SJ News II - шаблон joomla Авто

20170909

“HIGH SPIRITUALITY, HARMONY OF VALUES AND TOLERANCE ///// Tashkent Islamic University Motto ///// «ВЫСОКАЯ ДУХОВНОСТЬ, ГАРМОНИЯ ЦЕННОСТЕЙ И ТОЛЕРАНТНОСТЬ» ///// ISHONCH TELEFONI: +(371)-244-00-56 SOAT 09:00 DAN 17:00 GACHA ///// ///// “YUKSAK MA’NAVIYAT, QADRIYATLAR UYG’UNLIGI VA BAG’RIKENGLIK”

Oila mustahkamligi haqida so‘z borganda turli qarash va nuqtai nazarlarga duch kelamiz: Oila barqarorligi avvalo kelinga bog‘liq, qizlarni oilaga tayyorlash kerak... Kuyovga bog‘liq,  yigitlar erkatoy bo‘lib ketdi, ota-onasi olib bergan zavjaning qadrini bilmaydi... Kelinning ota-onasiga bog‘liq, qiziga yaxshi tarbiya berishi lozim... Kuyovning ota-onasiga bog‘liq, yangi kelin yosh boladek gap, yomonini yashirib, yaxshisini oshirib, tarbiya berish kerak... Oilaning davomiyligi borasida faqat bir tomonga mas’uliyat yuklash masalani hal qilmaydi.

 Jamiyatning kichik bo‘g‘ini bo‘lgan oilani mustahkamlash umummilliy masala. Bunda jamiyatning barcha a’zolari ishtirok etishlar kerak. Hamma birdek mas’ul. Oila barqarorligi haqida so‘z borganda aybdorni izlashdan voz kechsak, mas'uliyatni zimmamizga olsak, “menimcha... falon ishni qilish kerak” qabilidagi taklifbozlik va taklifshunoslikni yig‘ishtirsak, har birimiz o‘zimizga o‘zimiz savol bersak: “Xo‘sh, men o‘zbek oilalarini mustahkamligi yo‘lida nima ish qildim, qanday hissa qo‘shdim” deb, jilla qursa o‘z yaqinlarimizni  oilani saqlash, asrash-avaylashga o‘rgata olsak, ko‘zlangan maqsadga erishish mumkin.

Qizlarga ota-ona nasihati, aka-uka maslahati bo‘lak. Aslida, tug’ishganlarning bir og‘iz gapi kutilmaganda kattalarning ming nasihatidan-da ta’sirliroq chiqar. Bir do‘stimizning singillarini doimo koyib, ularga jon kuydirib nasihat qilganidan xabarim bor: “Ertaga turmush qursangiz nima bo‘ladi? Oila degan muqaddas dargohga tayyormisiz? Umr yo‘ldoshni hissiyot bilan emas, aql va maslahat bilan tanlash kerak...”. Uning kuyinishi, yurak-yuragidan achinib va achitib gapirishi hayron qolarli edi. Shukr, uning singillari uchun chekkan mashaqqatlari bekor ketmadi. Bugun ikki singil ham uyli-joyli, farzandli-davlatli, tinch-totuv oilaning baxtli bekasi. Do‘stimning kuyovlari o‘qimishli, aql-farosatli, eng asosiysi, mehr-oqibatli chiqishdi. Singillari ular uchun jon kuydirgan mehribon akalaridan bir umr minnatdor.  

Oilalarni mustahkamlash borasida ko‘p va xo‘p so‘z aytilgan. Menimcha, oila mustahkamligi uchun avvalo, poklik va halollikka e’tibor qaratish muhim. O‘tkaziladigan to‘y-hasham, nikohdan keyingi hayot, faqat mehnat, peshona teri va qonuniy yo‘l bilan topilgan mablag‘ hisobiga bo‘lishi kerak. Shunda oilada baraka bo‘ladi. Bugungi kunda nikoh bilan bog‘liq marosimlarga ba’zi bosar-tusarini bilmay qolgan kimsalar tomonidan sarflanayotgan yuz millionlab xarajatlarning necha foizi haloldan topilgan ekan? Sarflanayotgan pullarning barchasi qonuniy va halol bo‘lganida oilalalar buzilib ketmas edi. Qarz berish savob, muhtojga yordam berish savob, lekin isrofgarchilikka, bo‘lar-bo‘lmas marosimlar, “kelin navkar”, “kortej”, “sevgi tarixi filmi” kabi bid’at va xurofotlar uchun qarz berish va qarz so‘rash savob emas, ayni gunoh emasmi?.

“Topganing to‘yga buyursin” deydi dono xalqimiz. Bu maqolning ma’nosini to‘g‘ri anglash kerak. Shunday halol mehnat qilgin va halol yasha-ki, topgan mablag‘ing faqat yaxshi ishlarga, ezgulik va savobga buyursin, degan ma’no bor bu hikmatli iborada. “Topganing to‘yga buyursin” degani “Topganing “kelin navkar”ga buyursin” degani emas. “Topganing hashamat va dabdabaga buyursin” degani emas va umuman “Topganing faqat to‘yga buyursin, boshqa narsaga buyurmasin” degani emas.

         Biz farzandlarimiz tug‘ilishi bilan ularni oilaga tayyorlash bilan emas, balki ularning to‘yiga tayyorlanish bilan asosiy vaqtimizni o‘tkazamiz. Nima qilib bo‘lsa ham kamida o‘ttiz-qirq million so‘m sarflanadigan to‘y haqida ko‘proq o‘ylaymiz. Nikoh uchun sarflanadigan mablag‘ni halol yo‘ldan topish haqida o‘ylasak, ota-bobolarimiz ta’kidlaganidek: “Oz bo‘lsin, barakasini bersin” deb harakat qilsak, ishlarimizda unum, oilalarimizda to‘zim bo‘ladi. “Qanoat bitmas-tugamas xazina” degan so‘zlarni shior qilgan farzandlarimizning oilalari saodat ziyosi, hayotlari farog‘at zavqi bilan munavvar bo‘ladi.

Saidafzal Saidjalolov,

 Toshkent islom universiteti katta o‘qituvchisi

Read 131 times
Share this article

yil

Biz bilan bog'lanish

      

       100011, Toshkent shahar,

       Abdulla Qodiriy ko'chasi, 11-uy

       Tel: +998 (71) 244-00-91

       e-mail: Questo indirizzo email è protetto dagli spambots. E' necessario abilitare JavaScript per vederlo. , Questo indirizzo email è protetto dagli spambots. E' necessario abilitare JavaScript per vederlo.

       fax: 244-00-65

 

Top