SJ News II - шаблон joomla Авто

20170909

Tashkent Islamic University Motto ///// “HIGH SPIRITUALITY, HARMONY OF VALUES AND TOLERANCE ///// “YUKSAK MA’NAVIYAT, QADRIYATLAR UYG’UNLIGI VA BAG’RIKENGLIK” ///// ISHONCH TELEFONI: +(371)-244-00-56 SOAT 09:00 DAN 17:00 GACHA ///// ///// «ВЫСОКАЯ ДУХОВНОСТЬ, ГАРМОНИЯ ЦЕННОСТЕЙ И ТОЛЕРАНТНОСТЬ»

O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan so‘ng barcha sohalarda ulkan muvaffaqiyatlarga erishdi. Xususan, islom dini ravnaqi, unutilgan ulug‘ allomalarimiz hayoti va faoliyati, shuningdek, ularning nafaqat musulmon olami, balki butun dunyo xalqlari tan olgan asarlarini xalqimizga qaytarish, diniy bilimlarni teran o‘rganish imkonini beruvchi yangi bilim dargohlarini ochish, xorijiy mamlakatlar bilan turli sohalarda keng aloqalar bog‘lash bo‘yicha ko‘plab xayrli va ezgu ishlar amalga oshirildi. Bu ishlarning barchasi O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning nomi, u kishining oqilona siyosati bilan bog‘liqdir. I.Karimov “Vatan sajdagoh kabi muqaddasdir” nomli asarida: “Vatanimiz azaldan bashariyat tafakkur xazinasiga unutilmas hissa qo‘shib kelgan. Asrlar mobaynida xalqimizning yuksak ma’naviyat, adolatparvarlik, ma’rifatsevarlik kabi ezgu fazilatlari Sharq falsafasi va islom dini ta’limoti bilan uzviy ravishda rivojlandi. Va o‘z navbatida, bu falsafiy-axloqiy ta’limotlar ham xalqimiz dahosidan bahra olib boyib bordi”, deb ta’kidlagan.

Ma’lumki, din madaniy, ma’naviy insoniy qadriyatlarni saqlab qolish hamda avloddan avlodga yetkazishdagi roli beqiyosdir. O‘zbek xalqi hayotiga diniy qadriyatlar, islomiy tushunchalar chuqur singib ketgan. Yoshlarni dunyoviy bilimlar bilan bir qatorda, Imom Buxoriy to‘plagan hadislar, Naqshbandiy ta'limoti, Termiziy o‘gitlari, Yassaviy hikmatlari asosida tarbiya qilish muhim ahamiyatga ega. Bu borada amalga oshirilgan ko‘plab bunyodkorlik ishlari – dinga oid minglab kitoblar nashr etilishi, masjid va madrasalarni obod qilinishi, buyuk allomalarning tavallud sanalarini dunyo miqyosida nishonlanishi, ularning maqbaralarini ziyoratgohlarga aylantirilishi – bularning barchasi o‘zbek xalqining islom diniga mehr-muhabbati, hurmat-ehtiromining yaqqol tasdig‘idir. Zero, allomalarning ilmiy-ma’naviy merosi o‘zbek millati, xalqi g‘ururiga g‘urur qo‘shib, ularning vorislari sifatida yagona xalq bo‘lib yashashida kuch-quvvat bag‘ishlaydi.

Bugungi kunda yoshlarni o‘z haq-huquqini taniydigan, o‘z kuchi va imkoniyatlariga tayanadigan, yon-atrofida sodir bo‘layotgan voqyea-hodisalarga mustaqil yondasha oladigan, ayni zamonda, shaxsiy manfaatlarini mamlakat va xalq manfaatlari bilan uyg‘un holda ko‘radigan, har jihatdan barkamol insonlar etib tarbiyalash vazifasi asosiy masalaga aylandi. Bu borada muqaddas kitoblarimiz va qadriyatlarimiz, buyuk mutafakkir ajdodlarimiz merosi doimo halol mehnat bilan yashashga, vatanparvarlik, mardlik, saxovat va kamtarlikka chaqirishi bilan katta ahamiyat kasb etadi. Zero, vatanparvarlik g‘oyasi ongiga chuqur muhrlangan, dunyoqarashi keng, har jihatdan bilimli, zukko, yurt kori uchun dahldorlik hissini tuyadigan hamisha ogoh avlodni hyech kim yenga olmaydi. El-yurti uchun yonib yashayotgan bunday navqiron avlodga chetdan hech kim o‘z ta’sirini o‘tkaza olmaydi. Hayot mohiyatini anglab yetishga o‘z umri, bilim va salohiyatini bag’ishlagan ne-ne buyuk zotlar, mutafakkir faylasuflar, alloma va aziz-avliyolar shu kabi murakkab muammolarga javob topish uchun izlanganlar, bu mavzuda ko‘plab asarlar yaratganlar. Ana shu bebaho ma’naviy merosni xalqimizga yetkazish masalasi bugungi kunda hanuz dolzarb bo‘lib qolmoqda.

