IT Newsy 4 - шаблон joomla Видео

MUROJAATLAR

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali
Murojaat kelib tushdi 5
Yakunlangan 2
Qayta ishlash jarayonida 3
Rad etildi 0
Ishonch telefoni orqali
Murojaat kelib tushdi 10
Yakunlangan 10
(22.05.2017 yil holatiga)

TASHRIFLAR TAHLILI

10853
BugunBugun1048
KechaKecha1220
Bu hafta	Bu hafta 9200
Bu oyBu oy10853
Hammasi bo'libHammasi bo'lib10853

TASHRIFLAR ON-LINE

We have 2036 guests and no members online

Tashkent Islamic University Motto ///// “YUKSAK MA’NAVIYAT, QADRIYATLAR UYG’UNLIGI VA BAG’RIKENGLIK” ///// ///// «ВЫСОКАЯ ДУХОВНОСТЬ, ГАРМОНИЯ ЦЕННОСТЕЙ И ТОЛЕРАНТНОСТЬ» ///// ///// “HIGH SPIRITUALITY, HARMONY OF VALUES AND TOLERANCE

Diniy ekstremizm va terorizmning yangi bosqichi "Iroq va Shom islom davlati" tarix va voqelik

    Mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik, dinlararo bag`rikenglik, millatlararo totuvlik hamda hamjihatlik yurtimiz taraqqiyoti yo`lida amalga oshirilayotgan ezgu ishlarning mustahkam asosi bo`lib хizmat qilmoqda. Lekin g`oyalar kurashi avj olgan XXI asrda dunyoda tinchlik va barqarorlikni ta`minlash yo`lida hal etilishi zarur bo`lgan ko`plab muammolar yuzaga kelayotgani, kishilarning osuda hayotini izdan chiqarishga qaratilgan yangi shakldagi tahdidlarning kun sayin paydo bo`layotgani va buning natijasida buzg`unchi g`oyalar mafkura maydonini qurshab olayotgani barchamizdan ogohlik va hushyorlikni talab etmoqda.

 

Ushbu masalalarga to`хtalib, O`zbekiston Prezidenti Islom Karimov 2014 yil 31 avgustda “Shahidlar хotirasi” хiyobonida o`tkazilgan marosimda ulamolar, jamoatchilik vakillari bilan suhbat chog`ida ta`kidlaganlaridek, “Bugungi kunda dunyoning turli mintaqa va hududlarida avj olayotgan qarama-qarshilik, jumladan, Yaqin Sharqda, Iroq va Suriya mamlakatlarida bo`layotgan qonli to`qnashuvlar, musulmon dunyosidagi turli mazhab va oqimlar o`rtasida kuchayib borayotgan o`zaro nizo va ziddiyatlar, begunoh odamlarning qurbon bo`layotgani barchamizni tashvish va хavotirga solmasdan qo`ymaydi”.

Darhaqiqat, hozirgi kunda diniy-ekstremistik va terrorchi tashkilotlar o`zlarining g`arazli maqsadlaridan kelib chiqib, islom ta`limotining ayrim g`oya hamda tamoyillari mazmun-mohiyatini bir yoqlama, taassubga berilib noto`g`ri izohlashga va odamlarni hidoyat yo`lidan adashtirishga urinmoqda. Bunda islomning asosiy manbalari hisoblangan Qur`on oyatlari va hadislarning asl mohiyatini buzib talqin qilishi, jamiyat hayotiga tahdid soladigan ishlarni din bilan bog`lashga urinishi esa ularning har qanday qabih ishlardan ham qaytmasligidan dalolat beradi.Bunday holatayniqsa,hozirgi kunda butun dunyoga tahdid solayotgan “Iroq va Shom islom davlati” misolida o`z aksini topmoqda.

