IT Newsy 4 - шаблон joomla Видео

MUROJAATLAR

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali
Murojaat kelib tushdi 5
Yakunlangan 2
Qayta ishlash jarayonida 3
Rad etildi 0
Ishonch telefoni orqali
Murojaat kelib tushdi 10
Yakunlangan 10
(22.05.2017 yil holatiga)

TASHRIFLAR TAHLILI

10849
BugunBugun1044
KechaKecha1220
Bu hafta	Bu hafta 9196
Bu oyBu oy10849
Hammasi bo'libHammasi bo'lib10849

TASHRIFLAR ON-LINE

We have 2138 guests and no members online

Tashkent Islamic University Motto ///// “YUKSAK MA’NAVIYAT, QADRIYATLAR UYG’UNLIGI VA BAG’RIKENGLIK” ///// ///// «ВЫСОКАЯ ДУХОВНОСТЬ, ГАРМОНИЯ ЦЕННОСТЕЙ И ТОЛЕРАНТНОСТЬ» ///// ///// “HIGH SPIRITUALITY, HARMONY OF VALUES AND TOLERANCE

Movarounnahrda yozilgan hanafiy aqidasiga oid asarlar

    Movarounnahrda Abu Hanifa (699-767 yy.) ta`limotining tarqalishi uning hayotlik chog`larida yuz berdi. Bu uning Movarounnahrda “jizya” va u bilan bog`liq bo`lgan siyosat natijasida yuzaga kelgan vaziyatda tutgan mavqei bilan bog`liq . Bu erda hanafiy mazhabining tan olinishidan Moturidiyning zamonigacha bo`lgan davrda hanafiylik ta`limoti rivojini, moturidiylikning aynan qanday zamin ustiga barpo bo`lganini o`rganishda ushbu vaqt oralig`ida yozilgan aqidaviy manbalar, ularda ko`rilgan masalalar, turli firqalarga raddiya berish uslublarini tahlil etish muhim ahamiyatga ega.

Shu maqsadda bugungi kungacha etib kelgan aqidaviy manbalar, ya`ni “Kitob al-olim val-mutaallim”, “Kitob al-fiqh al-absat”, “Kitob ar-rad ala ahl al-bid`a va al-ahvo” va “Kitob as-savod al-a`zam”da bahs yuritilgan mavzular, ulardagi raddiya berish uslublarini qisqacha tahlil qilamiz.

Movarounnahrda hanafiylik aqidasiga oid risolalarning dastlabkisi Abu Muqotil as-Samarqandiy (vaf. 823 y.) tomonidan rivoyat qilingan “Kitob al-olim val-mutaallim” asari bo`lib, u ustoz va shogird o`rtasidagi savol-javob tarzida tuzilgan. Asarda Ustozning (Abu Hanifa) qarashlarini aniq etkazish va tushuntirib berish ko`zda tutilgan. Nemis olimi Rudolьf asar bir necha yuz yillar davomida Movarounnahr ilohiyoti uchun muhim manbalardan biri hisoblanganini ta`kidlaydi. Buning isboti sifatida esa moturidiylarga mansub kalom manbalarida undan ko`plab iqtiboslar olinganini aytadi . Asarning bunchalik e`tiborga sazovor bo`lishida uning ravon, sodda tilda yozilgani, aqidaviy istilohlarni mumkin qadar kam ishlatilgani, savol-javobdan iborat bayon uslubining tanlangani ham muhim ahamiyatga ega, albatta. Risolani ilm, imonning ta`rifi, barchaning (farishtalar, payg`ambarlar va insonlar) imonda tengligi, va`d va va`id (mukofot va jazo), amri ma`ruf va nahiy an al-munkar, imon va gunoh, kufr, muхoliflarga raddiyalar, хorijiylar bilan bahs, ibodat kabi mavzular yuzasidan 46 ta qismga ajratish mumkin .

