SJ News II - шаблон joomla Авто

20170909

“YUKSAK MA’NAVIYAT, QADRIYATLAR UYG’UNLIGI VA BAG’RIKENGLIK” ///// “HIGH SPIRITUALITY, HARMONY OF VALUES AND TOLERANCE ///// Tashkent Islamic University Motto ///// ISHONCH TELEFONI: +(371)-244-00-56 SOAT 09:00 DAN 17:00 GACHA ///// ///// «ВЫСОКАЯ ДУХОВНОСТЬ, ГАРМОНИЯ ЦЕННОСТЕЙ И ТОЛЕРАНТНОСТЬ»

Ilmiy bilimlarning qimmati ko‘p jihatdan uning kelajakni bashorat qila olish xususiyati bilan belgilanadi. Din fenomenining ilmiy tahlili bilan shug‘ullanadigan mutaxassislar tomonidan olib borilgan izlanishlarga tayangan holda, din falsafasi fani doirasida bugungi dunyoning diniy manzarasi, dinning jamiyat hayotida tutgan o‘rni va uning istiqbollari bilan bog‘liq masalalar tizimlashtirilgan.

Dinning istiqbollariga doir futurologik masalalar asosan, so‘nggi davrlar mobaynida dunyoviy jamiyat to‘g‘risidagi g‘oyalarning rivojlanib borishi bilan shakllangan sekulyarlashuv konsepsiyalarida o‘z aksini topib kelayotganini ta’kidlash joiz. Ushbu yo’nalishdagi qarashlar uchun dinning jamiyat hayoti sohalariga ta'siri kamayib, dunyoviylikka asoslangan hayot tarzining mustahkamlanib borishi haqidagi g‘oya umumiy hisoblanadi.

Sekulyarlashuvga bag‘ishlangan nazariyalarda dinlarning taqdiri bilan bog‘liq masalalar yuzasidan tahliliy mulohazalar bayon qilingan. Bunda insoniyat istiqbolda diniylikdan dunyoviylikka o‘tib, rivojlanib boruvchi jamiyat qurilishi modeli ustuvor bo‘lishi to‘g‘risidagi xulosa ilgari suriladi.

Bugungi kunga kelib, mazkur muammo falsafa, tarix, dinshunoslik, siyosatshunoslik, sotsiologiya, madaniyatshunoslik va boshqa ijtimoiy fanlarning asosiy mavzularidan biriga aylangan. Har bir fan doirasida dinning ijtimoiy-tarixiy mohiyati, istiqboli bilan bog‘liq masalalar o‘ziga xos yondashuv asosida tadqiq etiladi. Izlanishlar din futurologiyasiga doir ilgari surilayotgan qarashlar asosan bir nechta muhim masalalar doirasida ishlab chiqilayotganini ko‘rsatmoqda. Dinning zamonaviy jamiyatda tutgan o‘rni va istiqboli bilan bog‘liq masalalarni anglab yetish sekulyarlashuv konsepsiyalarida ilgari surilayotgan g‘oyalarning mazmunini bilishni taqozo etadi. Zero, bu boradagi bilimlar o‘zining futurologik mazmuni bilan dunyoning diniy manzarasini aniq tasavvur etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ulardan biri - din o‘zining avvalgi ijtimoiy g‘oyaviy maqomini yo‘qotib, jamiyatga bo‘lgan ta’sir kuchi pasayib borishi bilan bog‘liq masala hisoblanadi. Mutaxassislar tahlillar asosida jamiyatdagi sekulyar jarayonlarning natijasi dinga ta’siri kuchli bo‘lgan ikki soha - fan va siyosatning rivojlanishiga bevosita bog‘liqligini ta'kidlaydilar.

