SJ News II - шаблон joomla Авто

20170909

Islom dini qariyb XIV asrdan buyon xalqimizning madaniyati va milliy qadryatlariga katta ta’sir ko‘rsatdi va uning ajralmas qismiga aylandi. Ezgulik, tinchlik, halollik, poklik va axloq dini bo‘lgan islom asrlar davomida o‘z izdoshlarini nafsni isloh qilish yo‘llarini ishlab chiqishga targ‘ib qildi. Natijada  nafs tarbiyasi va  axloq-odobga doir asarlar yozildi. Bular sirasiga Kaykovusning “Qobusnoma”, Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig”, Ahmad Yugnakiyning “Hibat ul-haqoyiq”, Sa’diyning “Guliston” va “Bo‘ston”, Abdurahmon Jomiyning “Bahoriston”, Alisher Navoiyning “Mahbub ul-qulub” va boshqa asarlarini keltirishimiz mumkin. Bu asarlarda insonlarning axloq-odoblari qanday bo‘lishi yoki nafsni qanday tarbiyalash kerakligi to‘g‘risida tavsiyalar va ko‘nikmalar berilgan. Asrlar davomida hayot tarzini tashkil qilish, farzand tarbiyasida ushbu asarlardan foydalanilgan. Bu haqida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov shunday deb ta’kidlagan edi: “Buning asosiy sababi muqaddas dinimizning haqqoniyligi va pokligi, insonparvarligi va bag‘rikengligi, odamzotni doimo ezgulikka chorlashi, hayot sinovlarida o‘zini oqlagan qadriyat va an’analarni ajdodlardan avlodlarga yetkazishdagi beqiyos o‘rni va ahamiyati bilan bog‘liq. Va xalqimizning ma’naviyatini shakllantirishga, har qaysi insonning Alloh marhamat qilgan bu hayotda to‘g‘ri yo‘l tanlashi, umrning mazmunini anglashi, avvalambor, ruhiy poklanish, yaxshilik va ezgulikka intilib yashashida uning ta’sirini boshqa hech qanday kuch bilan qiyoslab bo‘lmaydi, deb o‘ylayman”[1].

Hozirgi kunda yoshlar o‘rtasidagi tarqalayotgan “ommaviy madaniyat” va g‘arbdan kirib kelayotgan o‘zbek xalqi milliyligiga, asrlar davomida shakllangan mentalitetiga yot g‘oyalardan asrash, ularga qarshi immunitet shakllantirish dolzarb masalalardan biri bo‘lib qolmoqda. Bu muammolar javobini topish uchun dinimizning ko‘rsatmalaridan keng foydalanish ijobiy samaralar beradi.

Haqiqatan ham islom dinida nafs tarbiyasiga katta ahamiyat berilgan. Hatto, bu ish jihodga tenglashtirilgan. Mazkur tarbiyaning asosiy natijasi axloq bo‘lib, ulamolar bu to‘g‘risida ko‘plab hadislar va hikmatli gaplarni keltirib o‘tganlar.

Jumladan, Ibn Rushd jihod turlarini tartiblar ekan: “Jihod to‘rtga bo‘linadi: qalb jihodi, til jihodi, qo‘l jihodi hamda qilich bilan qilinadigan jihod”, deydi. So‘ngra ushbu to‘rt jihodni sharhlab: “til bilan qilinadigan jihod bu yaxshilikka chaqirib, yomonlikdan qaytarishdir”, deydi[2].

Qolaversa, hadislarda ham axloqning ahamiyati, ayniqsa, Rasulullohning bu borada o‘rnak bo‘lganlari qayd etiladi. Yazid ibn Bobanusdan riyoyat qilinadi:

“Oisha oldiga kirib: “Ey mo‘minlarning onasi! Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xulqlari qanday bo‘lgan edi?”, dedik. U kishi: “Xulqlari Qur’on edi. “Mo‘minun” surasini qiroat qilasizlarmi? “Qod aflahal mo‘minun”ni o‘qi!” dedi”. Yazid aytadi: “Qod aflahal mo‘minun”ni to “li furujihim hofizun”gacha o‘qidim. (Bu) Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)ning xulqlari”,  dedi Oisha”. (Buxoriy “Al-Adab al-Mufrad”da  Nasoiy “Kubro”da rivoyat qilingan).

