IT Newsy 4 - шаблон joomla Видео

MUROJAATLAR

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali
Murojaat kelib tushdi 5
Yakunlangan 2
Qayta ishlash jarayonida 3
Rad etildi 0
Ishonch telefoni orqali
Murojaat kelib tushdi 10
Yakunlangan 10
(22.05.2017 yil holatiga)

TASHRIFLAR TAHLILI

48118
BugunBugun964
KechaKecha1385
Bu hafta	Bu hafta 7848
Bu oyBu oy33112
Hammasi bo'libHammasi bo'lib48118

TASHRIFLAR ON-LINE

We have 144 guests and no members online

Tashkent Islamic University Motto ///// “YUKSAK MA’NAVIYAT, QADRIYATLAR UYG’UNLIGI VA BAG’RIKENGLIK” ///// ///// «ВЫСОКАЯ ДУХОВНОСТЬ, ГАРМОНИЯ ЦЕННОСТЕЙ И ТОЛЕРАНТНОСТЬ» ///// ///// “HIGH SPIRITUALITY, HARMONY OF VALUES AND TOLERANCE

Qur’on qissalarining tarbiyaviy ahamiyati

Qur’ondagi tarixiy qissa va voqealar ko‘hna Arabiston yarimoroli qabilalari o‘rtasidagi ijtimoiy-siyosiy, huquqiy-madaniy munosabatlar to‘g‘risida ma’lumotlar beradi. Qissalarni zikr etish voqea va undan olinadigan nasihat, foydalarni hosil qilishga qaratilgandir.

 

Ma’lumki, Qur’ondagi mavzular uch asosiy yo‘nalishga bo‘linadi:

yakkaxudolikka chaqiruv (Aqidaviy masalalar);

tarixiy qissalar;

shar’iy hukmlar.[1]

Qur’on qissalarining quyidagi turlari mavjud:

payg‘ambarlar faoliyati, unga ergashuvchilar bilan kechgan voqea-hodisalar, mo‘jizalar, ularga ergashmaganlarning oqibatlari kabilar bayon etilgan qissalar. Nuh, Muso, Ibrohim, Yusuf, Iso, Lut (a.s.)lar va boshqa payg‘ambarlar qissalari shular jumlasidandir.

Bo‘lib o‘tgan voqealar bayon etilgan, turli shaxs va joylarga aloqador rivoyatlar bo‘lib, Qur’onda shaxslari aniq tarzda o‘rnatilmagan kishilar va qavmlar haqidagi qissalar. Masalan: As’hobul uhdud, As’hobul Kahf, Zulqarnayn, Hizr qissasi va boshqalar.

Muhammad (a.s.) davrlaridagi bo‘lib o‘tgan voqea-hodisalar bayoni. Masalan: Isro voqeasi, hijrat, Badr va Uhud janglaridagi bo‘lgan voqealar va boshqalar.

Qur’on qissalari mavzu jihatidan juda boy va rang-barangdir. Masalan, Odam (a.s.) qissasida koinot va uning bag‘ridagi Yer, Quyosh va Oy kabi sayyoralar,  farishtalar, Iblis va odamzodning birinchi otasi Odam (a.s.)ning yaratilishi tarixiga oid ma’lumotlar o‘rin olgan. Qobil va Hobil qissasida esa otaga itoat qilmagan sarkash o‘g‘ilning qilmishlari va zulm qurboni bo‘lgan farzandning bevaqt hayotdan ko‘z yumishi ta’sirchan iboralar bilan hikoya qilingan. O‘tgan payg‘ambarlarga bag‘ishlangan qissalarda, asosan, e’tiqodiy kurash, Yer yuzidagi elchilarining “Alloh bor va U yagonadir” degan ilohiy da’vatlariga ishonmagan va ularning so‘zlarini pisand qilmagan qadimgi xalqlarning ayanchli taqdirlari, zalolatda yashagan qavmlarning baloyu ofatlarga duchor qilinishlari rivoyat qilingan.

