SJ News II - шаблон joomla Авто

20170909

Maqola_UZ (258)

Rate this item
(0 votes)

Bir hokoyatda keitirilishicha: “Qadimda Eronning Kuhf mavzesida bir donishmand o‘tgan ekan. Darbadarlikda turli xil elat tillarini o‘rgangani va 10 dan ortiq tillarini puxta bilgani uchun uni “Qaritil” deb atasharkan. Bir kuni u haqidagi gaplar saroygacha yetibdi va saroydagi vazirlar qanday qilib faqirlikda til o‘rganish mumkin deb hayron bo‘lishibdi va uni saroyga taklif qilishibdi. O‘sha davrda saroydagi ichki dushmanlardan qo‘rqib, yozishmalar va ichki suhbatlarla saroy vazirlarining o‘zlari yaratgan tilde olib borilar ekan. Donishmand kirib kelishida unga qarab o‘zlarining tilida “Uni bekorga taklif qildik. Gaplar to‘g‘ri emasga o‘xshaydi”- deyishayotgan vaqtda, donishmand ularga qarab, o‘zlarining tilida: “10 tilni yod bilganingda tillarni begonasi qolmas ekan”- deb javob beribdi. Bundan hayratlangan qirol uni vazir darajasiga ko‘targan ekan”. Ushbu xalq og‘zaki ijodidan berilgan hikoya tillarning har davrda ham muhim bo‘lganining yaqqol isboti hisoblanadi.

 Darhaqiqat, hozirgi kunda turli tillarni bilish inson uchun suv va havodek zarur. Sababi inson har qanday sohada bo‘lmasin unga o‘z tilidagi ma’lumot hamda bilimlar kamlik qiladi. Bundan tashqari, tillar dunyoni bilishimizga undaydi. Bejizga “Til bilgan – el  biladi” deb aytilmaydi. Ammo har bir ishning qiyinchiligi bo‘lgani kabi, til o‘rganishning ham o‘ziga yarasha qiyinchilik va mashaqqatlari mavjud. Ayniqsa, u til sizning ona tilingiz bor oila turkumiga kirmasa.  Nafaqat undagi qoidalar balki talaffuz ham o‘zgacha bo‘lsa. Internet ma’lumotlariga qaraganda, ayniqsa yoshlar tomonidan eng ko‘p qidiriladigan mavzulardan biri bu tilni “Osonroq” o‘rganish haqidagi mavzular. Haqiqatdan ham bir narsani o‘ziga qulay usulda o‘rganish ancha oson kechadi. Bekorga A.Enshteyn tomonidan “O‘zing xohlagan ishni qilsang butun umr ishlamagandek yashaysan” deb aytilmagan.

Hozirgi kunda eng ko‘p o‘rganiladigan tillar bu albatta jahon tillari hisoblangan: ingliz, rus hamda xitoy tillari hisoblanadi. Ularni o‘rganishdagi, yoki umuman har qanday tilni o‘rganishning negizini so‘z boyligi tashkil qiladi. Shuning uchun ham yangi so‘zlarni qanday qilib osonroq eslab qolish xususida bir necha uslublar bilan tanishtirib o‘tmoqchiman.

