SJ News II - шаблон joomla Авто

20170909

Tashkent Islamic University Motto ///// ISHONCH TELEFONI: +(371)-244-00-56 SOAT 09:00 DAN 17:00 GACHA ///// “HIGH SPIRITUALITY, HARMONY OF VALUES AND TOLERANCE ///// “YUKSAK MA’NAVIYAT, QADRIYATLAR UYG’UNLIGI VA BAG’RIKENGLIK” ///// «ВЫСОКАЯ ДУХОВНОСТЬ, ГАРМОНИЯ ЦЕННОСТЕЙ И ТОЛЕРАНТНОСТЬ» /////

Dunyoviy va diniy qadriyatlar bir-birini toldirmas ekan bugungi kunning ogir va murakkab savollariga tolaqonli javob topish oson bolmaydi.

Islom Karimov

 Dunyoning necha ming yillik jarayonlarida ne-ne podshohlar hukmronlik qilmadi, ularning ba’zilari tarixning zarvaraqlaridan munosib o‘rin ololmay insoniyat xotirasidan o‘chib ketgan bo‘lsalar, ayrimlarining nomlari esa vatani va xalqi xotirasida abadul-abad muhrlandi. Zero, bu kabi rahbarlar xalqiga tinch-osuda va farovon hayot ta'minlashni o‘zlarining asosiy maqsadlari, orzu-intilishlarining mehvari, deb bildilar hamda bu yo‘lda yurtdoshlariga o‘rnak bo‘lish darajasida mehnat qildilar. Bundanda oliy martaba va cheksiz izzat-ikromga sazovor inson sifatida XX va XXI asrlar davlat peshvolari qatorida, shak-shubhasiz, mustaqil O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovni ko’rish mumkin.

Sobiq Sho’rolar davrining intihosida ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy jihatlardan juda ayanchli ahvolga tushib qolgan g‘oyat murakkab va mas'uliyatli davrda O‘zbekiston rahbarligini shijoat bilan zimmasiga olgan Islom Karimov, uni mustaqil va mustaqim rivojlanish yo‘liga yo’naltirgan qat'iyatli va xalqparvar rahnamo, xalqaro tashkilotlar minbarlarida o‘z so‘zini ayta olgan nufuzli siyosatchi bo‘lib tarixga kirdi. Tarixiy burilish pallasida xalq dardi, millat qayg‘usidagi buyuk shaxslar maydonga chiqishi suveren O‘zbekistonimizning eng yangi tarixida Birinchi Prezident siymosida isbot topdi.

Milliy istiqlol g‘oyasi asoslarini ishlab chiqishda bosh-qosh bo‘lgan Islom Karimov o‘zbek xalqining madaniy, milliy-ma’naviy qadriyatlari va urf-odatlarini tiklash, asrlar davomida yaratilgan tarixiy merosni hamda ota-bobolarimizning muqaddas dinini e’zozlash kabi xayrli ishlarga ham bevosita boshchilik qildi. Istiqlol sharofati ila tabarruk ildizlarimizga qaytib, o‘z taqdirimizni o‘zimiz belgilash huquqiga ega bo‘lganimizni ham uning nomi bilan bog‘laymiz.

Alohida ta’kidlash zarurki, o‘tgan asrning 80-90-yillarida ba’zi qora niyatli kuchlarning islom dinidan g‘arazli maqsadlarda foydalanishga yo‘naltirilgan buzg‘unchilik xatti-harakatlari avj olgan tahlikali davrda ham, vijdon erkinligi to‘la kafolatlangan istiqlol yillarida ham din va unga oid keng qamrovli, murakkab hodisa va jarayonlar O‘zbekiston rahbariyatining diqqat markazida bo‘lib keldi. Buning uchun hukumatimiz mustaqillikning birinchi kunlaridanoq o‘zining dinga bo‘lgan munosabatini xolisona, prinsipial tarzda aniqlab olishi kerak edi.

Islom Karimov rahnamoligida bu o‘ta hassos va nozik masala muvaffaqiyatli yechimini topdi. Birinchi Prezidentning “Mustaqil davlatimizning siyosatini belgilab olar ekanmiz, islom dinimizni albatta nazarda tutishimiz kerak. Negaki, din turmush tarzimizga, ma’naviy qadriyatlarimizga, kishilar ongiga o‘zining o‘chmas muhrini bosgan ... Islom dini mutaassib din emasligiga imonim komil.

Qur’onni yaxshi bilgan kishi bu ilohiy kitobda insonparvarlik, tinchlik, osoyishtalik va boshqa dinlarga murosa bilan qarab targ‘ib qilinishini juda yaxshi biladi” qabilida fikrlar mustaqil rivojlanish davrida diniy masalaga oid siyosatning o‘zagini tashkil etdi.