Qur’oni karimda keltirilgan payg‘ambarlar qissasi va boshqa tarixiy voqealar Alloh taolo tarafidan Muhammad Payg‘ambar (s.a.v.)ning haq payg‘ambar ekanliklarini isbotlovchi hujjat hisoblanadi. Yoshlikdan ota-onasiz o‘sgan, cho‘ponlik va savdogarlik bilan voyaga yetib, biror ustoz huzurida ta’lim olmagan bir kishining Parvardigor nozil etgan vahiy orqali ilm-hikmatdan so‘zlashi, faqat ahli kitoblarning olimlarigina bilishi mumkin bo‘lgan o‘tmish payg‘ambarlar hayoti, ularning qavmlari orasida sodir bo‘lgan tarixiy voqealar, ular bilan sodir bo‘lgan falokatlar, musibatlar haqida xabar berishi, kelajak va oxirat haqida, g‘ayb ilmi haqida bashoratlar qilishi haqiqat hisoblanib, ularni Alloh taolo Qur’oni karim “Hud” surasi 49-oyatda bildirgan.[2] “(Ey, Muhammad!) Bular biz sizga vahiy qilayotgan g‘ayb xabarlaridandir. Bularni ilgari na siz va na qavmingiz bilar edi”.[3]

Alloh taolo har bir payg‘ambar va uning ummati haqidagi qissani musulmonlarga ibrat qilib keltirgan. Alloh taolo Qur’oni karim “Yusuf” surasi 111-oyatida shunday deb marhamat qilgan: “Darhaqiqat, ularning qissalarida aql egalari uchun ibrat bordir”.[4]

Qur’oni karimda kelgan payg‘ambarlar qissasi xristianlarning bugungi kundagi “Bibliya” kitobida keltirilgan qissalardan farq qiladi. “Bibliya”da tilga olingan payg‘ambarlarga nisbatan zinokorlik, yolg‘onchilik va qalloblik qilganlik da’volari uchraydi. Lut (a.s.) va qizlarini zinokorlikda, Ya’qub (a.s.)ni qalloblikda, Horun (a.s.) Isroil qavmini buzoqqa sig‘intirishda va Sulaymon (a.s.) sanamga sig‘inishda ayblanadilar.[5] Qur’oni karimda esa, barcha payg‘ambarlar gunohdan ma’sum ekanliklari, ularning barchasiga imon keltirish farz ekanligi ta’kidlanib, musulmon kishi payg‘ambarlardan birortasini inkor etsa, uning kofir ekanligi Qur’oni karim “Niso” surasi 150–151-oyatlarda aytiladi: “Allohga va payg‘ambarlariga kufr keltiruvchilar, Alloh bilan payg‘ambarlari o‘rtasini uzishni xohlovchilar, biriga ishonamiz, biriga ishonmaymiz, deb o‘rtacha yo‘l tutuvchilar, ana o‘shalar haqiqiy kofirlardir”.[6]

Payg‘ambarlik Allohning bandalariga bergan eng buyuk marhamatidir. Insonlik darajasining eng yuksak cho‘qqisidir. Hech kim payg‘ambarlik maqomiga o‘z bilimi va g‘ayrati bilan erisha olmaydi. Payg‘ambarlik meros bo‘lib ham qolmaydi. Payg‘ambarlarni Alloh taolo bandalari orasidan o‘zi tanlaydi. Qur’oni karim “Haj” surasi 75-oyatda shunday marhamat qilinadi: “Alloh farishtalardan ham, odamlardan ham elchilarni O‘zi tanlaydi. Alloh eshituvchi va ko‘ruvchidir”[7].

Alloh taolo qaysi qavmga payg‘ambar yuborishni xohlagan bo‘lsa, uni begona millatdan emas, balki o‘sha qavm ichidan tanlab oldi. Bu haqda Alloh taolo Qur’oni karim “Ibrohim” surasi 4-oyatida shunday marhamat qiladi:

“Biz har bir payg‘ambarni (hukmlarimizni) o‘z tillarida bayon qilib berishlari uchun shu qavmning ichidan tanlab yuborganmiz”.[8]

        Har bir qavmning ichki ahvolidan shu qavm orasida birga yashagan odamgina mukammal xabardor bo‘ladi. U Allohning topshirig‘ini o‘z qavmiga yetkazishda ta’sirliroq usulni yaxshi biladi. Qavm begona odamga qaraganda o‘zlari tanigan, hurmat qilib yuradigan odamga tezroq va yaxshiroq ergashadi.

Muhammad Payg‘ambar (s.a.v.) ham asli millati va tili arab bo‘lgani uchun dastlabki  yuborilishlari arab qavmlariga bo‘lsa ham, Alloh taoloning azaliy irodasi barcha ummatlarga umumiy Payg‘ambar etib yuborish edi.[9]

  Qur’oni karimda 25 ta payg‘ambarning nomlari kelgan bo‘lib, ularning ba’zilari haqida kengroq, ba’zilari haqida juda oz ma’lumot berilgan. Ular: Odam, Idris, Nuh, Hud, Solih, Ibrohim, Ismoil, Is’hoq, Lut, Shuayb, Ya’qub, Yusuf, Ayyub, Zul Kifl, Yunus, Muso, Horun, Ilyos, Dovud, Sulaymon, al-Yasa’, Zakariyo, Yahyo, Iso, Muhammad.

