SJ News II - шаблон joomla Авто

20170909

«ВЫСОКАЯ ДУХОВНОСТЬ, ГАРМОНИЯ ЦЕННОСТЕЙ И ТОЛЕРАНТНОСТЬ» ///// ///// “YUKSAK MA’NAVIYAT, QADRIYATLAR UYG’UNLIGI VA BAG’RIKENGLIK” ///// “HIGH SPIRITUALITY, HARMONY OF VALUES AND TOLERANCE ///// Tashkent Islamic University Motto ///// ISHONCH TELEFONI: +(371)-244-00-56 SOAT 09:00 DAN 17:00 GACHA

Haq yo‘linda kim senga bir harf o‘qitmish ranj ila,

Aylamak bo‘lmas ado, oning haqin yuz ganch ila.

Alisher Navoiy

Ustoz va shogird munosabatlariga azaldan jiddiy e’tibor qaratib kelingan. Chunki o‘qituvchilik mas'uliyatli va mashaqqatli kasb. Ustoz o‘z umrini, qalb qo‘rini, aql-idrokini, tajribasi va bilimini shogirdi kamoloti uchun sarflaydi. Shogirdning yutug‘ini ko‘rib quvonadi, muvaffaqqiyatsizligidan g‘am chekadi. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov ta’kidlaganlaridek: “Barchamizga ayonki, inson qalbiga yo‘l ta’lim-tarbiyadan boshlanadi. Buning uchun qachonki bu haqda gap ketsa, ajdodlarimiz qoldirgan bebaho merosni eslash bilan birga, ota-onalarimiz qatori biz uchun eng yaqin bo‘lgan yana bir buyuk zot – o‘qituvchi va murabbiylarning oliyjanob mehnatini hurmat bilan tilga olamiz... Agarki dunyo imoratlari ichida eng ulug‘i maktab bo’lsa, kasblarning ichida eng sharaflisi o’qituvchilik va murabbiylikdir”[1].

Islom ulamolari, mutafakkirlari ham o‘z asarlarida ustoz va shogird munosabatini batafsil yoritganlar. Har bir ishning o‘z odobi, tartib-qoidalari bo‘lgani kabi ustoz va shogird munosabatlarining ham o‘ziga xos odobla-ri mavjudligini ana shunday asarlar orqali ham bilish mumkin. Ustoz-shogirdlik tushunchasi yuksak milliy qadriyatlarimizdan hisoblanib, bunda asrlar davomida shakllangan tartib-qoidalarga amal qilib kelinadi. Husayn Voiz Koshifiyning “Futuvvatnomai sultoniy” kitobida ustoz qanday bo‘lishi, shogirdlik shartlari nimalardan iborat ekani haqida batafsil ma’lumot berilgan: “Agar komil ustoz kim deb so‘rasalar, u pok mazhabli, o‘z aybini ko‘radigan, dono va tamizli kishidir, deb aytgil. Unda hasad, gina va baxillikdan asar ham bo‘lmasligi kerak. Agar shogirdlik binosi nimaning ustiga quriladi, deb so‘rasalar, irodat ustiga deb aytgin. Irodat nima deb so‘rasalar, ustoz nimaiki aytsa, uni jon qulog‘i bilan eshitish, chin ko‘ngil bilan qabul qilish va vujud a’zolari bilan amalda ado etishdir. Agar shogird uchun nima yaxshi deb aytsalar, pok e’tiqod, deb ayt, chunki faqat e’tiqod kishini murodga yetkazadi”[2]. Jumladan, talabaning muallimiga nisbatan odoblari ham quyidagilarda namoyon bo‘lishi lozim: muallimga tavozeli bo‘lish; olimni ehtirom va izzat-ikrom qilish, qadrini bilish, unga ulug‘lash nazari bilan qarash; muallim kelganda o‘rnidan turib hurmat ila kutib olish; tushunish qiyin bo‘lgan har bir narsani so‘rab o‘rganish; muallimning darsida odobli bo‘lish, jim o‘tirib tinglash va odob bilan savol berish; darsdan chiqib ketmaslik; tolibi ilmning shogird tushishga izn so‘rashi, muallimdan ilm olishi va uning itoatida bo‘lishi; muallimning haqlarini mukammal tarzda ado qilish; darslarni o‘z vaqtida, qunt bilan tayyorlash; uyga kelganda har bir darsdan berilgan vazifani o‘z vaqtida pux-ta tayyorlab qo‘yish, ortga surmaslik; kundalik mashg‘ulotlar uchun kerakli kitob, daftar, qalam kabi narsalarni kamchiliksiz hozir qilish kabilardan iborat. Shuningdek, ustozning odoblari ham manbalarda alohida ta’kidlanganki, ular orqali komil ustoz sifatlarini bilib olish mumkin. Masalan: ilm olishga rag’bat qilish, uni sevish, unga butun vujudi bilan berilish va ilmini ziyoda qilish uchun doimo harakatda bo‘lish; ilmiga amal qilish; dunyoning hoyu havaslarini ustun qo‘ymaslik; barchaga birday tavozeli bo‘lish; ta'lim berishga ixlos qo‘yish; ilmni mustahkam egallash; hilm, viqor, shoshmaslik va bag‘rikenglikni lozim tutish; johillarning jafosiga, hasadchilarning hasadiga, bo‘xtonchilarning ig‘vosiga va dushmanlarning adovatiga sabr qilish; ilmni talab qiluvchiga keragicha berish; ilmni tolibning fahmlash qobiliyatiga qarab berish; ichi va tashining go‘zal bo‘lishini ta'minlash; talabalarga bergan ilmini minnat qilmaslik; o‘zi mutaxassis bo‘lgan ilmdan boshqa ilmlarni qoralamaslik; talabasini qo‘liga topshirilgan omonat deb bilish; talabalariga go‘zal insoniy sifatlarda, odob-axloqda, ilm-ma'rifatda, muomalada, hayotning barcha sohalarida jonli namuna bo‘lishdek, odoblar kiradi[3].

