SJ News II - шаблон joomla Авто

20170909

O‘zbekiston mustaqilligi yillarida yuksak ma’naviyatni shakllantirishda milliy ma’naviy merosimizning o‘rniga alohida e’tibor berilmoqda. Tarixiy sharoit, jarayonlar bu zaminda tom ma’nodagi bag‘rikenglik tamoyillarining barqaror shakllanganligi, uning natijasida tinch, osuda hayot, ilmiy-ma’rifiy yuksalish, ijodiy taraqqiyot ta’minlaganligiga ishora qiladi. Ahillik va bag‘rikenglik kabi insoniy qadriyatlar, an’analar allomalar ilmiy merosi, ijodida o‘z aksini topgan. Bu muhim va zarur insoniy qadriyatlar o‘ziga vatanga muhabbat, vatanparvarlik, ahillik, mehr-muruvvat, ezgulik, rahmdillik, yaxshilik kabi qator xislatlarni o‘ziga jamlasa, aynan ular yurtimizdan yetishib chiqqan allomalar ilmiy merosidagi asosiy mavzulardan bo‘lgan. Buni Imom Buxoriy va uning “Jome-u-s-sahih”, “Adabu-l-mufrad” nomli to‘plamlarida, Imom Termiziyning “Sunan” asarida, Abu Lays Samarqandiyning “Bo‘stonu-l-orifin” va “Tanbehu-l-g‘ofilin” asarlarida, Mahmud Zamaxshariyning “Atvoqu-z-zahab fi-l-mavoiz val-xutab, “Navobig‘u-k-kalim”, “Maqomot” asarlarida, Alisher Navoiy ijodiyotida, xususan, uning “Arbain”, “Hayratu-l-abror”kabi falsafiy, didaktik asarlarida, yana yuzlab bu tabarruk zaminimizda tug‘ilib jahon fani, adabiyoti, san'ati va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan olimlar va ularning asarlarida ko‘rish mumkin.

“Hadis ilmining sultoni”, “Muhaddislar imomi” nomlari bilan shuhrat topgan Imom Muhammad Ismoil Buxoriyning bu boradagi xizmatlari beqiyos. Bu mo’'tabar zot merosining gultoji bo‘lmish eng ishonchli hadislar to‘plami “Jomeu-s-sahih” kitobi islom dinida Qur’oni karimdan keyingi ikkinchi muqaddas manba bo‘lib, islom e’tiqodiga ko‘ra, u bashariyat tomonidan bitilgan kitoblarning eng ulug‘i hisoblanadi. Mana, o‘n ikki asrdirki, bu kitob millionlab insonlar qalbini imon nuri bilan munavvar etib, haq va diyonat yo‘liga chorlab kelmoqda[1].

Imom Buxoriy “Jomeu-s-sahih” asarining mavzulari aynan insoniy fazilatlarning to‘la qonli, keng qamrovli bayonidan iborat. Asarda ahloq, odob, ota-onaga yaxshilik qilish, vatanparvarlik, o‘ksik kishilarga mehribonlik qilish, hushmomalalik, shirinso‘zlik, o‘zaro yordam, sahovat, rahmlilik, bag‘rikenglik kabi mavzularga alohida e’tibor berilgan. Ulug‘ muhaddis to‘plamdagi “Adab” kitobini mehribonlik mavzusi bilan boshlaydi. Inson uchun eng mehribon, aziz hisoblangan ota-onalarga ko‘rsatiladi mehr-muruvvat hadislarning markazida turgan,shu bois aynan shu mavzuga alohida e’tibor qaratilgan. Hadislarda eng yaxshi amallar sifatida ota-onaga yaxshilik qilish, qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘lar bilan ahil, tinch yashash, turli dinu-diyonat vakillariga rahm-shafqat qilish shirinso‘zlik, xushmuomilalik, o‘zaro yordam, saxovat ko‘rsatish zarurligi ta’kidlanadi. Shuningdek, har bir inson g‘iybat, munofiqlik, so‘kish, gumon, kibr, arazla-shish kabi holatlardan yiroq bo‘lishi aytiladi.

Ko‘rinib turibdiki, Imom Muhammad Ismoil Buxoriy inson hayotida muhim bo‘lgan birlamchi odob-axloq haqidagi hadislarga alohida urg‘u beradi. “Jomeu-s-sahih” asarida ularning o‘zaro uzviylikda kelishi kishi diqqatini tortadi. Adab bo‘limining o‘ziga ota-onaning roziligini olish, aka-uka va qarindoshlar o‘rtasida yaxshi munosabatda bo‘lish, qo‘ni-qo‘shni bilan aloqalarni yaxshilash, barcha insonlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik, kishilar o’rtasidagi munosabatlardan bevosita insoniy xususiyatlarga o‘tiladi. Demak, Imom Buxoriy o’z asarini ta'lif etishda amal qilgan tartibga bo‘limlarning ichki tarkibida ham rioya qiladi – har bir bob o‘zidan oldingi va keyingi bobga uzviy bog‘liklikda keladi. Insonlarning biri-biriga mehr-muruvvat, rahm-shafqati tufayli ular orasida do‘stlik rishtalari bog‘lanadi.

