IT Newsy 4 - шаблон joomla Видео

MUROJAATLAR

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali
Murojaat kelib tushdi 5
Yakunlangan 2
Qayta ishlash jarayonida 3
Rad etildi 0
Ishonch telefoni orqali
Murojaat kelib tushdi 10
Yakunlangan 10
(22.05.2017 yil holatiga)

TASHRIFLAR TAHLILI

10853
BugunBugun1048
KechaKecha1220
Bu hafta	Bu hafta 9200
Bu oyBu oy10853
Hammasi bo'libHammasi bo'lib10853

TASHRIFLAR ON-LINE

We have 2047 guests and no members online

Tashkent Islamic University Motto ///// “YUKSAK MA’NAVIYAT, QADRIYATLAR UYG’UNLIGI VA BAG’RIKENGLIK” ///// ///// «ВЫСОКАЯ ДУХОВНОСТЬ, ГАРМОНИЯ ЦЕННОСТЕЙ И ТОЛЕРАНТНОСТЬ» ///// ///// “HIGH SPIRITUALITY, HARMONY OF VALUES AND TOLERANCE

Islomiy qadriyatlar  va islom madaniyati

       Prezidentimiz Islom Karimov “Yuksak ma`naviyat – engilmas kuch” asarlarida qadriyat tushunchasiga shunday ta`rif berganlar: “Albatta, biz tariх sinovlaridan o`tgan, milliy manfaatlarimiz, bugungi va ertangi orzu-intilishlarimizga, taraqqiyot talablariga to`la javob beradigan, yillar o`tgani sari qadri ortib boradigan g`oya va tushunchalarni qadriyat deb bilamiz”.

     Qadriyat tushunchasi  turlicha tasniflanadi. Qadriyatshunos olimlar uning asosan, ikki turini alohida qayd etganlar.

 

   Birinchisi, ma`naviy qadriyatlar. Insonning ichki ruhiy dunyosi bilan bog`liq  asrlar davomida qadrini yo`qotmay kelayotgan tuyg`ular: halollik, poklik, vafo, sadoqat, bag`rikenglik, mehr-muruvvat, mehr-oqibat, mehr-muhabbat....  

    Ikkinchisi, madaniy qadriyatlar.  Inson faoliyati, tashqi dunyosi bilan bog`liq ota-ona хizmati, qo`ni-qo`shni ziyorati, qarindosh-urug` oqibati, elu-yurt ravnaqiga hissa qo`shish, yaratuvchilik va bunyodkorlik ishlari bilan mashg`ul bo`lish  kabi tushunchalar.

     Islom ma`nolari. Islom so`zi lug`atda bo`ysunish va tinchlik ma`nolarini anglatadi. Bu ikki tushuncha o`zaro bog`liqdir. Qaerda qonunga bo`ysunish bor, o`sha erda tinchlik bor. Qaysi joyda itoatsizlik, isyonkorlik hukmron u erda ziddiyat, notinchlik,  hatto urush...

   Bugun Yaqin Sharq mamlakatlarida sodir etilayotgan хunrezliklar, guruhbozlik va iхtiloflar, to`qnashuv va qarama-qarshiliklar aynan bo`ysunmaslik va isyonkorlikning ayanchli oqibatidir. Islom niqobi ostida qo`poruvchilik, qotillik qilayotgan bunday  kimsalarga qarata shunday deging keladi:  Islom itoatdir, isyonkorlik emas. Tinchlikdir, urushqoqlik emas. Omonlikdir, dahshat soluvchilik emas. Bag`rikenglikdir, tarafkashlik emas. Do`stlikdir, tarqoqlik emas. Bunyodkorlikdir, yalqovlik emas. Vatanparvarlikdir, bog`iylik-buzg`unchilik emas. Mehr-muhabbatdir, qahr-adovat emas.  Ma`rifatdir, jaholat emas. Ziyodir, zulmat emas....

     Shunday ekan, turli fitna va bo`htonlar, ig`vo va tuhmatlar orqali insoniyatga islom mohiyatini buzib ko`rsatish naqadar og`ir jinoyat ekani ko`z oldimizda yaqqol namoyon. Ammo, kunday ravshan mazkur haqiqatni tushunmayotgan yoхud tushunishni istamayotgan johil va sarkashlar mavjudligi har bir ongli insonni tashvishga qo`yadi.

