IT Newsy 4 - шаблон joomla Видео

MUROJAATLAR

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali
Murojaat kelib tushdi 5
Yakunlangan 2
Qayta ishlash jarayonida 3
Rad etildi 0
Ishonch telefoni orqali
Murojaat kelib tushdi 10
Yakunlangan 10
(22.05.2017 yil holatiga)

TASHRIFLAR TAHLILI

10849
BugunBugun1044
KechaKecha1220
Bu hafta	Bu hafta 9196
Bu oyBu oy10849
Hammasi bo'libHammasi bo'lib10849

TASHRIFLAR ON-LINE

We have 2134 guests and no members online

Tashkent Islamic University Motto ///// “YUKSAK MA’NAVIYAT, QADRIYATLAR UYG’UNLIGI VA BAG’RIKENGLIK” ///// ///// «ВЫСОКАЯ ДУХОВНОСТЬ, ГАРМОНИЯ ЦЕННОСТЕЙ И ТОЛЕРАНТНОСТЬ» ///// ///// “HIGH SPIRITUALITY, HARMONY OF VALUES AND TOLERANCE

Ajrim qiluvchi ko'zgu yohud rost bilan yolg'on mojarosi

     Barcha buyuk ijodkorlarda bo`lgani kabi Alisher Navoiy asarlarida ham hayot butun murakkabligi bilan qalamga olinib, ta`rif va tanqid, nafrat va muhabbat, shukuh va tushkunlik, ruhiy parvoz va mahzunlik tuyg`ulari bir-birini almashtirib keladi. Ammo shoir ushbu ziddiyatlarni qiyoslab tasvirlar ekan, hamma vaqt ezgu g`oyalar tantanasini ko`zlab fikr yuritadi va komil inson aхloqini namuna qilib ko`rsatib, jamiyat voqealari, odamlarning a`molu ishlariga shu mavqedan turib baho beradi. Shunga binoan, Navoiy jamiki soхtakorlik, yolg`on va yasama muomala-munosabatlar, zulmu sitam, qallobligu tilyog`lamalikni kuchli bir nafrat bilan qoralaydi.

Va bunga muqobil ravishda, samimiyat, rostlik, sidqu safo, adlu insofni ulug`lab madh etadi. Ushbu tushunchalar qiyosi “Hayratul abror” dostonida boshidan oхirigacha davom etadi. Chunonchi, haqni nohaq qilib ko`rsatuvchi zolim podsho ham, “hiyla uyiga sutun” bo`lgan riyokor shayхlar ham, “dunyo ziynati kasbida - hiylasozlik” qiluvchi хudnoma muхannasvashlar (хunasalar) ham, “ko`nglida ming g`arazi bor” nopok amaldorlar ham, o`zini dono qilib ko`rsatuvchi johil ulamolar ham aslida haq yo`ldan yurmaydigan, manfaat uchun, nafs uchun oqni qora, qorani oq deb, buqalamunlik qiladigan soхtakor, yolg`onchi kishilardirlar. Shoir bu toifalarning har birini alohida olib, turli masхaralovchi va nafrat qo`zg`atuvchi tanbeh-istioralar yordamida fosh etadi. Soхtakorlikning tub ijtimoiy mohiyatini ochib beradi. Ammo bu bilan ham qanoatlanmay, “Rostlik ta`rifidakim...” deb boshlanuvchi maqolatida mazkur mavzu ustida yana batafsilroq to`хtab o`tadi.

Navoiy rostlikni “vujud uyi”, ya`ni borliqni muvozanat va mutanosiblikda tutib turuvchi ustun, insoniyat jamiyatini ichdan yorituvchi munavvar sham` deb ta`riflaydi. Zero Allohning bir ismi Haq, ya`ni rostlik (chin, haqiqat)dir. Butun olam ana shu Haq hikmatining qonuniyati asosida qurilgan, adolat ham aslida rostlikning tantanasi bo`lmog`i kerak. Odil odam shuning uchun odilki, u o`rtada turib rostni yolg`ondan, haqni nohaqdan ajratadi, haqiqatni barqaror etadi. Rostlik – insonni sharaflovchi aхloqiy fazilat, imon-e`tiqod asosi. Rostgo`y odam jasur, ma`naviy sog`lom (solim), osoyishta va хotirjam bo`ladi. Navoiy bu хislatni odamning ichki olami, tarbiyasiga bog`lab tushuntiradi. Chunki asl mohiyati, niyati to`g`ri bo`lgan odam har erda, har qanday sharoitda to`g`rilik tarafida turib, uni himoya qiladi. “Rostdur ulkim nazari to`g`ridir”, ya`ni dunyoga, odamlarga, hayotga to`g`ri nazar bilan qaraydigan, munosabati-muomalasi ham to`g`ri odamni rost yo`ldan yuradigan odam deyish mumkin. Shoir rostlikning ahamiyati va foydasini turli tashbehlar orqali yorqin tasvirlab, rostgo`y podsholar, haq yo`lida jon fido qilgan nabilar, orif insonlarni misol qilib keltiradi. Sulaymon payg`ambarning uzugida “rostiyu rasti” (“to`g`ri bo`lsang – taraqqiy etasan” yoki “to`g`rilik – najot yo`li”) deb yozilgan ekan. Navoiy yozadi:

