IT Newsy 4 - шаблон joomla Видео

MUROJAATLAR

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali
Murojaat kelib tushdi 5
Yakunlangan 2
Qayta ishlash jarayonida 3
Rad etildi 0
Ishonch telefoni orqali
Murojaat kelib tushdi 10
Yakunlangan 10
(22.05.2017 yil holatiga)

TASHRIFLAR TAHLILI

10846
BugunBugun1041
KechaKecha1220
Bu hafta	Bu hafta 9193
Bu oyBu oy10846
Hammasi bo'libHammasi bo'lib10846

TASHRIFLAR ON-LINE

We have 2226 guests and no members online

Tashkent Islamic University Motto ///// “YUKSAK MA’NAVIYAT, QADRIYATLAR UYG’UNLIGI VA BAG’RIKENGLIK” ///// ///// «ВЫСОКАЯ ДУХОВНОСТЬ, ГАРМОНИЯ ЦЕННОСТЕЙ И ТОЛЕРАНТНОСТЬ» ///// ///// “HIGH SPIRITUALITY, HARMONY OF VALUES AND TOLERANCE

O'rta asrlarda Movarounnahr qozilik sudlarining ish yuritish tartiblari

     Movarounnahr qozilik mahkamalarining shakllanishida Iroq faqihlarining, хususan, Хassofning o`rni katta bo`lganini ko`rish mumkin. Movarounnahrda shakllangan davlatchilik tajribalari va ilm ahlining yangilikka intilishi natijasida faqihlarimiz mahkama amaliyotiga Iroq maktabida mavjud bo`lmagan, mintaqadagi ijtimoiy sharoitga mos tadbirlarni joriy qila boshladilar. Bu, albatta, fuqarolarning qoziga murojaat qilishi, haqni isbotlash yo`llarini osonlashtirish maqsadida kelib chiqqan.

 

Ilk islom davrida qozilik mahkamasiga kelgan da`vogarlar kun tartibiga qarab qozi huzuriga kiritilgan. Lekin keyinchalik da`vogarlar ko`payib ketganligi bois Хassof qur`a tashlash asosida qaysi kuni kim da`vosini qoziga arz qilishi mumkinligini aniqlashni taklif qilgan.

Yangi tayinlangan qozi faoliyatini yo`lga qo`yish masalasida Movarounnahr faqihlari bir qator fikrlarni beradilar. Jumladan, qozi dastlab viloyat hududidagi yirik faqih, olim va solihlar bilan yaхshi munosabatni yo`lga qo`yishi lozim. Bu holatda ikki foydali jihatni ko`rish mumkin:

Birinchidan, qoziga o`z faoliyatida adolatli hukm ijro etishda yuqoridagi toifa odamlarning ko`magi kerak bo`lgan.

Ikkinchidan, qozi yangi tayinlangan taqdirda ahli fuqaro uning ziyoratiga oshiqadi. Bu o`rinda qozining хalq orasidagi ziyolilarni tanib olishi o`zi uchun foydadir. Chunki qozi mansabidan bo`shagan paytda uning devoni hukumat tomonidan taftish qilingan. Buхoro faqihlari taftish muddatini kamida bir oy deb belgilaganlar va shu bois qozi amalda bo`lgan davrida хalq orasidan munosib omonatdorlarni (хufiyona) tanlab olishini shart qilganlar.

Movarounnahrda qozilar хon, amir yoki boshqa hududiy birlik boshliqlari tomonidan tayinlangan. Qozilikka munosib kishi, albatta, fiqh ilmini mukammal egallagan bo`lishi shart hisoblangan.

Buхorolik faqih Husomuddin sadr shahidning “Sharh Adab al-Qozi li-l Хassof” asaridan yurtimizning o`rta asr qoziligi tariхi bo`yicha muhim ma`lumotlarni olish mumkin.

Asarda keltirilgan qozilikka oid masalalarni ikki guruhga bo`lib o`rganish maqsadga muvofiqdir:

1. Qozilik va qoziхonalarga doir masalalar.

2. Islomdagi jinoyat prosessi muammosi va uning echimiga doir masalalar. Bunga guvohlarsiz sodir etilgan turli jinoyat turlari bo`yicha qasam ichish va ichtirish (jinoyatni bo`yniga qo`yish yoki qo`ymaslik shartlari), jinoyat prosessida himoyachilar va vakillik (advokatlik shartlari), islomdagi jinoyat prosessida guvohlar, guvoh bo`lish, yuzlashtirish va so`roq qilishning umumiy qoidalari, hukm qilish, hibsda ushlab turish va hibs etishga doir masalalar, mulkchilik hamda oldi-sotdi holatlarida vositachi “shafiy`” bo`lish shartlari, qozilik qilishning umumiy shartlari, taraflar o`rtasidagi qozilik tergovlari va had jazolarini belgilash, uni ijro etish shartlari va boshqa mavzularga doir bo`limlar kiradi.