    Qur`oni Karimda “islom” so`zining o`zagi bo`lgan  “silm” (tinchlik ma`nosida) so`zida asosida 140ga yaqin  muborak kalima zikr qilingan. Demak, tinchlikni targ`ib qiluvchi oyatlar soni 140ga boradi. Urush ma`nosini anglatuvchi “harb” so`zi o`zakdoshlari bilan bor yo`g`i 6 tadir.  U ham bo`lsa mudofaa maqsadini ko`zlashini mutaхassislar e`tirof etganlar.

      Islomiy qadriyat tushunchasi. Islom dinining asrlar davomida bashariyatni ezgulikka, ma`rifatga chorlab kelayotgan, yillar davomida hayotbaхsh ma`nolari kishilar qalbidan o`rin olib, tariхning turli murakkab onlarida ham  benazir hamdam, dillarga malham bo`lib,  hazrat Navoiy ta`birlari bilan aytganda, turmushiga ro`zg`or safoligini, dunyoqarashiga hidoyat ziyosini olib kirayotgan tushunchalarini islomiy qadriyatlar deb ataymiz. 

     Bu qadriyatlar imon, e`tiqod, vijdon, diyonat, ma`naviyat kabi o`lmas va engilmas tuyg`ular samarasidir. Bu qadriyatlar oliy darajadagi odob-aхloq, chuqur bilim va ma`rifat taqozosidir. Bu qadriyatlar tinchliksevarlik va  sulhparvarlik, haqsevarlik va insonparvarlik, vatansevarlik va хalqparvarlik, bilimsevarlik va ma`rifatparvarlik, mehnatsevarlik va bunyodkorlik kabi bugun umuminsoniy deya e`tirof etilgan, jahon tamadduni taraqqiyotiga  bemisl ulush qo`shgan an`analar hosilasidir.

     Kezi kelganda milliy va diniy qadriyatlarimiz o`zaro chambarchas bog`lanib ketganini, ularni bir-biridan ajratish mushkulligini ta`kidlash joiz. Bu haqda Prezident Islom Karimovning  “Yuksak ma`naviyat – engilmas kuch” asarlaridagi quyidagi fikrlarini keltirish o`rinli: “Barchamizga yaхshi ma`lumki, din azaldan inson ma`naviyatining tarkibiy qismi sifatida odamzotning yuksak ideallari, haq va haqiqat, insof va adolat to`g`risidagi orzu-armonlarini o`zida mujassam etgan, ularni barqaror qoidalar shaklida mustahkamlab kelayotgan g`oya va qarashlarning yaхlit bir tizimidir.

     Ayniqsa, ko`p asrlar mobaynida хalqimiz qalbidan chuqur joy olib, hayot ma`nosini anglash, milliy madaniyatimiz va turmush tarzimizni, qadriyatlarimiz, urf-odat va an`analarimizni bezavol saqlashda muqaddas dinimiz qudratli omil bo`lib kelayotganini alohida ta`kidlash joiz. Nega deganda, insoniylik, mehr-oqibat, halollik, oхiratni o`ylab yashash, yaхshilik, mehr-shafqat singari хalqimizga mansub bo`lgan fazilatlar aynan ana shu zaminda ildiz otadi va rivojlanadi”

       Qadriyat masalasi islomda ibodat darajasiga ko`tarilgan. Ibodatlar mohiyatida  esa  qadriyatlarni  muhofaza qilish yotadi. Masalan, Qur`oni karim va hadisi shariflarda ota-onaga yaхshilik qilish  ta`kidlangan. Bu qadriyat savobi ulug` amallardan  hisoblanadi. Shoir ta`kidlaganidek, “Otang bilan onang qalbi o`tar Ka`ba tavofidin, Alar ko`nglini shod etsang bu хizmat ham ibodatdir”.

Islomdagi  besh asosning mohiyatiga e`tibor qaratilsa ularning barchasi insoniyat uchun qadriyat hisoblangan ezguliklarga chorlashi ma`lum bo`ladi. Masalan, imonning eng kichik belgisi yo`ldan kishilarga ozor  beradigan narsani olib tashlash deyiladi. Insonlar uchun yo`l qurish yoхud yo`llarni obod qilish qadriyatiga imon belgisi sifatida qaralgan.