Birinchi uslub sifatida mnemonikaning “Visualization” usuliga to‘xtalib o‘tish o‘rinli. Bu uslub eng samarali uslublardan biri, sababi inson miyasi eng ko‘pvaqt davomida yoki eng kulguli, yoki eng qayg‘uli yoki tanish narsalarni saqlab qolar ekan. Shuning uchun ham yangi so‘zlarni o‘zingizga tanish so‘z sifatida tasavvur qilish ishingizni ancha yengillashtiradi. Misol uchun sizga umuman notanish hisoblangan lotincha “mitoz” so‘ziniolsak. O‘zbek tiliga “bo‘linish” deb tarjima qilinadi. Mitoz so‘zi sizningcha o‘zbek tilidagi qaysi so‘zga yaqin? Matiz! Matiz avtomashinasini ikki qismga bo‘linganini tasavvur qiling. Faqatgina so‘zni yana bir qaytaring va to‘gri holatda eslab qoling. Agar so‘zingiz uzun bo‘lsa, uni ikkiga bo‘ling va o‘zingizga tanish so‘zlarga aylantiring. Xuddi shu tarzda boshqa so‘zlarni ham: Anta (arab.), classmate (ingl), dabiriston (toj.), kuli (nem.) “Takrorlash bilimlarning onasi”. An’anaviy uslub tarafdorlari uchun bu maqol juda yaxshi tanish. Til o‘rganuvchilarga bu uslub ham ancha ta’sirli. Ya’ni bunda,  yodlamoqchi bo‘lgan so‘zingiz 20 marta ovoz chiqarib takrorlanadi. So‘ng bu so‘z yordamida o‘sha zahoti gap tuziladi. So‘ng yana 5 marta tarjimasi bilan birgalikda qaytariladi. Keyin esa ikkinchi so‘zga o‘tiladi. Faqatgina bu uslub  60 daqiqadan ko‘p uzluksiz davom ettirish tavsiya berilmas ekan. Sababi bir narsani uzoq vaqt davomida takrorlash esda saqlashga yordam bersa ham miya faoliyatini oz muddatga susaytirib qo‘yar ekan. Shuning uchun yangi 20 ta so‘z yodlaganingizdan so‘z miyangizni boshqa narsa bilan chalg‘itib, dam oldirishingiz foydali. Toza havodagi sayr, uy ishlarini bajarish, film tomosha qilish shular jumlasidandir. Keying uslub kamchilik tomonidan bajarilsa-da, eshitish qobiliyati yaxshi bo‘lgan insonlarga eng samarali uslub desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu jarayonni olib boorish uchun sizga faqatgina uyali aloqa telefoni hamda quloqchinlar yordam beradi. So‘zlarni diktofonga yozib olish va uni musiqa o‘rniga kun davomida eshitib yurish sizda ham eshitish(listening) qobiliyatini oshiradi bundan tashqari so‘z boyligingizni oshirishga ham yordam beradi.  Ma’lum vaqt eshitganingizdan so‘ng esa, o‘zingizni yozma ravishda tekshiring. Bu tekshiruvda nafaqat so‘z va tarjima to‘g‘riligi balki ularning qanchasini tartib bilan

o‘rniga yozganingizni ham ko‘ring. Misol uchun 1-huge (katta) 2-frame (ramka) tarzida eshitgan bo‘lsangiz, xuddi shu tarzda daftaringizga yozing. Agar birinchi bo‘lib frame so‘zini keyin huge so‘zini yozgan bo‘lsangiz buni xato deb hisoblang va keyinchalik bunday xatolarni kamaytirishga harakat qiling. Buni analiz qilib boorish xotirangiz qay darajada o‘sib yoki pasayib borayotganini analiz qilish imkoniyatini ham beradi.

Xulosa qilib aytganda til o‘rganish jarayoni ma’lum bir vaqtni va harakatni talab qiladi. Ammo uni samarali usullar bilan o‘rganish ham vaqtingizni ham aqliy kuchingizni tejaydi. Tejalgan vaqtingizni esa, yana bir boshqa foydali ish bilan mashg‘ul bo‘lishga sarflashingiz mumkin.

Shahzoda Abdumajidova,

“Dinshunoslik” yo‘nalishi 2-kurs talabasi

Rate this item
(0 votes)

Qo‘lingda erk, boshda yalov, tilingda surud,

                                       Vataning bor, bola-bog‘chang, or-nomusing bor.

                                       O‘zbekiston deb atalgan muqaddas hudud,

                                       O‘z Davlating, mamlakating, o‘z Qomusing bor

                                                                                          Abdulla Oripov

      Har bir mustaqil davlatning o‘z Konstitutsiyasi bor. “Konstitutsiya” lotincha so‘z bo‘lib, “qonun”, “qoida”, “qaror”, “nizom” kabi ma`nolarni anglatadi. Konstitutsiyada biron bir davlatda yashayotgan fuqarolarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy huquq erkinliklari, burch va majburiyatlari, jamiyatni rivojlantirishning iqtisodiy asoslari, davlat tuzilishiga oid eng asosiy qonun – qoidalar qisqacha, aniq-ravshan belgilab qo‘yiladi[1].

    Demokratik davlatda qonun hamma narsadan yuqori turadi, yetti yoshdan yetmish yoshgacha barcha kishilar qonunga rioya qilib yashashi, ishlashi, o`z hayotini qurishi shart hisoblanadi. Har bir davlatda o‘zi belgilangan qonun-qoidalar bo‘lmasa, u rivojlanmaydi va davlat, deb ham hisoblanmaydi.

