SJ News II - шаблон joomla Авто

20170909

Ustoz-u murabbiylar haqida so‘z borar ekan, ular uchun go‘zal satrlar, chiroyli ta’riflar keltirmasakda, bu so‘zning quloqlarimizga chalinishi bilanoq, qalbimizda eng inja his-tuyg‘ular jo‘sh uradi. Ilk bora maktab ostonasiga qadam qo‘ygan hayajonli daqiqalarimiz va jajji qo‘llarimizga qalam tutishni va murg‘ak qalblarimizga ilm urfoninining zinapoyalarida tetapoya qilishni o‘rgata boshlagan mehri daryo insonlarimiz ko‘z oldimizda gavdalanadi.

 Ustoz haqida ne-ne buyuk zotlar, olim-u fuzalolar ham ular sha’niga bitmas tuganmas hamd-u sanolar aytadi. Uni quyoshga qiyoslaydi. Quyosh yer yuzini o‘z tafti bilan isitsa, ustoz qalb qo‘ri bilan hatto muzlagan qalblarni ham eritadi, uni yorug‘ kelajak tomon chorlaydi. Abdurahmon Jomiy o‘z satrlarida shunday deydi;

 

Jahonda bo‘lmasa muallim agar,

Hayot ham bo‘lmasdi go‘zal bu qadar.     

Shu o‘rinda Yurtboshimiz Islom Karimovning “Imoratlar ichida eng ulug‘i maktab bo‘lsa, kasblarning ichida eng sharaflisi o‘qituvchilik va murabbiylikdir”, deb aytgan purma’no so‘zlarini keltirsak, o‘rinli bo‘ladi. Yurt kelajagi va istiqboli ham albatta, ularning qay darajada olib borayotgan faoliyatlariga bog‘liq bo‘ladi. Chunki butun bir jamiyat, o‘sib ulg‘ayayotgan yosh avlod ularning qo‘l ostida tarbiya topadi. Misol tariqasida aytishimiz mumkinki, tibbiyot yoki qonun sohasida faoliyat olib boruvchi shaxs birgina qaltis harakati yoki no‘to‘g‘ri qarori bilan, nari borsa birgina inson taqdirini hal qilsa, o‘qituvchi butun bir jamiyat, butun bir xalq hayotini yuksaklikka yoki tanazzulga olib kelishi mumkin. Zero, o‘sayotgan yosh avlod – kelajak poydevorlaridir. Imoratning qay darjada mustahkam ekanligi uning poydevoriga bog‘liq ekanligi, agarda, u zaif bo‘lsa, imorat qanchalik ko‘kka bo‘y cho‘zib salobatli bo‘lmasin, uning uzoq muddatga yetmasligi, hammamizga ma’lum. So‘zimiz isboti sifatida Bedil hazratlarining quyidagi so‘zlarini yodga olsak, joiz bo‘ladi.

Gar g‘ishtin qiyshiq qo‘yarkan me’mor,

Yulduzga yetsa ham qular bu devor.

Hayot yo‘llarini bosib o‘tar ekanmiz, uni yoritguvchi nur ilm bo‘lsa, uning shamchirog‘i ustozdir. Mashhur yozuvchi O‘tkir Hoshimov “ota farzandning dunyoga kelishi uchun, ustoz esa, bu dunyoda yashab qolishi uchun sababchi”, deb aytgan edi. Chindan ham, bizning qanday hayot yo‘lini bosib o‘tishimiz, bizga berilgan hayot ne’matidan qay darajada foydalanib qolishimiz, ustozlarimizning bizga bergan ta’lim-tarbiya va o‘gitlariga, bizga ko‘rsatgan yo‘l-yo‘riqlariga bog‘liqdir. Chindan ham, bu dunyoning asl mohiyati shunchaki yashab o‘tish emas, balki haqiqiy inson darajasiga ko‘tarilish va bu olamning zavolligiga emas, balki obodligiga ko‘maklashish, o‘zining namunaviy hayotidan o‘chmas iz qoldirish muhimdir. Aslida insoniyatning bu dunyoda yaratilishidan maqsad ham shu emasmi?

Shunday ekan, har birimiz sharafli zotlarimiz – ustozlarimiz ishonchlarini oqlaylik. Qalbimizdagi umid, ishonch nihollarini o‘sib, ulg‘ayib, ildizlari baquvvat, ulkan daraxt bo‘lishiga va o‘zimizdan keyingi yosh avlodga tirgak bo‘lishiga va ajdodlarimizga munosib izdosh bo‘lishga bel bog‘laylik.

Munira Madaminova,

universitet magistranti

Read 698 times
Share this article

yil

Biz bilan bog'lanish

      

       100011, Toshkent shahar,

       Abdulla Qodiriy ko'chasi, 11-uy

       Tel: +998 (71) 244-00-91

       e-mail: Questo indirizzo email è protetto dagli spambots. E' necessario abilitare JavaScript per vederlo. , Questo indirizzo email è protetto dagli spambots. E' necessario abilitare JavaScript per vederlo.

       fax: 244-00-65

 

Top