Yuksak ma’naviy tushunchalar bilan yashashga harakat qiladigan odamning bugun ham ko‘p mashaqqatlarni, og‘ir sinov va to‘siqlar, muammolarni yengib o‘tishiga to‘g‘ri keladi. Ayniqsa, qo‘shni Afg‘onistondagi murakkab vaziyatni e’tiborga olib, globallashuv sharoitida Vatanga, milliy qadriyatlar va milliy merosga muhabbat tuyg‘usi bilan yo‘g‘rilgan g‘oyalar asosida barkamol avlodni kamol toptirish, shuningdek, aqidaparast, mutaassib kuchlar yoshlarni o‘z domiga tortish ilinjida yurgan bugungi zamonda, yurtga sadoqat, bag’rikenglik, millatlararo totuvlik tamoyillari asosida farzandlarni ma'naviyatli qilib tarbiyalash g‘oyatda ahamiyatlidir. Islom Karimov ta’kidlaganidek: “Ma’naviyat - ajdodlarni avlodlarga, o‘tmishni bugunga, bugunni esa kelajakka bog‘lovchi ko‘prik vazifasini bajaradi. U ota-bobolarimiz to‘plagan jamiki yaxshi fazilatlar va xislatlar, qadriyatlar va an’analarning majmui, qolaversa, ajdodlarimiz to‘plagan tarixiy-ijtimoiy tajriba va barcha qarashlarni o‘zida mujassam etadi”.

I.Karimovning Imom al-Buxoriy yodgorlik majmuasining ochilishiga bag‘ishlangan marosimda so‘zlagan nutqidagi quyidagi fikrlari ham e’tiborga molikdir: “Bu murakkab va qaltis zamonda yo‘limizda og‘ir sinov va to‘siqlar duch kelganda, ular qarshisida chorasiz qolganda, mislsiz mashaqqatlar holdan toydirganda ham biz kuch-qudratni qayerdan olamiz? Eng avvalo, Alloh taoloning bizga ko‘rsatayotgan marhamatidan olamiz. Mana shunday vaziyatlardan bizga metin iroda, sabot-matonat baxsh etadigan buyuk va cheksiz yana bir manba bor. Bu manba - ulug‘ ajdodlarimizning qonimizda jo‘sh urayotgan azmu shijoatidir. Bu manba al-Buxoriydek mumtoz bobolarimiz dahosining hayotbaxsh qudratidir. Bu manba – ularning bizga hamisha madadkor bo‘ladigan o‘lmas ruhi poklaridir. Ana shu haqiqat, ana shu e’tiqod vatandoshlarimiz, aziz farzandlarimiz yuragiga, ongu shuuriga, tafakkuriga tobora teran singib bormoqda. Biz komil ishonch bilan O‘zbekistonning istiqloli boqiy, istiqboli buyuk, der ekanmiz, mana shunday mustahkam asoslarga tayanamiz”.

Bugungi kunda O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan buyuk mutafakkirlarning asarlarini xalqimizga yetkazish, islom dinining insonparvarlik falsafasi, buyuk g‘oyalarini yosh avlod yuragidan ham joy olishiga sharoit yaratildi. Mazkur sohada amalga oshirilgan ishlar, tarixiy jarayonlar istiqlolimizning oltin poydevori bo‘lishi, shubhasizdir.

Mahfuza Alimova,

Toshkent islom universiteti katta o‘qituvchisi,

tarix fanlari nomzodi  

Read 36 times
Share this article

yil

Biz bilan bog'lanish

      

       100011, Toshkent shahar,

       Abdulla Qodiriy ko'chasi, 11-uy

       Tel: +998 (71) 244-00-91

       e-mail: Questo indirizzo email è protetto dagli spambots. E' necessario abilitare JavaScript per vederlo. , Questo indirizzo email è protetto dagli spambots. E' necessario abilitare JavaScript per vederlo.

       fax: 244-00-65

 

Top