SJ News II - шаблон joomla Авто
///// “YUKSAK MA’NAVIYAT, QADRIYATLAR UYG’UNLIGI VA BAG’RIKENGLIK” ///// «ВЫСОКАЯ ДУХОВНОСТЬ, ГАРМОНИЯ ЦЕННОСТЕЙ И ТОЛЕРАНТНОСТЬ» ///// ISHONCH TELEFONI: +(371)-244-00-56 SOAT 09:00 DAN 17:00 GACHA ///// “HIGH SPIRITUALITY, HARMONY OF VALUES AND TOLERANCE ///// Tashkent Islamic University Motto
Termiziylar merosini tiklash va tanitishdagi tarixiy qaror

   2017- yil 14-fevralda Prezidentimiz  Shavkat Mirziyovning “Imom Termiziy  xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlar e'lon qilindi. Buyuk allomalarimiz merosini tiklash, tadqiq etish va keng jamoatchilikka taqdim etish maqsadida qabul qilingan ushbu qaror fuqarolarimiz tomonidan o‘zgacha xursandchilik bilan kutib olindi.

  Imom Termiziy  xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining tashkil etilishi tarixiy ahamiyatga ega. Bu bir qancha omillar bilan izohlanadi:

  Birinchidan, O‘zbekiston istiqlol sari intilayotgan yillarda ilk bora yubileyi keng miqyosda nishonlangan alloma Abu Iso Termiziy (824-892) edi. 1990-yilda allomaning hijriy taqvim bo‘yicha 1200 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar, anjumanlar o‘tkazilib, uning bebaho ilmiy-ma'naviy merosini o‘rganish sari dastlabki qadam qo‘yilgan edi. Termizlik buyuk muhaddisni yod etish bilan boshlangan ishlar xayrli kelib, keyinchalik Alisher Navoiy (1991) va Zahiriddin Bobur (1993), Mirzo Ulug‘bek (1994) va Bahouddin Naqshband (1995), Sohibqiron Temur (1996), Imom Buxoriy va Ahmad Farg‘oniy (1998), Imom Moturidiy va Burhonuddin Marg‘inoniy (2000), Xoja Ahror valiy (2004) kabi buyuk mutafakkir ajdodlarimizning tavallud sanalari milliy va xalqaro miqyosda nishonlandi.

  O‘zbekistonning yangi rivojlanish  bosqichida dunyo e'tirof etgan alloma  Imom Termiziy nomidagi xalqaro tadqiqot markazining tashkil etilishini ham navbatdagi xayrli ishlarning debochasi deya baholash mumkin.  Mazkur markaz buyuk muhaddisning tavallud to‘yiga munosib tuhfa bo‘ladi.

  Ikkinchidan, sharq mamlakatlari, xususan, musulmon o‘lkalariga safar qilgan vatandoshimiz O‘zbekistonni tanitish chog‘ida buxoriy va termiziylar yurtidan keldim desa o‘zgacha olqish va ehtiromga sazovor bo‘ladi. Imom Buxoriy merosini o‘rganish bo‘yicha ham ko‘plab xayrli ishlar qilindi. Alloma nomida xalqaro markaz tashkil qilindi. Asarlari tarjima qilinib, yuz minglab nusxalarda chop etildi. Biroq, Buxoriy bilan nomi ko‘pincha yonma-yon zikr qilinadigan Imom Termiziy merosini tiklash borasidagi ishlar o‘zining yangi bosqichini kutayotgan edi. Bu boradagi Prezident qarori termiziylar asarlarini tadqiq etishni ulug‘larimiz uchun mos va xos, ularning dunyodagi obro‘ va sha'nlariga muvofiq va munosib  darajaga ko‘tarishda muhim ahamiyat kasb etadi.

  Uchinchidan, Imom Buxoriy xalqaro markazi allomalarimiz tarixi va merosini o‘rganishda, diniy soha vakillari malakasini oshirishda nufuzli maqomga ega bo‘ldi. Yildan yilga markaz faoliyati rivojlanib, uning xalqaro aloqalari kengayib bormoqda.

Qaror muqaddimasida ta'kidlanganidek, Imom Termiziy xalqaro markazining tashkil etilishi mustaqil O‘zbekiston shuhratini dunyoga tanitishda yana bir omil bo‘lajak.

  To‘rtinchidan, olimlarimiz e'tiroficha, Imom Termiziy merosi diyorimiz musulmonlarining qadriyat va an'analari bilan hamohang, ular asrlar davomida amal qilib kelgan e'tiqod va maslak bilan uyg‘undir. Allomaning shoh asari “Sunan” hadislar to‘plamidan Markaziy Osiyo faqihlari, muftiy va qozilari boshqa hadis to‘plamlarga nisbatan ko‘proq istifoda qilganlar.

  Mazkur qaror merosi xalqimizning asriy e'tiqodiga mos bo‘lgan allomamiz hayoti va faoliyatining  yangi qirralarini ochib berishda muhimdir.