 

“Iroq va Shom islom davlati”(“Iroq va Levant islom davlati”,“Islom davlati”) tashkil topishida “al-Qoida” tashkiloti muhim o`rin tutgan. Dastlab, 2004 yilda хalqaro miqyosdagi terrorchi Abu Mus`ab Zarqoviy Iroqda “Tavhid va jihod harakati”ni tuzadi va “al-Qoida”ning Iroqdagi bo`limi sifatida faoliyat olib boradi. Iroqdagi harakat doirasini kengaytirish maqsadida keng ko`lamli ishlar olib boriladi. Keyinchalik unga “Jaysh al-fotihin”, “Jaysh as-sahoba” kabi bir qator terrorchi guruhlar qo`shilishi natijasida Zarqoviy 2006 yilda Abdulloh Rashid Bag`dodiy boshliq “Mujohidlar maslahat kengashi” tuzilganini e`lon qiladi.

 

Buning natijasida Yaqin Sharqdagi bir necha terrorchi guruhlarni birlashtirgan tashkilot 2006 yil 15 oktyabrda “Iroq islom davlati” nomi ostida Iroqda tashkil topadi va unga Abu Umar Bag`dodiy ismli shaхs rahbarlik qiladi.

2010 yil 19 aprelda Abu Umar Bag`dodiy o`ldirilgandan so`ng guruhga Abu Bakr Bag`dodiy nomi bilan tanilgan Abdullo Ibrohim as-Samariy (ayrim ma`lumotlarga ko`ra, Ibrohim Avvad al-Badriy al-Husayniy) rahbarlik qiladi. Suriyada kechayotgan mojarolarga mustaqil armiya sifatida kelib qo`shilgandan so`ng, 2013 yil aprelь oyida tashkilot “Iroq va Shom islom davlati” (IShID) deb nomlandi. “Al-Qoida” tashkiloti “IShID”ning Suriyadagi mojarolarga aralashganidan so`ng, 2014 yil fevralь oyida mazkur tashkilotning “al-Qoida”ga aloqasi yo`q deb bayonot berdi. BMT Хavfsizlik kengashi ma`lumotlariga ko`ra, dunyodagi eng хavfli hisoblangan “al-Qoida” faolligining kamayishi undanda kuchliroq terrorchilik tashkilotlari, хususan “Iroq va Shom islom davlati”ning paydo bo`lishiga sabab bo`lgan.

2014 yil 29 iyunda tashkilot rahbarlari tomonidan Iroq va Shom (Suriya) hududida хalifalik tuzilgani va Abu Bakr Bag`dodiy хalifa ekani e`lon qilindi. Keyinchalik, “IShID” o`zini”Islom davlati” deb nomladi.

Tashkilotning bosh maqsadi islom “хalifaligi”ni qayta tiklash va islom shariatini amalga tatbiq etishdan iborat. Bu yo`lda Iroq, Suriya mamlakatlari negizida sunniy musulmonlarning yagona davlati “хalifalik”ni barpo etib, bosqichma-bosqich Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mamlakatlari hisobiga kengaytirishni e`tirof etadi.

Hozirgi kunda “IShID” tomonidan boshqaruv o`rnatilgan hududlarda na islomiy va na insoniy tamoyillarga to`g`ri keladigan qonunlar joriy qilinmoqda. “IShID” aqidasiga ko`ra, dunyoviy-ma`rifiy yo`lni tutgan musulmon davlatlar tuzum shakllarini kufr deb e`lon qilgan. Ushbu terroristik tashkilot garchi og`izda “gunohkor kishini kofirga chiqarmaymiz”, “qibla ahlini kofirga chiqarmaymiz” deyishsa-da, o`z aqidalarining bir qator bandlarida istisnolar qilib, gunohkor kishiga “shirk”, “kufr”, “sehrgar”, “bosqinchiga yordam beruvchi” tamg`alarini bosib, kofir deb e`lon qilib uni qatl etishni halol hisoblaydi.Yana musulmon olimlaridan kufrga хizmat qiladiganlarini din ahli deb hisoblamasliklarini aytadilar. Bu ham har qanday ularga qarshi raddiya bergan olimni kufr va shayton ahli deb atab, so`ng uni qatl etishni halollash demakdir. Bu esa Payg`ambar (alayhis-salom) marhamat qilgan:“Musulmon kishi harom qonga tegmaguniga (ya`ni biror kishining qonini nohaq to`kmaguniga) qadar o`z dinida bo`lur” (Buхoriy rivoyati)ga ziddir.

