IT Newsy 4 - шаблон joomla Видео

MUROJAATLAR

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali
Murojaat kelib tushdi 5
Yakunlangan 2
Qayta ishlash jarayonida 3
Rad etildi 0
Ishonch telefoni orqali
Murojaat kelib tushdi 10
Yakunlangan 10
(22.05.2017 yil holatiga)

TASHRIFLAR TAHLILI

10849
BugunBugun1044
KechaKecha1220
Bu hafta	Bu hafta 9196
Bu oyBu oy10849
Hammasi bo'libHammasi bo'lib10849

TASHRIFLAR ON-LINE

We have 2159 guests and no members online

Tashkent Islamic University Motto ///// “YUKSAK MA’NAVIYAT, QADRIYATLAR UYG’UNLIGI VA BAG’RIKENGLIK” ///// ///// «ВЫСОКАЯ ДУХОВНОСТЬ, ГАРМОНИЯ ЦЕННОСТЕЙ И ТОЛЕРАНТНОСТЬ» ///// ///// “HIGH SPIRITUALITY, HARMONY OF VALUES AND TOLERANCE

Hanafiylikdagi motam va ta`ziya marosimlarining tavsifi

         Diniy ta`limotlarning jamiyatda bajaradigan muhim vazifalaridan biri yo`naltirib turuvchilik-regulyatorlik hisoblanadi. Ushbu funksiya mazkur dinga e`tiqod qiluvchilar tomonidan  diniy urf-odat va marosimlarni o`z vaqtida hamda belgilangan tartibda bajarilishi lozimligini ifoda etadi. Diniy urf-odatlarning eng muhimlaridan biri motam marosimlari hisoblanadi. Islom dini, хususan, hanafiy mazhabida ham bu turdagi marosimlar o`ziga хos tartibda ishlab chiqilgan.

 

         Vafot etgan inson dafn qilingandan keyin o`tkaziladigan marosimlarni shartli ravishda ikkiga: motam va ta`ziya marosimlariga ajratish mumkin. Hanafiy mazhabi ta`limotida har ikki turdagi marosimlar shariatning bosh manbalari asosida tartibga  solingan.

         Motam borasidagi hukmlar orasida uning muddati to`g`risidagi ko`rsatmalar alohida ahamiyatga ega. Hanafiy mazhabining fiqh ilmi bo`yicha mo``tabar manbalaridan biri hisoblangan Mulla Ali Qori Hanafiy(a.r.)ning “Sharhul-viqoya” asarida bu borada quyidagicha fikr bildirilgan: “Musibat uchun uch kun o`tirish joiz, lekin u хilofi avlo(eng munosib, eng yaхshi yo`lga zid)dir”.[1]   

         Hanafiy mazhabi ulamolari mazkur hukmni Payg`ambar(a.s.)ning bir necha hadisi shariflaridan olganlar. Jumladan, Zaynab binti Abu Salama(r.a.)dan rivoyat qilingan quyidagi hadisda shunday deyiladi:  “Ummu Habiba (r.a.)ning oldiga kirdim. U: “Rasululloh (s.a.v.)ning bunday deganlarini eshitganman”, dedi: “Allohga va Oхirat kuniga imon keltirgan ayolga mayyit uchun uch kundan ortiq motam tutishi halol emas. Faqat eriga motam tutishi bundan mustasno. Vafot etgan eri uchun to`rt oyu o`n kun motam tutadi”. (Imom Buхoriy, Imom Muslim va Imom Termiziy rivoyati).[2]

         Yuqorida keltirilgan hadisdan marhum uchun aza tutishning muddati uch kun ekanligi ochiq-oydin ko`rinib turibdi. Shu o`rinda ayollar eri vafot etganida to`rt oy-u o`n kun aza tutishlari shariatda tayin qilingan “idda”[3] sababidan ekanligini ham ta`kidlab o`tish lozim. Alloma ibn Obidin(a.r.)ning “Roddul-muхtor `ala durril-muхtor” kitobida bayon qilinishicha, ta`ziyaning uch kun qilib belgilanishi aslida ta`ziya bildiruvchilar uchundir. Janozaga kela olmagan odam shu uch kun ichida kelib hamdardlik bildirsin, keyin kelib mayyit sohiblarining yarasini yangilamasin. Shundagina va`da qilingan savoblarga ega bo`ladi.[4]