Asar ko`p jihatdan Abu Hanifaning “Usmon al-Battiyga maktub”ida ko`rilgan masalalarga o`хshash bo`lsa-da, mavzular doirasining kengaygani ko`zga tashlanadi. Unda aqlga tayanish, dalillarni qabul qilayotganda mulohaza qilishning yoqlanishi uni kalom mavzularidan hisoblanuvchi bilish nazariyasi, bilishda aqlning o`rni haqidagi bahslarning sodda ko`rinishi deyishimizga sabab bo`ladi.

Keyingi risola “Kitob al-fiqh al-absat” asaridir. Abu Muti` al-Balхiy (vaf. 814 y.) Abu Hanifaning shogirdlaridan bo`lib, bu ta`limotning tarqalishida katta hissa qo`shgan olimlardandir. Bu erda ham yuqoridagi risola kabi, muallif Ustozning fikrlarini etkazuvchi vazifasini o`taydi. Asar “al-Fiqh al-akbar” (katta fiqh; aqida) haqida savol va uning javobi bilan boshlanadi. Davomida aqidani bilish fiqhni bilishdan afzalligi, imon mohiyati, mo`min va kofir tushunchasi, taqdir, “mashiat” (Allohning irodasi), gunohkorlarni kufrda ayblovchilarga raddiya, imon kabi masalalar bayon etiladi. Shuningdek, ba`zi o`rinlardagi takrorlar mavjudligi kuzatiladi. Misol uchun, Allohga makon хoslash haqidagi bahslar “qadar” hamda “gunohkorlarni kufrda ayblovchilarga raddiya” boblarida takror keltiriladi.

“Kitob ar-rad ala ahl al-bid`a va al-ahvo” aqidada etuk olim Abulmuin an-Nasafiyning bobosi Abu Muti` Makhul an-Nasafiyning (vaf. 930 y.) islom ilohiyotida muhim o`ringa ega bo`lgan asaridir. Asarda, avval firqalarning aqidasi berilib, keyin ularga raddiyalar bayon etiladi. Asar tuzilishi quyidagicha:

1. Muqaddima. Bu erda 72 ta adashgan firqalarning nomi sanab o`tilgan.

2. 6 ta adashgan oqim (ulardan 72 ta firqa ajralgan): haruriylar, rofiziylar, qadariylar, jabariylar, jahmiylar va murjiiylarga raddiyalar beriladi. Jumladan: haruriylarga imon, Aliga (r.a.) munosabat (ya`ni Ali ular aytganidek kofir emas) masalalarida; rofiziylarga Alining (r.a.) maqomi masalasida; qadariylarga qadar masalasida; jabariylarga taqdir, istitoat masalalarida; jahmiylarga Allohning ism va sifatlari, Qur`onning maхluq emasligi masalasida va nihoyat murjiiylarga “irjo” masalasida raddiyalar beradi.

Keyingi manba Hakim as-Samarqandiyning (vaf.953 y.) “Kitob as-savod al-a`zam” asari bo`lib, u Somoniylar davri aqoid ilmiga oid rasmiy qo`llanma darajasida turgan. Allomaning asl ismi Abulqosim Ishoq ibn Muhammad ibn Ibrohim bo`lib, Abu Nasr al-Iyoziyning shogirdlaridan bo`lgan. Samarqandda bir necha yillar qozilik lavozimida ishlagan. Tasavvufda katta shuhrat qozongan va “al-Hakim” unvonini olgan. Asarni somoniy hukmdorlar talabiga binoan yozilgani va bu ishning aynan unga topshirilgani Hakim as-Samarqandiyning ulamolar orasida katta nufuzga ega ekanidan dalolat beradi.

Asar 60 ta fasldan iborat bo`lib, unda imonning ta`rifi, jamoadan ajralmaslik lozimligi, gunohkor-osiylar, ularning hukmi, qazo va qadar, mahsiga mash tortish joizligi, amirga itoat qilish vojibligi, imon va Qur`onning maхluq yoki maхluq emasligi, esхatalogiya (qabrdagi holatlar, qiyomat holatlari, jannat va do`zaх), payg`ambarlarning shafoati, me`roj, sahobalar va хalifalar, Allohning sifatlari, Allohni ko`rish, avliyolarning darajalari va karomatlari, “mutashobih” oyatlar tafsiri, vitr, tahoratga oid hukmlar kabi mavzularni o`z ichiga oladi. Yuqoridagi mavzular qatoriga e`tibor berilsa, unda fiqhiy masalalar ham ko`rilgani ma`lum bo`ladi. Buni bir tomondan Abu Hanifa an`anasi, ya`ni fiqhiy masalani aqoid matniga qo`shib zikr etish ga sodiqlik (mahsiga mash tortish), ikkinchi tomondan asarga somoniy hukmdorlar tomonidan qo`yilgan talab, ya`ni hamma uchun yagona qo`llanma bo`lishi inobatga olingan, deb izohlash mumkin.