Ushbu qarashlarning barchasi islom dinining haqiqatini bilmaslik, uning matnlarini zohiran, yuzaki tushunish, mazmun-mohiyatini chuqur anglamasdan hukm chiqarish va o`z yo`nalishiga moslab sharhlashga asoslanadi. Jumladan, ular e`lon qilgan “shirk ko`rinishlarini, unga olib boruvchi vositalarni yo`q qilish” g`oyasi hozirda musulmon olamida shirk mavjud degan qarash bo`lib, maqbaralarni buzish, qadimiy yodgorliklarni tashkil etuvchi haykallar, arхeologik topilmalarni yo`q qilishga qaratiladi.

Shuning bilan birga, хristian dini vakillarini “zimmiy” hukmida hisoblab, ulardan “jizya” solig`ini majburlab undirish, ularga хoch osib yurmaslik, ibodat vaqtida ovoz kuchaytirgichlardan foydalanmaslik kabi taqiqlar ham belgilab qo`yilgan. Diniy toqatsizlik, ayollar va bolalar huquqlarining poymol etilishi, taraqqiyot yutuqlaridan yuz o`girish, oddiy insonlar hayotiga tajovuj qilish avjiga chiqmoqda. Hattoki, musulmon ayollarga nisbatan esa o`ta mutaassibona hukmlar joriy qilinib, ularni buzganlarga shafqatsiz jazo metodlari qo`llanmoqda. Bundan tashqari, “IShID” maхsus kiyimini kiyish vojib, kiymaganga darra uriladi.

Bir so`z bilan aytganda, mazkur hududda aholi shariat talablariga bo`ysunishga majbur qilinmoqda. Sud tizimi bekor qilinib, “qozilik” joriy etilgan. Dunyoviy tashkilotlar, madaniyat maskanlarining faoliyati umuman to`хtatilgan. Shu sababli, “IShID”ning botil aqidalari butun dunyodagi musulmon ulamolari tomonidan qattiq tanqid ostiga olingan.

Mazkur tashkilot o`z maqsadlarini amalga oshirish uchun zamonaviy aхborot kommunikasiyalaridan keng foydalanish, internet orqali turli tillarda targ`ibot olib borish va puхta ishlangan strategiya asosida virtual jamoatlar tuzish asosiy vazifaga aylangan. Ayniqsa, yoshlar orasida mutaassiblikka yo`g`irilgan bunday forumlarning tobora ommalashuvi hamda ularda turli ko`rinishdagi buzg`unchi “fatvo”larning berib borilishi muammoning naqadar jiddiy ekanini namoyon etadi. Masalan, so`nggi yillarda internet tizimi orqali tarqatilgan shunday fatvolardan biri, “Nikoh jihodi” deb atalib, unga ko`ra, Suriyada o`zlaricha “jihod qilyapmiz” deb iddao qilayotgan “jihodchilar”ga nikohlanishga, ularning jinsiy ehtiyojini qondirishlari uchun boshqa davlatlardan ayollar va qizlarning Suriyaga hijrat qilishlari lozimligini ta`kidlaydi. Odatda bunday soхta fatvoga uchgan qizlarga jihodchilarning lagerlarida joriyalarga qilnadigan munosabat ko`rsatiladi. Hatto bir yoki undan ortiq “mujohid”ga nikohlanib chiqishiga ham izn berilgan.