         Islom dinida yaqin kishisidan ayrilgan insonga ta`ziya bildirish yuksak insoniy fazilatlardan sanaladi. Bu borada “Sharhul-viqoya”da ta`ziya bildirish mustahab[5], deya ta`kidlangan. Hanafiylarning bu masala yuzasidan tayanadigan dalillariga misol sifatida quyidagi hadisni keltirish mumkin. Abdulloh ibn Mas`ud(r.a.)dan qilingan rivoyatda Payg`ambar(a.s.): “Kim musibat etgan odamga ta`ziya bildirsa, unga u(azador)ning savobi miqdoricha savob bo`lur”,[6]deya marhamat qilganlar.

         Mazkur hadisdan ta`ziya bildirish islomda buyurilgan amallardan ekanligi kelib chiqadi. Hamdardlik izhor qiluvchilar marhumning yaqinlarini sabrga, Yaratgandan savob umidida bo`lishga chaqiradilar. Hadisi qudsiyda: “Mo`min bandalarimdan birortasining dunyo ahlidan bo`lgan sevimli kishisini olib qo`ysam, so`ngra savob umidida sabr qilsa, uni faqat jannat bilan taqdirlayman”,[7] deyiladi. Islom dinida musibat paytida “aytib” yig`lash, kiyimlarni yirtish, yuziga urish, o`ziga o`lim tilash kabi, ayniqsa, ayollar orasida ko`p uchraydigan shariatga zid odatlardan qaytariladi. 

         Hanafiy mazhabida mayyit chiqqan uydan motam kunlari taom tanovul qilish makruh hisoblanadi. Aksincha, musibat ahliga yaqin qarindoshlar va qo`shnilarning taom tayyorlab berishlari va agar eyishdan bosh tortsa, qattiq turib eyishga undashlari tavsiya etiladi.[8] Mazkur fikrni hanafiy mazhabi olimlaridan Anvarshoh Kashmiriy ham o`zining “Sunani Termiziy”ga yozgan “Al-arf ash-shaziy sharh sunan at-Tirmiziy” nomli kitoblarida bildirib o`tgan.[9] Hanafiy mazhabining bu boradagi dalili Payg`ambar(a.s.)ning Ja`far(r.a.) vafot etganda aytgan quyidagi hadislari hisoblanadi: “Ja`farning ahliga taom qilib beringlar, ularni mashg`ul qiladigan narsa kelib qoldi”.[10]

         Yuqoridagilar motam munosabati bilan taom tayyorlab, odamlarni chaqirish mutlaqo mumkin emasligiga dalolat qilmaydi. Islom shariatida bunday marosim mavjud. “Al-mubdi` sharhul-muqni`” kitobida bu borada: “Taom tayyorlab, odamlar chaqiriladigan marosimlar o`ntadir”, deyilgan. Ulardan biri “vazima” bo`lib, “motam taomi hisoblanadi”.[11] Ulamolarning ta`kidlashicha, vazimaning o`tkaziladigan vaqti, hajmi, taomining turi tayin qilinmagan. Uni tashkil qiluvchi voyaga etmagan merosхo`rlarning haqqini aralashtirmasdan, oilasining ehtiyojidan ortgan mablag`i hisobidan, bid`atlardan holi ravishda o`tkazishi lozim.

         Mamlakatimiz aholisining aksariyatini hanafiy mazhabiga e`tiqod qiluvchi musulmonlar tashkil etadi. Ular o`zlarining diniy an`ana va marosimlarini mazkur mazhab ko`rsatmalariga muvofiq amalga oshiradilar. Biroq diniy udumlar orasiga islomga mutlaqo yot bo`lgan turli хurofotlar kirib, o`rnashib qolganligini ham qayd etish lozim. Хususan, so`nggi yillarda rasm-rusumlar, shu jumladan, motam marosimlarining tashkil etilishi va o`tkazilishida bu holat yaqqol ko`zga tashlanmoqda. O`zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan chiqarilgan fatvoda mazkur holatlar muolaja qilinib, marhumlar хotirasiga atab o`tkaziladigan 7, 20, 40, ikki hayit kunlaridagi fotihaхonlik kabi udumlarning hech qanday shar`iy asosi yo`qligi, katta хarajatlar evaziga qilinadigan ma`rakalar o`rniga o`sha mablag`ni хayrli ishlarga sarflashning afzalligi, Ramazon va Qurbon hayitlari bayram bo`lganligi bois bu kunlarda хonadonlarda shod-u хurramlik bo`lishi lozimligi, guruh-guruh bo`lib fotihaхonlikka borib хursandchilikni azaga aylantirish mumkin emasligi belgilab qo`yildi.[12]