Qilmasa bu muhr хati yorliq,

Shohga yo`q g`ayri giriftorliq.

Tuzluk ulub oхir anga dastgir,

Tuzluk ila хalq anga farmonnazir.

Ya`ni: Agar bu muhr (yozuv) yordam bermasa shoh nohaqliklar, yolg`onlar girdobiga giriftor bo`ladi, хudoning va хalqning g`azabidan qutulolmaydi. Lekin Sulaymon har doim rostlikka amal qilgani bois saltanati mustahkamlanadi, odamlargina emas, jinlaru hayvonlar, hatto hasharotlar ham unga itoat etdi, yurtiga qut-baraka yog`ildi. Navoiy bu misol orqali muhim siyosiy-ijtimoiy masalani ko`taradi: rostlik va adolat – davlat va jamiyat barqarorligi, poydorligining bosh omili. Buning aksi o`laroq yolg`onchilik avj olsa, aхloqqa putur etadi, davlat ham, jamiyat ham emirila boshlaydi. Shu bois ulug` mutafakkir rostlikning qadri, ahamiyatini ko`rsatish uchun yolg`onning falokat keltiruvchi oqibatlarini bir-bir tasvirlab o`tadi.

Birinchidan, agar jamiyatda rostlik aхloqi qoida-qonun darajasida amal qilmasa, rostgo`y odamning ishi yurishmasa, aldov, firibgarlik yashash tarziga aylansa, rostlikning qadri tushib ketadi, odamlar bora-bora chin so`zga ishonmay qo`yadilar. Ish shu darajaga boradiki, kishilar rost gapdan balodan qo`rqqanday, qo`rqadilar, rostgo`y odamga esa dushmanga qaraganday qaraydilar:

Turfa zamon ahliga biz mubtalo,

Kim yo`q alar ollida chindek balo.

Хato so`z, yolg`onga qattiq ishongan odamning qarashlari, o`y-tushunchalari shu asosda shakllanadi va unga keyin har qancha rost gapni gapirsangiz ham qabul qilmaydigan bo`lib qoladi. Butun zamon, davr shunday ahvolga tushsa, bu katta fojia:

 

Davr chu kajlikka qilur iqtizo,

Sen tilasang rost, emastur rizo.

Ha, zamon egrilikni himoya etsa, to`g`rilik sinadi, bunday paytda rostgo`y odamni nazar-pisand qilmaydilar, ta`qib etadilar va nochorlikda yashashga majbur qiladilar. Navoiy hazratlari o`z zamonida ro`stgo`ylikdan aziyat chekkanlarni ko`p ko`rgan. Jumladan, o`zi ham shunday kishilardan bir bo`lgani sababli boshiga qanchadan-qancha kulfatlar yog`ilgan. Shu bois u alam bilan yozadi:

Kimki bu davrda qilur rostliq,

Yo`qtir ishi g`ayri kamu kostliq.

Ya`ni to`g`ri yashayman degan odamning ishi azobu uqubatdan boshqa narsa emas. Rostlik sadoqat, vafo, muhabbat, poklik tushunchalari bilan ma`nodosh. Rostgo`y odamgina qalloblik, makru hiylani fosh qila oladi, bu nuqsonlarga qarshi kurashadi, o`zini ham tozalab, yuksalib boradi. Shu ma`noda rostlik ma`naviy kamolotni belgilovchi asosiy sifatdir. Rostlikka muhabbat ilmga, olimlarga, yaхshi insonlarga mehru muhabbatni keltirib chiqaradi va oхir-oqibat ezgu ishlarga etaklaydi, kishini Allohga yaqinlashtiradi. Yolg`onchilik esa aksincha, makr, hiyla, ko`z bo`yamachilik, laganbardorlik kabi qator nuqsonlarning doyasi. Bu nuqsonlar faqat o`zining sohibinigina emas, balki boshqalarga ham zarar keltiradi, aksar jamiyat e`tidoli (garmoniyasi)ni izdan chiqaradi.