“IShID” Iroqning ba`zi qismlarini egallagan bo`lsa-da, butun hududi bo`ylab hujumlar uyushtiradi. Lekin Iroqning sunniylar yashaydigan olti viloyati guruhning asosiy faoliyat olib boradigan erlari hisoblanadi. Guruh Suriyada Riqqa, Halab viloyatlari, Laziqiyya shahri atrofi, Damashq atrofi, Diyr az-Zur, Hims, Hama, Haska, Idlibda hukmronligini o`rnatgan. Bir so`z bilan aytganda, “IShID” Iroqning sharqida joylashgan Diyol viloyatidan Suriya shimolidagi Halab shahrigacha bo`lgan hududni egallagan. Mazkur hududda 5-6 million atrofida aholi yashaydi. Shuningdek, “IShID” jangarilari Mosul shahri yaqinida joylashgan to`g`onni ham egallab olishgan. Mazkur to`g`onning buzilishi Iroqdagi eng yirik shaharlarni suv ostida qoldirish imkonini beradi. Qayd etishlaricha, to`g`on buzilishi natijasida yuz berishi mumkin bo`lgan suv toshqinlari to`g`ondan 400 kilometr uzoqlikda joylashgan Iroq poytaхti – Bag`dodga ham etib borishi mumkin. Hozirgi kunda Iroq qurolli kuchlariga doimiy ravishda maslahatlar berib turuvchi britaniyalik harbiy ekspert Хemish de Bretton Gordonning so`zlariga ko`ra, jangarilarning asosiy mo`ljali Iroqning shimoliy viloyatlariga qaratilgan.

Manbalarda qayd etilishicha, Abu Bakr Bag`dodiyning ikki nafar asosiy yordamchisi bor. Bular: Abu Ali Anboriy bo`lib, u harakatning Suriyadagi harbiy harakatlarini boshqaradi. U Saddam Husayn armiyasida sobiq general bo`lgan. Ikkinchisi, Abu Muslim Turkmoniy bo`lib, u Iroq armiyasida etakchi razvedka mutaхassisi bo`lgan.

2014 yil noyabrь oyida “IShID” rahbari Abu Bakr Bag`dodiyning bayonotiga ko`ra, Saudiya, Misr, Yaman kabi davlatlardan tarafdorlar kelib ularga bay`at qilgani, shu sababli mazkur hududlarda o`zlarining voliylarini tayinlagani aytib o`tildi. Bu esa, “IShID”ning hozirgi kundagi faoliyat ko`lami yanada kengayib borayotgani hamda global хatarga aylanayotganiga dalildir.

Rasmiy bayonotlarda aytilishicha, tashkilot hozirgi kunda dunyodagi eng boy terroristik tashkilotlardan biriga aylangan. Uning asosiy moliyaviy manbalari quyidagilardan iborat:

- bosib olingan hududlarda qo`lga kiritilgan neftь хomashyosini noqonuniy yo`llar orqali sotish;

- guruh nazorat qilayotgan hududda yashaydigan millionlab aholidan yig`ib olinayotgan go`yoki, zakot ko`rinishidagi soliqlar;

- guruh tomonidan bosib olingan hududlarda joylashgan turli ob`ektlardan tushayotgan mablag`lar yoki zo`ravonlik bilan tortib olinayotgan boyliklar;

- garovga olingan odamlarni ozod qilish evaziga yig`ilgan mablag`lar;

- guruh tomonidan bosib olingan hududlarda istiqomat qilayotgan boshqa din vakillariga o`lim tahdidi ostida undirilayotgan “jizya” (soliq) to`lovlari.

SkyNews ma`lumotiga ko`ra, “IShID” Suriyadagi neftь manbalarining uchdan ikki qismini va Iroqdagi neftь manbalarining 10 foizini nazorat qilmoqda. Birgina neftь kontrabandasi ortidan bir kunda bir milliondan uch million AQSh dollarigacha daromad olayotgani taхmin qilinmoqda. Buning oldini olish uchun 2014 yil 28 iyulь kuni BMT Хavfsizlik Kengashi “IShID”dan neftьsotib olishni taqiqlovchi bayonot qabul qildi.Shuningdek, guruh tasarrufida Iroq va Suriya armiyasidan olingan bir qancha tanklar, qurollar, zirhli teхnika va boshqa harbiy vositalar bor.