Rasululloh (s.a.v.) tomonlaridan aytilgan hadislarda ham ilm olishga targ‘ib qilingan, ustoz-shogird odoblarining muhim jihatlari, nozik tomonlari yoritilgan. “Ilm o‘rganinglar. Ilm uchun sokinlik va viqorni o‘rganinglar. O‘zingiz ta'lim olayotgan zotga tavozeli bo‘linglar” (Tabaroniy rivoyati). “Jannat bog‘lari yonidan o‘tsangiz, sayil qiling”, dedilar. “Ey Allohning Rasuli, Jannat bog‘lari nimadir?” deyishdi. “Ilm majlislari”, dedilar (Tabaroniy rivoyati)[4].

Xulosa sifatida aytish joizki, tolibi ilm qay sohada ilm olmasin, faqatgina ilm va ilm ahlini hurmatini o‘z o‘rniga keltira olishi - uni hurmatlab, e’zoz eta olishi bilangina kasb qilgan ilmidan manfaat topadi. Odob-axloq ilm egasining eng asosiy fazilati hisoblanadi. Mustaqillik yillarida ko‘plab milliy qadriyatlarimiz hayotimizga qayta kirib keldi. Shular qatorida ustoz-shogird an'analari ham yangi sharoitda, yangi ma’no-mazmunda hayotga tatbiq etilgan holda yoshlarimiz ma’naviyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Maktab, kollej, oliy o‘quv yurtlari talabalari o‘z muallimlariga “ustoz” deb murojaat qilayotgani ham fikrimizning yaqqol isbotidir. Chunki bugun tilda qayta-qayta aytilayotgan bu so‘z vaqti kelganda inson qalbidan chuqur o‘rin egallaydi.

Sohiba Yusupxojiyeva,

Toshkent islom universiteti talabasi

 

[1] Karimov I.A. Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch. - T.: “Ma’naviyat”, 2010. - B. 130-131.

[2] Husayn Voiz Koshifiy. Futuvvatnomai sultoniy yoxud javonmardlik tariqati. - T.: Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 1994. - B. 31.

[3] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Ijtimoiy odoblar. - T.: HILOL-NASHR, 2015. - B. 353-372.

[4] O‘sha manba. - B. 360, 362.

Read 64 times
Share this article

yil

Biz bilan bog'lanish

      

       100011, Toshkent shahar,

       Abdulla Qodiriy ko'chasi, 11-uy

       Tel: +998 (71) 244-00-91

       e-mail: Questo indirizzo email è protetto dagli spambots. E' necessario abilitare JavaScript per vederlo. , Questo indirizzo email è protetto dagli spambots. E' necessario abilitare JavaScript per vederlo.

       fax: 244-00-65

 

Top