SJ News II - шаблон joomla Авто

20170909

Qonun ustuvorligini ta’minlash, aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish, yosh avlod huquq va manfaatlarini himoya qilish, o‘sib kelayotgan yosh avlodning jismoniy, ma’naviy jihatdan barkamol rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratilishi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan kuchli ijtimoiy siyosatning o‘ziga xos xususiyatlaridan biridir. Mazkur siyosatning huquqiy asoslari Konstitutsiyamizning 64-moddasida o‘z aksini topgan bo‘lib, unga ko‘ra: “Ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar.” Asosiy Qonunimizning  65-moddasida esa, “Farzandlar ota-onalarning nasl-nasabidan va fuqarolik holatidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar, onalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinadi”, deb mustahkamlab qo‘yilgan. Shuningdek, voyaga yetmaganlarni tarbiyalash va ularning huquqlarini himoya qilish masalalari “Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya”da, parlamentimiz tomonidan qabul qilingan ko‘plab qonunlarda, davlat dasturlarida o‘z aksini topgan.

Ma’lumki, BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1989-yil 20-noyabrda “Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya” qabul qilingan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi 1992-yil 9-dekabrda uni ratifikatsiya qildi. Konvensiya 54 moddadan iborat bo‘lib, bolaning oilada tarbiyalanishi, bu borada ota-ona mas’uliyati, bolaning dunyoqarashi, fikrini erkin ifodalashi, vijdon va din erkinligi, bola himoyasi kabi muhim huquqiy jihatlar mustahkamlangan.

Bola tarbiyasida ota-onaning burchi muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va Oila kodeksida farzand tarbiyasida ota-onaning huquq va burchlari qonunlashtirilgan. Zero, farzand tarbiyasida har bir ota-onaga yuksak va sharafli vazifalar yuklatiladi. Ularning burchi farzandining baxtli kelajagini ta’minlashni ko‘zlab, uni jamiyatga naf keltiruvchi sog‘lom, barkamol shaxs etib tarbiyalashdan iborat.

Globallashuv jarayonida axborot texnologiyalari kundalik turmushimizga shiddat bilan kirib keldi. Endi nafaqat kattalar, balki bolalar hayotini ham  ularsiz tasavvur qilib bo‘lmay qoldi. O‘qitish uslublariga interaktiv texnologiyalari joriy qilinmoqda. Kompyuter texnologiyalari vositasida farzandlarimizning ongini zaharlash, foydali mashg‘ulotlardan chalg‘itish, “zombi”ga aylantirishdan manfaatdor kuchlar dunyoda oz emas. Internet sahifalarida buzg‘unchilik g‘oyalari, betayin turmush tarziga undovchi tasvirlar tarqatilayotganini barchamiz yaxshi anglab turibmiz. Tabiiyki, bunday qutqular hali oq va qoraning farqiga yaxshi bormaydigan yoshlarni to‘g‘ri yo‘ldan ozdirishi mumkin.

Qonunchiligimizda yoshlarni turli zararli odatlardan saqlashga qaratilgan normalar mavjud. Xususan, ularning kompyuter va internet tarmog‘idan foydalanishida ota-onalarning nazoratini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilgan. Masalan,  O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 188-moddasiga binoan, 18 yoshga to‘lmagan shaxslarning tungi vaqtda dam olish maskanlari, internet klublari, restoranlar, kafelarda ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi kishilar kuzatuvisiz bo‘lishi ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘lishi belgilangan. Tabiiyki, yoshlarimizning bunday ko‘ngilochar joylarda tunda bo‘lishi ularning spirtli ichimliklar ichish, tamaki va narkotik moddalarga ruju qo‘yish, jinoyat sodir etish xavfini yuzaga keltiradi. Afsus bilan ta’kidlash lozimki, bugungi kunda ayrim ota-onalar nafs quliga aylanib, bola tarbiyasidek muhim vazifani yaqinlariga, ba’zan qo‘shnilariga ishonib, mo‘may daromad ilinjida xorijiy davlatlarga ishga ketishmoqda. Buning oqibatida, ularning farzandlari, millatimiz davomchilari, ayrim hollarda, qarovsiz, nazoratsiz qolib ketmoqda. Achinarlisi, jinoyat ko‘chasiga kirish ayni shu nuqtadan boshlanadi. Kelajak avlod tarbiyasiga mutasaddi tashkilotlarning vazifalarini belgilash, mas’uliyatini oshirish maqsadida 2010-yil 29-sentyabr kuni “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni qabul qilindi. Ushbu Qonun o‘smirlarga yanada ko‘proq e’tibor berish, ularni qarovsiz tashlab qo‘ymaslik, lozim bo‘lganda huquqiy yordam ko‘rsatishni nazarda tutadi.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi maxsus qismining “Oila, yoshlarga va axloqqa qarshi jinoyatlar” deb nomlangan beshinchi bobida voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlaganlik, bolani tamagirlik yoki boshqa past niyatlarda almashtirib qo‘yish, farzandlikka olish sirini oshkor etish, voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish, o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish yoki ushbu shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish va boshqa qilmishlar uchun jinoiy javobgarlik belgilangan. O‘n sakkiz yoshga to‘lmasdan jinoyat sodir etgan shaxslarga kodeksda belgilangan 8 turdagi asosiy jazodan faqat 4 tasi qo‘llanishi mumkin, qo‘shimcha jazolar tayinlanishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Qonunda voyaga yetmaganlarga tayinlanishi mumkin bo‘lgan jarima miqdori, axloq tuzatish ishlari, qamoq va ozodlikdan mahrum qilish jazolarining muddati qisqartirilgan. Voyaga yetmay turib ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatga qo‘l urgan, ehtiyotsizlik oqibatida yoxud qasddan uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo tayinlanmaydi[1]. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 60-bobida ham voyaga yetmaganlarning jinoyatlari haqidagi ishlarni yuritishning alohida protsessual tartiblari belgilangan[2]. Bu haqiqatni aniqlash, voyaga yetmaganlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, sud ishlari yurituvining profilaktik ta’siriga doir kafolatlarni o‘z ichiga oladi.

