SJ News II - шаблон joomla Авто

20170909

Termiziy allomalarga ulkan ehtirom

Har bir xalq o‘zining ulug‘ o‘tmishi, buyuk tarixiy shaxslari bilan faxrlanadi. Aynan manashu iftixor uni yanada ulkan ishlarni amalga oshirishga, kelajakka katta umidlar bilan qarashga undaydi.

Ushbu mezon bilan o‘lchaganimizda O‘zbekiston diyorida tug‘ilib, o‘zini shu yurtning farzandiman deb hisoblagan har bir kishining o‘zida iftixor tuyg‘usini ikki karra tuyishga ko‘proq haqlidir. Chunki yurtimizning har bir qarich yeri, har bir tuprog‘i ulug‘ allomalarning qadamlariga zamin, mo‘’tabar jasadlariga xok bo‘lgan. Jumladan, hadis ilmining sultoni, Qur’oni karimdan keyingi ikkinchi o‘rinda turadigan sahih hadislardan iborat muqaddas kitobning jamlovchisi Imom Buxoriy, musulmonlar aqidasining to‘g‘rilovchisi, mutakallim olimlar peshvosi Imom Moturidiy, islom dunyosida asrlar mobaynida huquqiy masalalar bo‘yicha asosiy manba bo‘lib xizmat qilgan asarning muallifi, millat va dinning hujjati nomiga sazovor Burhonuddin Marg‘iloniy va yana uzundan-uzoq nomlarga musharraf bo‘lgan, o‘nlab, balki yuzlab olimlar ushbu diyorning farzandlaridirlar.

Mustaqillik yillarida ulug‘ ajdodlarimizga munosabat tubdan o‘zgardi. Ularning qadamjolarini obod etish, ilmiy merosini xalqimiz va keng jamoatchilikka yetkazish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori anashunday ulug’ zotlardan yana biri, hadis ilmining peshvosi sanalgan Imom Termiziyga bo‘lgan e’tiborning yaqqol namunasidir. Albatta ushbu qaror butun xalqimizni juda ham quvontirdi, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Chunki, bundan atigi yigirma besh yil oldin buyuk o‘tmish haqida gapirish og‘ir jinoyat sifatida qaralganini ko‘pchilik hali esidan chiqargani yo‘q. Bugun esa Davlat rahbarining o‘zi bunday xayrli ishlarga bosh bo’lmoqda. Shu bilan birga “ajdodlarini e’zozlagan yurtning kelajagi ham buyuk bo‘lishi”ni hyech kim inkor eta olmaydi.

Islom olamiga “Imom Termiziy” nomi bilan mashhur bo‘lgan Muhammad ibn Iso Termiziy hadis ilmining oltin asri sanalgan hijriy uchinchi yilda yashab ijod etgan. O‘sha paytda buzg’unchi oqim va yo‘nalishlar ko‘paygan, to‘qima va yolg‘on hadislar odamlar orasiga kirib borayotgan edi. Shunday davrda Imom Buxoriy, Imom Dorimiy (Samarqandiy) kabi muhaddislar qatori Imom Termiziy eng ishonarli sanalgan hadislarni to‘plab, musulmon ummati uchun ulkan xizmatni bajarganlar. Shu bilan ular Islom dinini sof e’tiqodi va asl manbalari hamda Muhammad Payg‘ambar (s.a.v.)ning muborak so‘zlarini avlodlarga to‘g‘ri yetib borishlariga beqiyos hissa qo‘shganlar.

Imom Termiziy musulmon dunyosida “Sihoh sitta”, ya’ni “Olti sahih to‘plam” nomi bilan mashhur bo‘lgan kitoblardan biri “Sunan Termiziy” asarini yozganlar. E’tibor bering, olti to‘plamdan ikkitasi yurtimizdan yetishib chiqqan ikki buyuk vatandoshimiz Imom Buxoriy va Imom Termiziyga tegishlidir. E’tirof etish kerakki, har bir xalqga ham bunday baxt nasib etavermaydi.

Ushbu qaror Imom Termiziy bilan birgalikda xalqimizga hali yaxshi tanish bo‘lmagan o‘nlab termiziy allomalarning hayotlari va ilmiy meroslarini o‘rganishga katta zamin yaratadi. Chunki dastlabki ma’lumotlar ko‘ra, Termizdan birgina hadis sohasining o‘zida katta darajalarga yetishgan o‘nlab olimlar borligini ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari tafsir, tasavvuf, fiqh, kalom kabi turli ilmiy yo‘nalishlarda ijod qilgan olimlarning nomlarini uzoq sanash mumkin. Qarorda ularni o‘rganish, asarlaridagi yuksak insoniy g‘oyalarni jamoatchiligimiz va yoshlarga yetkazishga alohida urg‘u berilgan. Ayniqsa, bugungi turli mafkuraviy xurujlar avj olayotgan bir paytda ushbu meros asosida kelajak avlodda sog‘lom dunyoqarash va e’tiqodni shakllantirish, ularni azaliy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash masalasi asosiy masalalardan biri sifatida ko’rsatilgan.

Ishonchimiz komilki, ushbu qaror asosida hali ko‘plab yangi-yangi tadqiqotlar amalga oshiriladi, o‘quv va ommabop qo‘llanma, kitob va risolalar yaratiladi, yoshlarni ajdodlar ma'naviy merosi bilan bahramand etadigan nashrlar ko‘payadi. Eng asosiysi xalqimiz yana bir buyuk olim va shu qatori o‘nlab termiziy allomalarning bebaho xazinasidan bahramand bo‘ladi.

 

Davronbek Maxsudov,

“Islomshunoslik” kafedrasi mudiri, t.f.n.

 

 

Read 1323 times
Share this article

Biz bilan bog'lanish

      

       100011, Toshkent shahar,

       Abdulla Qodiriy ko'chasi, 11-uy

       Tel: +998 (71) 244-00-91

       e-mail: Questo indirizzo email è protetto dagli spambots. E' necessario abilitare JavaScript per vederlo. , Questo indirizzo email è protetto dagli spambots. E' necessario abilitare JavaScript per vederlo.

       fax: 244-00-65

 

Top