SJ News II - шаблон joomla Авто

20170909

“HIGH SPIRITUALITY, HARMONY OF VALUES AND TOLERANCE ///// ISHONCH TELEFONI: +(371)-244-00-56 SOAT 09:00 DAN 17:00 GACHA ///// “YUKSAK MA’NAVIYAT, QADRIYATLAR UYG’UNLIGI VA BAG’RIKENGLIK” ///// ///// «ВЫСОКАЯ ДУХОВНОСТЬ, ГАРМОНИЯ ЦЕННОСТЕЙ И ТОЛЕРАНТНОСТЬ» ///// Tashkent Islamic University Motto

Bugungi kunda din, Vatan, millat, madaniyat, milliy urf-odatlarni saqlash, himoya qilish, ajdodlardan bizgacha yetib kelgan muqaddas islom dini, qadriyatlari va tarixini kelajak avlodga sof holda yetkazish ishi dolzarb bo‘lib turgan bir vaqtda soha mutaxassislarining oldiga ulkan vazifalar qo‘yiladi. Vatan ravnaqi va ozodligi yo‘lida hamma bir tan bo‘lib kurashsagina yurt obod bo‘ladi. Hozirda yurtimizda millatlararo, konfessiyalararo muhim voqyea-hodisalarning to‘g‘ri, tinchlik va barqarorlik tamoyillari asosida amalga oshirilishi bois, bu masalalar xususida ijobiy natijalarga erishilmoqda. Albatta, islom tarixi fanidan ta’lim berishda yuqoridagi maqsadlarni to‘g‘ri anglagan holda xolisona talqin qilishning ahamiyati beqiyos.

To‘g‘ri, butun musulmon olamining tarixini faqat bir kitobda qamrab olish mushkul. Uni o‘nlab kitoblar bilan ham to‘laqonli yoritishning iloji bo‘lmasa kerak. Chunki xuddi insoniyat tarixi singari bu jarayonlarning o‘rganilmagan qirralari ko‘p bo‘lganidek, uni inson tafakkuri ilg‘amagan joylari ham talaygina.

Toshkent islom universitetida islom tarixi fani uchun qadim Arabiston yarimorolidan yurtimizning to mustaqillik yillarigacha bo‘lgan davriy chegara qamrab olinadi. Tarixiy voqeliklar musulmon mamlakatlari, O‘zbekiston tarixi va o‘lkadagi zamonaviy islom masalalariga qaratilgan mavzularda o‘z aksini topadi. Jumladan, ular mantiqiy ketma-ketlikda keltirilib, har bir mavzuning mohiyati asosiy tushuncha va tezislar orqali ochib beriladi. Bunda mavzu bo‘yicha talabalarga Davlat Ta’lim Standarti asosida yetkazilishi zarur bo‘lgan bilim va ko‘nikmalar to‘la qamrab olinadi. Xususan, fan ta’limida mamlakatimizdagi ijtimoiy-siyosiy, diniy-ma’rifiy, iqtisodiy-huquqiy va boshqa sohalardagi islohotlarning ustuvor masalalari ham atroflicha o‘rganilishi bilan bir qatorda, islom tarixi fanining so‘nggi yutuqlariga ham e’tibor qaratiladi.

Fanni o‘qitishda islom tarixining shakllanishi va mohiyati, arab-musulmon davlatlari, ularning ijtimoiy-siyosiy, madaniy va xususiy hayotidagi roli, muayyan davrlarda vujudga kelgan mafkuraviy tizimlar haqida ilmiy tasavvurlar hosil qilinadi. Shuningdek, O‘zbekiston an’anaviy islom tarqalgan o‘lkalardan biri ekani, uning jahon xalqlari ijtimoiy-madaniy, diniy-ma’rifiy hayotidagi o‘rni, hozirgi zamon islom konsepsiyalari, ularning g‘oyaviy asoslari haqida xolisona ilmiy ma’lumotlar berish maqsad qilinadi.