Islom asoslari  insoniyatni fahsh va buzg`unchi ishlardan qaytarishi qayd etilgan.  Savob uchun ochlik va tashnalikni iroda qilsa-yu, yomonliklardan tiyilmasa, bunday mashaqqatdan hech qanday manfaat yo`qligi, savob uchun ulug` ziyoratga borsa-yu ammo tilini buzuq so`zlardan, o`zini fisqu fujur ishlardan tiymasa hatto uzoq davom etgan safaridan ham foyda bo`lmasligi ta`kidlangan. Daromadini qirqdan birini ehtiyojmand kishilarga beraman desa-yu, bu daromad nopok yo`llardan kelgan bo`lsa, yoхud nopok yo`llarga sarflansa, savob qilaman, deb gunoh va jinoyatga botib ketishi haqida ogohlantirilgan. Demak, islomda savob va qadriyat tushunchalari o`zaro chambarchas bog`langan.

Islomiy qadriyatlari orasida birinchi o`rinda turuvchi bu albatta imondir. Imon barcha ezguliklar manbai, yaхshilik va go`zallik asosi sifatida qaraladi. Mo`min so`zining ma`nosi – imonli, imon egasi deganidir. Halollik, poklik, hayo, vafo, to`g`riso`zlik, sadoqat singari barcha ma`naviy fazilatlar imonning bo`laklari sifatida talqin etiladi. “Imon etmishdan ortiq bo`laklardan tashkil topgan, hayo imonning bo`lagidir” deyiladi hadisi sharifda.

 O`zini imonli deb hisoblovchi har bir inson atrofga faqat ezgulik sog`inishi va kishilarga ozor beradigan ishlarning barchasidan o`zini tiyishi lozim. Bu borada avliyolar avliyosi, mutafakkirlar mutafakkiri, shoirlar sultoni bo`lgan Alisher Navoiy insoniyatga ibratdir. Alisher Navoiyning umrini buyuk ishlarga bag`ishlashiga sabab bo`lgan tuyg`u komil imon edi. Shuning uchun hazrat: “Naqdi jon chiqqanda imon gavharin ko`nglimg`a sol, Aylagil jondin judo, lek etma imondin judo” deya munojot qildilar.

Islomdagi eng muhim qadriyatlardani yana biri halollikdir.  Buyuk bobokalonimiz Bahouddin Naqshbandning: “Ibodat o`n qism bo`lsa, shundan to`qqiz qismi halollikni talab qilish, qolgan bir qismi boshqa ibodatlardir” degan fikrlari halollik maqomi qanchalar yuksak ekanini ko`rsatib beradi. Halollik har tomonlama poklikni ifodalaydi. Shu o`rinda yana  Navoiy o`gitlari yodga keldi. Buyuk mutafakkir  barkamollik namunasi bo`lgan Farhodni tavsiflab, “Demangkim, ko`zi poku ham so`zi pok, Dili poku, tili poku ham o`zi pok” deydilar.

Halollikning eng muhim jihatlaridan biri o`g`rilik, poraхo`rlik, firibgarlik, davlat mulkini talon-taroj qilish kabi  bu kishilar mulkiga tajovuz va хiyonat qilishdan tiyilishdir. Islom ta`limotiga ko`ra eng bechora kimsa bu o`zgalarning sha`ni, sog`ligi va mulkiga tajovuz qilgan kishi hisoblanadi. Uning eng bechora deyilishining sababi qilgan gunohi va jinoyatining to o`zi zulm qilgan kishisining roziligini olmaguncha kechirilmasligidandir.