Boshqa bir hadisda  esa; Abu Dardo (roziyalloh anhu)dan rivoyat qilinadi: “Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): “Qiyomat kuni mo‘minning mezonidan chiroyli xulqdan ko‘ra og‘irroq narsa bo‘lmas. Albatta, Alloh fahsh va chirkin so‘z aytuvchini yomon ko‘rur”, dedilar”. (Termiziy va Abu Dardo rivoyat qilgan).

Imom Buxoriydan rivoyat qilingan hadisda shunday deyiladi: “Musulmonning afzali, qo‘lidan va tilidan musulmonlarga ozor yetmaydiganidir. Mo‘minlarning afzali esa, xushxulqlirog‘idir. Muhojirlarning afzali Alloh qaytargan narsalardan o‘zini yiroq tutuvchidir. Jihodning afzali esa, Alloh yo‘lida o‘z nafsi va xohishiga qarashi qilinadigan jangdir”[3].

Imom Buxoriydan rivoyat qilingan boshqa bir hadisda shunday deyiladi: “Jihod to‘rt xildir: Amri ma’ruf (yaxshi ishlarga buyurish), nahiy munkar (gunoh, yomon ishlardan qaytarish), o‘zining zarariga bo‘lsa ham rost so‘zlash, fosiq kishining masxara qilishiga chidab turish”[4].

Muhammad (sollallohu alayhi vasallam)ning ushbu hadislarida insonning o‘z nafsiga nisbat ahamiyatli bo‘lishi, uni doimo tergab turish lozimligi ta’kidlab o‘tilgan. Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam)ning o‘zlari boshqa musulmonlar uchun eng oliy o‘rnak bo‘lganlar. Bunga dalil qilib, Qur’oni karimning “Qalam” surasida “Va albatta, sen buyuk xulqdasan” (4-oyat),[5] degan oyatni keltirish mumkin.

Boshqa bir hadisda esa Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam)ning vazifalaridan biri eslatib o‘tilgan. Abu Hurayra (roziyalloh anhu)dan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Albatta, men oliyjanob axloqlarni tugal qilish uchun yuborilganman”. (Bayhaqiy rivoyati qilgan)

Yuqoridagi oyat va hadislardan shu narsa ma’lum bo‘ladiki, nafs tarbiyasi har bir musulmon uchun  muhim hisoblanadi. Islom va boshqa dinlarning asosiy maqsadi ham shu. Darhaqiqat, islom dini XIV asrdan buyon xalqimiz e’tiqod qilib kelgan sof, insonni komillikka o‘rgatadigan va boshqa ijobiy jihatlarga ega bo‘lgan jahon dini hisoblanadi. Shuning uchun ham hozirgi kunda bu dinga e’tiqod qiluvchilarning soni taqriban 1.5 milliarddan ortiqdir.

 

M.Otaqo‘ziyev,

Toshkent islom universiteti talabasi

 

[1]Karimov I.A. Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch. –Toshkent:“Ma’naviyat”, 2008. –B. 18.

[2]http://alsiyada.org/index.php?option=comˍcontent&view=article-&id=345%3A2012-08-29-11-50-4-47&catid=7%3A2011-08-14-15-18-08&ltemid=8&limitstart=1

[3] Hidoyat ortiga yashiringan zalolat. Mualliflar jamoasi. TIU/Toshkent-2010. – B 34.

[4] Hidoyat ortiga yashiringan zalolat. Mualliflar jamoasi.TIU. Toshkent-2010. – B 35.

[5] Abdulaziz Mansur. Qur'oni karim ma'nolarining tarjima va tafsiri. – Toshkent: “Toshkent islom universiteti” nashriyot matbaa birlashmasi, 2009. – B. 412.

Read 592 times
Share this article

yil

Biz bilan bog'lanish

      

       100011, Toshkent shahar,

       Abdulla Qodiriy ko'chasi, 11-uy

       Tel: +998 (71) 244-00-91

       e-mail: Questo indirizzo email è protetto dagli spambots. E' necessario abilitare JavaScript per vederlo. , Questo indirizzo email è protetto dagli spambots. E' necessario abilitare JavaScript per vederlo.

       fax: 244-00-65

 

Top