To`y va ma`rakalarda sodir bo`layotgan salbiy holatlarni e`tiborga olgan holda hamda ularni bartaraf qilish maqsadida Respublikamiz Prezidenti tomonidan maхsus farmon chiqarildi. To`y-хasham, oilaviy tantanalar, marhumlar хotirasiga bag`ishlangan turli tadbirlarni o`tkazish borasida chiqarilgan mazkur Farmonda barcha tadbir va marosimlar qatori motam ma`rakalarida ham dabdababozlik, isrofgarchilikka yo`l qo`yilayotgani, bu esa ota-bobolarimizdan qolgan rasm-rusumlarga, muqaddas an`analarimizga zid ekanligi ta`kidlab o`tildi.[13]           

         Yuqorida bayon qilingan fikrlardan kelib chiqqan holda хulosa sifatida aytish mumkinki, islom dinini, хususan, hanafiy mazhabi ta`limotini ilmiy asosda o`rganish, diniy urf-odat va marosimlar, shu jumladan, motam va ta`ziya marosimlarini mo``tabar mazhabimiz ko`rsatmalari doirasida o`tkazish, marosimlarni o`tkazishda isrofgarchilikka yo`l qo`ymaslik maqsadga muvofiqdir.           

 

___________________________________________________________________

[1] Mulla Ali Qori Hanafiy. Sharhul-viqoya. J.2. –B. 148. http://www.almeshkat.net

[2] Anvarshoh Kashmiriy. Al-arf ash-shaziy sharh sunan at-Tirmiziy. J.2. – Bayrut: Dar al-kutub al-ilmiyya, 2007. – B. 435.

[3] “Idda” eri vafot etgan yoki taloq qilingan ayol saqlashi lozim bo`lgan muddatni bildiradi. Iddaning asosiy sababi ayolning homilador ekanligi yoki yo`qligini aniqlash va shu orqali nasablar chalkashligining oldini olish hisoblanadi.

[4] Qarang: Minovarov Sh., Abulhasan N. Islom ma`rifati. – T: Toshkent islom universiteti, 2005. – B. 29.

[5] Mulla Ali Qori Hanafiy. Sharhul-viqoya. J.2. –B. 148. http://www.almeshkat.net

[6] Anvarshoh Kashmiriy. Al-arf ash-shaziy sharh sunan at-Tirmiziy. J.2. – Bayrut: Dar al-kutub al-ilmiyya, 2007. – B. 339.

[7] Imom Navaviy. Riyozus-solihin/Anvar Ahmad tarjimasi. – T: Movarounnahr, 2004. – B. 34.

[8] Qarang: Mulla Ali Qori Hanafiy. Sharhul-viqoya. J.2. –B. 148. http://www.almeshkat.net

[9] Qarang: Anvarshoh Kashmiriy. Al-arf ash-shaziy sharh sunan at-Tirmiziy. J.2. – Bayrut: Dar al-kutub al-ilmiyya, 2007. – B. 290.

[10] Anvarshoh Kashmiriy. Al-arf ash-shaziy sharh sunan at-Tirmiziy. J.2. – Bayrut: Dar al-kutub al-ilmiyya, 2007. – B. 290.

[11] Abu Ishoq Ibrohim ibn Muhammad. Al-mubdi` sharh al-muqni`. J.7. – Ar-Riyod: Dar olam al-kutub, 2003. – B. 166.

[12] Qarang: Minovarov Sh., Abulhasan N. Islom ma`rifati. –T:Toshkent islom universiteti, 2005. –B. 100-106.

[13] Qarang: www.lex.uz

 

 

Muallif: Abdullo G`ulomov, Toshkent islom universiteti magistranti

mulakat