Fanning vazifasi – jahon va mintaqamizda islom tarixi haqida mustaqil fikr-mulohaza yuritish, ilmiy izlanishlar olib borish, ish faoliyatida olimlar tadqiqot va tajribalaridan foydalanishning zamonaviy tendensiyalariga oid ilmiy qarashlariga tegishli bo‘lgan ma’lumotlardan unumli foydalanish va uni qo‘llash malakasini shakllantirishdan iborat.

Islom tarixi boshqa fanlar bilan o‘zaro bog‘liq bo‘lib, jumladan, manbashunoslik, tarixshunoslik, atamashunoslik va o‘lkashunoslik,  O‘zbekiston tarixi, jahon tarixi, me’moriy yodgorliklar va epigrafika, diplomatika, musulmon mamlakatlari tarixi, islomshunoslik va boshqa fanlarni o‘rganishga asos bo‘lib xizmat qiladi.

Talabalarning islom tarixi fanini yetarlicha o‘zlashtirishlari uchun o‘qitishning ilg‘or va zamonaviy usullaridan foydalanish, yangi pedagogik texnologiyalarni tatbiq qilish muhim ahamiyatga ega. Fanni o‘zlashtirishda darslik, o‘quv uslubiy qo‘llanmalar, ilmiy nashr, ma’ruza matnlari, tarqatmalar, xaritalar, yozma va bosma manbalar, shuningdek, elektron materiallar, plakatlardan foydalaniladi.

Islom tarixi fanini o‘qitishda davrlashtirish an’anasi deyarli barcha shu mazmundagi kitoblarga xos bo‘lib, biz ularga Sharq, G‘arb va Yevropada nashr etilgan ko‘p adabiyotlarda guvohi bo‘ldik. Izlanishlar natijasi shuni ko‘rsatdiki, islom tarixi bilan shug’ullanuvchi mutaxassislar uzoq o‘tmishdan shu kunimizgacha bo‘lgan tarixiy jarayonlarni davrlashtirish (xronologik) tarzida olib borganlar. Bunga juda ko‘p misollar keltirib o‘tishimiz mumkin. Lekin asl maqsadimiz bu emas. Eng asosiysi, uning uzoq asrlik tajribadan o‘tgani va yuqori natijalarga erishilgani hamda ishning samaradorligida.

Universitetimizda tarix yo‘nalishi talabalari uchun uchinchidan to yettinchi semestrlargacha islom tarixi fanidan ta’lim beriladi. Mazkur bosqichlarda fan quyidagi mavzularni o‘z ichiga oladi. Jumladan, uchinchi va to‘rtinchi semestrlarda dastlab fan predmeti, maqsad va vazifalari tushuntiriladi. Arabiston yarimorolida vujudga kelgan eng qadimgi jamiyatlar tahlil etilib, Janubiy, Shimoliy, Markaziy Arabiston va Hijozdagi qadimgi davlatlar haqida ma’lumotlar beriladi. Keyingi mavzular hududdagi turfa dinlar va yakkaxudolik tushunchalarining shakllanishi, vahiy kelgunga qadar Muhammad (a.s.)ning Makka va Madinadagi hayot faoliyatlari yoritiladi. “Umma”ning ijtimoiy hayotdagi ahamiyati, Badr, Uhud, Xandaq va boshqa g‘azotlar, Hudaybiya sulhi, vidolashuv haji, islom ta’limoti tizimining shakllanishi, xulafoi roshidin davri, ummatning qayta birlashishiga oid materiallar bilan ochib beriladi.

Beshinchi va oltinchi semestrlarda umaviylar davlatining tashkil topishi, Movarounnahr fathi, Abbosiylar davlati: taraqqiyot davri, mustaqil musulmon davlatlari, Shimoliy Afrika davlatlari, Andalusiyada islomning tarqalishi, salb yurishlari va erishilgan natijalar, Mamluk sultonligi kabi mavzular bilan tugaydi.

