisodiyotning muhim tarmoqlarini to‘liq kompyuterlashtirilgan har qanday davlatning milliy xavfsizligiga bevosita tahdiddir. Shu bois kiberjinoyatchilik butun dunyoda odatdagi jinoyatlarga tenglashtirilgan va ularni sodir etgan shaxslar qonun bo‘yicha ta’qib qilinadi[3]. Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, AQSH va Yevropa mamlakatlarida xalqaro tarmoqdan foydalanuvchilarning 50 foizi kiber-tahdidlarga duch kelishgan. So‘ngi yillarda bank-moliya tizimida ro‘y berayotgan kiber-jinoyatlar oshib bormoqda. Ayniqsa, bu hujumlar bank yoki yirik kompaniyalar iste’molchilari, xaridorlariga katta zarar keltirmoqda. Misol uchun, 2014- yilda bu zarar miqdori 114 milliard AQSH dollariga teng bo‘lgan. Har sekundda bu hujumlardan 12 kishi zarar ko‘rmoqda. Bir yilda 380 million kishi kiber o‘g‘riliklarning qurboniga aylanmoqda. 2012-yilda kiber hujumlardan jabrlanganlarning har biri o‘rta hisobda 140 AQSH dollari yo‘qotishgan bo‘lsa, hozirgi vaqtda bu ko‘rsatkich 300 AQSH dollarini tashkil qiladi. Bugun kiber-jinoyatlar biznesdagi raqobatni sindirish vositasi yoki muayyan kompaniyalarning axborot texnologiyalari infratuzilmasiga hujum qilish natijasida raqobatchini kuchsizlantirish, kompaniyalarning ish uslubi, daromadi va boshqa qimmatli ma’lumotlarni aniqlashda, josuslik maqsadida ham amalga oshirilayotgani ma’lum bo‘lmoqda. Misol uchun, xalqaro kompaniyalarga qaratilayotgan bunday josusliklar tufayli  2014-yilda Apple, Google, Facebook va Twitter, shuningdek, The New Work Times, Wall Street Journal, Associated Pres kabi ulkan sanoat va matbaa kompaniyalarining zarar ko‘rgani kiber-hujumlar ularga qarshi o’rnatilgan eng ishonchli himoya to‘siqlarini ham zabt etishi mumkinligini ko‘rsatadi[4].

Abu Hurayra (r.a.): “Rasululloh (sav): “Odamlarga shunday zamon keladiki, inson o‘z topgan mol-u dunyosini halol yo‘l birlan topadimi, yoki harom yo‘l birlan topdimi, ishi bo‘lmay qo‘yadi”, - dedilar[5]. Bu rivoyat  mol-dunyoni qing‘ir yo‘llar bilan topishga harakat qiladiganlar uchundir. Bugungi zamonda kiberjinoyatchilar mana shu toifadandir. FBI kiber-jinoyatchilar tomonidan qilingan  hujumlarni tekshiruvchi federal agentlik hisoblanadi. Tahdid keskin darajada oshib bormoqda va ommaboplashmoqda. Kiberjinoyatchilar Amerika  kompaniyalari savdo sirlarini nishonga oladi va boshqa koorparativ tashkilotlarga hujum qiladi. Germaniya hukumati 2016-yilda kompyuter firibgarligi, josusligi,va boshqa kiberjinoyatlar bilan bog‘liq 82 mingdan ko‘proq holatni qayd qilgan. Bu esa 2015-yilga nisbatan 80 foizga ko‘proqni tashkil qiladi.Bundan tashqari, nemis politsiyasi internet yordamida amalga oshirilgan 253 ta jinoyat haqida  ma’lum qilgan, bu esa 2015-yilga nisbatan 3.6 foiz ko‘proqni tashkil qilgan[6]. Globallashayotgan dunyoda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va ayniqsa, Internet kishilar kundalik hayotining ajralmas qismiga aylanib bormoqda. Globallashuv jarayonining muhim qismi bo‘lgan internet bugun jamiyat a’zolari kundalik hayotidan muhim joy egalladi. Har kuni global tarmoqda bir necha milliondan ziyod axborot resurslarining paydo bo‘lishi uning hajmi har daqiqa sayin o‘sib borayotganidan dalolat beradi. Internet – inson tafakkuri, aql va bilimi qudratining mahsuli hisoblanib, qaysidir ma’noda uni ulkan “ummon”ga qiyoslash mumkin. Kimdir bu ummonda manziliga juda tez hamda aniq yetib bormoqda va yana kimdir ana shu ummon girdobida qolib ketmoqda. Biroq shuni alohida qayd etish lozimki, bu global tarmoq afzalliklarini inkor etmagan holda, uning inson ma’naviyatiga tug‘diradigan xavf-xatarlari to‘g‘risida fikr yuritish maqsadga muvofiqdir[7].  Xususan,  bugungi  vaqtda Shimoliy Koreya xakerlari borgan sari jadallashmoqda. Ular butun dunyo bo‘ylab joylashgan moliya muassasalarini o‘z hujumiga nishon qilib tanlashmoqda. Ayni paytda, KXDR xakerlari dunyoning 18 davlati banklariga hujumda ayblanmoqda.

