SJ News II - шаблон joomla Авто

20170909

“HIGH SPIRITUALITY, HARMONY OF VALUES AND TOLERANCE ///// Tashkent Islamic University Motto ///// ///// «ВЫСОКАЯ ДУХОВНОСТЬ, ГАРМОНИЯ ЦЕННОСТЕЙ И ТОЛЕРАНТНОСТЬ» ///// “YUKSAK MA’NAVIYAT, QADRIYATLAR UYG’UNLIGI VA BAG’RIKENGLIK” ///// ISHONCH TELEFONI: +(371)-244-00-56 SOAT 09:00 DAN 17:00 GACHA

     XXI asr inson omiliga e’tiborning kuchayishi bilan tavsiflanadi. Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev rahnamoligida aholining dardini tinglash, ularga moddiy va ma’naviy ko‘mak berish, fuqarolarning manfaatlarini himoya qilishga oid ishlar o‘z samarasini bermoqda. Zero, 2017-yilning “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari” yili deb e’lon qilinishi ham bejiz emas. Shu o‘rinda “xalq manfaatlari”dan kelib chiqib, muloqot qilishning ma’naviy-ruhiy jihatdan muhim ahamiyat kasb etishiga ham e’tibor qaratish maqsadga muvofiqdir.

     Bugungi kunda insonlar orasida o‘z ruhiy kechinmalarini boshqarish, yaqinlari bilan samimiy sog‘lom munosabatda bo‘lishga intilish ehtiyoji har qachongidan ham ortib bormoqda. Bunga erishish uchun esa insonda emotsional intellekt rivojlangan bo‘lishi lozim. Emotsional intellekt – kishi o‘z ruhiy kechinmalarini muvozanatda saqlay olishi bilan xarakterlanadi. Shunday ekan,  biz shaxs ruhiy kechinmalarini muvozanatda saqlashida muhim ahamiyat kasb etuvchi stress haqida so‘z yuritmoqchimiz. Psixologiyada stress muammosini o‘rganish, uni boshqarish ko‘nikmasini shakllantirish orqali inson o‘zini ham ruhan, ham jismonan so‘glom his qilishiga erishish mumkin. Avvallari xalq orasida “barcha kasalliklar asabdandir” degan gap yurgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib, ushbu fikr “hamma kasalliklar stressdandir” degan jumlaga o‘zgargan. Chunki distresslar (salbiy stress) inson ruhiy va jismoniy salomatligi, faoliyati, psixologik holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi tadqiqotlarda ham o‘z isbotini topgan.

        Stress muammosi psixologiyada juda dolzarb masalalardan bo‘lganligi bois ham o‘rganilish tarixi uzoq o‘tmishga borib taqaladi. Shunga qaramay, stress xususiyatlari aniq aks etgan qarashlar fanda so‘nggi o‘n yilliklarda yuzaga kela boshladi. “Stress” so‘zi ingliz tilidan olingan bo‘lib, “bosim”, “tanglik” ma’nolarini anglatadi. Stress emotsional bosim bo‘lib, odamning xatti-harakatiga bevosita o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. U kishining tashqi muhitdagi o‘zgarishlarga organizmning javob reaksiyasidir. “Stress” terminini 1936-yil kanadalik olim G.Selye fanga kiritgan[1]. G.Selye stress holatiga olib keluvchi omilni stressorlar deb atab, ular ta’sirida organizmda ro‘y beradigan o‘zgarishlarni moslashish (adaptatsiya) sindromi deb atadi. Shundan so‘ng stress va uning inson organizmi, psixologik holatiga ta’sirini aniqlash haqida qator izlanishlar o‘tkazildi. Shunday tadqiqotlarni o‘tkazgan olimlardan Yu.Chirkov, A.A.Viru, D.N.Nasanov kabilarni misol keltirish mumkin.

     Xususan, D.N.Nasanov 1934-yilda o‘tkazgan izlanishlarida tashqi muhitda bo‘lgan istalgan o‘zgarish shaxs organizmidagi tirik hujarya (protoplazma)ga bevosita ta’sir qilishini isbotlab bergan[2]. Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, stress inson organizmi, ruhiy holatiga ijobiy yoki salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ijobiy stresslar “eustress” deyilsa, salbiylari “distress” deb yuritiladi. Stressning organizmga ijobiy yoki salbiy ta’sir ko‘rsatishi organizmning ushbu stressorlarga nisbatan reaksiyasiga bog‘liq. Stress holatini o‘zgartirishga qaratilgan chora-tadbirlar organizm chidamliligini oshiradi va natijada kasallik rivojlanmaydi. Shunday qilib, nerv sistemasi organizmning stressga reaksiya berish holatini belgilaydi[3]. Inson hayotini stresslarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Chunki inson organizmi tashqi muhitga javob reaksiyasini qaytaradi. Shuning uchun stress kelib chiqishiga sababchi bo‘luvchi omillar ham turli psixologlar tomonidan turlicha tasniflangan.