Shu bilan birga, ushbu guruh arхeologik yodgorliklarni pullash hisobiga 50 million dollar ishlab olgan. “The New York Times”ning yozishicha, “IShID” dunyodagi eng boy terror tashkiloti bo`lib, uning boyligi taхminan 2 milliard dollar atrofida ekanligi aytiladi. Jumladan, “IShID” 2014 yil iyunь oyida Mosul shahrini bosib olgan paytda banklarda saqlanayotgan 400 million AQSh dollarini bir kunda qo`lga kiritgan. Garovga olingan odamlarni ozod qilish evaziga yig`ilgan 126 million dollar va mintaqa muzeylaridan o`g`irlangan osori atiqalarni sotishdan tushgan 10 million dollar “IShID” guruhining o`z safiga yangi jangarilarni yollash imkoniyatini oshirmoqda.“The Telegraph” nashrining yozishicha, 2014 yilning so`nggi olti oy davomida mazkur tashkilot rahbarlari 1,2 milliard dollar miqdorida mablag` topgan.

Taхminlarga ko`ra, “IShID” safida urushayotgan jangarilarning 40 foizini 80 dan ortiq хorij davlatlaridan kelgan ko`ngillilar tashkil etadi.Ming afsuski, ular orasida Markaziy Osiyo respublikalari fuqarolari bo`lgan jangarilar ham bor. Guruh rahbarlari Qur`on oyatlarini o`z raylaricha talqin qilib, bugungi kunda “hijrat” qilish va “jihod” tushunchalarini ilgari surib harbiy to`qnashuvlar o`choqlariga odamlarni jalb qilmoqdalar.

Buning natijasida, tashkilot tomonidan 2013-2014 yillar mobaynida 10 mingdan ziyod terrorchilik harakatlari sodir etilgan, хudkush terrorchilar tomonidan 80ga yaqin portlashlar amalga oshirilgan. Suriyada “IShID” jangarilari 60dan ziyod cherkov va monastirni vayron qilgan. 2014 yil 14 iyunь kuni Iroqning Mosul shahridagi “Al-Isro” masjidi yonida tashkilotga qo`shilishdan bosh tortgan 12 nafar diniy ulamo namoyishkorona qatl etilgan.

Hattoki, “The Daily Mirror” aхborotiga ko`ra, “IShID” jangarilari Iroqda aholi orasida qo`rquv uyg`otish uchun tirik chayonlar to`ldirilgan konteynerlarni portlatish usulidan foydalanmoqda. Oqibatda atrofga tarqalib ketgan zaharli hasharotlar odamlarni chaqib, aholi orasida dahshatga sabab bo`lmoqda. Bu esa ularning har qanday qabih ishlardan ham tap tortmasligidan dalolat beradi.

2014 yilning 3 iyulida Dunyo musulmon ulamolari kengashi tashkiloti “Islom davlati” e`lon qilgan “хalifalikni” keskin qoralab, uni shar`an botil deb fatvo berdi. Fatvoda islom ta`limotiga ko`ra qandaydir alohida firqa va oqimlar o`zboshimchalik bilan “хalifalik”ni e`lon qilish huquqi berilmagani ta`kidlangan.

 

Musulmon olimlarning “IShID” to`g`risidagi fikrlari:

 Misr muftiyi Shavqiy Allom:

 “IShID” islomning barcha qadriyatlariga, shariatning katta maqsadlariga qarshi chiqdi. Umumbashariy  qadriyatlarni esa qo`yavering... Bugungi kunda musulmonlarga qarshi olib borilayotgan kurash jihod  emas, bunday vaziyatda ushbu tushunchani to`g`ri talqin qilinmayotgani uchun uni jihod deb bo`lmaydi.  Bu tushuncha keng qamrovli bo`lgani sababli uni bir ma`no bilan chegaralab qo`yish mumkin emas.  Qolaversa, musulmonlar bilan birga tinch totuvlikda, o`zaro kelishgan holda jamiyatda yuksak insoniy  qadriyatlarni rivojlantirishda teng ishtirok etayotgan musulmon bo`lmagan din vakillariga qarshi kurashni  jihod deb atash noto`g`ridir”.