Payg‘ambarlarning oddiy kishilardan ajralib turadigan birdan-bir sifatlari ma’sumliklaridir. Payg‘ambarlar odamlarning eng go‘zal axloqlilari, eng pok amal qiladiganlari va eng to‘g‘rilaridir. Alloh taolo O‘z payg‘ambarlarini va nabiylarini gunoh va ma’siyat, munkar va harom ishlarni qilishlaridan saqlagan. Payg‘ambarlarga lozim bo‘lgan sifatlardan yana biri ularning erkak kishidan bo‘lishidir. Bu haqda Alloh taolo Muhammad (s.a.v.)ga quyidagicha xitob qiladi:

“Biz sizdan oldin ham  shahar-qishloq ahlidan faqat er kishilarni rasul qilib yuborib, ularga vahiy qilganmiz”.[10]

Odam (a.s) qissasi Qur’oni karimning 9 ta surasining 25 oyatida zikr etilgan.

Alloh taolo Odamni boshqa maxluqotlarga, hatto, farishtalarga ham nasib etmagan moddiy dunyoni bilish va tahlil qila olish qobiliyati, ilm bilan ziynatladi. Qur’oni karim “Baqara” surasi 31-oyatda shunday marhamat qilinadi:

“Alloh taolo Odamga barcha narsalarning ismlarini o‘rgatdi”.[11]

          Odam farzandlari millati, jinsi, rangi, tili va dinidan qat’i nazar teng va mukarramdir. Yer yuzidagi barcha mavjudotlar, maxluqotlar odamzodning tasarrufida bo‘lib, uning uchun xizmat qiladi Qur’oni karim “Baqara” surasi 29-oyatida shunday marhamat qilinadi:

“U shunday Zotki, sizlar uchun Yerdagi barcha narsalarni yaratdi”[12]

Qur’oni karimda shunday xabar va ma’lumotlar borki, ularning rostligini endilikda turli millat olimlari ilmiy tajriba, kuzatish va tahlillar natijasida isbot qilmoqdalar. Tarixiy to‘fonni sodir bo‘lganligini o‘z vaqtida majusiy dinida bo‘lgan forslar inkor etgan edilar. Ularning fikriga tayangan Yevropaning qator dahriy olimlari ham to‘fon voqeasini afsona deb e’lon qildilar. Ammo keyingi davrda qadimshunos olimlarning jiddiy say-harakatlari bilan halokatga uchragan Nuh (a.s.) qavmining yashagan joyi va vaqti aniqlandi: bu miloddan 3000 yil avval Mesopotamiya vodiysidagi qadimgi Ur, Uruk, Kish, Shuruppak shaharlari joylashgan hudud bo‘lib chiqdi. Eramizdan 7000 yil avval vujudga kelgan u yerdagi sivilizatsiya Qur’onda zikr etilgan to‘fon tufayli bir zumda yo‘q bo‘lgan va keyinchalik yana tiklangan [13].

Yusuf (a.s.) qissasida barkamol avlod shakllanishida muhim bo‘lgan hikmat va pand-nasihatlar talaygina keltiriladi. Suraning avvalida Yusuf (a.s.)ning tush ko‘rishi va uni otasiga so‘zlab bergach, Ya’qub (a.s.)ning o‘g‘liga qilgan nasihati o‘rin olgan. Keyin og‘a-inilar kelishib, Yusuf (a.s.)ni quduqqa tashlash rejalari va otalarini aldashga urinishlari ta’sirli keltirilgan. Yusuf (a.s.)ning quduqdan tortib olinib, arzon bahoga sotilishlari, sotib olgan kishining o‘z ayoliga uni hurmat qilish haqidagi topshirig‘i, ayolning Yusuf (a.s.)ga bo‘lgan muhabbati, makr-hiylalari keltiriladi. Yusuf (a.s.)ning ayollar makridan Allohning panohini so‘ragani hikoya qilinadi. Keyin Yusuf (a.s.)ning zindondagi mazlum holati va o‘sha yerda ham hech narsa uni  Alloh taologa ixlos bilan ibodat qilishdan to‘sa olmagani aytiladi. So‘ngra Misr podshohi ko‘rgan qo‘rqinchli tush hodisasi, Yusuf (a.s.)ning o‘sha tushni to‘g‘ri va aniq ta’bir qilgani zikr qilingan. Qissa so‘ngida uzoq ayriliqdan keyingi Yusuf (a.s.) va og‘a-inilari o‘rtasidagi qizg‘in muloqot hikoya qilinadi. Oqibatda Yusuf (a.s.)ning ota-onasi va tug‘ishgan ukasi hamda o‘gay og‘a-inilarining diydoriga yetishishi bilan yakun topadi.