Tegishli ma’lumotlar kiberxavfsizlik bo‘yicha rus kompaniyasi hisoblangan Kasperskiy laboratoriyasining yangi hisobotida aks etgan. Aytilishicha, Lazarus nomi ostidagi guruh Bangladesh, Ekvador, Flippin,Vetnam, Kosta-Rika, Efiopiya, Gabon, Hindiston, Indoneziya, Iroq, Keniya, Malayziya, Nigeriya, Polsha, Tayvan, Tailand va Urugvaydagi moliya muassasalari himoyasini buzib kirgan. Xalqaro xavfsizlik bo‘yicha ikki mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, o‘g‘irlangan pullardan yadro quroli yaratishda foydalanilmoqda. O‘z turgan joyini oshkor qilmaslik uchun Lazarus xakerlari Fransiya, Janubiy Koreya va Tayvandan joylashgan serverdan foydalanadi. Ammo, kichik bir xato ularni oshkor etib qo‘ygan va Kasperskiy laboratoriyasi mutaxassislari Shimoliy Koreyaga eltuvchi “kalavaning uchi”ni topib olishgan. So‘nggi yillarda Shimoliy Koreyalik  xakerlarning mo‘ljali bir necha almashib turgan. 2013-yilda Janubiy Koreya o‘z telekompaniyasiga hujum uyushtirilganini e’lon qilgan edi. 2015-yilda Yer yuzi bo‘ylab, 594 million kishi kiberjinoyatchilar qurboniga aylangan. Bu sayyorada yashayotgan har 12 kishidan biri shunday muammoga to‘qnashayotganini ko‘rsatadi. Bu holat tufayli jabrlanuvchilarning har biri o‘rtacha 359 dollardan yo‘qotgan. 2016-yilda kiber jinoyatchilar odamlardan 158 milliard dollar o‘g‘irlashgan. AQSHda kiberjinoyatchilar tufayli 2015-yilda 30 milliard dollar zarar ko‘rilgan. Sberbank  rahbari o‘rinbosari Lev Xasis Rossiyaning kiberjinoyatchilikdan ko‘rgan zarari 1milliard dollar bo‘lgani haqida aytgan.

Har bir insonning o‘z xatti-harakati uchun javobgarligini anglab yetishi ham qonunning ustuvor darajaga ko‘tarilishi bilan bog‘liqdir. Ularning milliy-ma’naviy xavfsizlikni ta’minlashdagi o‘rni shundaki, qonun ustuvor bo‘lgan mamlakatda millat vakillari har bir inson, umuman, butun aholi chetdan keladigan har qanday g‘arazli g‘oyalar va zo‘ravon mafkuralar ta’siridan ogoh bo‘ladi, ularga qarshi kurashishda yagona kuch sifatida birlashadi. Shu tariqa, millat va umumxalq birligi mustahkamlanadi. Hamda milliy-ma’naviy xavfsizlik ta’minlanadi. Qonunlar ustuvor bo‘lmagan mamlakatda esa, milliy-ma’naviy yemirilish yuzaga keladi. Chunki qonun buzilgan joyda beqarorlik yuzaga keladi va bu milliy-ma’naviyat uchun yangi tahdidlarning yuzaga kelishiga olib keladi[8].