Ma’lumki, hozirda sekulyarlashuvning kuchayib borayotgani va zamonaviy jamiyatning xarakterli xususiyatiga aylanib ulgurgani, dinning an’anaviy funksiyalari ham o‘zgarayotgani haqidagi fikrlar keng tarqalgan. Darhaqiqat, tarixiy voqyelik diniy mansublik bilan boshqa ijtimoiy omillar o‘rtasida muayyan tafovut mavjudligini ko‘rsatmoqda. Bunga dinidan qat’i nazar barcha fuqarolarning teng huquqliligi to‘g‘risidagi dunyoviy jamiyatning birgina qoidasi misol bo‘la oladi. XVIII-XIX asrlarda huquqiy darajada namoyon bo‘lgan ushbu sekulyar tamoyil keyinchalik ijtimoiy sohalarga ham tatbiq etildi. Natijada, hozir sekulyar jamiyatda dinga e’tiqod qilish yoki qilmaslik nafaqat huquqiy, balki, umumijtimoiy jihatdan ham fuqaro hayot-faoliyati uchun belgilovchi ahamiyat kasb etmaydi.

Biroq bunday holat ulkan ma’naviy kuch - dinning inson, ijtimoiy guruh, jamiyat hayotida sust rol o‘ynayotgani haqidagi xulosaga asos bo‘la olmaydi, albatta. Shu o‘rinda, mutaxassislar tomonidan sekulyarlashuvning sabab va oqibatlari hamda dinning kelajakdagi istiqbollari bilan bog‘liq masalalarni tushunishda, talqin etilishida sezilarli farqlar mavjudligini ham ta’kidlash joiz.

Xususan, bir guruh olimlar sekulyarlashuv dinning jamiyatga ta’sir kuchini tobora susaytirib, yo‘q bo‘lishigacha olib boradigan ortga qaytmas jarayon deb talqin etadilar. Ikkinchi guruhga mansub mutaxassislar fikricha esa, sekulyarlashuv - bu faqat dinning shaklan o‘zgarishini ifodalaydigan jarayon bo‘lib, o‘z umrini o‘tab bo‘lgan diniy e’tiqod shakllari o‘rniga yangilarining paydo bo‘lishi va shu tariqa dinning jamiyatdagi ahamiyati saqlanib qolishini anglatadigan jarayon hisoblanadi. Boshqacha aytganda, ikkinchi guruh olimlari sekulyarlashuvni yangilangan shakllarda dinlarning jamiyatdagi o‘rnini, hatto kengayishiga olib keladigan tabiiy, sog‘lom jarayon sifatida tushunadilar.

Umuman olganda esa, hozir ilmiy jamoatchilik tomonidan mustahkam nazariy asoslarga ega qarashlar tizimi sifatida tan olingan bir necha sekulyarlashuv konsepsiyalari mavjud. Ularning birida cekulyar jamiyat muqaddas bo‘lgan narsalarning yo‘qotilishi va ijtimoiy tartib va kelishuvga nisbatan tahdid sifatida olib qaraladi. Bunday yondashuv zamonaviy sotsiolog P.Berger qarashlarida ustuvor hisoblanadi. Olimning fikricha, ushbu jarayon alohida insonlar va umuman, jamiyat uchun istiqbolda ko‘plab og‘ir oqibatlarga olib keladi. Sekulyarlashuv “muqaddas” hisoblangan narsa-hodisalarning yo‘qolishi, mutlaq sanalgan qadriyatlarning nisbiy xususiyat kasb etishi orqali kechadigan jarayon sifatida insonning ma’naviy inqiroziga sabab bo‘ladigan hodisadir. Shu ma’noda, P.Bergerning qarashlari sekulyarlashuvni jamiyat barqarorligini xavf ostiga qo‘yuvchi destruktiv xarakterga ega tendensiya ekanini asoslashga qaratilgandir.

Sekulyarlashuv nazariyalarining yana bir yo‘nalishi kelajakda dinning fan, ratsional tafakkur, dunyoviy axloq me’yorlari tomonidan jamiyat hayotidan siqib chiqarilishi haqidagi futurologik qarashlar tizimini ifoda etadi. Mutaxassislar ushbu nuqtai nazarni hozirda din istiqbollari bilan bog‘liq masalalar tahlilida ustuvor bo‘lib turganini e’tirof etadilar. Unga ko‘ra, fan va jamiyat a'zolarining ilmiy savodi o‘sib borgani sari dinning roli tobora pasayib boradi.