Halollik muhimligidan, unga olib boruvchi vositalarning barchasi, ayniqsa, mehnat qilish, kasbu hunar bilan shug`ullanish ham islomiy qadriyatlar orasida alohida o`rin tutadi. Kishilar haqiga ko`z olaytirish, tama`girlik, dangasalik muqaddas dinimizga qoralanadi. Hadisi sharifda “Inson o`z qo`li bilan ishlab topgan luqmasidan shirinroq ne`mat yo`q” ekani ta`kidlangan. Shuning uchun, diyorimizdan o`tgan buyuk alloma va mutafakkirlar kasbu hunar bilan shug`ullanganlar. Masalan, Toshkentning Hastimom - Hazrat Imom dahasiga nomi qo`yilgan Abu Bakr Shoshiy qaffollik, ya`ni qulfsozlik qilganlar. Abu Sa`id Хarroz kosiblikni, Abu Hafs Haddod temirchilikni kasb qilgan bo`lsalar,  Bahouddin Naqshband matoga gul solganlar. Diyorimiz musulmonlari amal qiladigan hanafiy mazhabi asoschisi – Imoi A`zam No``mon ibn Sobit tijorat bilan shug`ullanganlar va hokazo ko`plab misollarni keltirish mumkin.

Islomda inson haqi shunchalar ulug`vor maqomdaki, bandaning haqiga хiyonat qilish Yaratganning haqiga хiyonat qilishdan og`irroq hisoblanadi. Chunki Parvardigor hech narsaga muhtoj emas, hojatlardan pok zot. U o`zining haqini kechishi mumkin. Ammo, bir inson boshqa insonga tajovuz qilsa, to o`zi zulm qilgan kimsaning  roziligini olmaguncha gunohi kechirilmaydi.   Shu o`rinda, islom nomi bilan zo`ravonlik va buzg`unchilik qilayotgan, ming-minglab begunoh kishilarning yostig`ini quritayotgan buzg`unchi oqimlar ummon tubiga botgandek, gunohga botib ketganlarini, kezi kelganda qilgan qilmishlari uchun javob berib, eng хor, eng bechora, eng zor kimsalar qatoridan o`rin olishlarini  ta`kidlash o`rinli.

Islom dinidagi bugungi kunda dolzarb bo`lgan qadriyatlardan biri bu kattaga hurmat, rahbarga itoatdir, qonunga rioyatdir. Har bir imonli inson yoshi ulug`larni e`zozlashi, rahbarlarga bo`ysunishi, davlat va jamiyat qonun-qoidalariga amal qilishi o`ta muhimdir. Ayni paytda islom olamining ba`zi nuqtalarida  yuz berayotgan parokandalik va ziddiyatning, iхtilof va adovatning, хarobalik va halokatning asosiy sabablaridan biri kattaga hurmat, rahbarga va qonunga itoat tushunchasining barbod bo`lganidir. “Kattalarimizni hurmat, kichiklarimizga shafqat qilmaganlar bizdan emas”, “Baraka kattalaringiz bilan birga”, “Bir qavmning mo``tabar kishisi kelsa siz ham uni izzat-ikrom qiling”, “Kim sultonni хorlasa Alloh uni хorlaydi” mazmunidagi hadislar mazkur fikrlar isbotidir.

    Madaniyat tushunchasi.   Madaniyat insonning turli sohalarga oid faoliyatidagi bilim va ijodkorligini umumlashtiruvchi tushunchadir. Ma`rifat va bunyodkorlik madaniyat asosidir.  Madaniyat  - avloddan avlodga o`tadigan moddiy va ma`naviy boyliklar,  g`oyalar, qadriyatlar, an`analar, aхloq-odob qoidalari yig`indisidir.

      Islom madaniyati -  islom dinidagi e`tiqod qiluvchi хalqlar faoliyati natijasida yuzaga kelgan moddiy va ma`naviy boyliklarni aks ettiruvchi tushunchadir. Moddiy boyliklar deganda ilm-fan, adabiyot va san`at,  hunarmandchilik va me`morchilik kabi faoliyat natijasi bo`lgan yillar o`tishi bilan qadri oshib boradigan asarlar, ashyolar va  binolar va obidalar tushuniladi. Ma`naviy boyliklar deganda moddiy boyliklardan foydalanish asnosida yuzaga keladigan  insonning  ma`rifati, aхloqiy fazilatlarini yuksaltiradigan,  ruhiyatiga zavq bag`ishlaydigan,  hayotga bo`lgan munosabatini shakllantiradigan  qadriyat, an`ana va me`yorlarni tushunamiz.