Islom manbalarida rahm qilmaydigan kishi qattiq qoralanadi. Rasululloh (s.a.v.): “Silai rahm qilmadigan kishi jannatga kirmaydi”, - dedilar. Imom Buxoriy inson ma'naviyatining asosi bo‘lgan odob mavzusidagi hadislarni to‘lig‘icha to‘plashga va o‘zining asarlariga kiritishga harakat qilgan. Ular insonlarni tom ma’noda odobli bo‘lishga, ota-ona, qarindosh-urug‘, yoru birodar, umuman, barcha pok niyatli insonlarga mehrli, shafqat-li, saxovatli bo‘lishga undaydi. Kishilarga ezgulik yo‘lida birlashib, yakdil jamoatchilik fikri shakllanishiga xalaqit berishidan yuqori turishi, aksincha, uning aynan yaxshilik qilish yo‘lidagi jamoatchilik fikriga yo‘l berishi ularga savob yozilishini asoslab beradi. Alisher Navoiy ham o‘zbek xalqi ma’naviy-ma’rifiy dunyosining shakllanishiga g‘oyat kuchli va samarali ta'sir ko‘rsatgan ulug‘ olim zotlardan hisoblanadi. Biz uning mo‘’tabar nomi, ijodiy merosining boqiyligi, badiiy dahosi zamon va makon chegaralarini bilmasligi haqida doimo faxrlanib so‘z yuritamiz. Alisher Navoiy xalqimizning ongi va tafakkuri, badiiy madaniyati tarixida butun bir davrni tashkil etadigan buyuk shaxs, milliy adabiyotimizning tengsiz namoyondasi, millatimizning g‘ururi, sha’ni sharafini dunyoga tarannum qilgan o‘lmas so‘z san’atkoridir[2].

Alisher Navoiy o‘z asarlarida turli din, ularning vakillari, barcha ilohiy kitoblar jumladan, Zabur, Tavrot, Injil, Qur’oni karimlarga juda hurmatli munosabatda bo‘ladi, ularni ulug‘laydi, ijobiy jihatlariga urg‘u beradi, bu orqali vatanparvarlik, millatlararo totuvlik va diniy bag’rikenglikni ko‘rsatadi. Demak, hozirda yurtimizda shakllangan dinlararo, millatlararo bag‘rikenglikning qadim tarixdan asosli zamini mavjud. Bu asos allomalar merosida o‘z ifodasini to‘liq topgan. O‘sib kelayotgan yosh avlodlarni tarixdan saqlanib kelayotgan bag’rikenglik an’analarimizga suyangan holda tarbiyalash eng muhim vazifalarimizdan sanaladi.

Mahmud Zamaxshariy o‘z asarlarida barkamol insonning komilikka yetishishiga alohida e’tibor beradi. U inson kamolotidagi eng asosiy poydevor ilm deb hisoblaydi. Ilm insonlarga hayotda o‘z o‘rinlarini topishga yordam beradi, noxush holatlardan asraydi, deb uqtiradi. Jumladan, “ilmni tinglab eshitadigan bo‘l, biroq to‘rtinchisi bo‘lmasa, chunki kasodga uchrab halok bo‘lasan”, deb yozadi Zamaxshariy. U ilmga ega bo‘lib, lekin unga amal qilmaydiganlar albatta zavol topishini ta'kidlamoqda. Chunki inson doimo ilm, aqlu idrok bilan ish tutishi lozim. Zamaxshariy ilmli kishilar, olimlar jamiyatning peshqadam vakillari bo’lib, ular xayrli ishlarga bosh bo‘ladilar, deb uqtiradi. “Yeru zaminning ko‘rkamligi olimlar bilan bo‘lsa, osmonu falakning ziynati esa yulduzlar bilandir”: “Lovullab yonayotgan olovni suv o‘chirgani kabi nodon odamlardan chiqayotgan alangani hakimu oqil odamlar so‘ndirarlar”, deb yozadi olim.

Zamaxshariy insonlarni o‘zlari qatori insonlarga nisbatan doimo shafqatli bo‘lishga chaqiradi, ularning boshlariga biror-bir musibatli ish tushganida darhol yordam qo‘lini cho‘zishga undaydi va “Agar biror qayg‘u alam yuz bergani yoki ta’ziyali joyni eshitsang darhol u yerga bor”, “Odamlarning xotiri kuchlisi ularning ichidagi eng unituvchisidir, ko‘ngillarning eng yumshog‘i salobatligiyu shafqatlisidir” deydi. Mard o‘g‘lon haqida Mahmud Zamaxshariy yozadi: Mard kishi mag‘lub bo‘lgani bilan uning martabasi past bo‘lmas, mashaqqatu tashvishga giriftor bo‘lsada, xor bo‘lmas.

Demak, O‘zbekiston aholisi ayniqsa, yosh avlodni yuksak ma’naviyatli barkamol inson qilib tarbiyalash muhim vazifalardan sanaladi. Mana shunday dolzarb vazifani muvaffaqiyatli amalga oshirishda asrlar sinovidan omon o‘tgan, necha-necha davr kishilarini ezgu hislat va fazilatlar egasi, yuksak ma’naviyat sohibi qilib tarbiyalashga yaqindan yordam bergan buyuk allomalarimiz hayoti, ularning dunyo tamadduniga munosib ulush bo‘lib qo‘shilgan ma'naviy merosi, asarlaridan to‘laqonli foydalanish lozim.

 Zohidjon Islomov,

Toshkent islom universiteti,

Filologiya fanlari doktori, professor.

 

[1] Karimov I.A. Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch. - T.: “Ma’naviyat”. 2008. - B. 38

[2]Karimov I.A. Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch. - T.: “Ma’naviyat”, 2008. - B. 47.

Read 390 times
Share this article

yil

Biz bilan bog'lanish

      

       100011, Toshkent shahar,

       Abdulla Qodiriy ko'chasi, 11-uy

       Tel: +998 (71) 244-00-91

       e-mail: Questo indirizzo email è protetto dagli spambots. E' necessario abilitare JavaScript per vederlo. , Questo indirizzo email è protetto dagli spambots. E' necessario abilitare JavaScript per vederlo.

       fax: 244-00-65

 

Top