SJ News II - шаблон joomla Авто

20170909

Ma’lumki, azal-azaldan xalqimizda farzand tarbiyasiga, ayniqsa, uning odobi va ma’naviy dunyosiga alohida e’tibor berib kelingan. Biroq, bugungi globallashuv davrida bolalarni turli yot g‘oyalar, axborot xurujlari, ommaviy madaniyat kabi ma’naviy tahdidlardan himoyalash vazifasi eng muhim masalalardan biriga aylanmoqda. Mustaqillikning ilk kunlaridanoq O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I.Karimov jamiyatning va ayniqsa, o‘sib kelayotgan yosh avlodning ma’naviy komil inson bo‘lib yetishishiga katta e’tibor qaratgan edi. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I.Karimov “...Har qaysi davlatning chegaralarini dahlsiz saqlashda harbiy kuch-qudrat, qurolli kuchlar suv bilan havodek zarur. Ammo xalqimiz, avvalambor, yosh avlodimiz ma’naviy olamining dahlsizligini asrash uchun biz nimalarga tayanib-suyanib ish olib borishimiz kerak, degan savol bugun barchamizni o‘ylantirishi tabiiy. ...Bunday tahdidlarga qarshi har tomonlama chuqur o‘ylangan, puxta ilmiy asosda tashkil etilgan, muntazam va uzluksiz ravishda olib boriladigan ma’naviy tarbiya bilan javob berish mumkin”[1], deb alohida ta’kidlagan.

Bugungi kunda bu borada bolalarning fikri qanday? Ular atroflarida kechayotgan bunday muammolarga qanday munosabat bildiradilar? Shu kabi masalalarni o‘rganish maqsadida, bolalar o‘rtasida ijtimoiy so‘rov o‘tkazildi[2]. Voyaga yetmaganlardan ular internetdan ko‘proq nima maqsadlarda foydalanishlari haqida so‘raganimizda, 40.9% respondent ta’lim maqsadida, 31.3% respondent siyosiy-iqtisodiy yangiliklardan xabardor bo‘lish uchun, 13.9% respondent shou-biznes haqida bilish uchun, 10.6% respondent o‘yinlar o‘ynash maqsadida, 9.3% respondent ijtimoiy muloqotda bo‘lish uchun, 1.3% respondent diniy mazmundagi axborotlardan foydalanish uchun internetga kirishini bildirgan. Afsuski, berilgan javoblar orasida “Axloqsizlik va hayosizlikni ifoda etuvchi video, rasm va axborotlarga ega bo‘lish maqsadida” (1.5%), “terrorchilikni ifoda etuvchi video, rasm va axborotlarga ega bo‘lish uchun” (0.5%), “shafqatsizlikni, inson qadr-qimmatini kamsituvchi qiziqarli video, rasm va axborotlarga ega bo‘lish maqsadida” (0.3%) ham uchraganligi kishini tashvishga qo‘yadi. Respondentlarning 15.7%i umuman internetga kirishni xohlamasligini, 8.6%i internetga kirishga imkoniyati yo‘qligini, 0.3%i internetga ko‘p kirmasligini bildirgan. Har uchtadan biri esa (36.6%) javob berishga qiynalishini aytgan. Salbiy mazmundagi javoblar asosan Toshkent shahri va Surxondaryo viloyati respondentlarining bergan javoblarida uchragan. Toshkent viloyati va Andijon viloyatlari respondentlari bergan javoblarda bunday mazmundagi javoblar umuman yo‘q. Andijon viloyati (76%), Xorazm viloyatining (74.5%) respondentlari boshqa hududlarga nisbatan ko‘proq va Toshkent shahri (1%), Toshkent viloyati (2%) respondentlari boshqa hududlarga nisbatan kamroq ta’lim olish maqsadida internetga kirar ekanlar. E’tiborli jahati shundaki, Toshkent shahri (95.9%) va Toshkent viloyatining (90.2%) aksariyat respondentlari internetga nima maqsadda kirishlarini aytib bera olmaganlar. Internetga kirishga imkoniyati yo’q respondentlar asosan Surxondaryo viloyati (30.4%), Xorazm viloyati (15.7%), Samarqand viloyatlarida (14.3%) boshqa yerlarga nisbatan ko‘proq ekan. Ta’lim maqsadida internetga kiruvchilar soni boshlang‘ich kurslarga (37%), nisbatan bitiruvchi kurslarda (44.9%), o‘g‘il bolalarga nisbatan (39.9%), qiz bolalarda (41.8%), 15-16 yoshdagilarga nisbatan (39.3%), 19-20 yoshdagilarda (48.3%) ko‘proq ekan.

Bugungi kunda mamlakatimizda mavjud ommaviy axborot vositalari ya’ni teletasvir, radio, matbuot, kino va boshqalarda bolalar uchun salbiy ta’sir etadigan axborotlar mavjudmi? Bu haqda bolalarning o‘zlaridan so‘rab ko’rganimizda, respondentlarning 11.1%i “ha, ko‘p” deya fikr bildirganlar, 28.3%i esa “ko‘p emasu, lekin uchrab turadi” deb hisoblar ekan. 10.4% respondent O‘zbekiston Respublikasining ommaviy axborot vositalarida bolalar uchun yomon ta'sir qiladigan axborotlar mavjud emasligini va 3.5% respondent bunday axborot umuman uchramasligini ta’kidlaganlar. So‘rab chiqilganlarning deyarli yarmi (46.7%) javob berishga qiynalishini bildirgan. Bunday javobni asosan Toshkent shahri (99%) va Toshkent viloyati (98%) respondentlari keltirgan. Surxondaryo viloyati respondentlarining 34.8%i, Andijon viloyati respondentlarining 70%i, Samarqand viloyati respondentlarining 53.1%i boshqa hududlarga nisbatan ko‘proq “O‘zbekiston Respublikasining ommaviy axborot vositalarida bolalar uchun yomon ta’sir qiladigan axborotlar ko‘p bo‘lmasa-da, uchrab turadi” degan javobni berganlar. Ayniqsa, Surxondaryo viloyatidan so‘rab chiqilganlarning 34.8%i O‘zbekiston Respublikasining ommaviy axborot vositalarida zararli axbrotlar ko‘p uchraydi, deb hisoblar ekan.