Yana bir ilmiy oqim sekulyarlashuvni dinning evolyutsiyasi va ijtimoiy o‘zgarishlar natijasida boshqa shakl va ko‘rinish kasb etib borishi bilan bog‘liq futurologik g‘oyalarni ilgari suradi. Zamonaviy ijtimoiy fanlar talqinlariga ko‘ra, sekulyarlashuv tufayli din o‘zgarib boradi, biroq insonlar hayotida o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydi, balki boshqacha tarzda namoyon bo‘ladi. Sekulyarlashuvning mazkur yo‘nalishi mazmun jihatdan yuqoridagi tamoyilga yaqindir. Bu borada mashhur sotsiolog T.Parsonsning fikrlari e’tiborga molik. Uning nuqtai nazariga ko‘ra, jamiyat differensiatsiya yo‘li orqali taraqqiy etadi va din o‘zining avvalgi “muqaddas timsol” sifatidagi ahamiyatini yo‘qotib, ijtimoiy hayotning sohalaridan biriga aylanadi. Diniy e’tiqod tobora xususiy xarakter kasb etadi. Shuning uchun, kelajakda sotsial institut sifatida dinning davlat, siyosat, huquq, iqtisodiyot, ta’lim kabi sohalarga nisbatan ta’sir kuchi tobora susayib boradi. Umuman olganda, ko‘plab jamiyatshunos olimlar fan-texnika taraqqiyoti natijasida dinning ijtimoiy-g‘oyaviy mavqyei zaiflashib borishi to‘g‘risidagi fikr-mulohazalarni ilgari surdilar.

Tarixiy voqelik din insonlar hayotida o‘z ta’sir kuchini nafaqat saqlab kelayotgani, balki ko‘p hollarda uning ahamiyati kuchayib borayotganini ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, bu G‘arb va Sharq jamiyatlariga tatbiqan olib qaralganda, yaqqol ko‘zga tashlanadi. Zero, sekulyarlashuv umuminsoniy hodisa bo‘lsa-da, makon nuqtai nazaridan xususiy holat kasb etishini ham unutmaslik zarur. Zero, masalan, din Sharq jamiyatlari, xususan, xalqimiz ma’naviy hayotining ajralmas qismi sifatida doimo rivojlanib kelmoqda. Albatta, siyosiy omillar tufayli dinning ta’qib ostiga olinishi bu borada muayyan darajada depsinishlarga sabab bo‘ldi. Biroq mustaqillik tufayli dinning ijtimoiy-tarixiy maqomi siyosiy-huquqiy asoslarda qayta tiklandi. Yurtimizda nafaqat islom dini, balki boshqa konfessiyalar faoliyati uchun ham birdek shart-sharoitlarning yaratilgani fikrimizga dalil bo‘la oladi.

Bir so‘z bilan aytganda, bugungi kunga kelib, din avvallari bo‘lgani kabi insoniyat hayotida muhim o‘rin tutmoqda. Insoniyat bugunga kelib fikrlar va qarashlar xilma-xilligi, hurfikrlilik, teng huquqlilik sharoitlarida hayot kechirmoqda. Shu ma’noda, har bir inson o‘z ma’naviy hayotini erkin tashkil etishi uchun ulkan imkoniyatlarga ega. Shu bilan birga, kuzatishlar va tahlillar din ma’naviy hayotning ajralmas qismi bo‘lib qolayotganini ham ko‘rsatmoqda. Shunday ekan, diniy jarayonlar istiqboli bilan bog‘liq qarashlarning qanday xarakterga ega bo‘lishidan qat’i nazar, masalani teran anglab yetgan har qanday futurolog insoniyat kelajagini diniy omildan ayri holda tasavvur etmasligi aniq.

B.Valiyev,

Toshkent islom universiteti,

falsafa fanlari nomzodi,dotsent

Read 66 times
Share this article

yil

Biz bilan bog'lanish

      

       100011, Toshkent shahar,

       Abdulla Qodiriy ko'chasi, 11-uy

       Tel: +998 (71) 244-00-91

       e-mail: Questo indirizzo email è protetto dagli spambots. E' necessario abilitare JavaScript per vederlo. , Questo indirizzo email è protetto dagli spambots. E' necessario abilitare JavaScript per vederlo.

       fax: 244-00-65

 

Top