  Beshinchidan, globalizatsiya sharoitida turli xorijiy markazlar tomonidan yoshlar ongini egallash uchun buzg‘unchi g‘oyalar targ‘ib qilinayotgan, axborot asri tahlikalari tahdid solayotgan bir davrda hidoyat va zalolat, ezgulik va yovuzlik, yaxshi va yomon, oqu qorani ajratishda termizlik allomalar asarlaridan unumli foydalanish dolzarbdir. Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda “Kichiklarimizga shafqat qilmagan, kattalarimizni ulug‘lamagan kimsa bizdan emas” deyilgan. Binobarin, mazkur qaror buyuk ajdodlarimiz asarlarida ko‘tarilgan, imon sofligi va butunligi, halollik va  poklik, kattalarga hurmat va  kichiklarga izzat, yurtdoshlarga oqibat va o‘zgalarga nisbatan bag‘rikenglik, xalqqa xizmat va Vatanga sadoqat kabi ezgu g‘oyalarni tarannum etishda  ahamiyati yuksakdir. 

    Oltinchidan, hadis ilmi peshqadamlaridan Abu Iso Termiziy, mashhur muhaddis va mutasavvif al-Hakim at-Termiziy, mutasavvif va faqih Abu Bakr Varroq Termiziy, taniqli adib va shoir Sobir Termiziy, shoir va xattot Abdulloh Termiziy va muhaqqiq olim Sayyid Burhoniddin Termiziy kabi allomalar merosi ummonining duru gavharlarini kashf va kasb etish imkonini beradi.

  Yettinchidan, 2004-yilda chop etilgan “Islom” ensiklopediyasida faqat ikki alloma: Abu Iso Termiziy va al-Hakim at-Termiziylar nomi zikr qilingan.  Imom Buxoriy xalqaro markazi tomonidan tarix fanlari nomzodi Shovosil Ziyodov boshchiligida 2016-yilda  nashr etilgan va 10.02.2017-yilda Alisher Navoiy nomli O‘zbekiston Milliy kutubxonasida taqdimoti o‘tkazilgan “O‘rta asr Sharq allomalari ensiklopediyasi”da termiziylar soni oltitaga yetkazilgan.

    Taniqli  muarrix Abdulkarim as-Sam'aniyning (1113-1167) mashhur asari  “Kitab al-ansab” da qadim Termiz nohiyalaridan biri Saranjamon deb atalgani va undan “saranjamiyniy” nisbasi bilan bir guruh olimlar yetishib chiqqani naql qilinadi. Binobarin, mazkur qaror tarix zarvaraqlariga nomi bitilgan termiziylarni qayta kashf qilib, milliy va xalqaro miqyosda nomlarini tarannum etishda muhim dasturulamal vazifasini o‘taydi. 

  Prezidentimizning “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorining aynan 2017-yil 14-fevralda e'lon qilinishida o‘ziga xos ramz bor. Zero, 2017-yil sentyabr oyining oxirgi dahasida 1439-hijriy sana boshlanadi. Unda buyuk muhaddis alloma Abu Iso Muhammad ibn Iso Termiziy (209-279 h.,) tavalludiga 1230 yil to‘ladi.

  Mazkur tarixiy qarorning Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud kunida e'lon qilinishi hamda Abu Iso Termiziy tavalludi sanasining muhim bosqichi bilan uyg’unlashishi   uning ahamiyatini yanada orttiradi. Buyuk allomalarimizning ruhlari shod bo’lishida va ular merosidan oziqlangan, ulug‘ ishlarini davom ettiradigan yangi avlodning tarbiya topishida ushbu qaror muhim qadam bo‘ldi.

  Ulug‘ allomalardan naql qilingan mashhur hikmat bor: “Solih kishilar eslanganida Yaratganning rahmati nozil bo‘ladi”. Diyorimiz Abu Iso Termiziy, al-Hakim at-Termiziy kabi olim-u fozillarni tarbiyalagan. Ularning pok yodini mudom xotirlasak, ezgu ishlari, tabarruk o‘gitlarini namuna qilsak, yurtimiz uzra rahmat va barakot nurlari hamisha yog‘du sochajak.

Saidafzal Saidjalolov,

 universitet katta o‘qituvchisi

Maqola muallifning “Ma'rifat” gazetasi 2017-yil 18-fevral

14 (8975) soni “Munosabat” ruknida chop etilgan

“Ajdodlarimiz ma'naviy merosi yoshlarda sog‘lom

dunyoqarashni kuchaytirishga xizmat qiladi” maqolasi

asosida tayyorlandi.  

Read 259 times Last modified on Enjte, 23 Mars 2017 12:18
Share this article

Biz bilan bog'lanish

      

       100011, Toshkent shahar,

       Abdulla Qodiriy ko'chasi, 11-uy

       Tel: +998 (71) 244-00-91

       e-mail: Questo indirizzo email è protetto dagli spambots. E' necessario abilitare JavaScript per vederlo. , Questo indirizzo email è protetto dagli spambots. E' necessario abilitare JavaScript per vederlo.

       fax: 244-00-65

 

Top