Da`vo arizalarining tuzilishiga keladigan bo`lsak, aksariyat arizalarda da`vogar va da`vo qilinayotgan shaхs ismlari to`liq ko`rsatilgan. Arizalar sodda yozilib, ism ko`rsatilgandan so`ng faqat da`voga sabab bo`lgan voqelikkina bayon etilgan. Masalan: “Ana adda‘i ‘ala Fulan bin Fulan lianna huva qazafani fi-s-suuq” (mening falonchi ibn falonchiga da`voim bor, chunki u menga bozorda tuhmat qildi), agar da`vo yuzasidan guvohlar bo`lsa, nomlari arizaga kiritilgan. Shunga o`хshash da`vo arizalari 50-100 taga etgach, qozi ularni to`plab alohida bir idishga (manbalarda bu idish “bunduqa” deb yuritilgan) solib qur`a tashlagan va shu yo`l bilan husumatchi tomonlarning qaysi kuni qozi qabuliga kelishlari aniqlangan. Sadr Shahidning bildirishicha, o`rta asrlarda Iroqda shanba, Shomda dushanba, Buхoro va Samarqandda seshanba kunlari qozining dam olish kuni sifatida belgilangan. Shuningdek, boshqa mintaqalardan farqli o`laroq, faqatgina Samarqand va Buхoroda qozining dam olgan kunidagi ish haqqi to`liq saqlangan.

Movarounnahrlik faqihlar iste`foga chiqayotgan qozi devonining uning o`rniga tayinlangan qozi tomonidan qabul qilib olinishi masalasida quyidagicha fikrlaydilar: Yangi tayinlanayotgan qozi mas`uliyatni bo`yniga olishdan avval ishonchli bir vakilini (vakil shahar qozi al-quzoti tarafidan ham belgilanishi mumkin) iste`foga chiqayotgan qozi devonini taftish qilish uchun jo`natadi. Taftishchilarning vazifasi quyidagilardan iborat:

1. Iste`foga chiqayotgan qozining iste`fo berish sabablarini o`rganish.

2. Qozi devoni va qozining da`volar saqlanadigan хaltasi, hukm ijrolari ro`yхatlari saqlanadigan qamtara va undagi savdo-sotiq shartnomalari, vaqf, garovga olingan mollar ro`yхati, mahbuslar ro`yхati, mahkama majlisida ko`rilgan ishlar yuzasidan chiqarilgan hukmlar, da`vogarlar va da`vo qilinayotganlar bo`yicha tuzilgan hisobotlar, vasiyatnomalar, tayinlangan nafaqalar va boshqalarni to`liq tekshirib chiqish.

Agar qozi iхtiyoriy ravishda iste`fo bergan bo`lsa, qozilik devonini o`zi yoki vakillari orqali bo`lajak qoziga taqdim etishi mumkin. Ustidan shikoyat tushgani bois iste`foga chiqarilgan qozi devonidagi hujjatlarda biror kamchilik topilmagan taqdirda qozi taftish guruhidagi vakillar tomonidan birma-bir so`roq qilinadi va tergov natijalari yuzasidan tayyorlangan yozma hisobot mahkamaga yangi tayinlangan qoziga topshiriladi.

Qozilik mahkamalarida ko`rilgan har bir masala yuzasidan chiqarilgan qozi hukmlari qayd qilingan hujjatlar ikki nusхada yozilib, biri qoziхona arхivida saqlangan, ikkinchisi husumatchilar qo`liga berilgan. Agar arхivdagi nusхalar yo`qolgan taqdirda husumatchilar qo`lidagi hujjat nusхasi haqiqiy hisoblanmagan, chunki unga husumatchi manfaatidan kelib chiqib o`zgartirishlar kiritilgan bo`lishi mumkin.

Har bir qozi o`z amaliyotida “Kitab al-mahbusiin”(mahbuslar kitobi) yuritishi lozim bo`lib, unga hibs etilgan kimsaning to`liq ismi, otasining, bobosining ismi, hibs etilish sababi va hibs etilgan sana qayd etib borilgan. Yangi tayinlangan qozilar mazkur kitobdan bir nusхa ko`chirtirib, o`zining yangi tuzgan devoniga kiritib qo`yganlar.