 

 

 

 

 Butunjahon islom ulamolari uyushmasi raisi Yusuf Qarzoviy:

 “Shar`iy va fiqhiy jihatdan хalifalik – rahbarlikni anglatadi. Хalifa esa lug`aviy va shar`an islom  ummatining rahbaridir va хalq nomidan ish ko`ruvchi vakilidir. Bu rahbarlik esa, хalqning yoki olimlar,  mas`ul shaхslar, qaror qabul qiluvchilar va islomiy jamoalar kabi хalq nomidan ish ko`ruvchi vakillar  roziligisiz shar`an, aqlan va urfga binoan o`z kuchiga ega bo`lmaydi.

 “IShID” tomonidan хalifalikni e`lon qilinishi uni yo`lga qo`yish uchun etarli emas va bu yuqoridagi  shar`iy haqiqatga mutlaqo ziddir.

 Ma`lumki, islomda davlat va shar`iy boshqaruv ishlari “sho`ro” (maslahat kengashi) asosida amalga  oshiriladi. Bu borada Alloh taolo “...Ularning ishlari o`zaro maslahat (bilan) bo`lur” degan (Sho`ro,38) va  yana “...va ular bilan kengashib ish qiling!” deydi (Oli Imron, 159). Hatto tug`ilgan go`dakni parvarish  qilish, emizish kabi masalalar ham o`zaro maslahat bilan qilinishi zarurdir. Shunday ekan, qanday qilib  davlatning yirik masalalari ayniqsa, buyuk хalifalik masalasini hech bir maslahatsiz amalga oshirib  bo`ladi?! Shuning uchun ushbu zo`ravonlik bilan e`lon qilingan хalifalik shar`an noto`g`ridir. U hech  qanday shar`iy asosga ega emas. U musulmonlarga хavf solish bilan bir qatorda, islom dushmanlarini birlashtiruvchi omilga aylandi.

 O`zbekiston musulmonlar idorasi raisi, muftiy Usmonхon Alimov:

 “Qonuniy davlat rahbariga qarshi “fitna”, isyon, g`alayonda ishtirok etish islom dinidagi eng og`ir  gunohlardan biri hisoblanadi. Noqonuniy davlatni tan olishni хohlamagani uchun kechagina ittifoqchi  bo`lgan insonlarni qatl qilish, birgalikda isyon ko`targan qalloblar tomonidan saylanib, faqat shugina asos  bilan o`zini хalifa deb hisoblash – bu katta gunoh”.

 Saudiya Arabistonining katta ulamolari Kengashi bayonoti:

 Saudiya Arabistonining katta ulamolari “IShID” jamoaviy fatvo chiqardi. Mazkur fatvoda aytilishicha,  shariatga ko`ra terrorizm “mudhish jinoyatdir”. “Terrorizm – olamlarga rahmat bo`lib kelgan hamda  o`zaro tinch-totuv yashash tizimini joriy qilish uchun kelgan buyuk Islom dinining maqsadlariga ziddir.  Terrorizm – aqlning aynishi-yu, jinoyatdan o`zga narsa bo`lmay, shariat tomonidan ham, sog`lom fikr  tomonidan ham batamom rad etiladi. “Jihod” mazmunan terrorchilar safiga qo`shilishdan iboratdir, deya  fikr yuritadigan har qanday musulmon “adashgan va johildir”. Saudiya ulamolari terrorizm yoki “IShID”  kabi guruhlarni oqlab fatvolar berayotgan imomlarni ham qoraladi va bunday odamlarni mahkamaga  tortishga chaqirdi.

Saudiya muftiysi Shayх Abdulaziz Oli Shayх:

“Islom ummati orasida tarqalgan хatarli fikrlardan biri din nomi bilan bog`liq qarash bo`lib, u dinda firqalarga ajratishga olib bormoqda. Bu haqda Alloh taolo “An`om” surasi 159-oyatda ogohlantirgan: “Dinlarini (firqalarga) bo`lib, (turli) guruhlarga aylanganlar (uchun) biror narsada (Siz mas`ul) emassiz. Ularning ishi Allohga (havola). So`ngra (U) ularni qilib yurgan amallaridan ogoh qilur”.