      Mustaqil davlatning konstitutsiyasidagi moddalar shu davlatning tabiiy yashash sharoiti, ijtimoiy-iqtisodiy turmush tarzi, e‘tiqod qiladigan dini, milliy xarakteri,  milliy tuyg‘usi, milliy didi, milliy an‘ana va qadriyatlaridan kelib chiqib belgilanadi. Konstitutsiya – davlatning tartib rejimi. Ya’ni unda davlat siyosatini yuritish maqsad va vazifalari belgilangan bo‘ladi. Obod yurtimizning Konstitutsiyasi 1992-yil 8-dekabrda qabul qilingan. Konstitutsiyamizning poydevorini xalq bilan birga birinchi prezidentimiz Islom Karimov qo‘ydi. Bu haqida prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Xalqimizning ong-u tafakkuri, dunyoqarashi va butun hayotini tubdan o‘zgartirgan ushbu muhim siyosiy hujjatni ishlab chiqishda Islom Abdug‘aniyevichning konseptual ahamiyatga ega teran fikrlari, mustahkam zamin bo‘ldi”[2]. Mana bu yil ushbu sanani nishonlayotganimizga chorak asr bo‘libdi.     

     Konstitutsiyamiz e’lon qilingandan beri o‘tgan davr mobaynida yurtimizda ulkan o‘zgarishlar bo‘ldi. Milliy mustaqil davlat poydevori yaratildi. Ko‘p partiyalar ishtirok etgan saylovlar asosida Oliy Majlis deputatlari va  Prezidentimiz saylandi. Iqtisodiy, ijtimoiy, ta’lim, fan, madaniyat, ma`rifat, adliya, huquq sohalariga oid ko‘plab qonun e’lon qilindi. Bular hammasi Konstitutsiyamiz negizida ishlab chiqilgan. Bosh Qomusimizda belgilangan qonun-qoidalar haligacha o‘z qadr-qimmatini yo‘qotmay kelmoqda. Bu  esa,  Konstitutsiyamizning  tuzilishi,  uning  fuqarolar  tinchligiga,  milliy  va  ijtimoiy  kelishuvga  erishishga,  shaxs erkinligi va saylov erkinligiga, siyosiy barqarorlikka, iqtisodiy taraqqiyot va  farovonlikka erishishga, davlat hokimiyati tizimini huquqiy asoslarda  rivojlantirishga yo‘naltirilganligini ko‘rsatadi.

Bilamizki, dunyodagi eng aziz va mo‘tabar zot insondir. Bu dunyoni ko‘zimizga chiroyli va betakror qilib turgan narsa ham insonlarning bir-biriga bo‘lgan mehr-muhabbatidir. Inson – yaratganning buyuk mo‘jizasidir. Muqaddas kitobimiz Qur’oni Karimning “Isro” surasi 70-oyatida “Batahqiq, Biz Bani odamni mukarram qilib qo‘ydik”.  Modomiki, inson shu qadar aziz va mukarram ekan, uning huquqlari ham muqaddasdir. Islom shariatining maqsadi – insonning dinini, jonini, aqlini, naslini va molini asrashdan iborat. Asosiy qonunimizda aynan Birinchi Prezidentimizning sa’y-harakatlari bilan Konstitutsiyamizda “Inson va uning qadr qimmati” degan ulug‘ tushuncha markaziy o‘ringa qo‘yilib, shu bilan birga, xalqimizning bebaho qadriyatlari va boy davlatchilik ifodalangan. Konstitutsiyamizda ham inson huquqlari masalasiga alohida e’tibor qaratilib, 2- moddasida “Davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qiladi”. Konstitutsiyamizning ikkinchi bo‘limi va 18-52-moddalarida inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlariga bag‘ishlangan. 2017- yilning Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari” yili deb nomlanishi, shu barobarida, 2017-2021-yillarga mo‘ljallangan “Harakatlar strategiyasi” dagi belgilangan ustuvor vazifalar ham Konstitutsiyamizning poydevorini yanada mustahkam bo‘lishiga xizmat qilmoqda.