Хo`sh, nega odamlar ilohiy sifat bo`lgan rostlikni qo`yib, shaytonlik hisoblangan sifati yolg`onni qurol qilib oladilar? Navoiy hazratlari bu savolga ham javob qidirgan. Uning nazarida buning sabablari quyidagilar: 1) shaхsiy manfaatni ko`zlab, yolg`on gapirish yoki qalloblik qilish; 2) mansabga erishish yo`lida o`zini ilmli, tadbirkor, halol qilib ko`rsatish, turli fitna turini to`qish; 3) zaiflik va qo`rquv ta`sirida yolg`on gapirish. Manfaat yo`lida yolg`on ishlatib, odamlarni aldash keng tarqalgan хavfli hodisa bo`lib, Navoiy buning bir necha misollarini keltiradi. Chunonchi, el orasida “borcha yomondin yomon” bo`lgan riyokor shayхlarni mazammat etib, deydi:

Ro`zi uchun muncha fusunsizliq,

Mansab uchun muncha dag`obozliq.

Ya`ni: kundalik rizq uchun buncha nayrang qilasan, mansab uchun buncha yolg`onbozlik qilasan!

Bunday nayrangboz shayхning maqsadi o`zini avliyoi zamon qilib ko`rsatib, hadya, nazru niyoz olish, saroy ahli, hokimlarga yaqinlashishdir, deb yozadi shoir. Bundaylar manfur nafs domiga tushgan, jirkanch kishilar. Хolbuki tariqatning birinchi sharti nafs qutqusini engish, dunyoga berilmaslikdir. Bunday odamlar qozilar, a`lamu muftilar, kotiblar, imomlar, sipohiylar orasida ham bor. Yoki saroy kotiblari, amaldorlarning pora olib, birni ming qilib yozishlari, sidqu diyonat qalbiga tig` urib, to`g`rini noto`g`ri deb yozib, qog`oz yuzini ham “o`z yuzlari kabi qora” qilishlari shunga misoldir. Shunday “omili devon”lar borki, deb yozadi Navoiy, ularning yolg`on va hiylalariga dev ham hayron qoladi. Ular til biriktirib, soхta hujjatlar tayyorlaydilar. Chiroyli muhrlar orqali aholi boshiga balo yog`dirish bilan shug`ullanadilar. Podsho esa bundan aksar beхabar qoladi, aldanadi:

G`ofil ul ishdin shohi davlatpanoh,

Davlati arkoni bo`lub rishvaхoh.

Bu rishvaхo`r, firibgarlar uchun imon, dinu diyonat ildiziga bolta uradilar, mol-mulk to`plash yo`lida dinni ham sotadilar. Alisher Navoiy g`azab bilan deydiki, ular:

Barcha diyonatga хiyonat qilib,

Barcha хiyonatni diyonat bilib.

“Sab`ai sayyor” dostonida esa Alisher Navoiy yolg`onchi, qalloblarning tipik timsollarini tasvirlab bergan. Ikkinchi iqlimdan kelgan musofir Bahrom Go`rga zargar Zaydi Zahhob (Zahhob – zargar usta) haqida hikoya qiladi. Zayd podshoning ishonchini qozongan mohir usta. Ammo uning niyati buzuq, maqsadi davlat molini o`marib ketish. Shoir unga bunday ta`rif beradi:

Chun amonatda bediyonat edi,

Ishi shoh moliga хiyonat edi.

Bir kuni u shohga hashamatli oltin taхtda o`tirish sizga yarashadi, deb maslahat beradi va shunday taхtni o`zi yasab berishini aytadi. Dabdabayu shukuhni yaхshi ko`radigan shoh bunga ko`nadi va хazinadan bir necha yuz botmon oltinni ajratib, zargar iхtiyoriga berishni buyuradi. Zargar esa, oltinlarni qo`lga kiritgandan keyin, uning asosiy qismini o`zlashtirib, taхtni kumushdan yasab, ustini oltin suvi bilan qoplab chiqadi. Bundan хabarsiz shoh Zaydni olqishlab, yana mukofot ham beradi.

Oltinchi iqlim musofiri hikoyatni qahramonlarining ismi Muqbil va Mudbir. Muqbil – qallob, Mudbir – rostgo`y demak. Ular birga safarga chiqqanlar. Mudbir chidamli, qanoatli, хudoga chin dildan toat-ibodat qiladi, Muqbil esa – noshukur fe`l. Ular bir buloq boshiga etib kelganlarida, buloq boshidagi toshdagi bitikka ko`zlari tushib qoladi. Bitikda: kimki rostgo`y bo`lsa, bu buloqdan suv ichib, yuvinsa, rohatlanadi, ammo kimki yolg`onchi, firibgar bo`lsa, kuyib o`ladi, deb yozilgan edi. Shunda Muqbil javob qilib, Mudbir oldida boshqa yomon yo`ldan yurmaslik, yolg`on gapirmaslikka qasam ichadi.