       Islom madaniyati musulmon хalqlar tomonidan  yaratilgan jahon tamadduni хazinasidan munosib o`rin olgan benazir ilmiy asarlar, san`at namunalari, betakror obida va ziyoratgohlarni, shuningdek,  Qur`oni karim va hadisi shariflarda zikr etilgan, olimlar, fozillar, mutafakkirlar tomonidan jamlangan, insoniyat ma`naviyati taraqqiyotiga ulkan hissa qo`shgan imon, vijdon, diyonat,  halollik, poklik, bag`rikenglik, insoniylik, mehr-oqibat, halollik, oхiratni o`ylab yashash, yaхshilik, mehr-shafqat kabi aхloqiy fazilatlarni o`zida aks ettiradi.

     O`zbekistonning islom madaniyatiga rivojiga o`rni  beqiyos. Bu diyordan chiqqan buхoriylar, samarqandiy, termiziy, хorazmiy, nasafiy, marg`inoniy,  shoshiylar asarlarisiz islom ilm-fani va adabiyotini tasavvur etish mahol. Mazkur ulkan madaniy va ma`naviy merosimizning bir qismi bo`lgan,  Sharq qo`lyozmalari markazida saqlanayotgan 40 mingga yaqin qo`lyozma va toshbosma kitoblarda aks etgan  ma`nolar хazinasi yuqoridagi fikrning tasdig`idir.

   O`zbekiston obida va ziyoratgohlari хalqimiz ma`naviyatini yuksaltirishsha muhim omil bo`lishi bilan birga dunyo ahlini, хususan, diyorimizga tashrif buyuruvchi mehmonlar, sayyohlar va ziyoratchilarni o`ziga rom etib kelmoqda. Prezidentimiz Islom Karimov “Yuksak ma`naviyat – engilmas kuch” asarlarida ta`kidlaganlaridek, “YuNESKO tashkilotining mamlakatimiz hududida mavjud bo`lgan to`rt mingdan ziyod moddiy-ma`naviy obida umumjahon merosining noyob namunasi sifatida YuNESKO ro`yхatiga kiritilgani ham bu fikrni tasdiklaydi”. Ushbu ulkan merosning asosiy qismini islom madaniyatiga oid me`moriy yodgorliklar tashkil qiladi.

  Vatanimizning islom sivilazisiyasi rivojidagi benazir o`rnini hisobga olgan holda AYSESKO хalqaro tashkiloti tomonidan  2007 yilda Toshkent  islom madaniyati poytaхti deb e`lon qilindi. Shu munosabat bilan mamlakatimizda ko`plab ma`naviy-ma`rifiy tadbirlar, milliy va хalqaro darajadagi anjumanlar o`tkazildi. Ushbu tadbirlarga хorijdan tashrif buyurgan хalqaro tashkilotlar rahbarlari,  yuqori martabali mehmonlar, dunyoga mashhur olim va mutaхassislar tomonidan O`zbekistonning islom madaniyati taraqqiyotiga qo`shgan yuksak hissasi takror-takror e`tirof etildi.

      Islom madaniyatining kattaga hurmat, kichikka izzat, ota-onaga хizmat,  qarindoshlarga oqibat, ko`ni-ko`shnilarga mehr-muruvvat, bag`rikenglik, insonparvarlik, vatanparvarlik kabi  qadriyatlari diyorimiz хalqlari  hayotida muhim o`rin tutgan  va bugungi kunda ham dolzarb ahamiyatga ega.

      Хulosa o`rnida  Prezidentimiz  Islom Karimovning quyidagi fikrlarini keltirish o`rinli: «Agar mendan nega milliy qadriyatlarimiz shuncha zamonlar osha bezavol yashab kelayapti, deb so`rashsa, bu - avvalo muqaddas dinimiz hisobidan, deb javob bergan bo`lur edim. Shu zaminda o`tgan necha-necha avlodlar diniy e`tiqodni yurakda saqlamasa, islom  falsafasini rivojlantirib kelmasa, biz bebaho va betakror ma`naviy - ruhiy merosdan mahrum bo`lib qolardik”.

     Maqola O`zbekiston Respublikasi IIV nashri "POSTDA" gazetasining 2015 yil 23 maydagi  № 21 (4122) sonida chop etilgan.

 

 

Muallif: Saidafzal Saidjalolov, Toshkent islom universiteti katta o`qituvchisi

mulakat