       Shuningdek, G.Selye, V.Garris, S.A.Razumov kabi olimlar stressorlarni har xil tasniflagan[4]. Ularning ichidan asosiylarini inson organizmining zo‘riqishi orqali yuzaga keladigan fiziologik (jismoniy) stressor, ruhiy siqilish natijasida paydo bo‘luvchi psixologik stressor, boshqarib bo‘ladigan va boshqarish mumkin bo‘lmagan stressorlarga ajratish mumkin. O‘z navbatida, boshqarib bo‘ladigan stressorlarga psixologik, ortiqcha vazn, turmushdagi yumushlar bilan bog‘liq bo‘lgan stressorlarni kiritish mumkin. Chunki ushbu stressorlarni inson sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yish orqali boshqarishi mumkin. Boshqarish mumkin bo‘lmagan stressorlarga ob-havo, narx-navoning ko‘tarilishi kabi stressorlarni kiritish mumkin. Chunki ushbu stressorlarni inson o‘zi boshqara olmaydi. Shaxs o‘zi boshqara olmaydigan stressorlarni salbiy qabul qilmasligi va unga ko‘nikishga harakat qilishi lozim.

      Stresning psixoprofilaktikasi “stress menejment” deyiladi. Yanada aniqroq aytganda, stress menejment shaxsning o‘zi stresni boshqara olishidir. Stresni boshqarish uchun esa, dastlab stresning yuzaga kelish sababini bilish va uni yengib o‘tish yo‘lini aniqlab olish talab qilinadi. Stress yuzaga kelishi sababini aniqlash orqali unga qarshi kurashish metodikalari tanlanadi. Inson yashar ekan, umrining har bir jabhasida stress bilan yuzma-yuz kelaveradi. Hatto odam hayotida yuz beradigan yangi joyga ko‘chib o‘tish, yangi ishga kirish kabilar ham stressorlar hisoblanadi. Shunday ekan? inson stressdan qochishi emas, ularni boshqara olish qobiliyatiga ega bo‘lishi lozim. Chunki stress ta’sirida insonning faoliyat samaradorligi pasayishi, ishlash tezligi susayishi va organizmida turli salbiy o‘zgarishlar sodir bo‘lishi mumkin. Shaxs shunday o‘zgarishlardan himoyalanish uchun avvalo, o‘ziga ishongan, bo‘layotgan o‘zgarishlarning ijobiy tomonini qidirib topa oladigan, shu bilan birga, stresni boshqarish uchun mo‘ljallangan metodlardan foydalana olishi lozim.

      Stresni yengishda diniy katarsisdan samarali foydalanish mumkin. Chunki diniy katarsisda inson o‘zini qiynayotgan o‘y-kechinmalardan forig‘ bo‘lib, tashqi dunyo muammolaridan uzoqlashadi. Bu haqida rus psixologi F.Vasilyuk Moskvada 2005-yilda nashr qilingan “Переживания и молитва” (“Kechinmalar va ibodat”) asarida diniy katarsis shaxs stresni yengishi, tashqi dunyoda kechayotgan salbiy emotsiyalardan xalos bo‘lishi orqali faoliyatida samaradorlik ortishini ta’kidlaydi. D.M.Ugrinovich ham diniy katarsisning shaxs ruhiyatiga ijobiy ta’sirini tadqiqotlarida asoslab bergan. Bugungi global asrda shaxsning stressga tushishiga asos bo‘luvchi omillar (stressor)lar juda ko‘p.  Demak, stressni  yengib o‘tishda diniy katarsisdan foydalanish shaxsga psixologik xotirjamlik berish bilan birga, keyingi faoliyatini samaradorligini ham oshirar ekan. Shuning uchun ham diniy katarsis stress menejmentda alohida usul sifatida keng foydalanilmoqda. Bu usulni dinshunos va psixologlar keng o‘rganishi va o‘z faoliyatida qo‘llashi, hozirgi shiddatli hayot jarayonlari sharoitida shaxs streslarini yengillashtirishga xizmat qildirishi davr talabi bo‘lib qolmoqda.

 

B.Valiyev,

Тоshkent islom universiteti,

 falsafa fanlari nomzodi, dotsent

G.Xamidovа,

Тоshkent islom universiteti tadqiqotchisi

 

[1] Апчел В.Я., Цыган В.И. Стресс и стрессоустойчивость человека. М., 1999. 2 c.

[2] Апчел В.Я., Цыган В.И. Стресс и стрессоустойчивость человека.   М., 1999. C 2.

[3] Селье Г. Когда стресс не  приносит горя. –  Неизвестные силы в нас. М., 1992. с.104-135.

[4]www.psychera.ru

Read 149 times
Share this article

yil

Biz bilan bog'lanish

      

       100011, Toshkent shahar,

       Abdulla Qodiriy ko'chasi, 11-uy

       Tel: +998 (71) 244-00-91

       e-mail: Questo indirizzo email è protetto dagli spambots. E' necessario abilitare JavaScript per vederlo. , Questo indirizzo email è protetto dagli spambots. E' necessario abilitare JavaScript per vederlo.

       fax: 244-00-65

 

Top