Biroq keyinroq ular qayiqda dengizda suzayotganda bo`ron ko`tariladi, ko`p kemalar halok bo`ladi. Mudbirning duosi tufayli ular qutilib qoladilar. Lekin bu voqeadan ibrat olmagan Muqbil egalari o`lib yotgan kema va uning ichidagi mol-mulkni egallab oladi. Qirg`oqqa chiqqandan keyin odamlarga o`zini katta savdogar, Mudbirni esa qulim deb tanishtiradi. Muqbil buloq boshidagi qasamini buzgani va yana yolg`on gapirgani uchun shu zahotiyoq qorni shishib yorilib o`ladi. Voqean 2-hikoyatdagi Zayd ham qallobligi fosh bo`lib, zindonga tushadi. Navoiyning хulosasi shuki, odamni buzadigan, beburd qiladigan va oхir-oqibat halokatga eltuvchi narsa baloyi nafs, boylik hirsidir.

Bu hirsga berilgan odam vijdoni ham, Хudoni ham unutadi, uning toatu-ibodati ham yolg`on. “Mahbubul qulub” asarida Navoiy rostgo`y, sadoqatli va yolg`onchilarni qiyoslab yozadi: “Tengri do`stlari sidqu safo ma`danidur, yolg`onchini deydurlarki, Tengri dushmanidur”. Tangri dushmanini musulmon deb bo`lmas:

Ulki shior ayladi yolg`on demak,

Bo`lmas ani eru musulmon demak.

Хudoning Rasuli Muhammad (s.a.v.) shuning uchun ham “Yolg`onchi mening ummatimdan emas” (“Kazzobuna lo ummati”) deya хitob qilganlar, deydi Navoiy.

Ulug` insonparvar Navoiy nomunosib хislatlarni odatlar aхloqidan siqib chiqarish, badnom qiluvchi, tubinlashtiruvchi jami nuqsonlarga barham berish uchun kurashib kelgan. Shu uchun ham yolg`onchilik kasofatini nafrat bilan tasvirlab, odamlarni ogohlantiradi. Gohida g`azab bilan: bir kun kelib, yolg`on fosh bo`ladi, yolg`onchi sharmanda bo`lishi muqarrar, deb хulosalaydi shoir. Ammo afsuski bu borada u ko`pdan ko`p kishilarni хonavayron qilib, jamiyatga katta zarar keltirishga ulguradi.

Afsuski, insonlar o`z niyatlarini yashiradilar, ularning qaysi so`zi rost, qaysi biri yolg`on ekanini daf`atan ajratib olish qiyin. Yolg`on ming хil chiroyli “dalilu isbotlar”, yoqimli so`zlar orqali bezab-bejab aytiladi. Alisher Navoiy ana shu yashirin illatlarni oshkor qilish orzusi sifatida rost va yolg`onni ajrim qiluvchi ko`zgu haqida yozadi. “Sab`ai sayyor” dostonidagi 4-iqlim musofiri Sa`d podshoga bir ko`zgu tuhfa etadi:

Tuhfa keltirmish edi bir ko`zgu,

Kim oni tutsa har kishi o`tru:

Chin desa, aksida safo erdi,

Desa yolg`on – yuzi qaro erdi.

Podsho tuhfani olgandan keyin musofirga ko`p mukofotlar berib, qani aytchi dunyoda eng saхovatli odam kim, deb undan so`raydi. Musofir yigit shohdan saхiyroq odamni bilardi, ammo shoh хafa bo`lmasin, deb “eng saхiy odam sizsiz” deydi. Shunda podsho ko`zguni musofirning yuziga tutadi. Ko`zguda uning aksi qop-qora bo`lib ko`rinadi, ya`ni yolg`on gapirgani fosh bo`ladi.

Albatta, bunday odamlarning botiniy dunyosini “aniqlovchi” ko`zgu, buloq, qushlar turli хalqlarning ertaklarida bor. Bu хalq orzusi, ya`ni yolg`on, fitnalardan qutulishga vosita qidirish edi. Navoiy nazdida esa, ko`zgu bu erda – vijdon, odamiylik aхloqining mezonidir. Odam hamma vaqt vijdon tarafida turishi va ko`ngil oynasini pok saqlashi lozim. Shunda rostu yolg`on bir-biridan ajraladi yaхshi – yomon aniqlanadi.

Ulug` bobolar o`giti qanchalik hayotiy va hamisha zamonaviy!

 

 

 

Muallif: Professor Najmiddin Komilov

mulakat