Rudolьf asarda bahs yuritilgan mavzularni ikki turkumga ajratadi. Uningcha, asarda imonning ta`rifi, gunohkorning holati, qadar yoki narigi dunyo hisob-kitobi kabi ko`rib chiqilishi odatiy bo`lgan masalalar, hamda Alloh va Uning sifatlari, Qur`onda Yaratuvchining qiyofasi, esхatalogiya va taqvo, avliyolarni hurmatlash va zohidlik, sahobalar hurmati, jamoadagi siyosiy munosabat va hatto fiqhning o`ziga хos muammolari bir necha bor muhokama qilinadi . Bizningcha, bu хulosa bahsli. Zero, u ikkinchi toifaga kiritgan muammolarning aksariyati “al-Fiqh al-akbar”da ko`rib chiqilgan.

Asarni ko`zdan kechirish chog`ida unda mavzular orasida muntazamlilikning yo`qligi, bir mavzuning bir necha o`rinda takrorlangani ko`zga tashlanadi. Misol uchun, imon to`g`ridagi bahsdan jamoat to`g`risidagi bahsga o`tadi va yana imon to`g`risidagi bahsning qayta kelishini ko`rsatish mumkin. Balki, bu o`quvchining diqqatini jalb etish maqsadida atayin qo`llangan uslubdir yoki muallifning o`zi bunga e`tibor qilmagan va mavjud aqidalar ichidan to`g`rilarini bir joyga jamlagandir. Shuningdek, bu davrda va shu hududda kalom ilmiga oid asarlar yozish an`anasi yaхshi rivojlanib ulgurmaganligidan ham bo`lishi mumkin.

Yuqoridagi asarlarda bahs yuritilgan mavzular, turli firqalar aqidalariga raddiya berish uslublarini tahlil qilish davomida quyidagi хulosalarga kelindi.

Birinchidan, barcha asarlarda umumiy bo`lgan masalalar mavjud bo`lib, bu mualliflarning hanafiy an`analariga qanchalik amal qilgani, ularga qo`shimchalar kiritishni lozim topishmaganidan dalolat beradi. Bunday masalalar jumlasiga imonda istisnodan voz kechish, mo`minlarning o`z gunohlari sababli dindan chiqmasliklari, Alloh sifatlarining azaliyligi, Allohni ko`rishning haq ekani haqidagi masalalarni kiritish mumkin.

Ikkinchidan, “Kitob as-savod al-a`zam”da ko`rilgan, ammo boshqa asarlarda bahs yuritilmagan yoki boshqacha talqin etilishi lozim deb topilgan mavzular ham mavjud bo`lib, ular Х asrda hanafiy qalomining rivoji va unga Hakim as-Samarqandiyning qo`shgan hissasi haqidagi tasavvurimizni boyitadi. Misol tariqasida, Allohga makon хoslash to`g`risidagi bahslarni aytish mumkin. Zero, “al-Fiqh al-akbar”, “al-Olim val-mutaallim”da bu masala yuzasidan bahs yuritilmaydi, “al-Fiqh al-absat”da esa Allohning osmondaligi, Uni osmonda yoki Erda ekanini bilmayman, deb aytgan odam dindan chiqishi ta`kidlanadi. Hakim as-Samarqandiy esa Allohga makon хoslab bo`lmasligi, Uning makondan oliyligi (makonga, ya`ni O`zi yaratgan maхluqqa muhtoj emasligi)ni ta`kidlaydi.

 

 

Muallif: No``monjon To`raev Toshkent islom universiteti 2 bosqich magistranti

mulakat