Axborot almashinuv vositalarining o‘ta takomillashuvi tufayli axborot uzatish oqimining tobora globallashuv jarayonining o‘ziga xos ko‘rinishi sifatida internet tizimining paydo bo‘lishi, aytish mumkinki, televidenie, radio singari OAV laridan so‘ng  XX asr  oxirlarida ro‘y bergan tub inqilobiy hodisa bo‘ldi. Uning yordamida cheksiz sohalarga oid bilish va axborotlar manbaiga kirish, qisqa vaqt ichida behisob ma’lumotlarni to‘plash, ishlab chiqarish va uning texnik vositalarini va hattoki, maishiy turmush jarayonlarini ham masofadan turib boshqarish mumkin. Ayni paytda internet imkoniyatlaridan foydalangan holda begona kompyuterlarni boshqarish, ulardagi ma’lumotlar bazalariga kirish, nusxa ko‘chirish, g‘arazli maqsadlarda turli xil viruslar tarqatish kabi noqonuniy ishlarni ham amalga oshirish mumkin[9].

Kiberterrorchilik insonlarning mulklariga, hayotlariga va sog‘liqlariga tahdid qilish barobarida davlat infratuzilmalarining faoliyati buzilishiga ham olib keladi.                                                                                              Kiberterrorchilar axborot texnologiyalaridan foydalanib siyosiy, diniy va ideologik maqsadni amalga oshirish uchun ma’lumot uzatiladigan ob’ektlarni yo‘q qilish bilan ham insonlarni xavotirga solmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov ta’kidlaganidek: “Bugungi kunda dunyoda kiberjinoyatchilik, kommunikatsiya texnologilaridan foydalangan holda salbiy informatsion ta’sir o‘tkazish kabi xalqaro xavfsizlikka  nisbatan ilgari uchramagan xavf-xatarlarning avj olayotganiga yetarli baho bermasdan, ularning oldini olmasdan, beparvo bo‘lib yashash mutlaqo mumkin emas”.

O‘zbekiston axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida xalqaro xavfsizlik tizimiga Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib qo‘shilgani diqqatga sazovordir.Shuningdek, “Uzinfocom” kompyuter va axborot  texnologiyalarini rivojlantirish hamda joriy etish  markazi huzurida “UZCERT” kompyuter hodisalariga chora ko’rish xizmati tashkil etilgani muhim ahamiyatga ega. Shu tariqa kiberjinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha O‘zbekistonda  muntazam takomillashib borayotgan tizim yaratildi.Mamlakatimiz ushbu yo‘nalishda xalqaro hamkorlikni samarali yo‘lga qo‘ygan. Axborot va kompyuter tahdidlari yo‘liga ishonchli to‘siq qo‘yish  uchun esa barcha zarur vosita va tajribali kadrlar yetarli. Kiberjinoyatchilar, odatda, milliy chegaralarni chetlab o‘tgan holda jahon tarmog‘iga ulangan har qanday kompyuterga hujum qiladi. Yoki go‘yo boshqa manbalardan yoxud bunday xatti-harakatlar jinoyat hisoblanmaydigan mamlakatdan turib, shunday hujumni amalga oshiradi. Bu esa, o‘z navbatida,qator huquqiy ziddiyatlarni keltirib chiqarmoqda. Bunday jinoyat turi globallashib borayotgani e’tiborga olinadigan bo‘lsa, bugun hech qaysi mamlakat ushbu xavfga nisbatan mustaqil ravishda bir o‘zi qashilik ko‘rsata olmaydi. Bunday sharoitda kiberjinoyatchilikka qarshi birgalikda kurashish va o‘zaro hamkorlikning xalqaro huquqiy mexanizmlarini ishlab chiqish yagona yo‘ldir. Internet yo‘li bilan sodir etilayotgan  jinoyatlar soni va ular keltiradigan zarar miqdori yildan-yilga ortib bormoqda.Mutaxassislar ta’kidlashicha, 90-yillar oxirida kiberjinoyatchilardan yiliga 10 million dollarga yaqin zarar ko‘rilgan bo‘lsa, 2010-yilga kelib, bu raqam 500 million dollarni tashkil etdi[10].

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida kiber-jinoyatlarga oid harakatlar uchun javobgarlik o‘z ifodasini topgan. 2007-yil 25-dekabrda qabul qilingan “Axborotlashtirish va ma’lumotlar uzatish sohasida qonunga xilof harakatlar sodir etganlik uchun javobgarlik kuchaytirilgani munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi  Qonunga muvofiq, Jinoyat kodeksi “Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlar” deb nomlangan 20-bob bilan to‘ldirilgan.Unda axborotlashtirish qoidalarini buzish, kompyuter axborotidan qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) foydalanish, kompyuter sabotaji, zarar keltiruvchi dasturlarni yaratish, ishlatish yoki tarqatish kabi qator jinoyatlar uchun jazo choralari belgilangan[11].