Alloh taolo Yusuf (a.s.)ga ko‘plab imkoniyatlar berdi. Uni Misr yurtiga joylashtirdi. Yusuf (a.s.)ga tushlarning ta’birini anglatdi, unga hikmat va bilim berdi.

Qur‘on va hadislarda ko‘p uchraydigan va muhim o‘rin olgan masalalardan biri ham oila ma‘naviyati, farzand, ota-ona, er va xotin, qarindosh va qo‘shnilar o‘rtasidagi munosabatlarning diniy-axloqiy muammosidir. Ma’naviyati yetuk, odobli farzandlarni tarbiyalash har bir ota-onaning ezgu tilagidir. Ota-onaga bo‘lgan hurmat esa yetuk axloqiy fazilat bo‘lib hisoblanadi. Bu haqida Qur‘oni karimda Luqmon (a.s.) o‘z o‘g‘illariga shunday nasihat qilganlar: “Ey, o‘g‘ilcham! Namozni barkamol ado et, yaxshilikka buyur va yomonlikdan qaytar hamda o‘zingga yetgan (balolar)ga sabr qil! Albatta, mana shu puxta ishlardandir. Odamlarga (kibrlanib) yuzingni burishtirmagin va yerda kerilib yurmagin! Chunki, Alloh barcha kibrli, maqtanchoq kimsalarni suymas. (Yurganingda) o‘rtahol yurgin va ovozingni past qilgin! Chunki ovozlarning eng yoqimsizi eshaklar ovozidir”.[14]  (“Luqmon” surasi 17-19 oyatlar) Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning  hadislarida: “Ota-onaning umidi-farzandlar kamoli bo‘ladi, toki ular ota-onalari qariganda joniga darmon bo‘lsinlar ”[15],  deb nasihat qilinadi.

Xulosa o‘rnida shuni aytib o‘tishim kerakki, Qur’oni karimda kelgan qissalarda insoniyatni yomonlikdan qaytarish, ularni to‘g‘ri yo‘lga boshlashga, odob-axloqqa, insonlar bir-biriga yordam berishligi kerakligiga chaqiradi. Shunisi e’tiborliki, Qur’oni karim oyatlarining eng muhim va salmoqli qismi kishilarda yuksak insoniy fazilatlarni shakllantirishga qaratilgan. Undagi ota-onaga munosabat, ilmga munosabat, sabr-bardosh, shukronalikka da’vat, o‘zaro mehr, inoqlik, mehmondo‘stlik, yetimparvarlik, vafo va sadoqat, mehnatsevarlik va halol luqmani sharaflash, kamtarlik, kamsuqlik, samimiyat va rostgo‘ylik xislatlarining birinchi o‘ringa qo‘yilishi insoniyat uchun bebaho ma’naviy qadriyatlar silsilasini tashkil etadi.

А.Аmonov,

universitet magistranti

 

[1]Abdullayev A. Qur’onshunoslik. – T.:TIU, 2011. – B.103.

[2]Obidov. R. Qur’on mavzularining ma’naviy-tarixiy ahamiyati. – T.: TIU. 2006. – B.262 .

[3] Mansurov A. Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri.-T.:TIU,2009.-B.207

[4]O‘sha kitob.-B.248

[5]Obidov. R. Qur’on mavzularining ma’naviy-tarixiy ahamiyati. – T.: TIU. 2006. – B.263.

[6] Mansurov A. Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri.-T.:TIU,2009.-B.102

[7]O‘sha kitob.-B.341

[8]O‘sha kitob.-B.255

[9]Obidov. R. Qur’on mavzularining ma’naviy-tarixiy ahamiyati. – T.: TIU. 2006. – B.265.

[10]O’sha manba – B.248.

[11] Mansurov A. Qur’oni Karim ma’nolarining tarjima va tafsiri.-T.:TIU,2009.-B.6.

[12] Mansurov A. Qur’oni Karim ma’nolarining tarjima va tafsiri.-T.:TIU, 2009.-B.5.

[13]Obidov. R. Qur’on mavzularining ma’naviy-tarixiy ahamiyati. – T.: TIU. 2006. – B.275.

[14]Mansurov A. Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri.-T.:TIU, 2009. -B. 412.

[15]Ziyoyev T. Yuz bir hadis – T.: Mehnat, 1991. – B. 36. 

mulakat