Mustaqillik yillarida Birinchi Prezidentimiz I.Karimovning milliy ma'naviy tiklanish konsepsiyasi hamda taraqqiyotning “o‘zbek modeli”ga xos tarzda yoshlarimizning dunyoqarashini rivojlantirish, ularning huquqlari, manfaatlarini himoya qilish borasida qator huquqiy baza yaratildi. 1991-yil 20-noyabrda “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida”gi Qonunining qabul qilinishi esa bu boradagi, xususan, yoshlarning ijtimoiy va ma’naviy jihatdan yuksak darajada kamol topishiga qaratilgan davlatning muhim yo‘nalishlarini belgilab berdi va uni amalga oshirishning qonuniy asosini yaratib berdi.

Birinchi Prezidentimiz I.Karimovning 2014-yil 6-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori mustaqillik yillarida olib borilgan yoshlarga, xususan, ularning jamiyatda o‘z-o‘rnini topishi borasidagi islohotlarning mantiqiy va qonuniy davomi sifatida bu boradagi ishlarning yangi bosqichini boshlab berdi.

Globallashuv jarayonlarida hozirgi tahlikali dunyoning bir qator mamlakatlarida kuzatilayotgan turli salbiy jihatlar, to‘polonlar, tartibsizliklar negiziga e’tibor qaratadigan bo’lsak, ularda davlatning o‘sib-unib kelayotgan yoshlarga, ularning jamiyatdagi qiziqishlari, huquqlariga, manfaatlariga e'tiborsizligi, ulardagi yoshlarga oid siyosatning hozirgi zamonning yangi tahdidlariga javob bermasligi oqibati ekanligi alohida ko‘zga tashlanadi. Ayniqsa, hozirda qator jamiyatlar, hattoki rivojlangan jamiyatlarda ham muammo bo‘lib kelayotgan yoshlar tarbiyasi, ularni milliy xususiyatlarni hurmat qilishga undash, ish bilan band qilish, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va o‘rgatish o‘ziga xos tarzda amalga oshirib kelinayotganligi, qaysi birlarida esa, umuman uddasidan chiqmayotganligi, achinarli hol ekanligini alohida ta’kidlashimiz kerak. Ushbu jamiyatlarda jamiyat va yoshlar o‘rtasida mutanosiblik, hattoki, uzilishlar paydo bo‘lganligini ko‘rishimiz mumkin. Bu kabi muammolarning asosida jamiyat uchun muhim hisoblangan biron kasb-hunarga ega bo‘lmaslik, ishsizlik, bekorchilik yotadi. Bugungi zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari rivojlangan asrda kimlardir bu texnologiyalardan bunyodkorlik, ilm-fan, taraqqiyot yo‘lida foydalanayotganlar bo‘lsalar, qaysi bir yoshlar ijtimoiy tarmoqlar orqali ongi o‘ziga xos shakllangan, o‘zining mustaqil fikriga, nuqtai nazariga ega bo‘lmagan yoshlarni to‘rga tushirish va o‘zining salbiy niyatlarini, maqsadlarini amalga oshirish yo‘lida foydalanmoqdalar. Shu nuqtai nazardan bugun fikr qaramligi, tafakkur qulligi har qanday iqtisodiy yoki siyosiy qaramlikdan ko‘ra, dahshatli ekanligini hisobga olgan holda farzandlarimizni bunday illatlardan himoya qilishimiz lozim.

Zarifa Mamazova,

Toshkent islom universiteti o‘qituvchisi

 

[1] O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi.1994.

[2] O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi.

Read 726 times
Share this article

yil

Biz bilan bog'lanish

      

       100011, Toshkent shahar,

       Abdulla Qodiriy ko'chasi, 11-uy

       Tel: +998 (71) 244-00-91

       e-mail: Questo indirizzo email è protetto dagli spambots. E' necessario abilitare JavaScript per vederlo. , Questo indirizzo email è protetto dagli spambots. E' necessario abilitare JavaScript per vederlo.

       fax: 244-00-65

 

Top