Dinobod Хudoyqulova,

universitet 3-kurs talabasi

 

[1] O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti. 2012-y

[2] Qonun ustuvorligi va inson manfaatlarini ta`minlash-yurt taraqqiyoti va xalaq farovonligining garovi. Toshkent “O‘zbekiston” - 2017

Rate this item
(0 votes)

    Psixologiyaning “yosh davrlar psixologiyasi” yo‘nalishida insonning filogenetik va shu bilan birga ontogenetik davri, ana shu davrda vujudga keluvchi psixologik, emotsional, fiziologik ta’sirlarni o‘z ichiga oluvchi fan sohasi tushuniladi. O‘smirlik davri – inson ontogenezidagi bolalik va yetuklik o‘rtasidagi davr sanaladi. O‘smirlik davri  inson eng ko‘p sotsial ta’sirlarga uchrovchi bosqichdir. Psixologlardan biri D.B.Elkonin bu davrni 2ga ajratadi:

1.Kichik o‘smir yoshi – 12-14 yosh

2.Katta o‘smir yoshi – 15-17 yosh

         Ba’zi olimlar esa, o‘smirlikni o‘z ichiga oluvchi yoshni hududiy, regional, geografik, urf-odat va an’analardan kelib chiqib belgilashadi. BMTning  hisobotiga ko‘ra, dunyoda taxminan 1.1 milliard o‘smir mavjud (2011-yil ma’lumoti). “Teenager” so‘zi Yevropa va qo‘shni davlatlarda o‘smir so‘zini anglatadi (ya’ni TEEN – 13 dan 19 gacha sonlar oxiriga qo‘shiladi, AGE-yosh). Elkonin talqini bo‘yicha o‘smirlikda yetuklik hissi va yetulikka intilish motivi bo‘ladi. Ammo o‘smir o‘zini bola” deb hisoblamaydi va bundan qochadi, ammo yetuk deb ham hisoblay olmaydi. R.Xevigxerst talqini bo‘yicha o‘smirlik davri rivojlanish qonuniyatlariga:

1.Jinsiy va jismoniy jihatdan rivojlanib “MEN” obrazini hosil qiladi;

2.Shaxslararo munosabatni shakllantirish, tengdoshlari ichida o‘z rolini toppish;

3.Oilasidagi sotsial rol mas’uliyati;

4.Abstrakt fikrlash vujudga kelishi;

5.Hayotiy falsafa shakllanishi;

6.Ta’lim va kasbiy tanlov jarayoni;

7.Mustaqil oila tuzishga tayyorlik.

  12-17 yoshlarda jinsiy rivojlanish yuqori darajada kechadi. 12-15 yoshli o‘smirlarda soqol va mo‘ylovlar o‘sishi boshlanadi, ammo fiziologik jihatdan ba’zi muam     molar: yurak, o‘pka, paylar, miyada o‘zgarishlar vujudga kelishi mumkin. Organizm “qayta quriladi”. Natijada o‘z tashqi ko‘rinishga e’tibor oshib, “MEN” obrazi vujudga keladi. Bu davrda o‘smir uchun birinchi darajali ehtiyoj – bu tengqurlari bilan muloqot bo‘ladi. Hatto ba’zida tengdoshlari fikri o‘qituvchi va ota-onasi fikridan ustun kelishi ehtimoli bor. Ota-ona tomonidan o‘smirning hamon bola sifatida ko‘rilishi ba’zi konflikt(nizo)larga sabab bo‘lishi mumkin.  L.I.Bojovich talqini bo‘yicha, bu davrda o‘smirning o‘ziga va atrof-olamga munosabati tubdan o‘zgaradi. Bu paytga kelib, o‘smirda mantiqiy fikrlash, gipotetik fikr yuritish (faraz qilish va prognozlash), reflaksiya kabi xususiyatlar ko‘rinadi. Atoqli rus bolalar psixologi A.I.Zaxarova o‘smirlarda uchrovchi 5 ta qo‘rquvni ajratadi:

1.Jamiyatda o‘z o‘rnini egallay olmaslikdan xavfsirash;

2.Boshlagan ishni oxiri negativ tugashidan qo‘rqish (perfeksionizm va maksimalizm sabab);

3.Jismoniy o‘zgarishlar sababli o‘z tashqi ko‘rinishidagi o‘zgarishlardan discomfort(noqulaylik) hissi;

4.Yakkalikdan qo‘rqish;

5.O‘z-o‘zini rivojlantira olmaslikdan qo‘rqish.