O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov ta’kidlaganidek: “Bugungi kunda yoshlarimiz nafaqat o‘quv dargohlarida, balki radio-televevidenie, matbuot, internet kabi vositalar orqali ham rang-barang axborotlarni olmoqda. Jahon axborot maydoni tobora kengayib borayotgan shunday bir sharoitda bolalarimizning ongini faqat,  o‘rab-chirmab, uni o‘qima, buni ko‘rma, deb bir tomonlama tarbiya berish, ularning atrofini temir devor bilan o‘rab olish, hech shubhasiz, zamonning talabiga ham, bizning ezgu-muddaolarimizga ham to‘g‘ri kelmaydi”[12].

Xulosa qilib aytganda, jamiyat hayotini buzishga qaratilgan bunday xatti-harakatlar zamirida shuni anglash mumkinki, bunday harakatlarning barchasida yovuzlik g‘oyalari yotadi. Kiberjinoyat bilan shug‘ullanadigan kishilarning barchasi firibgar, johil kishilardir. Ularning qing‘ir yo‘llar bilan oson pul topib, rohat-farog‘atda yashashi ular uchun baxtdir, lekin ular qanchadan-qancha insonlarning baxtsizligiga sabab bo‘lishayotganini davrning o‘zi yaqqol ko‘rsatib o‘tiribdi. Barcha insonlarning ehtiyotkor bo‘lib yashashi, kiberjinoyatchilikka beparvo holda qaramasligi hozirgi zamon sharotining dolzarb masalaridan biridir. Davlatlarning iqtisodini izdan chiqarish kiberjinoyatchilikning bosh g‘oyalaridan biridir. Ular bu ishni amalga oshirish uchun qanchadan-qancha kompyuterlarga hujum qilib, moliyaviy zarar yetkazadi. Bu  qing‘ir ishlar tufayli millionlab fuqarolarning iqtisodiga zarar keltirish bilan birga  balki, jamiyatning ham inqiroziga sabab bo‘ladi. Hozirgi davrda kiberjinoyatchilikka qarshi kurash barcha davlatlarning muhim masalalaridan biridir.

Boltayeva Dilsora,

Dinshunoslik yo‘nalishi 3-kurs talabasi

 

[1] Karimov I.A. Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch. – Toshkent: Ma’naviyat, 2008. – B. 112.

[2] Milliy istiqlol g‘oyasi va milliy xavfsizlik. – Toshkent, 2008. – B. 26.

[3] Internetdagi tahdidlardan himoya: Yordamchi o‘quv qo‘llanma / M.Amin Yahyo; Mas’ul muharrir A. Hasanov.-Toshkent: Movorounnahr, 2016. – B. 200-206.

[4] Ictnews.uz. Shuhrat Sattorov matni. 2017 UZINFOCOM Markazi.

[5] Imom Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy. Al-Jome’ As-sahih. – Toshkent, 1997. – B. 7.

[6]http://www.googl...&source=android cyber crime

[7] Kuchimov N. Yoshlarda internet tizimidan foydalanish madaniyatini shakllantirish zarurati. – Toshkent: NISHON_NOSHIR, 2013. – B. 66.

[8] Otamurodov S. Globallashuv va milliy-ma’naviy xavfsizlik. – Toshkent: O‘zbekiston, 2015. – B. 444.

[9] Teshaboyeva L. Internet tizimi imkoniyatlari va yoshlar tarbiyasi muammolari. – Toshkent:  NISHON-NOSHIR, 2013. – B. 109.

[10] Internetdagi tahdidlardan himoya:Yordamchi o‘quv qo‘llanma /M.Amin Yahyo; Mas’ul muharrir A.Hasanov. -Toshkent: Movarounnahr, 2016. – B. 200-206.

[11] Ictnews.uz.Shuhrat Sattorov matni.2017 UZINFOCOM Markazi.

[12] Karimov I.A. Yuksak ma’naviyat - yengilmas kuch. – Toshkent: Ma’naviyat, 2008. – B. 114.

Read 98 times
Share this article

yil

Biz bilan bog'lanish

      

       100011, Toshkent shahar,

       Abdulla Qodiriy ko'chasi, 11-uy

       Tel: +998 (71) 244-00-91

       e-mail: Questo indirizzo email è protetto dagli spambots. E' necessario abilitare JavaScript per vederlo. , Questo indirizzo email è protetto dagli spambots. E' necessario abilitare JavaScript per vederlo.

       fax: 244-00-65

 

Top