Bolalarni qanday yo‘llar bilan zararli axborotlardan asrash masalasini ularning o‘zlariga havola etdik. Ularga “Sizning fikringizcha, bolani zararli axborotlardan asrash uchun qanday yo‘llardan foydalansa bo‘ladi” deb murojaat qilib, turli-tuman javoblar oldik. Aytish joizki, berilgan taklif va mulohazalarning ko‘pi tahsinga sazovor.  Hali voyaga yetmagan bolalar tomonidan shunday ma’no-mazmunli, foydali maslahatlar berilishi kishini quvontiradi. So‘rab chiqilgan bolalarning deyarli har o‘ndan biri “kitob o‘qish va sport bilan shug‘ullanish” (9.3%), 7.3%i “bola doimo ota-ona nazoratida bo‘lishi, ota-onaning qattiqqo‘lligi”, 6.6%i “bolani iloji boricha bo‘sh qoldirmaslik”, 5.6%i “vaqtni ta’lim, ilm bilan unumli o‘tkazish”, 3.8%i “bolalar tarbiyasiga e’tibor berish”, 1%i “bolaning e'tibordan chetda qolmasligi”, 3.5%i “bolalar mobil telefonlarni tutmasliklari”, 2%i “ilmga qiziqtirish, qiziqarli, foydali mashg‘ulotlarga jalb qilish”, 1.8%i “huquq organlari tomonidan zararli axborotlarni cheklash”, 1.5%i “zararli axborotlarni tarqatuvchi vositalarni yo‘qotish”, 1.5%i “bolalarga zararli axborotlarning salbiy ta’sirini to‘g‘ri tushuntirish va ularda g‘oyaviy immunitetni kuchaytirish”, 1.3%i “huquqiy jihatdan zararli axbrotlarni cheklash”, 0.8%i “bolalar imkon boricha turli bolalar tashkilotlariga a’zo bo‘lishi va ta’lim, sport to‘garaklariga qatnashishlari” zarurligini bayon etganlar. Shuningdek, respondentlarning nisbatan kamroq qismi, ya’ni 0.3%i “yoshlikdan kitob bilan tarbiyalash”, 0.5%i “bolani erkin qo‘yish”, 0.3%i “yaxshi qadimiy ertak va rivoyatlar bilan tarbiyalash”, 0.3%i “ommaviy tadbirlar yordamida”, 0.8%i “ta’lim muassasalari, ta’lim usullari sifatini oshirish orqali”, 1%i “internetga kirishni taqiqlash”, 0.3%i “internetda milliy saytlarni ko‘paytirish”, 0.3%i “ta’lim muassasasining nazorati”, 0.3%i “pand-nasihat”, 0.3%i “oiladagi tinchlik”, 0.8%i “internetga kamroq kirish”, 0.8%i “internetda yomon saytlarni qulflash, zararli axborotlarni cheklash”, 0.3%i “kompyuterda turli o‘yinlar o‘ynamaslik”, 0.3%i “kamroq TV ko‘rish va uni zararli axborotlardan tozalash”, 0.3%i “o‘rnak bo‘lish”, 0.3%i “dars vaqtini ko‘paytirish” kabi fikr-mulohazalar keltirganlar. Ba’zi, respondentlar “hozirgi kunda buning iloji yo‘q” (1%), “internetga kirishni taqiqlash” (1%) kabi fikrlarni ham berganlar.

Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, bizning ertangi kunimiz ulg‘ayib kelayotgan yosh avlodning qay darajada ma’nan va jismonan yetuk bo‘lishiga bog‘liqdir. Bolalar ruhiyati o‘ta nozik, axborotlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri, ya'ni uni idrok etmagan holda, tahlilsiz qabul qiladilar. Shu bois, bola har tomonlama komil inson bo‘lib voyaga yetishida ularni jismoniy va ruhiy kamolotiga zarar yetkazuvchi axborotlardan himoyalash dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Bu borada esa davlat va jamiyat hamjihatlikda bor kuchi bilan harakat qilmog‘i lozim.

Dilafruz Karimova,

universitet Islomshunoslik ilmiy-tadqiqot

markazi xodimi

 

[1] Karimov I.A. Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch. - T.: “Ma’naviyat”, 2008. – b. 115-116.

[2] Bola huquqlariga bag‘ishlangan sotsiologik so‘rov 2013-yilning mart-aprel oylarida O‘zbekiston Respublikasining turli viloyat va shaharlarida o‘tkazildi. Respondentlarning umumiy soni 471 kishidan iborat bo‘lib, ulardan 46.2%i o‘g‘il bola va 53.8%i qiz bolalarni tashkil qiladi. Respondentlar auditoriyasining aksariyat qismini voyaga yetmaganlar ya'ni 15 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lganlar tashkil qiladi.

Read 295 times
Share this article

yil

Biz bilan bog'lanish

      

       100011, Toshkent shahar,

       Abdulla Qodiriy ko'chasi, 11-uy

       Tel: +998 (71) 244-00-91

       e-mail: Questo indirizzo email è protetto dagli spambots. E' necessario abilitare JavaScript per vederlo. , Questo indirizzo email è protetto dagli spambots. E' necessario abilitare JavaScript per vederlo.

       fax: 244-00-65

 

Top