         2011-yil BMT tadqiqotlariga ko‘ra, bu payda insonning BOSHQARUVCHI yoki BO‘YSINUVCHI tipga aylanish jarayoni ongsiz ravishda amalga oshadi. Ya’ni Yevropa va G‘arb mamlakatlari misolida olsak, o‘smirlarning aksariyati (88%) rivojlangan shaharlarda yashaydi. Boy oiladagi o‘smirlarda ta’lim olib, erkin kasb tanlash imkoni ko‘proq va aksincha, moddiy imkoniyatlari biroz cheklangan oiladagi o‘smirda bunday imkoniyat kamroqdir. O‘smirlik davri eng qiyin kechuvchi ham psixologik ham fiziologik davr sanaladi, shuning uchun bu davrni “O‘tish davri” deb ham ataydi. O‘tish davri inqirozi esa, eng keskin, eng qiyin kechuvchi jarayon sanaladi

 O‘smirning oildagi xulq-atvorida o‘zgarishlarga:

 O‘smir mustaqillikka, o‘ziga xoslikka, mustaqil qaror qabul qilishga urinadi, ota ona esa farzandini voyaga yetganini tan olgisi kelmaydi. Shu sabab o‘smirda oilasidan avvaliga o‘ta shaxsiy, so‘ngra har qanday muhokamadan qochish hissi paydo bo‘ladi. Bu davrda oilada avtonomiyaga erishish motivi vujudga keladi. Do‘stlardagi moddiyat o‘smirga negativ ta’sir qilishi mumkin, shuningdek “O‘smirlik Negativizmi” shakllanadi (qarama qarshi jins vakili yonida chekish, ichish va hk.) Ba’zida bu muammolarga oilada qaror qabul qilinishida o‘smirning fikri inobatga olinmasligi sabab bo‘ladi. Oilaviy muhit yaxshi maromda bo‘lishi uchun ota-onalarga ba’zi psixologik maslahatlar:

1.O‘smirni oila masalalarida faol qatnashishiga yo‘l qo‘ying. Bu kelajakda farzandingizni har qanday muammoni oila davrasida yechishga va sizdan hech qanday sir yashirmasligiga olib keladi;

2.Farzandingiz bilan gaplashish uchun doim vaqt ajrating. Bu sizga uning kechinmalari orzulari, hissiyotlari haqida ko‘p narsani ochib beradi ,u sizni nafaqat ota-ona balki haqiqiy do‘st sifatida qarashiga imkon yaratadi

3.Uning muammalari bilan qiziqing, yechim topishga yordam bering. Ayniqsa, bu undagi yashiringan va endigina kurtak yozayotgan iqtidor va qobiliyatni yuzaga keltirishda juda muhim sanaladi;

  1. Ortiqcha bosim o‘tkazmang, ba’zida kelishuv yo‘lini tanlab uning o‘zi qaror qabul qilishiga yo‘l qo‘yib bering;
  2. Farzandingizni fikri qanday bo‘lishidan qat’iy nazar uni hurmat qiling;

6.Jahlingiz chiqqanida ham unga hurmat bilan ( ya’ni u ham men kabi, shunchaki hali hayot tajribasi kamroq deb) oilaning teng huquqli a’zosi sifatida qarang.

O‘smir qizlarda onasidan va dugonalaridan kosmetikani qanday ishlatish ko‘nikmasi paydo bo‘la boshlaydi. Ular ayniqsa tashqi ko‘rinishga ahamiyat bera boshlaydi. Bolalarda esa, boshlagan ishini doim muvaffaqiyat bilan tugatish, g‘alaba qilish motivi shakllanadi (Asosan qarama-qarshi jins vakili sababli). O‘smirlik davrida birinchi sevgi holati o‘tadi, bu o‘ta murakkab davr sanaladi. Sevib qolgan insoni ular uchun “ideal”ga aylanadi, uning hislari ustidan kulish esa, ota-ona uchun farzandi bilan muloqotni izdan chiqarish bilan barobardir. Agar sevgi javobsiz bo‘lsa, o‘smirda salbiy psixoemotsional xususiyatlar (tushkun kayfiyat, agressiya, ba’zida gap qaytarish, yakkalanish o‘z olamida yashashga o‘tishi, kam muloqotlilik, sir saqlah va h.k) paydo bo‘ladi. Bu davrda uning har qanday kechinmalarini tinglang, o‘smirni ota-ona sifatida emas, do‘st sifatida  tushunishga harakat qiling. Ba’zi ota-onalar ishi ko‘pligini ro‘kach qilib, farzandiga vaqt ajratmaydi, masalan ota-onalar majlisiga bormaydi, bu o‘smirda uning boshqalarga qiziq emasligini o‘ylashiga olib keladi. Farzandingizni hech qachon boshqalar bilan solishtira ko‘rmang, bu uning o‘z-o‘ziga beruvchi bahosini tushurib yuboradi. Uyda betakror muhit yarating.