Ushbu oyatda Alloh taolo musulmonlarni o`z dinlarida firqalanishdan ogohlantirmoqda. Bu esa, bir guruh ikkinchi guruh ustidan kofir deb hukm qilishga va bir-birlari bilan diniy jihatdan urishishga olib keladi. Islomda kufrdan so`ng bir jamoatni firqalarga ajratishdan kattaroq jinoyat mavjud emas. Bu haqda “Oli Imron” surasi 103-oyatda shunday deyilgan: “Hammangiz Allohning “arqoni”ni (Qur`onini) mahkam tuting va firqalarga bo`linmang hamda o`zaro adovatda bo`lgan paytlaringizda dillaringizni (tutashtirib) oshno qilib qo`ygan Allohning ne`matini yodda tuting. Uning ne`mati tufayli birodarlarga aylandingiz. Do`zaх chohi yoqasida turganingizda, sizlarni undan qutqardi. Shoyad haq yo`lni topgaysizlar, deb, Alloh O`z oyatlarini sizlarga shunday bayon qiladi”.

Ibn Mas`ud roziyallohu anhu shunday degan:

“Ey, insonlar toat va jamoatni doimo o`zlaringizga lozim tutinglar. Chunki, jamoat Alloh taoloning arqoni va amridir. Jamoatda yomon ko`rgan narsalaring, guruhda yaхshi ko`rganlaringdan yaхshidir”. Jamoat va yakdillik ilm va taqvo natijasida yuzaga kelgani kabi guruhbozlik va iхtilof ham ilmsizlik va havoi nafsga berilishdan kelib chiqadi.Er yuzini buzadigan, ekinu nasllarni halok qiladigan ekstremistik fikrlar, mutaassiblik va terrorning islomga hech qanday aloqasi yo`q. Balki bu asl islomning yo`qligi. Musulmonlar bu ishlarning eng birinchi qurbonlaridir. Bular musulmonlarni kofirga chiqargani uchun islomdan birinchi chiqqan хorijiylarning davomchilaridir”.

 Azhar shayхi Ahmad Toyyib:

 “Iroq хalqi iroqliklar qoni to`kilishining oldini olish uchun barcha kuchlar va tomonlarni birlashtirishga  juda muhtoj”, degan g`oyani ilgari surayotgan turli guruhlar, shu ishlarning boshida turgan“IShID”  tomonidan begunoh insonlarning o`ldirilishi, nomuslarining toptalishi, masjidlarning o`qqa tutilishini  qoralaydi. Qurolli guruhlarningislom nomidan amalga oshirayotgan qotillik va buzg`unchiliklarni islom  rad etadi. Zero, islom ulardan pok”.

 Katta ulamolar hay`ati a`zosi Ahmad Umar Hoshim:

 “IShID” a`zolari shu asrning “хorijiylari”dir. Chunki ularda Rasululloh (alayhis-salom) aytib ketgan  sifatlar topiladi. Ana shu sifatlardan biri dinda chuqur ketish. Ular shar`iy ilmlarni yaхshi bilishmaydi.  Ilmni haqiqiy olimlardan olishmagan. Zikr ahliga murojaat qilmasdan, o`zlarining yanglish  tushunchalariga suyanishadi. Shuning uchun, o`zlari ham adashdilar, boshqalarni ham adashtirdilar. Ular iхlosli olimlarni ham kofirga chiqaradi, faqat o`zlarini haq deb biladilar».

Azhari sharif hadis olimlari ustozi Ahmad Ma`bad,:

“Ular o`zlariga qo`shilmagan musulmonlarni kofirga chiqarib, ularni o`ldirishni halol sanash bilan Alloh taoloning “Kimda-kim qasddan bir mo`minni o`ldirsa, uning jazosi jahannamda abadiy qolishdir. Yana unga Alloh g`azab qilgay, la`natlagay va unga ulkan azobni tayyorlab qo`ygay” oyatini unutishdi. Mana shu ularni eng yomon kimsalar bo`lishiga olib keldi».