Bunga tegishli bo‘lgan izchil amaliy faoliyatda davlatimizning xavfsizligi va osuda hayotini ta’minlashda xalqimizning ma’naviy va axloqiy ildizlari, madaniy va tarixiy merosi, azaldan o‘z ma’naviy qadriyatlari va diniy e’tiqodini yuksak qadrlashi, O‘zbekistonda yashaydigan millat va elatlarning ma’naviy uyg‘oqligi va mustaqillikni qo‘llab-quvvatlashi muhim asos sifatida e’tirof etildi. Shu bilan birga, yurtimizda millati, tili va dinidan qat'i nazar istiqomat qiladigan har bir fuqaroning barcha huquq va erkinliklari qatorida vijdon va e’tiqod erkinligi ham Konstitutsiya moddalari bilan kafolatlandi. Islom Karimov boshchiligida ozod va obod turmushni kafolatlaydigan demokratik rivojlanish yo‘li tanlandi va uni tizimli ravishda amaliyotga joriy etish davom ettirildi.

Mustaqil rivojlanishning barcha bosqichlari davomida mamlakatimizda amalga oshirilgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar doirasida dunyoviylik bilan diniylik o‘rtasidagi nisbatga muhim e’tibor qaratildi. Deyarli barcha zamonaviy mamlakatlar tomonidan e’tirof etilib, e’zozlanadigan asosiy qadriyatlar u yoki bu shaklda muayyan diniy dunyoqarashlarga asoslanishi ham inobatga olindi hamda bu masalada kelishuvga erishish jamiyatning yuksalishini ta’minlovchi asosiy omillardan ekanligi ham yodda tutildi. Shu bilan birga, mustaqillik davrida dunyoviy va diniy qadriyatlar o‘rtasidagi munosabatlarning uyg‘unlashishi jarayonida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat va din o‘rtasidagi munosabatlarni aniq belgilanishi jamiyatda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi.

Yillar davomida din sohasida amalga oshirilayotgan samarali faoliyatning muhim jihatlaridan biri – dindorlarning mamlakatimizda ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi serqirra ishlarda bevosita ishtirok etishlari davlatimizda olib borilayotgan turli sohalardagi islohotlarga bo‘lgan ishonchidan dalolat beradi. Islom Abdug‘aniyevichning “Ma’naviy tarbiyada din arboblarining hissasi katta bo‘lishi kerak. Shu o‘rinda men, Prezident sifatida, yurtimizda osoyishtalikni va xonadonlarimizda totuvlikni barqaror etishda din peshvolarining – jome’ masjidlaridan to kichik qishloqlarda faoliyat ko‘rsatayotgan masjidlar imomlarining xizmatlarini alohida ta’kidlashni istardim. Bugungi sokin vaziyatda ularning xizmati katta”, degan so‘zlari ushbu fikrning yorqin misoli bo‘la oladi.

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidentining diniy soha xodimlariga bo‘lgan ishonch va hurmatlari uning 2010-yilning 3-sentyabrida Samarqand shahrida Imom Buxoriy xalqaro markazida malakalarini oshirayotgan imomlar bilan muloqotlari chog‘ida yaqqol namoyon bo‘ldi. Ushbu uchrashuvda qatnashishga musharraf bo‘lgan kamina, Islom Karimovning dinga, xususan, islom ta’limotiga oid masalalarni chuqur va teran bilishi, muqaddas dinimizning hozirgi zamon sharoitidagi ahamiyatiga oid o‘tkir mushohadasi, diniy soha xodimlarining jamiyat ijtimoiy-ma’naviy hayotidagi rolini ochib berish mahorati Yo‘lboshchimizning uzoqni ko‘ra biladigan, global darajada tafakkur eta oladigan siyosiy yetakchi ekanligiga yana bir bor iqror bo‘ldim.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash lozimki, mustaqillik yillarida ijtimoiy-siyosiy hayotning barcha jabhalarida bo‘lgani kabi din sohasida ham Prezident Islom Karimov rahnamoligida ishlab chiqilgan va sobitqadamlik bilan amalga oshirilgan keng qamrovli faoliyat O‘zbekiston Respublikasida dinlararo bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik, ijtimoiy hamkorlik muhitining bardavom va barqarorligi ta'minlashda mustahkam asos bo‘lib kelmoqda.

Shoislom Akmalov,

universitetning Islomshunoslik ilmiy-tadqiqot

markazi bo‘lim boshlig‘i,

siyosiy fanlar nomzodi, dotsent

Read 63 times
Share this article

yil

Biz bilan bog'lanish

      

       100011, Toshkent shahar,

       Abdulla Qodiriy ko'chasi, 11-uy

       Tel: +998 (71) 244-00-91

       e-mail: Questo indirizzo email è protetto dagli spambots. E' necessario abilitare JavaScript per vederlo. , Questo indirizzo email è protetto dagli spambots. E' necessario abilitare JavaScript per vederlo.

       fax: 244-00-65

 

Top