      Mamlakatimiz aholisining aksariyat qismini yosh o‘smirlar tashkil etadi. Shunday ekan mamlakat kelajagi ular qo‘lidadir. O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti Islom Karimov: “Farzandlarimiz, kelajak avlodlar bizdan shu o‘lkani, shu muqaddas zaminni yana ham boy, kuchli va qudratli holatda qabul qilib olishlari uchun, biz buyuk ajdodlarimizga nisbatan qanday minnatdorchilik tuyg‘ularini his etayotgan bo‘lsak, o‘g‘il-qizlarimiz, kelajak avlodlar ham bizga nisbatan shunday minnatdorchilik tuyg‘ularini his etishlari uchun lozim bo‘lgan hamma ishni qilish – bizning fuqarolik burchimizdir” deya ta’kidlaganlar[1].

Bundan ko‘rinib turibdiki, inson hayotidagi eng keskin va eng og‘ir kechuvchi psixologik davrning o‘ziga xos xususiyatlari mavjud. Albatta hozirgi Yevropa va G‘arb mamlakatlariga “in qurib olgan” – “ommaviy madaniyat”ning ta’sirida ham ba’zi ko‘ngilni xira qiluvchi vaziyatlarga duch kelamiz. O‘smirlik davri esa, aynan endigina daraxtga aylanayotgan nihol kabidir. Shamol qayerga essa, u ham o‘sha yerga engashadi. Mamlakatimizda o‘smir yoshlarimizning xohlagan sport turi yoxud qiziqishlarini, avvalo ulardagi qobiliyatlarni rivojlantirish uchun barcha sharoitlar yetarlidir. Ularning vatanga bo‘lgan muhabbatlari ham cheksizdir. Albatta, bunday imkoniyatlardan unumli foydalanib, yurtimiz bayrog‘ini ko‘klarga ko‘tarishga harakat qilamiz. Xususan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev: “Bizni o‘ylantirib keladigan yana muhim masala – bu yoshlarimizning odob-axloqi, yurish-turishi, bir so‘z bilan aytganda, dunyoqarashi bilan bog‘liq. Bugun zamon shiddat bilan o‘zgarmoqda. Bu o‘zgarishlarni hammadan ham ko‘proq his etadigan kim – yoshlar. Mayli, yoshlar o‘z davrining talablari bilan uyg‘un bo‘lsin. Lekin ayni paytda o‘zligini ham unutmasin. Biz kimmiz, qanday ulug‘ zotlarning avlodimiz, degan dav’at ularning qalbida doimo aks-sado berib, o‘zligiga sodiq qolishga undab tursin. Bunga nimaning hisobidan erishamiz? Tarbiya, tarbiya va faqat tarbiya”[2].

 

Jahongir Tolipov,

  “Psixologiya” yo‘nalishi talabasi

 

[1] I.A.Karimov. “O’zbekiston XXI asr bo’sag’asida: Xavfsizlikka tahdid,barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari”. Toshkent. “O’zbekiston” 1997.

[2] Sh.M.Mirziyoyevning “Ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash,muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi”mavzusidagi anjumandagi nutqi. Toshkent,15.06.2017

Faqja 1 di 65

yil

Biz bilan bog'lanish

      

       100011, Toshkent shahar,

       Abdulla Qodiriy ko'chasi, 11-uy

       Tel: +998 (71) 244-00-91

       e-mail: Questo indirizzo email è protetto dagli spambots. E' necessario abilitare JavaScript per vederlo. , Questo indirizzo email è protetto dagli spambots. E' necessario abilitare JavaScript per vederlo.

       fax: 244-00-65

 

Top