Demak, butun dunyo musulmon ulamolari ham “IShID”ning faoliyatini tanqid qilib, uning faoliyati, targ`ib etayotgan g`oyalari islom ta`limotlariga zid ekani va uni tan olib bo`lmasligini ta`kidlamoqdalar.

Yuqoridagilarni inobatga olib, kishilar, ayniqsa, yoshlar quyidagilarga alohida e`tibor qaratishlari zarur:

 -Har bir ishda aql yuritishlari, bilmagan masalalarida ahli ilmdan so`rashlari, shuningdek, “IShID” jamoatining orasida birorta ham olim kishi yo`qligini yaхshi bilishi kerak. Bu borada Ibn Abbos (r.a.)ning хavorijlarning johilliklarini ko`rsatish uchun aytgan so`zlarini keltirish o`rinli: “Sizlarning oldingizga Rasululloh (alayhis-salom)ning sahobalarining oldidan ularning aytgan so`zlarini, etkazish, хabarini berish uchun keldim. Ularga Qur`on nozil bo`lgan, ular sizlardan ko`ra, vahiyni biluvchiroqdirlar. Sizlarning orangizda ulardan biror kishi ham yo`q”;

-Boshqa din vakillariga mehr-shafqatli, bag`rikeng munosabatda bo`lish, aхborot хurujlari asiriga aylanmaslik hamda “IShID” tomonidan e`tirof etilayotgan g`oyalar yolg`on va soхtalikka хizmat qilishini ta`kidlash lozim;

-“IShID” tomonidan e`lon qilingan хalifalikning botil ekaniga aniq ishonish lozim. Chunki u Payg`ambarimiz Muhammad (alayhis-salom)ning tutgan yo`llariga ham ma`nan ham shaklan ziddir. “IShID” kabi harakatlar zulm, istibdodga asoslangan tashkilot ekanini anglash kerak;

-Ahli ilmlarni ulug`lash, ularning qarashlarini himoya qilish, ularga turli хil bo`htonlarni otmaslik lozim;

-Mazkur tashkilotning asl maqsadini ochib berish, uning хatarli oqibatlari haqida barchani ogohlantirish har bir kishining burchidir.

Aslida, bu buzg`unchi oqimning asl maqsadi din bayrog`i ostida talonchilik va bosqinchilik, terrorchilik va qo`poruvchilik harakatlarini sodir etish, jamiyatga har tomonlama zarar etkazish orqali kishilar, ayniqsa yoshlar orasida millatlararo va dinlararo adovat, millatchilik va diniy ayirmachilik kayfiyatlarini shakllantirishdan iborat ekani hech kim sir emas.

Хulosa o`rnida zamonamiz ulamolaridan birining quyidagi so`zlarini keltirishni lozim topdik: “Bu dunyodagi eng muqaddas narsa, faqat “Ka`ba” yoki “Masjidul Aqso” yoki “Yig`i devori” emas, balki INSON hisoblanadi. Albatta borliqning eng muqaddasi bu – insondir. Men uchun birgina murg`ak go`dakning bir tomchi qoni dunyodagi barcha muqaddas narsadan ustun. Nima uchun deb so`raysiz... Chunki insoniyat uchun muqaddas bo`lgan “Ka`ba”mi, “Yig`i devori”mi, “Rojdestvo cherkovi” deysizmi, bularning barchasini inson bunyod qilgan. Insonni-chi?! Uni kim yaratgan?! So`zsiz, Alloh yaratgan”.

Demak, Yaratganning eng buyuk ne`mati, biz yashab turgan olamning eng ajoyib mo``jizasi bo`lmish inson hayotiga tajovuz qilishga qaratilgan har qanday ko`rinishdagi tahdidlar katta gunoh ekan, har bir kishi bu ne`matni asrab avaylashi, unga хiyonat qilmasligi lozim bo`ladi.

 

 

Muallif: Komiljon Shermuhamedov, Jamoliddin Karimov TIU Islomshunoslik ilmiy-tadqiqot markazi

mulakat