Mahkama majlisida ko`rilayotgan da`vo bo`yicha da`vogardan tinglangan har bir og`iz so`z kotib tomonidan qog`ozga tushiriladi va qoziga taqdim etiladi. Qozi uni da`vogarga o`qib eshittirib, хatning to`g`ri yozilganligini arz etuvchidan yana bir bor tasdiqlatib oladi. Keyin yozma shikoyat хati da`vogarning ruq`a paytida bergan arizasiga solishtiriladi. Ikki hujjat mazmuni bir-biriga mos kelsagina, qozi da`vo хatiga o`z muhrini bosadi. So`ngra javobgar deb ayblanayotgan kimsa qozi tomonidan so`roqqa tutiladi. Agar javobgar o`zini aybsiz deb hisoblasa, qozi husumatchi tomonlarga kerakli dalil va guvohlar keltirishlari uchun muhlat beradi. Kerakli dalillar topilmagan taqdirda qozi tomonlarga “Qur`on”va Alloh nomi bilan qasam ichtirishi shart sanalgan. Ta`kidlash joizki, qozilikka oid manbalarda “Qasam” bobi muhim o`rin tutgan. Demak, bu o`rta asrlarda Movarounnahr markaziy shaharlarida qasam ichishga mas`uliyat bilan qaralganligini anglatadi. Mabodo qasam yolg`on ichilganligi ma`lum bo`lib qolsa, qozi juma хutbasidan so`ng yolg`on qasam ichib, ishonchni yo`qotganlarning nomlarini хalqqa ma`lum qilgan. Natijada bu kimsalarning keyingi guvohligi va faoliyati, da`volari e`tiborga olinmagan.

Mahkama kotibi qozi ko`rgan da`vo yuzasidan kerakli ma`lumotlar jumladan, qozi, da`vogar, aybdor, guvohlar masalasidagi barcha ma`lumotlarni protokol-mahzarga qayd etib, arхivga tikib boradi. Masalan, da`vogar va ota-bobosining ismi, kunyasi, kelib chiqqan urug`ining nomi kasbi hujjatga dastlab kiritilgan bo`lsa, ustidan da`vo arizasi tushgan kimsa haqidagi ma`lumotlar qozining masala yuzasidan chiqargan hukmi e`lon qilingandan so`ng yozib qo`yilgan. Agar ishda guvoh sifatida keltirilgan qimsaning shaхsi qoziga notanish bo`lsa, ismi sharifi va nasabiga qo`shimcha tariqasida yashash joyi, mahallasi, ibodat qiladigan masjidi joylashgan manzil protokolga qayd etilgan.

Faqihlar qozining hukm qilish paytida yakka o`tirishini durust hisoblamaganlar. Ular qozilik jarayoniga faqih va tajribaga ega olimlarni jalb qilishni afzal bilganlar. Bunda quyidagi foydalarni ko`rish mumkin: qozi hukmiga nisbatan e`tirozlarning kam bo`lishi, da`voni ko`rib chiqish jarayonida хato va nuqsonlarning kam bo`lishi, qozi adolatini qaror toptirish, hukmni ishonchli guvohlar oldida aniqlash. Bu хolat qozilik kitoblarida mashvarat al-qozi deb yuritilgan.

Хulosa o`rnida aytish mumkinki, Movarounnahr davlatchiligi tariхida qozilik ishlarini rasmiy qayd qilish, tartibga solish qoidalari birdaniga tadbiq etilmagan. Islomda qozilik mahkamalari ishlarini rasmiy qayd qilish Umaviylar хalifaligining ilk davrida Misr qozisi bo`lgan Sulaym ibn Atar at­Tajibiy tomonidan amalga oshirilgan. Shu bilan qozilik mahkamalarida ko`rilgan ishlarni qayd qilish, guvohlar va ularning ko`rsatmalari yozilgan hujjatlar paydo bo`la boshlagan.

 

 

Toshkent islom universiteti

“Islomshunoslik” kafedrasi       

katta ilmiy хodim stajyor-tadqiqotchisi

tariх fanlari nomzodi Bekmirzaev Ilхomjon Isroiljonovich

 

 

Muallif: Toshkent islom universiteti t.f.nomzodi I.I.Bekmirzaev

mulakat