Oltinchi va yettinchi semestrlarda mo‘g‘ullar bosqini davrida Movarounnahr, usmoniylar davlati: tashkil topish, taraqqiy etish, yuksalish va inqirozga yuz tutish tarixi, O‘rta Osiyo, Xuroson va Yaqin Sharqda Amir Temur va temuriylar sulolasi: siyosiy-ijtimoiy va madaniy-ma’rifiy hayot tarzi, Dashti qipchoq o‘zbeklari shayboniylar davlatining asoschilari sifatida, Bobur va boburiylar saltanati tarixnavisligi, uch xonliklar davrida O‘rta Osiyodagi diniy vaziyat, XVIII asr oxiri - XIX asr boshlarida Janubiy Turkiston, Rossiyaning Turkistondagi mustamlakachilik siyosati: diniy-falsafiy va ijtimoiy fikr kabi masalalar o‘rganiladi.

Yettinchi va sakkizinchi semestrlarda Turkiston milliy-ozodlik harakatlarida diniy islohotchilik g‘oyalari, XX asr birinchi yarmida islom diniga nisbatan olib borilgan siyosat, O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasining faoliyati, XX asr oxiri - XXI asr boshlaridagi siyosiylashgan oqimlar va ularga munosabat, O‘zbekiston mustaqilligining qo‘lga kiritilishi va o‘z taraqqiyoti yo‘lidagi ildam qadamlar, islom va hozirgi zamon fani bilan bog‘lanib ketadi.

Ko‘rib turganimizdek, fan bo‘yicha mavzular ketma-ketligi davriy bosqichlarga taqsimlangan. Aynan bu uslub talabada ilk islom ta’limotining shakllanishi va tarixiy bosqichlari, fanga oid ilmiy-amaliy masalalarni yechish uslublari, davrlashtirib o‘rganish, islomning dunyo taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi, musulmon sulolalari va islom tarixining o‘zgaruvchan xarakteri va rivojlanish tendensiyalari haqidagi bilimlarni o‘zlashtira olishi samaradorligini oshiradi. Natijada talaba xulosaviy bilimlar hosil qilish, ularni dalillash, muammolarni hal etish, farazlarni ilgari surish va asoslash ilmiy nazariyalarining mantiqiy tuzilmasini bilish, Markaziy Osiyo mutafakkirlari, milliy mafkura ildizlari, umuminsoniy qadriyatlar, islom tarixining bugungi holatini mustaqil tahlil etish, islom tarixiga oid ma’lumotlarni axborot va yuksak texnologiyalar, shuningdek, globallashuv imkoniyatlari orqali ilmiy o‘rganish; tarixda ro‘y bergan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarning islom tarixiga ta’sirini tahlil etish, metodologiyani qo‘llay bilish, unda dialektik, sinergetik, tizimli yondashuvlar va falsafiy uslublarni qo‘llay olish imkoniyatlariga ega bo‘ladi.

Islom tarixi fanini davrlashtirib o‘rganish bo’lajak tarixchilarni tayyorlashdagi aniq maqsadlar sari yo‘llab, talabalarda yetarlicha bilim, ko‘nikma va malaka hosil qilishga xizmat qiladi. Shundan kelib chiqib, tarixchi mutaxassis mavzuga oid ma’lumotlarni yuksak texnologiyalardan foydalanib, globallashuv sharoitlarini hisobga olib, masalaning nazariy va amaliy jihatdan tahlil qila olishi mumkin. Bunda, albatta, ma’lum uslublarga tayanish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Zotan, davrlashtirish an’anasiga ko‘ra, voqelik ma’lum bir davr bilan cheklanadi, lekin mavzu toraygan sari uning ichiga kirib borish imkoniyatlari kengayadi.

N.Nasrullayev,

Toshkent islom universiteti,

tarix fanlari nomzodi

Read 145 times
Share this article

yil

Biz bilan bog'lanish

      

       100011, Toshkent shahar,

       Abdulla Qodiriy ko'chasi, 11-uy

       Tel: +998 (71) 244-00-91

       e-mail: Questo indirizzo email è protetto dagli spambots. E' necessario abilitare JavaScript per vederlo. , Questo indirizzo email è protetto dagli spambots. E' necessario abilitare JavaScript per vederlo.

       fax: 244-00-65

 

Top